Borliq haqida ta'limot. Jurjoniyning falsafiy qarashlari Forobiy, «Sof birodarlar» anjumani, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Nasriddin Tusiy va Qutbiddin ar-Roziy at-Taxtoniylar dunyoqarashi ta'siri ostida shakllandi. Ular kabi, Jurjoniy ham ob'ektiv borliqning mavjudligiga shubha qilmas edi, ammo uning kelib chiqishini aqliy yo‘sinda talqin qilib, emanatsiya nazariyasi nuqtai nazarida turar edi.
Jurjoniy o‘zining «Risola fi tahqiqye vujud» («Borliqni tekshirish risolasi») asarida yozadiki, borliqning haqiqiyligi o‘z mohiyatiga ko‘ra mavjuddir va uning yo‘q bo‘lishining o‘zi mumkin emas.
Jurjoniyning dunyoqarashi, undan oldin o‘tgan salaflarinikidek, o‘rta asrlardagi butun falsafiy masalalarni, chunonchi, borliq haqidagi ta'limot, koinot jumboqlari, modda va uning shakllari, jonsiz va jonli dunyoning xususiyatlari, jismoniy va ruhiy munosabatlar, bilish muammolari, mantiqiy fikrlash haqidagi ta'limot, til va tafakkur aloqalari va boshqalarni o‘z ichiga oladi. U koinot, inson va aqlni qamrab oluvchi dunyoning umumiy manzarasini yaratishga harakat qildi.
Jurjoniy aqidasiga xos bo‘lgan narsa borliq manzarasini bosqichma-bosqich tartibda tushuntirishdan iborat edi. Besh bobdan iborat bo‘lgan o‘zining «oyinaye gitinamo» («Dunyoni aks ettiruvchi ko‘zgu») risolasining birinchi bobini vojib ul-vujud va mumkin ul-vujudni mavjud ekanligini asoslashga bag‘ishlaydi. Jurjoniy unga shunday ta'rif beradi: «Yo‘q bo‘lishi mumkin bo‘lmagan, bor bo‘lishi esa zarur bo‘lgan narsa vojib ul-vujud deb ataladi. Masalan, Xoliqning o‘zligi kabi tushuncha. Borligi ham, yo‘qligi ham zarur bo‘lmagan narsa mumkin ul-vujud deb ataladi»121.
Jurjoniy fikricha, vojib ul-vujud xudo bo‘lib, mumkin ul-vujud esa –moddiy olamdir. U borliqning birinchi sababi sifatida vojib ul-vujudni, ya'ni xudoning borligini tan oladi. Uning fikricha, mumkin ul-vujud o‘zining bor bo‘lishi uchun qandaydir tarzda bo‘lsa ham, biror bir sbaabga ehtiyoj sezadi. U biror bir narsa tufayli, ya'ni birinchi sabab mohiyatiga ko‘ra, mumkin ul-vujud darajasiga ko‘tariladi.
Jurjoniy fikricha, hamma jismlar bir-biriga bo‘lgan o‘zaro munosabatda sabab-oqibat nisbatida bo‘ladilar. «Dunyoni aks ettiruvchi ko‘zgu» risolasida u shunday yozadi: «Bor bo‘lishga imkoni bor narsa ikki tarkibiy qismdan javhar (substansiya) va faz (aksidensiya) dan, ya'ni tub mohiyat va tasodifiy holdan yoki hodisadan tashkil topadi. Agar mavjud bo‘lishga imkoni bo‘lgan narsa o‘z mavjudligi uchun joyga ehtiyoj sezmasa, unda uni tub mohiyat deb, agarda unga ehtiyoj sezsa, hodisa deb ataladi. Tub mohiyat besh xil bo‘lishi mumkin. Agarda biror-bir tub mohiyat, boshqa joyda birorta narsa o‘rnida qaror topgan bo‘lsa, u joylashgan o‘sha joy narsa deb, holat esa –shakl deb ataladi. Agar u o‘z ichiga holat va joyni olgan bo‘lsa, u jism deb nomlanadi. Agar tub mohiyat bu aytilgan uch narsani o‘z ichiga olmasa, u ayiruvchi javhar deb ataladi. Agarda shu ayniruvchi tub mohiyat jismga ega bo‘lsa, u holda uning o‘zgaruvchi qismi ruh deb ataladi. Bu jismlardagi o‘zgarmaydigan narsa aql deb ataladi.yu agarda ushbu aql bevosita vojib ul-vujuddan kelib chiqqan bo‘lsa, u boshlang‘ich ong yoki umumiy aql, deb ataladi»122.
