Axmedova m. A. umumiy muxarrirligi ostida


-§. Markaziy Osiyoda diniy-falsafiy tasavvurlar



Yüklə 0,73 Mb.
səhifə32/202
tarix02.06.2023
ölçüsü0,73 Mb.
#122287
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   202
Axmedova m. A. umumiy muxarrirligi ostida

4-§. Markaziy Osiyoda diniy-falsafiy tasavvurlar
Eramizdan oldingi II asrda Baqtriyada paydo bo‘lgan qabilalar bu yerda taraqqiy topgan madaniyat, iqtisod va davlatchilik an'analari bilan yuzma-yuz bo‘lishdi. Bu narsa kelgindilarning o‘zlarini ijtimoiy-madaniy rivojlanishini tezlashishiga va o‘sha zamondagi jahon miqyosidagi davlatlardan biri -Kushon imperiyasining vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Xitoycha matnlarda Kushon imperiyasining hukmdorlari, Rim va Xan podsholigining hukmdorlari bilan bir qatorda, butun dunyoni37 o‘zaro bo‘lib oluvchi «Osmon o‘g‘illari» deb atalgan. Bu davrda kushonliklar va parfyanliklar yerlari orqali Xitoydan O‘rta yer dengizi tomonga tarixda birinchi marta qit'alarni bosib o‘tadigan savdo va elchilik aloqalari yo‘li bo‘lgan –Buyuk ipak yo‘li barpo etildi. Shu davrning o‘zida, ya'ni Vasko de Gama sayohatidan ming yildan ortiqroq ilgari rimlilar bosib olgan Misr bilan Kushon davlatining dengiz darvozasi bo‘lgan G‘arbiy Hindiston bandargohlari o‘rtasida Hind okeani bo‘ylab muntazam aloqa yo‘li o‘rnatilgan edi.
Kushon davrining o‘ziga xos xususiyati shunda ediki, unda turli irqlarga taalluqli madaniy an'analar va diniy oqimlar bir-birlari bilan yonma-yon yashashar edi. Bunga ko‘p jihatdan kushon shohlari tomonidan yurg‘izilgan diniy bag‘rikenglik siyosati yordam bergan edi. Kushon hukmdorlari tomonidan zarb etilgan tangalarda biz hind, eron va ellinistik xudolar dastasi bilan bog‘liq bo‘lgan ilohlarning ismlari va siymolari aksini uchratamiz. Mitra va hosildorlik xudosi Orloxsho bilan bir qatorda urush xudosi Veretragna, hind xudolari Shiva va Budda turganligining guvohi bo‘lamiz. Kushon imperiyasida dunyo sivilizatsiyasi tarixida kamdan-kam uchraydigan hodisalardan biri sifatida buddaviylik, jaynizm, zardushtiylik, maxalliy va qabilaviy diniy e'tiqodlarning bir-birlari bilan tinch yashaganliklarini qayd etish lozim. Aynan ana shu Kushonlar davrida Markaziy Osiyo va Uzoq Sharq mamlakatlariga yoyilgan Mohayana shaklidagi buddaviylikning alohida rivojlanganligini kuzatish mumkin.
Buddaviylikning yoyilishi mahalliy diniy e'tiqodlar va an'analarning yo‘q qilinishi yoki yutib yuborilishi degan ma'noni anglatmas edi. Bu mahalliy an'analar ta'sirida olib kelingan udumlarning o‘zaro ta'siri va o‘zgarishiga olib kelgan murakkab jarayon edi. Buddaviylik madaniyati Markaziy Osiyodan Xitoy, Yaponiya va Quriyaga tarqaldi. Xitoycha manbalar matnida Baqtriya, So‘g‘d va Parfiyadan chiqqan, ilohiyotga doir jiddiy risolalar yozib, ularni Xitoy tiliga tarjima qilgan buddaviy rohiblarning ismlari tilga olingan. Ba'zi olimlarning fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyolik rohiblarsiz II-IV asrlardagi Xitoy, buddaviylik haqida deyarli hyech narsa bilmagan bo‘lar edi38.
Markaziy Osiyoda Vaybxashika buddaviylik maktabi tarqalgan edi. Vaybxashika maktabiga mansub bo‘lganlar o‘zlarining bilish nazariyalarida ob'ektiv dunyodan kelib chiqdilarki, uni bilish his-tuyg‘u a'zolari orqali amalga oshiriladi. Ashyolarning javhari besh doimiy unsurdir. Barcha ob'ektlar pirovardida atomlarga kelib taqaladi. Ba'zida vaybxashika muxlislarini voqyeylikning bevosita vakillari deb ataydilar. Vaybxashika tarafdorlari fikricha, Budda oddiy odam bo‘lgan va to‘la-to‘kis nirvona holatiga erishgach, o‘z mavjudligiga barham bergan. Biroq unda ilohiy unsur-haqiqatni ichki tushunish mavjud bo‘lgan. Buddaviylik bilan bir qatorda Markaziy Osiyoga hindlarning dunyoviy fan va madaniyatining unsurlari ham tarqaldi.
Eramizning II-III asrlarida quldorlik tuzumi o‘zining inqiroz va buzilish bosqichiga kirdi. Inqirozning g‘oyaviy ifodasi sifatida yangi oqim bo‘lgan monixiylik (Bobildi 216 yoki 217-inchi yilda tug‘ilgan asoschisi Moniy nomidan olingan) paydo bo‘ldi. Moniy bir necha diniy-axloqiy risolalar yozgan. U «monixiylik xati» deb nom olgan alifboni kashf etdi. Moniyning ta'limoti zardushtiylik kohinlari tomonidan dushmanlik bilan kutib olindi. U ta'kiblar ostida Erondan qochdi. O‘z ta'limotini targ‘ib qilgan Moniy shon-shuhrat qozondi. Moniyning o‘sib borayotgan obro‘sidan xavfsiragan zardushtiylik kohinlari uni falsafiy bahsga chaqirdilar. Ammo u zindonga solindi va 276 yilda qatl etildi.
