G.H.To\'rayueva, D.H.Fayziyeva AXBOROT TIZIMLARI (o\'quv qo\'llanma) 2023
2. CRM (Customer Relationship Management) tizimlari.
Axborot-kommunikasiya texnologiyalari nuqtai nazaridan qaraganda
CRM – bu xodimni mijozlar bilan munosabatlarini boshqarish vositasi
bo‘lib, tashkilotlarga ularning o‘zaro aloqasini qayd qilish, daromad
olish imkoniyatlarini mumkin qadar kengaytirish va tashkiliy, me’yoriy
qoidalarga rioya qilish samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Berilgan axborot-kommunikasiya texnologiyalari mijozlar bilan
ularning xususiy ehtiyojlarini izohlash orqali uzoq muddatli va
daromadli o‘zaro munosabatlarni yaratishga yo‘naltirilgan. CRM tizimi
mijoz haqidagi ma’lumotlarni aniqlashtirishni amalga oshiruvchi
kompyuter dasturi bo‘lib, ushbu tizim yordamida yangi mijozlarni jalb
qilish va avvalgi mijozlarni yo‘qotmaslik, xarajatlarni pasaytirish,
mehnat unumdorligini oshirish va natijada savdo hajmi va daromadni
ko‘paytirish, tashkilot raqobatbardoshliligini oshirish kabi maqsadlarda
qo‘llaniladi.
CRM tizimi mijoz va sheriklar bilan hamkorlikning aniq va
ravshan jarayonini tashkil etish, samarali marketing va savdo tashkil
etish, mijozlar sodiqligini shakllantirish, tashkilot barcha xodimlari
ishini kelishilgan tarzda nazorat qilish vazifalarini bajaradi.
Belgilangan vazifalarni bajarish jarayonida zamonaviy CRM tizimi
quyidagi komponentlarga ega bo‘lishi zarur:
- aloqa va mijozlar bazasini boshqarish;
- savdoni boshqarish;
- telefon orqali savdo (telemarketing);
- vaqtni boshqarish (taym-menejment);
- mijozlarga xizmat ko‘rsatish (sotuvdan keyingi xizmat);
- marketingni boshqarish (so‘rovnoma, anketa to‘ldirish);
- yuqori rahbariyat uchun hisobot;
- boshqa axborot tizimlari bilan o‘zaro bog‘lanish;
- ma’lumotlarni bir-biriga moslashtirish;
- elektron savdoni boshqarish (tashkilot veb-sayti bilan
bog‘lanish, mijozlar va sheriklar uchun portal);
- mobil savdoni boshqarish (kompyuter, noutbuk yoki uzoqdan
foydalana olish).