Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


-§. XIX asr - XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda ma'rifatparvarlik va ijtimoiy-siyosiy tafakkur taraqqiyoti



Yüklə 1,43 Mb.
səhifə57/205
tarix21.10.2023
ölçüsü1,43 Mb.
#158325
1   ...   53   54   55   56   57   58   59   60   ...   205
Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida-fayllar.org

5-§. XIX asr - XX asr boshlarida Markaziy Osiyoda ma'rifatparvarlik va ijtimoiy-siyosiy tafakkur taraqqiyoti
Feodal tuzumga qarshi qaratilgan harakat sifatida ma'rifatparvarlikning kelib chiqishining umumiy qonuniyati turli xalqlarda turli tarixiy davrlarda o‘z xususiyatlariga ega. Shunday bo‘lsa ham, har bir xalqning ma'rifatparvarligi umumiy tarixiy jarayonning ifodasidir. Ovrupoda bo‘lgani kabi, Markaziy Osiyoda ham ma'rifatparvarlik feodal munosabatlar, eskilik, qoloqlik va an'analarga qarshi qaratilgan oqim sifatida o‘zini namoyon qildi. Uning shakllanishi va rivoji ovrupo madaniyatining ta'siri, feodal holatdagi Markaziy Osiyo va sarmoyadorlikka o‘tgan Rossiya o‘rtasidagi mavjud qarama-qarshilik bilan bog‘langan edi.
Turkistonda ma'rifatparvarlik uzoq tarixiy ildizga ega. XIX asrda ma'rifatparvarlik falsafasining kuchayishi XVI asrda Buyuk ipak yo‘lining o‘z faoliyatini to‘xtatishi, dengiz yo‘llarining ochilishi hamda XVIII-XIX asrlarda yevropa mamlakatlarida sodir bo‘lgan shiddatli texnologik rivojlanish natijasida O‘rta Osiyo xonliklarining ob'ektiv sabablarga ko‘ra taraqqiyotdan orqada qolishi bilan bog‘liqligi hyech kimga sir emas. Xalq xo‘jaligi va umumiy taraqqiyotga katta zarar yetkazgan ichki o‘zaro urushlar esa bu qoloqlikning sub'ektiv sabablari hisoblanadi. Shunday sharoitda ilg‘or ziyolilar mazkur qoloqlik sabablarini teran tahlil qilib, taraqqiyotga erishish yo‘llarini izlay boshladilar va keng xalq ommasini ma'rifatli qilishni bu yo‘ldagi birlamchi vazifa deb bildilar. Turkistonning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinib, Buxoro va Xivaning unga tobe' bo‘lishi mintaqani markazning xom ashyo manbaiga aylantirib, vaziyatni yanada chuqurlashtirdi. Shu bilan birga, bir tomondan - bank sarmoyasi, ikkinchi tomondan - yevropa va Osiyodan demokratik g‘oyalarning kirib kelishi dunyo bilan iqtisodiy aloqa o‘rnatish imkoniyatlarini namoyon etdi, mintaqada hurfikrlilikning rivojlanishiga imkon yaratdi. Bu asosiy maqsadlaridan biri ma'rifatparvarlik bo‘lgan milliy ozodlik falsafasining shakllanishidagi ilk qadamlar edi. Uning tarafdorlari mintaqaning turli burchaklarida ko‘tarilgan xalq qo‘zg‘olonlarini boshqarish, tashkil qilish yoki qo‘llab-quvvatlashdan hali uzoq bo‘lsalar-da, lekin ularning kelib chiqish sabablarini yaxshi anglar edilar va bu toifaning mavjud tuzumga tanqidiy munosabati, islohot o‘tkazish zarurligini tushunishi -o‘sha davr uchun katta yutuq edi. Taniqli olim Ahmad Donish islohotlar o‘tkazishning eng faol tarafdorlaridan biri edi. Keyinchalik Muqimiy, Furqat, Hamza, Berdaq, Zavqiy, Bayoniy, Avaz O‘tar kabi shoirlar o‘z she'rlarida xalqni ilm va ma'rifatga chaqirdilar. Abay, Cho‘qon Valixonov kabi taniqli arboblar demokratik g‘oyalar bilan qurollangan bo‘lib, ular bu mushkul ahvoldan chiqishning yo‘lini nafaqat ma'rifatda, balki turkiy xalqlarning birlashuvida ko‘rar edilar. Xuddi shu zaminda ma'rifatparvarlikdan siyosiy talablarni ko‘tarib chiqishga qadar yuksalgan jadidchilik o‘sib chiqdi.
