Sinfchaga 4 ta qabila, 13 ta oila, 200 ga yaqin turkumga mansub 4000 taga yaqin turlar kiradi. Ular, asosan, o’tlardan iborat.
Ayiqtovondoshlar qabilasi - Ranunculales
. Qabilaga mansub o’simliklar hayot shakliga ko’ra, asosan, o’t, ba'zan buta va lianalardan iborat. Barglari oddiy va murakkab. Gullari ikki jinsli, aktinomorf va zigomorfdir. Bu qabilaga 8 ta oila kiradi.
Ayiqtovondoshlar oilasi - Ranunculaceae
Bu oilaga 66 ta turkum, 2000 ga yaqin tur kiradi. O’zbekistonda 20 turkumga mansub 107 turi o’sadi. Oilaga mansub o’simliklar hayot shakliga ko’ra, asosan, ko’p yillik o’t, ayrim buta hamda bir yillik o’tlardan iborat. Oila vakillari asosan, Shimoliy Yarim sharning sovuq va mo’tadil iqlimli joylarida keng tarqalgan, ayrimlari tropik mintaqalarda ham uchraydi. Ularning ko’pchiligi sernam o’tloqzor, botqoqlik va o’rmon o’simlik jamoalarining muhim tarkibiy qismini tashkil qiladi. Bu oilaga kiruvchi o’simliklarning barglari oddiy, yonbargsiz, poyada ketma-ket yoki qarama-qarshi joylashgan.
Gullari ikki jinsli (isfarak va sanchiq o’tlardan tashqari). Bu oila o’simiik turlari tarkibida alkaloidlar saponinlar, glikozidlar bo’lib, dorivor, zaharli o’tlar hisoblanadi. Gullari to’g’ri (aktinomorf), noto’g’ri (zigomorf), shamol yoki hasharotlar yordamida changlanishi, urug’i yog’li, endospermli, mevalari yong’oqcha, ko’sakcha, ba'zan rezavor - meva bo’lishi bu oilaning evolutsion nuqtayi nazardan ancha taraqqiy etganligini ko’rsatadi. Turlar respublikamizning tog’li hududlarida o’sadi, muhim dorivor o’simlik hisoblanadi.