Monixiylik zardushtiylik ta'limotining xayr bilan sharr (yaxshilik va yomonlik) to‘g‘risidagi aqidasiga, ya'ni sa'naviyat (dualizm)ga tayanar edi. Xristianlik va gnostitsizm (lazzat talablik) unga sezilarli ta'sir o‘tkazgan edi. Moniylik ta'limoti o‘z ifodasini soddacha ruhda dehqonlar ozodligini targ‘ib qilishda topgan ediki, bu yangi sharoitlarda Avestoning qadimgi qobiqlarida bayon etilgan Zaratushtiraning ta'limotini qaytarish edi. Bu esa ezilgan va tahqirlangan dehqonlar manfaatini himoya qilishga qaratilgan edi. Bu bilan monixiylik zardushtiylikka qarama-qarishi turdi, negaki, u asta-sekin o‘z mohiyatini o‘zgartirib, ilk feodal jamiyat mafkurasiga aylangan edi. Monixiylikning ozod dehqonlar ruhiyatiga mos keladigan xususiyati uni eramizning III asrida va undan keyingi davrlarda Eron, Markaziy Osiyo, Baynalnahrin, Mesopotamiya, Suriya, Misr va Rim imperiyasining sharqiy viloyatlari dehqon ommasi orasida keng tarqalishiga yordam berdi.
Ammo monixiylik qandaydir faol harakatlarni rad etib, kurashning bo‘sh usullarini qo‘llashni targ‘ib etdi. Natijada umidsizlik, sufiylik va tarki dunyochilikni targ‘ib qiluvchi mayda tariqatlarga bo‘linib ketdi. Monixiylikning bunday xususiyatlari xristian mazhablari bo‘lgan pavlikian va bogomil kabilarning ta'limotiga ta'sir o‘tkazdi. Monixiylikning kuchli ta'sirini mazdakiylik ta'limotida ham mushohada qilish mumkin.
Markaziy Osiyo va Eronda feodalizmning rivojlanib borishi va dehqonlar hayotining og‘irlashishi tabaqalar o‘rtasidagi qarama-qarshilikni kuchaytirib yubordi. Urushlar, tabiiy ofatlar, kahatchilik bu jarayonni chukurlashtirdi. Dehqonlarning feodal hukmdorlardan noroziligi oshib bordi. Bunday qarama - qarshiliklarning ifodasi sifatida yangi diniy- falsafiy oqim bo‘lgan mazdakiylik paydo bo‘ldi. V-VI asrlar davomida mazdakiylik feodallarga qarshi qaratilgan harakatlarning mafkurasi bo‘lib xizmat qildi.
Uni asoschisi Mazdak (529-nchi yilda qatl etilgan) Eron shohi Qubod I (hukmronlik yillari 488-528) saroyi ahllariga yaqin bo‘lgan zardushtiylik kohini edi. U shohni mamlakatda islohotlar o‘tkazish zarurligiga ishontirishga urindi. Keyinchalik Mazdak dehqonlar harakatining rahnomasiga aylandi. Harakat bostirilgach, Mazdak qatl etildi.
Mazdakiylikning falsafiy ta'limoti zardushtiylikning ikki ibtido, ya'ni xayr va sharr, yorug‘lik va oqillik bilan qorong‘ulik o‘rtasidagi kurash haqidagi tasavvurlarga borib taqaladi. Tabiat uch unsur: suv, olov va tuproqdan tashkil topgan bo‘lib, ularning ko‘shilishidan ijobiy va salbiy hodisalar kelib chiqadi. Xayr bilan sharr o‘rtasidagi kurash xayrning g‘alabasi va sharrning (yomonlik) kuch ishlatish orqali yo‘q qilish bilan xotima topadi. Mazdakchilarning ijtimoiy dasturi keskin talablar qo‘ydi: barcha odamlarning teng huquqligi, iste'molda tenglik, barcha mulklarning va avvalo yerning umum ixtiyorida bo‘lishi. Bu narsa oddiy xalq o‘rtasida Mazdakning dong chiqarishiga olib keldi.
Mazdakiylik harakatining boshida shoh Qubod I bir tomonlama kuchayib borayotgan feodallar va zardushtiylik kohinlariga qarshi kurashda o‘z hokimiyatini mustahkamlash manfaatlaridan kelib chiqib, undan foydalanishga urindi. Biroq harakatning keng quloch ochishi, undagi keskin talablarning kuchayishi, zadagonlar va mulklarning yo‘q qilinishi xukmron doiralarni qo‘rqitib yubordi. Shoh va hukmron aslzodalar qo‘zg‘olonni kuch bilan bostirib, uning ishtirokchilarini shafqatsizlarcha jazoladilar.
Mazdakiylik harakati bostirilgandan keyin ham uning g‘oyalari uzoq vaqt Eron, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mehnatkashlarining kurashi uchun bayroq sifatida xizmat qildi. Markaziy Osiyoda bu g‘oyalar XII asrgacha rasm bo‘lgan edi.



Yüklə 0,73 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   28   29   30   31   32   33   34   35   ...   202




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin