Tajriba yoki eksperiment metodi - o’z navbatida tabiiy va laboratoriya metodlariga ajratiladi. Tabiiy tajriba metodlarining ilmiy asoslarini 1910 yilda rus psixologi A.F.Lazurskiy tomonidan ishlab chiqilgan. U kichik maktab yoshidagi bola shaxsining shakllanishini o’rganish maqsadida ushbu metodni qo’llagan. Tabiiy metoddan ishlab chiqarish jamoalari a'zolarining, ilmiy muassasalar xodimlarining, o’qituvchilar, keksaygan kishilarning psixologik o’zgarishlari, o’zaro munosabatlari, ish qobiliyatlari, mutaxassislikka yaroqliligi muammo-larini hal qilish jarayonida foydalanish nazarda tutiladi. Tabiiy sharoitda inson psixikasini o’rganishdan sinaluvchilarning o’zlari bexabar bo’lishi, ta'lim jarayonida berilayotgan bilimlar tadqiqot maqsadiga muvofiqlashtirilishi, katta yoshdagi odamlarga tarbiyaviy ta'sir o’tkazish, kundalik mehnat doirasida amalga oshirilishi, zavod va fabrikada esa moddiy mahsulot ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilishi lozim.
Tabiiy eksperiment metodi sirtdan kuzatish metodidan keskin farq qiladi. Sirtdan kuzatish metodida biror psixik jarayon kuzatilayotgan kishi o’sha jarayon qanday yuz bersa, shu holicha tekshiraveradi, lekin bu jarayonning namoyon bo’lishiga aralashmaydi, ya'ni psixik jarayonni yuzaga keltiruvchi sharoitni o’zgartirmaydi. Tabiiy eksprement metodidan foydalanganda esa tekshiruvchi o’rganilayotgan biror psixik jarayonni o’zi vujudga keltiradi, lekin uni tekshirilayotgan odam uchun tabiiy bir sharoitda va unga sezdirmasdan o’tkazadi.
Laboratoriya (klinika) eksperimenti metodining (1879 yili V.Vunt kiritgan) asosiy xususiyati, shundan iboratki bunda o’rganilishi lozim bo’lgan psixik jarayonlarning (masalan idrok, diqqat,xotira kabi) qanday sharoitda qachon yuz berishini kutib o’tirmasdan tekshiruvchi kishi (eksperimentator) sinalayotgan odamda shu jarayonlarni maxsus tarzda ishga soladi. Bundan tashqari laboratoriya eksprementi sharoitida eksperimentator o’rganayotgan har bir psixik jarayonni hohlagan marta, ya'ni takror-takror yaxshilab sinab ko’rishi mumkin. Bu murakkab psixik jarayonlarning tabiatini o’rganishda katta qulaylik tug’diradi. Birinchidan, istalgan psixik jarayonni hohlagan paytda yuzaga keltirish vaqtni tejash imkonini bersa, ikkinchidan har bir psixik jarayonni takror-takror yuzaga keltirib, sinchiklab o’rganish bu jarayonlarning qonuniyatlarini aniqlash imkoniyatini beradi.
Hozirgi kunda odamdagi ayrim psixik jarayonlarning yuz berish tezligini, diqqatning barqarorligi va kengligini, xotiraning xususiyatlarini uquv hamda malakalarning qonuniyatlarini aniq va puxta tekshira oladigan ko’plab maxsus asboblar mavjuddir. Masalan, elektron xronoskop orqali ayrim psixik (aks ettirish, ko’rish, eshitish, hid bilish, teri sezgilari kabi) jarayonlarning yuzaga kelish tezligini aniq o’lchash mumkin. Elektron taxistoskop orqali diqqatning xususiyatlarini belgilash mumkin, perseptometr orqali idrok qilish xususiyatlarini o’rganish mumkin, audiometr orqali eshitish xususiyatlarini o’rganish mumkin va boshqalar. Umuman, hozirgi kunda texnikaning ildam taraqqiyoti munosabati bilan laboratoriya eksprementining imkoniyati ortib bormoqda.
Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, laboratoriya eksperimenti metodi bilan turli yoshdagi insonlarningg psixik jarayonlari o’rganiladigan bo’lsa eksperimentni tayyorlash va o’tkazishda ularning yosh xususiyatlarini hisobga olish kerak.
Psixik jarayonlarning moddiy, ya'ni nerv-fiziologik asoslarini ham laboratoriya eksprementi yordami bilan tekshiriladi. Psixik jarayonlarning nerv fiziologik asoslarini aniqlashda akademik I.P.Pavlovning shartli reflekslar metodi juda katta ahamiyatga ega. Hozirgi vaqtda bu metod bolalarning o’sishini tekshirishda hamda birinchi va ikkinchi signallar tizimlari o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni tekshirishda keng qo’llanilmoqda.
Laboratoriya eksperimenti metodi eng aniq metod sifatida psixologiya fanining taraqqiyoti uchun katta ahamiyatga ega. Lekin labarotoriya eksperiment metodining ham ma'lum kamchiligi mavjud. Bu kamchilik shundan iboratki, laboratoriya sharoitida o’tkazilayotgan tekshirish hech vaqt ma'lum sun'iylikdan xoli bo’lmaydi. Tekshirilayotgan odamga hech narsa deyilmasa ham, bari bir laboratoriya sharoitining o’zi tekshirilayotgan odamning tabiiy psixik holatiga ta'sir qiladi. Binobarin, bu narsa o’z navbatida tekshirish natijalariga salbiy ta'sir qiladi. Ana shuni nazarda tutib laboratoriya eksprementi yordami bilan qo’lga kiritilgan natijalarni ba'zan boshqa metodlar yordami bilan tekshirib ko’rish lozim bo’ladi. Labaratoriya eksperimenti metodi maxsus xona va turli asboblar bilan bog’liq bo’lganligi sababli bu metoddan ayrim sharoitlarda foydalanish imkoniyati
bo’lmaydi. Shuning uchun psixologiya fanida laboratoriya eksprementi bilan bir qatorda tabiiy eksprement metodidan ham keng foydalaniladi.