Islohotchilik va ma'rifatparvarlik yangi falsafasining shakllanishida qomusiy bilim sohibi, tabiiy va aniq fanlarni chuqur bilishi tufayli muhandis deb ulug‘langan Ahmad Donish (1827-1897) (To‘liq ismi - Ahmad ibn Mir Nosir ibn Yusuf al-Hanafiy as-Siddiqiy al-Buxoriy) alohida o‘rin tutadi. U astronomiya va kosmologiya sohalaridagina tadqiqotlar olib borib qolmay, falsafa, tarix, adabiyot, musiqa san'ati va xattotlik fanlarida ham yetuk edi. Uning nafaqat davlatchilik tarixi haqidagi bilimlar va masalaning falsafiy jihatlari, balki amaliy tajribaga ham asoslangan davlatning qanday bo‘lishi to‘g‘risidagi falsafiy xulosalari jamiyatga kuchli ta'sir ko‘rsatdi. XIX asr 50-yillarining o‘rtalarida Amir Nasrullo saroyiga bosh xattot va musavvir sifatida xizmatga kirgan Ahmad Donish bu yerdagi muhit uning adolatli davlat tuzumi haqidagi tasavvurlariga to‘g‘ri kelmagani uchun o‘z ixtiyori bilan saroy xizmatini tark etadi. Qo‘shin va hukmdorlarga xizmatda tartibning yo‘qligi menga og‘ir va samarasiz tuyuldi, deb yozadi u, shuning uchun meni taklif etganlari va ta'na qilganlariga qaramay, quruq nonga qanoat qilib, madrasaga o‘rnashib oldim135. Chuqur bilimini hisobga olib, Buxoro amirlari uni uch marta (1857, 1869, 1874) Rossiyaga jo‘natilgan elchilar tarkibiga qo‘shadilar. O‘sha vaqtda Buxoroga qaraganda rivojlangan mamlakatga qilingan safarlar uning hukmron doiralarga bo‘lgan munosabatini yanada keskinlashtirdi - chunki u boshqaruv shakllarining eskirganligi va qoloqligi sabablarini anglab yetdi. Donishning umumiy tenglik to‘g‘risidagi «Franklar nazariyasi» bilan tanishligini taxmin qilish mumkin. 1869 yili Peterburgda bo‘lganida u rus olimlari, jumladan, N.G. Chernishevskiy, N.A.Dobrolyubov va Rossiyaning demokratik kayfiyatdagi boshqa ziyolilari bilan aloqada bo‘lgan mashhur sayyoh P.I.Pashino bilan uchrashadi136. Ehtimol, bu nazariya bilan u ana shu uchrashuvda tanishgandir.
Donishning siyosiy, ijtimoiy va falsafiy qarashlari uning «Navodir ul-vaqoe» («Nodir voqyealar») kitobida o‘zining nisbatan to‘liq ifodasini topgan*. Risolada u falsafa, axloq, ijtimoiy hayotning turli masalalari, davlat qurilishi va odamlarning o‘zaro munosabatlari to‘g‘risida mulohaza yuritadi, mavjud idora usulini tanqid qilib, Buxoro xonligining davlat boshqaruvini isloh qilishni taklif etadi. «Risolai muxtasare - tarixi saltanati xonadoni tarixi mang‘itiya» («Mang‘itlar sulolasi saltanati tarixi haqida muxtasar risola») asarida mamlakatdagi vaziyat, boshqaruv tizimi, xalqning ahvoli shuningdek, Rossiya bilan urush o‘zining yorqin ifodasini topgan137.
«Ular, - deb yozadi u Buxoro amirlari (Doniyoldan tortib Abdulahadgacha, faqat Shohmurod bundan mustasno - D.A.) haqida, - nimaiki topmasinlar, o‘zlariga olishadi - bevalar chirog‘idagi alangadan tortib vaqf omborlaridagi nongacha o‘g‘irladilar va bularning barchasi o‘z qursoqlari va aysh-ishratlari uchun... jabr-zulm, xo‘rlik, aminona, vakilona singari turli soliqlarning ko‘pligidan dehqon va hunarmandlarning na sabr qilishga ham, na kurashishga imkoniyati qolgan edi»138.