Jurjoniy javharni (substansiya) besh turga bo‘ladi: aql, ruh, birlamchi javxar, shakl va jism, javxarlar vositasida narsalar sifatida qarab chiqadi. Jurjoniy tabiiy borliqni tasnif qilib, jismlarni oddiy va murakkabga bo‘ladi. Murakkab jismlar to‘rt unsurdan tashkil topadilar, oddiy jismlar yuqori va quyida joylashgan bo‘ladilar –sayyoralar va unsurlarning o‘zlari. Yukoridagi jismlar nurli va nursiz bo‘lishlari mumkin, birinchilari sayyoralar va yulduzlar mohiyati bo‘lsa, ikkinchilari –doiralar va ruhlardir. Murakkab jismlar o‘zlariga quyidagilarni, kamrab oladilar: o‘smaydigan narslaar – minerallar, o‘sadigan ammo his-tuyg‘uga ega bo‘lib, xarakat ham qiladigan, biroq nutqdan mahrum – hayvonlar, nutqqa ega bo‘lganlar –odamlar. Demak, Jurjoniy aqidasicha, butun Dune yagona jism bo‘lib, uning turli a'zoolari qonuniy ravishda bir-birlari bilan bog‘langandirlar. Jurjoniy o‘z tabiat falsafasida tabiiy Dune, ya'ni tabiatni, uning o‘zidan kelib chiqib tushuntirishga xarakat qildi. U inson bilan tabiatning yagonaligini katta olamdagi (makrokosm) barcha kuchlarning oliy to‘planish markazi sifatida bo‘lgan kichik olam (mikrokosm) g‘oyasi orqali ifodaladi.
Mantiq. Jurjoniy mantiq ilmiga salmoqli hissa qo‘shadi. U markaziy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari mantiqiy merosining barcha oqimlarini tahlil etib, ularni yanada rivojlantirdi. Mohiyat jixatidan mantiq ilmining falsafa va tabobatdan ajralishi uning huquq, til va ilohiyot sohasidagi tadqiqotlarda ishlatilish jarayoni ko‘paydi. Jurjoniy o‘z ijodida mantiqngi falsafadan ajratmagan holda, uni ko‘proq huquq va til sohalarida qo‘llanilishini ta'minladi. Uning barakali ijodi tufayli shu davrdan boshlab, islom madrasalarida mantiqni o‘qitish huquq va til fanlari bilan bog‘liq holda olib borildi. Natijada mantiq ilmiga islom aqidalariga xos bo‘lgan «begona ta'limot» deb g‘araz bilan qarash, asta-sekin barham topa boshladi.
Jurjoniy fikricha, nazariy bilimlar hayotiy tarjribada hosil qilingan boshlang‘ich bilimlar va ular tug‘risida fikrlash yo‘li bilan shakllanadi. Bunday fikrlash jarayonini u xulosa deb ataydi. U xulosaning uch turini ko‘rsatib o‘tadi. Bular: qiyos (sillogizm), istiqro (induksiya-bo‘lakdan butunga tomon hukm yuritish) va hads (analogiya -o‘xshash). Bulardan qiyos (sillogizm) xulosaning bosh turi hisoblanib, nazariy bilimlar hosil qilishning asosiy vositasi bo‘lib, maydonga chiqadi.
Isteqro (induksiya) tushunchasi ostida Jurjoniy shunday xulosani nazarda tutadiki, unda dastlabki xususiy shartlar asosida umumiy natija chiqariladi. U ikki xil isteqroni, ya'ni to‘la va to‘la bo‘lmagan isteqroni ko‘rsatib o‘tadi.
To‘la isteqroda har bir bo‘lakdagi biror-bir sifat mavjudligiga asoslanib, anna shunday sifati xususiyati umumiy butunlikda ham bor ekanligiga ishonch hosil qilinadi.
To‘la bo‘lmagan isteqro shunday xulosadirki, umumiy butun bo‘lgan narsaning ba'zi bir qismlarida mavjud bo‘lgan biror-bir xususiyatidan kelib chiqib, shunday xususiyat butunda ham mavjud ekanligiga ishonch hosil qilinadi. Jurjoniy fikricha, to‘la bo‘lmagan induksiya faqat taxminiy mulohazagagina olib keladi.
Jurjoniyning falsafiy asarlari, ayniqsa, uning mantiqqa oid risolalari Markaziy Osiyo va Eronda mantiq ilmining rivojiga ko‘shilgan muhim hissa buldi. So‘nggi asrlarda uning risolalari madrasalarda o‘rganildi va ularga sharhlar yozildi.
