Misoldan ko‘rinadiki, asosiy vositani tugatishdan ko‘rilgan umumiy zarar 40000 so‘mni tashkil etib (200000 s - 160000 s). 10000 so‘mi moliyaviy natijalar hisobiga (Dt 9430), qolgan 30000 so‘mi qo‘shilgan kapital hisobiga (Dt 8510) hisobdan o‘chirilgan. 30000 so‘mni qo‘shilgan kapital hisobiga hisobdan o‘chirishning sababi (Dt 8510 Kt 9210) bu summa asosiy vositani qayta baholash vaqtida paydo bo‘lib, 8510 schyotining kreditida hisobga olingan. 10000 so‘mlik eskirish summasi esa asosiy vositaning foydalanish muddatidan kelib chiqib, uning sotib olingan paytidagi dastlabki qiymati va amortizatsiya normasi asosida hisob-kitob qilinib aniqlangan. Shunday qilib, 30000 so‘mlik hajmdagi yo‘qotish soliqqa tortiladigan bazaga kiritalmaydi va moliyaviy natijaga ta’sir qilmaydi, 10000 so‘mga esa yalpi foyda (daromad) kamaytiriladi.
Agar korxona asosiy vositalarni pul o‘tkazish yo‘li bilan sotib olgan bo‘lsa, auditor QQSni buxgalteriya hisobi schyotlarida aks ettirishning yoki asosiy vositalar obyektlarining dastlabki (inventar) qiymatiga qo‘shilishining to‘g‘riligini tekshirishi lozim.
Auditor kuzatib chiqish uslubi yordamida quyidagilarni aniqlashi lozim: QQSning shartnomada, mol yetkazib beruvchilarning dastlabki hujjatlarida, korxonaning hisob-kitob hujjatlarida ajratib ko‘rsatilganligi; asosiy vositani sotib olish uchun schyot-fakturaning borligi, kapital qo‘yilmalarni amalga oshirishda hisobda 4410 schyotdan foydalanilayotganligi; asosiy vositalar obyekti qanday maqsadlar uchun sotib olinganligi, chunki QQS summasini 4410 schyotning kreditidan hisobdan chiqarish tartibi shunga bog‘liq.
Agar korxonada tekshirilayotgan davrda avtomobil sotib olingan bo‘lsa, u holda avtotransport vositalarini sotib olishda hisoblangan soliqning to‘g‘riligini tekshirish zarur.
Auditor, shuningdek, avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun soliq summasining obyekt dastlabki qiymatiga qo‘shilganligini; qo‘llaniladigan stavkalar va soliqqa tortiladigan bazani (avtomobilning qo‘shilgan qiymat solig‘isiz sotuv bahosini) aniqlashning to‘g‘riligini ham tekshirishi lozim.
Asosiy vositalarning hisobdan chiqarilishini tekshirishda qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i to‘g‘ri hisoblangani hamda to‘langanligini aniqlash zarur. Asosiy vositalar sovg‘a qilish shartnomasi bo‘yicha berilganda, qo‘shilgan qiymat solig‘ini asosiy vositani beruvchi tomon to‘laydi.
Asosiy vositalarni sotish va ularni sovg‘a qilish shartnomasiga muvofiq berishga doir muomalalarni tekshirish chog‘ida schyot-fakturalarning to‘ldirilishi va ularning sotish daftarida ro‘yxatga olinishiga e’tibor berish zarur.
Asosiy vositalar qoldiq qiymatidan past bahoda sotilgan hollarda QQS asosiy vositaning qoldiq qiymatiga nisbatan hisoblanishi va budjetga to‘lanishi lozim ekanligini auditor inobatga olishi lozim. QQS ni qo‘shimcha hisoblash bu holda alohida hisob-kitob qilinadi va korxona ixtiyorida qoladigan foyda hisobidan amalga oshiriladi.
Asosiy vositalarni hisobdan chiqarishda QQS ni hisoblash uchun soliqqa tortiladigan bazani aniqlash xususiyatlari quyidagi jadvalda ko‘rsatilgan.