Ahmad Donish ma'rifatparvarlik yo‘nalishidagi islohotlar tarafdorigina emas edi. Amaldorlarning shaxsiy manfaati yo‘lida o‘z mansabini suiiste'mol qilishi, hukmdorlarning ochko‘zligi va shariat qonunlarini o‘z foydasiga xizmat qildirishi, sxolastikaga asoslangan ta'limning ahvoli, davlat mustaqilligini saqlashga yo‘naltirilgan tashqi siyosat tizimining mavjud emasligi, umumiy dushmanga qarshi kuchlarni birlashtirish o‘rniga, mintaqadagi yangi yerlarni bosib olishga qaratilgan nihoyatda cheklangan biryoqlama intilishlar - bularning barchasini ko‘rib, u nafaqat tanqidchi faylasuf bo‘lib yetishdi, balki Vatanining qashshoq ahvolini idrok etishday zalvorli yuk uning chekiga tushdi. U rivojlangan mamlakatlar to‘g‘risida to‘liq tasavvurga ega edi va bir kuni xalq bu holatni yorib chiqishiga hamda u ilg‘or tashabbuslar shaklida namoyon bo‘lishiga ishonar edi. A.Donishning o‘zi davlat qurilishini isloh qilishning batafsil loyihasini tuzadi. Unda irrigatsiya, jumladan, Amudaryodan Buxorogacha bo‘lgan katta sug‘orish kanalini qazish, hunarmandchilik, fan va maorifni rivojlantirishga katta ahamiyat berilgan edi.
O‘sha davr Misr islohotchilari kabi Ahmad Donish fatalizmga qarshi chiqdi. U inson hamma narsa faqat yaratgandan deb o‘tirmay, o‘z ahvolini yaxshilash uchun faol harakat qilishi kerakligi g‘oyasini ilgari surib, har bir kishi o‘z taqdirini o‘zi xal qilish mumkinligini va Alloh tomonidan bunga katta imkoniyat berilishini uqtirdi. Uning fikricha, davlat bir to‘da kishilarning emas, balki xalqning manfaatlarini qondirishga xizmat qilishi kerak, davlat rahbarlari esa, mamlakat va jamiyat farovonligi to‘g‘risida qayg‘urishi lozim. Ahmad Donishning aholisining dini va milliy mansubligidan qat'i nazar ilg‘or mamlakatlardan ibrat olish kerakligi haqidagi nuqtai nazari ham jadidchilik ta'limotining asosiga aylandi. Ahmad Donish g‘oyalari tarixnavislikda ham tub to‘ntarish yasadi, tarixda ilmiy xolislik falsafasining shakllanishiga yordam berdi.
Amir saroyida nufuzli mansablarni egallagan Mirzo Muhammad Abdulaziz Somiy Bo‘stoniy (1835-1907) va Mirzo Salimbek ibn Muhammad Rahim (1850-1930) kabi uning yosh izdoshlari ham o‘zlarining «Tarixi salotini mang‘itiya dorussaltanati Buxoroi sharif» va «Tarixi Salimiy» nomli asarlarida Rossiya tomonidan O‘rta Osiyo xonliklarining bosib olinishi, mamlakatning boshqarilishi, o‘z shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab shariat qonunlari va islom falsafasi asoslarining qasddan buzilishi singari hodisa va dalillar tahlili asosida xalqning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli to‘g‘risida to‘liq tasavvur beradilar.
Ahmad Donishdan keyin ular Sharq tarixnavisligida qaror topgan hodisalarga baho berishda hukmron sulolalar va hukmdorlar bilan bog‘liq ravishda ko‘tarinki uslubda yondashish an'analaridan voz kechish bilan tarixda ilmiy xolislik tamoyilini rivojlantirdilar.