XV olimlaridan biri Amir Temurning nevarasi Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek (1394-1449) edi. Movaraunnahr hukmdori bo‘lgan sulton Ulug‘bek, Fan va madaniyat taraqqiyotiga kata e'tibor qaratdi. Uning ilmiy qiziqishlari riyoziyot, astronomiya, geometriya, kimyo, tarix va boshqa fan sohalarini qamrab olgan edi. Mutafakkir dunyoqarashining shakllanishida Aflotun, Arastu, Ptolemey, Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Mir Sayyid Sharif Jurjoniy va boshqa olimlarning asarlari katta o‘rin tutdi.
1428 yilda Ulug‘bek boshchiligida Samarqandda o‘sha zamondagi eng katta rasadxona qurildi. U 1437 yilda o‘zining astronomiya sohasidagi asari bo‘lgan «Zije Ko‘ragoniy» («Ko‘ragoniyning yulduzlar jadvali») risolasini yozib tugatdi. Ushbu risolada yil hisobi, sayyoralar nazariyasi, astronomiya muammolari bayon etilgan bo‘lib, 1018 yulduzning jadvali ham berilgan edi. Ulug‘bekning «To‘rt ulus tarixi» nomli asari ham borki, unda mo‘g‘ullar imperiyasining tarixi bayon etilgan. Bundan tashqari, Ulug‘bek mantiq, fiqh, musiqa nazariyasi va adabiy uslub nazariyasini yaxshi bilar edi.
Ulug‘bekning tadqiqotlari astronomiya taraqqiyotida muhim davr ochdi. U yer yuzining har qanday nuqtasining koordinatlarini aniqlaydigan vosita ishlab chiqishga intildi, quyosh va oy tutilishlarini oldindan aytib berish usuli, yil hisoblarining biridan ikkinchisiga o‘tish qoidalari, yil fasllari o‘zgarishlarining qonuniyligini ochib berish, osmoniy jismlar harakatining qonunlarini tushuntirishga harakat qildi. Asosiy kuzatish vositasi sifatida sekstant (burchak o‘lchash asboblaridan biri) xizmat qildi. Masalan, ushbu asbob yordamida quyosh yilining aniq miqdori o‘lchandi -365 kecha va kunduz 6 soat 10 daqiqa 8 soniya.
Ulug‘bek tomonidan asos solingan astronomiya maktabi o‘sha zamon ilmiy qarashlari shakllanishida katta o‘rin tutdi. Boshqa mamlakatlardan astronomiya bo‘yicha eng yaxshi mutaxassislarni taklif qilgan Ulug‘bek, o‘z atrofiga iste'dodli olimlarni to‘pladi. Eronning Koshon shahridan yirik riyozidon va astronom bo‘lgan G‘iyosuddin Jamshid al-Koshiy (vaf. 1430) taklif qilingan edi. O‘nli kasrni kashfiyoti al-Koshiyga mansubdir. Chunonchi, undan keyingina, XVI asrdan boshlab, Ovrupo riyozidonlari asarlarida o‘nli kasr qo‘llanila boshladi. Ulug‘bek o‘ldirilgandan keyin uning ishini shogirdlari davom ettirdilar. Ulardan eng mashhuri - mashhur riyozidon va astronom Ali Qushchi (1403-1474) edi. Uning asosiy asari – «Astronomiya haqida risola» edi. Ali Qushchi ob'ektiv dunyoning mavjudligiga, moddiy Ashe va hodisalarning o‘zaro bog‘liqligi, ularning soddadan murakkabga o‘tib turishligiga ishonar edi.
Ulug‘ mutafakkir va gumanist Abdurahmon Jomiy (1414-1492) Hirot yaqinidagi Xarjird qishlog‘ida dunyoga keladi. Samarqandga kelganidan so‘ng mutafakkir Qozi-zoda Rumiy va Xoja Ali Samarqandiyning geometriya, algebra va astronomiya bo‘yicha ma'ruzalarini tinglaydi. Keyinchalik shoir shayx Sa'diddin Qoshg‘ariyga shogird tushib, Naqshbandiylik tariqatini undan o‘rgana boshlaydi va Naqshbandiylik sulukining ko‘zga ko‘ringan nazariyotchisiga aylanadi.
Jomiy qomusiy olim edi. U geometriya, astronomiya, kosmografiya, matematika fanlarini puxta o‘zlashtirgan, arab tili, falsafa, ritorika, axloqshunoslik borasida yirik asralar yozgan edi. Allomaning muhim asarlari sirasiga «Bahoriston», «Sharxi ruboiyot», «Haft avrang», «Lavoih», «Nafahot ul-uns» va boshqalar kiradi.
