Inson XIX-XX asrlar falsafasida XIX asr falsafiy fikrning inson haqidagi ta'limotni rivojlantirishdagi eng muhim yutuqlaridan biri - bu Lyudvig Feyerbaxning (1804-1872) falsafiy antropologizmidir. U inson mohiyati muammosini falsafasining «birdan-bir, universal va eng oliy» muammosi sifatida qaradi va birinchi planga olib chiqdi. Biroq Feyerbax, aslida, insonga biologik nuqtai nazardan qaraydi, uning ijtimoiy mohiyatini izohlamaydi.
Antropologik tamoyil (ya'ni, ob'ektiv olamni inson mohiyatining hosilasidan iborat bir narsa sifatida qarash) ekzistensializm, hayot falsafasi, falsafiy antropologiya, antroposotsiologiya, freydizm va boshqa ko‘plab falsafiy va ijtimoiy oqimlarning asosida yotadi.
Ekzisensialistlar (J.P.Sartr, A.Kamyu va hokazo) falsafaning asosiy muammosi deb insonning mavjud bo‘lishi masalalarini hisoblaydilar (Ekzistensiya). Inson faqat o‘zini anglashi mumkin. K.Yaspers yozganidek: «Mavjud bo‘lish bilish demakdir va men ong sifatida mavjudman». Ekzistensializmning asosiy tamoyili - erkinlik tamoyilidir. Inson «ozod bo‘lishga mahkum etilgan» (J.P.Sartr). Ijtimoiy hayotning tangliklaridan chiqishning yo‘li - shaxsning individualistik borlig‘ida. Insonning o‘z diqqat markaziga qo‘yuvchi yana bir oqim – «falsafiy antropologiya». Bu oqimning asoschisi - Maks Sheler (1874-1928) falsafaning asosiy masalasi «Inson nima?:» degan savoldan iborat deb hisobladi.
Freydizmga avstriyalik psixolog Zigmund Freyd (1856-1939) asos solgan. U shaxs tuzilmasida uchta asosiy qatlamni ajratib ko‘rsatdi «U» ongosti, «Men» yoki «EGO» (ong), Yuksak «Men» (yuksak ong).
2-§. Inson konkret fanlar va falsafada
Inson muammosi tabiiy va gumanitar fanlarda Inson ko‘plab fanlar o‘rganadigan predmetdir. Biologiya uni Homo sapiens turi sifatida qaraydi. Pedagogika uchun u tarbiya ob'ekti, sotsiologiya uchun - turli munosabatlar sub'ekti, kulturologiya uchun - madaniyatning ob'ekti va sub'ekti, iqtisodiy nazariya uchun - asosiy ishlab chiqarish kuchi va hokazo.
Tabiiy fanlar orasida an'anaviy (biologiya, antropologiya, meditsina va boshqalar) bilan bir qatorda nisbatan yangi fanlar (oliy nerv tizimi faoliyati fiziologiyasi, somatologiya, seksologiya va hokazo) paydo bo‘ldi. Ijtimoiy bilim sohasida ham «eski» fanlar (psixologiya, sotsiologiya, tilshunoslik, etika) qatorida «yangi» fanlar (aksiologiya, germenevtika) kabilar faoliyat ko‘rsatishadi.
XX asrda ilmiy bilimning shiddatli rivoji, parallel tarzda boruvchi fanlarning faol differensiatsiyasi va integratsiyasi tabiiy-ilmiy va ijtimoiy fanlar chegarasida bir qator yangi fanlarning: bioetika va tibbiyot etikasi, sotsiobiologiya, psixofiziologiya va boshqalarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Bu hol falsafaning inson muammolarini ko‘rib chiqishdagi metodologik roli haqidagi masalani yanada dolzarb etib qo‘yadi.
Falsafada inson Biz yuqorida aytib o‘tganimizdek, inson ko‘p fanlar tomonidan predmet sifatida qaraladi, shu sababli bizning oldimizda muhim bir vazifa – inson muammosining aynan falsafiy aspektlarini ochib berish turadi.
Tabiatshunoslik va jamiyatshunoslikda insonni tadqiq etishning hozirgi darajasi shundayki, bunda inson hozirgi to‘plangan bilimlarni umumlashtirish va tizimlashtirish masalalari tobora ko‘proq birinchi planga chiqmoqda.
Inson muammosining falsafaga oid masalalari deb quyidagilarni hisoblash mumkin: a) inson mohiyati; b) insonda ijtimoiylik va biologik (tabiiylik)ning nisbati; v) shaxsning erkinligi; g) insonning mavjud bo‘lishi (borlig‘i) va mohiyatining dialektikasi; d) inson hayotining maqsad va ma'nosi.
Bu albatta inson muammosining falsafiy spetsifikasi faqat yuqoridagilar bilan cheklanadi, degan emas. Biz faqat asosiylarini sanab o‘tdik xolos.