Qozoq yozma adabiyoti va she'riyatining asoschisi, ma'rifatparvar va faylasuf Abay (Ibrohim Qo‘nonboev) (1845-1904) Sa'diy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va Nodira kabi Sharq mumtoz so‘z san'atkorlari she'rlari ruhida tarbiyalandi va ta'lim oldi. U Alisher Navoiyni o‘zining ustozi hisoblar edi. 1886-1895 yillar uning ijodiy takomilida ayniqsa samarali bo‘ldi139. U o‘z asarlarida Sharq falsafasining ma'naviy negizlarini, muhabbat, do‘stlik, insonning insonga hurmatini targ‘ib etdi. «Mening elim - qozog‘im», «Adashganning oldi yo‘q», «Ilm topmay maqtanma», «Yoshlikda ilm deb o‘yladim», «Boylar yurar molin ardoqlab» va boshqa she'rlarida yosh avlodni ilm olish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishga chaqirdi.
Abay 300 ga yaqin she'riy asarlar muallifi bo‘lib, ularning barchasida xalqni ilm-ma'rifat, insoniylik, halollik, sevgi-sadoqatga da'vat etish g‘oyalari asosiy o‘rin tutadi.
Rus adabiyoti va o‘sha davrda Semipalatinskka surgun qilingan I.I.Dolgopolov, ye.P.Mixaelis va boshqa Rossiyaning demokratik kayfiyatdagi ilg‘or ziyolilari bilan tanishishi Abayga katta ta'sir ko‘rsatdi. Abayning nafaqat adib, balki ijtimoiy shaxs sifatidagi siymosi butun turkiy dunyo ilg‘or ziyolilari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Chunki uning hamjihatlik, do‘stlik va birodarlikka qilgan da'vatlari istiqlol va mustaqillik uchun siyosiy harakatlar pishib yetilgan barcha joylarga borib yetdi.
Ma'rifatparvar va demokrat Cho‘qon Valixonov (1835-1865)ning asl ismi Muhammad Hanaviya bo‘lib, serqirra tarixchi olim, etnograf, folklorshunos, geograf va, ayni paytda, musavvir ham edi. Qozog‘istonning Kustonoy viloyatida tug‘ilgan, harbiy bo‘lish maqsadida Omskdagi Kadet korpusini tugatgan bu inson Sankt-Peterburg universitetining tarix-filologiya fakultetida ma'ruzalar tinglaydi va xalq og‘zaki ijodi namunalarini to‘plab, butun Markaziy Osiyoni o‘rganadi. U tarix, geografiya, etnografiya, siyosiy iqtisod, arxeologiya, folklorshunoslik sohalarida ilmiy asarlar yaratadi. Uning «Jung‘ariya tarixi», «Qo‘lja safari kundaligi», «Qashg‘ar safari kundaligidan», «Qirg‘izlar», «Xon Abiloy», «Xitoy imperiyasining g‘arbiy o‘lkasi va G‘ulja shahri», «Ko‘kitoy xonning oshi», «Dala musulmonligi», «Qozoqlar haqida yozmalar», «Sud reformasi haqida», «Qozoq shajarasi» kabi asarlari Markaziy Osiyo, Sharqiy Turkiston, G‘arbiy Xitoy, qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur kabi xalqlarning etnografiyasi, turmushi, madaniyatini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.
Markaziy Osiyo xalqlar hayoti, turmushi bilan bevosita tanishish, shuningdek, yevropa va butun dunyoda kechayotgan jarayonlar to‘g‘risida mulohaza yuritish uning demokratik qarashlarining o‘sishiga yordam berdi. Ma'rifatparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qilar ekan, u ko‘chmanchi xalqlarni o‘troq bo‘lib yashash, rus madaniyati va Rossiya fanining yutuqlari bilan tanishishga da'vat etdi. Cho‘qon Valixonov D.I.Mendeleev, P.P.Semyonov-Tyanshanskiy, G.N.Potanin kabi rus olimlari bilan shaxsan tanish edi. U siyosiy-falsafiy tafakkurda realizm an'analarining tarafdori edi va bu boradagi qarashlari o‘z tadqiqotlari va 150 ga yaqin tasviriy san'atga oid asarlarida davom ettirdi.