Jomiy borliqni vahdati vujud ta'limoti asosida talqin qiladi. Uning tushuntirishicha, Xudo butun mavjudotlarning bosh sbaabchisi, ijodkoridir. U abadiy. Qolgan hamma narsa va hodisalar o‘tkinchi va vaqtinchadir. Uning e'tiqodicha, Xudo yagona bo‘lmaganda edi, dunyoda tartibsizlik hukm surar edi. Unda dunyo qonun asosida faoliyat ko‘rsatmagan, tinchlik eshiklari ochilmagan bulur edi. Butun dunyo yo‘qlikka aylanib, balki bu yo‘qlikdan chiqaolmagan bo‘lur edimi123.
Jomiy gumanistik ta'limotining markazida inson turadi. Shoir insonning bilish qobiliyati cheksiz ekanligini ta'kidladi, asarlarida shaxs erkinligi, adolat, sahovat, mehnatsevarlik, to‘g‘rilik, bilimdonlik haqida fikr yuritdi. Uning aytishicha, inson mehnat faoliyatida moddiy dunyo hodisalarini idrok qiladi. «Imkoni boricha hamma narsa haqida haqiqatni bilishga intiladigan va o‘zining bilib olgan narsalarini amalda qo‘llay oladigan kishi dono deb aytiladi»124.
Jomiy o‘z asarlarida jabr-zulm qiluvchilar va zo‘ravonlarni qoraladi. Zeroki, ular shahar va qishloqlarni harobaga aylantiradilar, dehqon va hunarmandlarni talaydilar. Jomiy mehnat ahllarini davlatning tayanchi deb bildi. Shuning uchun u boy va amaldorlar, hukmdorlarni dehqonlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularni mehnatini qadrlashga da'vat etdi, davlatni asosi adolat ekanligini alohida ta'kidladi.
Jomiy ilm-fan bilan shug‘ullanishni inson uchun qadrli va munosib ish deb bildi.
Jomiy kishilarni yoshlikdan tarbiya qilishga, ularga kasb-hunarni egallashga qiziqish uyg‘otishga da'vat etdi. Olim johillik, nodonlik, mag‘rurlik, o‘z boyligi bilan maqtanishni qattiq qoraladi.
Jomiy, xuddi Sharqning boshqa mutafakkirlari kabi, davlatni dono, ma'rifatli va adolatli hukmdor boshqarishi lozim, deb o‘yladi. Hukmdorning donoligi adolat va qonunlarga amalga qilishida namoyon bo‘ladi. Jomiy o‘zboshimchalik, qonunsizlik, jabr-zulm, zo‘ravonlikdan holi bo‘lgan davlat tuzumini orzu qildi. U «Iskandar xiradnomasi» asarida mukammal shahar-davlatni tasvirlaydi. Iskandar uzoq yurishlardan so‘ng bir shaharga yetib keladi. U podshohsiz boshqariladi. Bu shahar juda obod bo‘lib, unda hamma tinch, kambag‘al va boylar yuq, hamma mehnat bilan mashg‘ul, odamlari halol va yuksak fazilat egalari125.
Ulug‘ o‘zbek shoiri, davlat arbobi, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy (1441-1501) Hirotda tavallud topadi. Maktabda u Xurosonning bo‘lajak hukmdori Husayn Boyqaro bilan tahsil oladi. Shoir turli davrlarda Iroq, Mashhad va Samarqandda yashaydi. 1469 yili taxtga Husayn Boyqaro o‘tirgandan so‘ng, Navoiy Hirotga qaytib keladi. 1472 yili ul zot bosh vazir etib tayinlanadi. Navoiy vazirlik davrida shoiru olimlarga homiylik qiladi, jamg‘argan boyligini ilm-fan, madaniyat va obodonchilik ishlariga sarflaydi, beva -bechora va muhtojlarga xayr-ehson qiladi, rabotlar, suv inshootlari, kasalxonalar qurdiradi, kanallar o‘tkazadi.
She'riyat mulkining sultoni bo‘lmish bu adib 30 ga yaqin asarlar muallifidir. Ular adabiyot, nasr va nazm, falsafa, axloqshunoslik, pedagogika, tilshunoslik, musiqa, nafosatshunoslik, tarix, tabiiy fanlar muammolariga bag‘ishlangan. Navoiy asarlari jumlasiga «Xazoyinul-maoniy», «Devoni foniy», «Lisonut-tayr», «Majolis un-nafois», «Holoti Sayid Hasan Ardasher», «Vaqfiya», «Munshaot», «Mahbub ul-qulub», «Muhokamat ul-lug‘atayn», «Tarixi muluki Ajam» va boshqalar kiradi. Mutafakkirning shoh asari «Xamsa» besh dostondan iborat: «Layli va Majnun», «Sab'ayi sayyor», «Xayrat ul-abror», «Farhod va Shirin» va «Saddi Iskandariy».
