1-§. Texnika va inson
Texnika falsafasida inson va texnika o‘rtasidagi o‘zaro munosabat markaziy o‘rin egallaydi. Texnika o‘z-o‘zicha mavjud bo‘lolmaydi, u faqat «inson-texnika» tizimining tarkibiy qismi sifatida ma'no-mazmunga ega bo‘ladi. Buni texnika taraqqiyotining butun tarixi ham tasdiqlaydi. Insoniyat tadrijining barcha bosqichlarida texnika inson faoliyatining narsa-ashyolarda ifodalanadigan natijasi, inson turmush tarzi va uning tadrijining o‘ziga xos xususiyatlarini amalga oshirishdan iboratdir. Texnikada inson borlig‘ini ramziy va shu bilan birga ratsional tashkil etish ko‘zga tashlanadi. Ayrim tadqiqotchilarning fikricha texnika insonning ramziy borlig‘idir, lekin bu aynan inson borlig‘idir330.
Hozirgi voqyelikda inson o‘zini axborot texnologiyalarida ramziy ifoda etadi, o‘z navbatida raqamli texnika ham ramziy jihatdan insonga o‘xshash tizim hisoblanadi. Bugungi kunda kompyuter insonning ikki ming yillikdagi imkoniyatlari ramzidir.
Texnika falsafasi inson va texnika o‘rtasidagi munosabatlarning salbiy tomonlariga ham e'tibor qaratadi. Texnikaviy taraqqiyot inson tomonidan tabiatning o‘zlashtirishdagi navbatdagi yutuqlardan birigina bo‘lib qolmadi. Bu taraqqiyot atrof muhitga haloqatli ta'sir ko‘rsatadi, inson tomonidan atrof olamni anglash xususiyatini ham o‘zgartirib yuboradi. Texnika taraqqiyoti natijasida inson va tabiatni bir-biridan ajratuvchi yangi soha yuzaga keladi. Fransuz sotsiologi J. Ellyulning taxminicha, tabiat endilikda bizning ko‘rkam muhitimiz bo‘lolmaydi. Texnikaning o‘zi yaxlit yashash makoniga aylanadi, inson ana shu makonning ichida yashaydi331. Olimlarning tili bilan aytganda – texnomakon shunday makonga aylandiki, inson unda nemis faylasufi M. Xaydeger ta'biri bilan aytganda o‘zining asil mavjudligidan voz kechadi.
Ispaniyalik faylasuf Ortega-i-Gasset insonning texnika bilan aloqasini tahlil etib, uning ikkiyoqlama ekanligini ko‘rsatadi. Texnika o‘z oldiga maqsad qo‘ya olmaydi,u yo ezgulikka yoki yovuzlikka xizmat qiladi, shu sababli texnikani yo‘naltirib turish kerak deb hisoblaydi texnika falsafasi sohasidagi taniqli mutaxassis K.Yaspers. Insonning o‘zi texnikaga mazmun bag‘ishlashi to‘g‘risidagi fikr mazkur mulohazalardan kelib chiqadigan umumiy xulosaga aylanadi. Jahondagi hozirgi texnikaviy faoliyat tadrijiy jarayonning bir qismiga, inson esa tadrijning ishtirokchisiga aylanadi. Shu sababli, nemis faylasufi A.Xuning fikricha, biz ishtirokchi sifatida dunyoning kelajagi uchun mas'uldirmiz. Shu bilan birga bizning mas'uliyatimiz to‘xtovsiz o‘sib bormoqda332. Insonning texnika taraqqiyoti oqibatlari, texnikadan foydalanish natijalari uchun javobgarligi to‘g‘risidagi masala texnika falsafasining yana bir muhim masalasi hisoblanadi. Bu masala texnika falsafasi alohida bo‘limlarining – texnoetika va texnikani baholash bo‘limlarining vujudga kelishida o‘z ifodasini topdi. Birinchi marta o‘tgan asr 60-yillarining oxirida AQShda istefoda etilgan texnikani baholash hozirki kunda sanoati taraqqiy etgan mamlakatlarda keng tarqalgan. Texnikani muntazam baholab borish, texnikaviy ta'sirlarning noxush oqibatlarini bartaraf etishning alternativini (muqobilini) va yo‘llarini izlab topish – texnikani baholash mohiyatini tashkil etadi.
Texnoetika texnikaning salbiy oqibatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida insonning texnikaviy faoliyatini tartibga soluvchi etika talablari tizimidan iboratdir. Yangi texnologiyalar: yadroviy, fazoviy, axborot texnologiyalari, biotexnologiyalar rivojlanishi bilan texnikaviy faoliyatni tartibga solish masalasi tobora dolzarb masalalardan biriga aylanib bormoqda. Sanab o‘tilganlar orasida ayniqsa axborot texnologiyalari jadal sur'atlarda rivojlanib bormoqda va u o‘ziga faylasuflar e'tiborini ko‘proq talab etadi.
Dostları ilə paylaş: |