O‘z ta'biricha, «taraqqiyotning qandaydir g‘ayritabiiy inqirozi»140 namunasi bo‘lgan Markaziy Osiyoning qayg‘uli ahvolini chuqur idrok etgan Cho‘qon Valixonov buning sabablarini nafaqat qoloqlikda, ayni paytda, mahalliy xalqlarning siyosiy faolligi kuchayishidan cho‘chib, ularni ma'rifatli qilishdan manfaatdor bo‘lmagan Rossiya imperiyaparast ma'muriyatining o‘lkani mustamlaka sifatida boshqarishida ham ko‘radi.
Sud jarayonlarini isloh qilishga tayyorgarlik ko‘rish davrida Cho‘qon Valixonov Rossiya ma'muriyati oldiga Turkistonning mahalliy xalqlari manfaatlarini hisobga olgan holda, bir qator o‘zgarishlarni amalga oshirish taklifini qo‘ydi. U yozadi: «Hozirgi davrda xalq uchun eng muhim va yaqini bevosita xalqning zarur ehtiyojlariga taalluqli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni o‘tkazish hisoblanadi... Shu nuqtai nazardan faqat kishilar turmushini yaxshilashga yordam beradigan islohotlargina foydali bo‘lib, bu maqsadga erishishga biror sabab bilan xalaqit beradiganlari zararlidir»141.
Cho‘qon Valixonov mavjud tuzumni tubdan o‘zgartirish vazifasini o‘z oldiga qo‘ygan emas, uning fikricha, xalqning ahvoli uni kim boshqarishi, rahbarning qanchalik ma'rifatliligiga bog‘liq. Lekin u hukmron tabaqalar siyosiy hokimiyatining cheklanishini xalqning erkin rivojlanishining zarur sharti deb hisoblardi. Ma'rifat hamda yashash va mehnat qilish uchun yaxshi sharoit va dono hukmdorlar - mana Valixonovning demokratik intilishlarining asosi.
Ch.Valixonov tabiatni tadqiq etish usulini ijtimoiy taraqqiyot qonunlarini o‘rganishga joriy etishni taklif qildi. «Sibir boshqarmasi qirg‘izlari sud reformasi haqida yozmalar»ida u turli islohotlarni hayotga joriy etish qishloq xo‘jaligida ekinlarni yetishtirishda qo‘llanadigan usullarga asoslanishi, ya'ni, avvalo ekinning o‘zini o‘rganish, uning qanday tuproqda o‘sishi, qancha yorug‘lik, issiqlik va boshqalarni talab qilishini bilish kerak, - deb yozadi. «Bu nazariya­ning mohiyati ekinga u muhtoj bo‘lgan narsani berish, uning o‘sishiga xalaqit beradigan barcha narsalarni bartaraf etishga asoslanadi»142. Jamiyatga munosabatda ham xuddi shunday yo‘l tutish, ya'ni ekinning hayoti kabi jamiyat hayotini ham fanniy bilimlar yordamida boshqarish lozim. Ch.Valixonov tomonidan ilgari surilgan bu qoidalar ilg‘or ijtimoiy fikrlar rivojiga nihoyatda qimmatli hissa bo‘lib qo‘shildi143.
Mashhur o‘zbek ma'rifatparvari, diniy arbob, sharqshunos Sattorxon Abdulg‘afforov (Abdusattorxon Abdulg‘affor o‘g‘li) (1846-1901) o‘z dunyoqarashida islom, sharq va g‘arb qadriyatlarini ajoyib bir tarzda uyg‘unlashtirgan nodir siymo sifatida namoyon bo‘ladi. U hayoti davomida Chimkent va Qo‘qonda mufti va qozi, «Turkiston viloyatining gazeti»da tarjimon, Toshkentdagi o‘qituvchilar seminariyasida sharq tillari muallimi kabi vazifalarda xizmat qiladi. Uning, ayniqsa sharqshunoslik rivojiga qo‘shgan hissasi, ilmiy izlanishlari, jumladan, Qo‘qon xonligi tarixi bo‘yicha ocherki, islom fiqhshunosligiga oid «Al-hidoya» nomli mashhur to‘plamning rus tiliga tarjima qilinishidagi ishtiroki olimlar tomonidan yuksak baholangan.