Navoiy falsafiy qarashlari vahdati-vujud va tasavvuf ta'limotiga asoslangan. Mutafakkir o‘zining dunyoqarashida Olloh, tabiat va inson birligidan kelib chiqadi. Uning e'tiqodiga ko‘ra, inson baxt-saodatiga bu dunyoda erishishi mumkin. Buning uchun u tinmay mehnat qilishi, kasb-hunar egallashi, tabiatning siru asrorini idrok qilishi, uning noz-ne'matlaridan foydalanishi darkor. Xudo, allomaning fikricha, borliqning, shu jumladan insonning yaratuvchisidir. Mavjudotlarning eng yaxshisi, a'losi va gultojisi insondir.
Mutafakkir dunyoqarashida gnoseologik masalalar ham muhim o‘rinni egallaydi. U sezgi va aql yordamida zohiriy narsalarni, murakkab jarayonlarni idrok qilish mumkinligini qayd qildi. Uning aqidasiga ko‘ra, aql tufayli hissiyot bergan ma'lumotlar umumlashtiriladi, hodisalardagi umumiy va muhim narsalar bilib olinadi. Aql uningcha, Alloh in'om etgan bebaho gavhardir, u hamma boyliklardan afzaldir. Shuning uchun Navoiy bu gavharni egallashga chaqiradi.
Ko‘nglungga xirad yo‘lin padidor ayla,
Bu naqdqa joningni xaridor ayla,
Har ishda xiradni o‘zungga yor ayla,
Jurmung tarkidin xirad izhor ayla126.
Navoiy kishilarni bu dunyo noz-ne'matlari, go‘zalliklaridan kishilarni bahramand bo‘lishga, hayotni sevishga chaqirdi.
Navoiy buyuk insonparvar shoir edi. Ul zot asarlarining markazida inson va uning fazilatlarini kuylash turar edi. Uning aytishicha, odam o‘zining aqli, qobiliyati, nutqi, xulq-odobi, ongli xatti-harakati, shirinsuhanligi bilan boshka tirik mavjudotlardan ajralib turadi.
Navoiy o‘zining ijtimoiy-siyosiy qarashlarida hukmdorning faoliyatiga katta e'tibor berdi. U mamlakatni odil va ma'rifatli shoh boshkarishi lozim, deb hisoblaydi. Bunday hukmdor o‘z qul ostidagilarga odilona munosabatda bo‘lishi, ularga g‘amxo‘rlik qilishi lozim. Mutafakkirning gumanistik va umuminsoniy qarashlari tinchlik va urush masalasiga munosabatida yorqin namoyon bo‘ladi. U butun umri davomida bosqinchilik urushlari va zo‘ravonlikka qarshi kurashdi, xalqlarni tinch-totuv yashashga, do‘stlikka da'vat etdi:
Navoiy kishilar o‘rtasidagi do‘stlik va ahillikni kuyladi. Uning qahramonlari turli xalq va elatlarga mansub edi. Iskandar – yunon, Majnun – arab, Shirin – arman, Shopur – eroniy, Farhod – xitoy va hokazo. Navoiy tasvirlagan badiiy timsollar bilimdonligi, zukkoligi, jasurligi, qahramonligi, mehr va muruvvatliligi, sahovatpeshaligi, odamiyligi bilan ajralib turadi.
Navoiy islom qonun-qoidalari, Qur'on va shariatga qattiq rioya qildi. U tasavvufning naqshbandiylik sulukiga rioya qilib, ko‘prok uning amaliy tomonlariga e'tibor qaratdi. Alloma fikricha, solik Alloh vasliga yetishish uchun bu dunyoda poklanish, xayrli ishlar bilan mashg‘ul bo‘lishi, tinmay mehnat qilishi, o‘zgalarga yordam berishi, salbiy illatlarga qarshi kurash olib borishi lozim.
Mutafakkirning ijtimoiy-falsafiy, siyosiy va axloqiy qarashlari insonparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan, uning adolat, ilm-fan, ma'rifat, kasb-hunarni egallash, ta'lim-tarbiya haqidagi g‘oyalari hozirgi mustaqillik sharoitida ma'naviy-axloqiy yuksalishga xizmat qilmoqda.