Sovet tarixnavisligida Sattorxon Abdulg‘afforovning faoliyati uning rusparastligi sifatida baholangan, Turkistonning Rossiyaga «qo‘shilishi»ning ijobiy tomonlari to‘g‘risidagi fikrlari mafkuraviy qoliplarda talqin qilingan. Bunday nuqtai nazar moskvalik sharqshunoslar o‘rtasida hozir ham mavjud144. Holbuki, bunday biryoqlama baho uning har jihatdan turli-tuman bo‘lgan ikki qarama-qarshi tomonni kelishtirishga asoslangan falsafasining mohiyatini tushunmaslik bilan izohlanadi. Sattarxon faqat Rus ma'muriyati tomonidan islom imperiyadagi rasmiy dinlardan biri sifatida qabul qilingan sharoitdagina bunday kelishish mumkin, deb hisoblaydi. 1883 yilning 27 dekabrida hukumat tomonidan turkistonliklarga, xususan, ta'lim sohasi va diniy e'tiqod masalasida yon berishni so‘rab Turkiston o‘lkasi bo‘yicha o‘quv ishlari bosh noziriga yo‘llagan, mazmunidan Turkiston general-gubernatori M.G.Chernyaev ham xabardor bo‘lgan maktubida u «xalq maktablari» (ya'ni, rus - tuzem - D.A.)da islom dinini o‘qitish (jumadan tashqari)ga ruxsat berishni so‘raydi. «Rus alifbosi bilan birga, mahalliy alifbo ham o‘rgatilishi», ayni paytda, milliy kiyimlarni yevropacha liboslar bilan almashtirilishini talab qilmaslik kerak hamda Turkiston mahalliy xalqining milliy an'analariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish shart, deb yozadi u.
«Islom dinini o‘qitish sira ham asosiy ishimizga ziyon yetkazmaydi ... , - deb yozadi u, - islom go‘yo musulmon tamadduniga to‘siq bo‘ladi degan qarashlarga javoban shuni aytmoqchimanki, dindoshlarimiz bo‘lgan arablarda Muhammad payg‘ambar davridan boshlab tamaddun gullab-yashnagan edi. Muhammaddan keyin ham uning xalifalari zamonida taraqqiyot yo‘lida barcha imkoniyatlar ishga solindi. Agarda islom taraqqiyotga to‘siq bo‘lsa, Muhammad hyech qachon olimlarga homiylik qilmas, xalifalar tamaddunni rivojlantirishga intilmas, Qur'onning birgina so‘zi bilan unga qarshi chiqar edilar».
Aynan Qur'onni va din tarixini chuqur bilishi uning islom qonunchiligi me'yorlari bilan hisoblashishni istamaydigan konservativ ulamolarning harakatlarini salbiy baholashiga imkon berdi. Lekin dindorlar tomonidan vaqflar taqsimotida sodir bo‘layotgan adolatsizliklar va vaqf mulklarining talon-toroj qilinishi haqida mulohaza yuritar ekan, Sattorxon faqat chor amaldorlari tartib o‘rnatishi mumkin, buning uchun esa, qozilar, ellikboshilar va boshqa amaldorlarning saylab qo‘yilishini bekor qilib, uning o‘rniga hukumat tomonidan ularni tayinlash tizimini joriy etish kerak deb, metropoliyaning davlat tizimini ideallashtiradi.
Shunday qilib, Sattorxonning qarashlari romantik xususiyatga ega edi: tushunadigan, o‘zi bosib olgan xalq haqida qayg‘uradigan muruvvatli mustamlaka hukumat, va o‘z navbatida, tinchlikni hamda har jihatdan rivojlangan Rossiyaning yutuqlarini o‘zlashtirishning foydasini anglaydigan xalq.
Bularning barchasiga qaramay, Sattorxon Abdulg‘afforov kabi ma'rifatli kishilarning bunday qarashlari hukumat doiralarining turli qarorlar qabul qilishlarida real ta'sir ko‘rsatish maqsadiga yo‘naltirilgan edi.
Ayni paytda, o‘ziga zamondosh bo‘lgan ko‘plab ma'rifatparvarlar kabi, u taqdirning oldindan belgilab qo‘yilishi tarafdori bo‘lmay, yaratuvchi insonni birinchi navbatda bilim orqali o‘zini-o‘zi kamolotga yetkazishi uchun katta imkoniyatlar bergan, deb hisoblaydi.


Yüklə 1,43 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   53   54   55   56   57   58   59   60   ...   205




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin