Aynan ana shu talablar, eng avvalo, bo‘lg‘usi mutaxassislarning madaniyat nazariyasi va tarixiga oid bilimlar bilan tanish bo‘lishlarini talab qilmoqda


mavzu. Madaniyatning tarkibiy tuzilishi



Yüklə 1,76 Mb.
səhifə12/62
tarix29.04.2023
ölçüsü1,76 Mb.
#104855
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   62
Мадан.наз.ва.тар.ўқув.қўл. янги вариант. 11.12.22. (восстановлен) (восстановлен)

4.mavzu. Madaniyatning tarkibiy tuzilishi.
Reja:
1.Madaniyatning tarkibiy tuzilishi to‘g‘risidagi qarashlar.
2.Moddiy madaniyat va uning tarkibiy tuzilishi.
3.Ma’naviy madaniyat va uning tarkibiy qismlari.

1.Madaniyatning tarkibiy tuzilishi to‘g‘risidagi qarashlar.


Madaniyat tushunchasi qo‘llanilishi jihatidan xilma-xil bo‘lgani kabi, kundalik hayotda (oddiy ong) va fanda ham turli mazmun kasb etadi. Biz “muomala madaniyati”, ”mehnat madaniyati”, “iqtisodiy madaniyat”, “siyosiy madaniyat”, “huquqiy madaniyat” kabi iboralardan foydalanamiz va ularga ko‘nikib qolganmiz.
Kundalik hayotda madaniyatdan voqelikni baholash tushunchasi sifatida va shaxsning ma’lumotliligi, xushmuomalaligi, ozodaligi, vazminligi kabi xususiyatlari bilan bog‘lab tushuntirish ham odatga aylangan. “Madaniyatli kishi” tushunchasiga qo‘shib ishlatiluvchi sifatlar juda keng bo‘lib, uni qo‘llash jamiyatning umumiy madaniy darajasi va shaxsning ijtimoiy maqomiga bog‘liqdir.
Hozirgi davrda “ishlab chiqarish madaniyati”, “xizmat ko‘rsatish madaniyati”, “dam olish madaniyati” to‘g‘risida ko‘p gapirilmoqda. Bu iboralardagi “madaniyat” orqali ijtimoiy institutlarning samarali faoliyat ko‘rsatishlari tushuniladi. Ba’zan madaniyat to‘g‘risidagi tasavvurlar shaharlar turmush tarzi, teatrlar va kutubxonalarga tez-tez borib turish, “madaniy” kishilar bilan do‘stlashish va chiroyli narsalar bilan bog‘liq deb fikr qilinadi. Gazetalarda, statistik ma’lumotlarda “iqtisod va madaniyat”, ”fan va madaniyat”, “siyosat va madaniyat”, “axloq va madaniyat”, “madaniyat va san’at” kabi iboralar ko‘p ishlatiladi. Bunda madaniyat ma’naviy ustqurma yoki axloq va san’at sohalari bilan cheklanib qoladi.
Agar madaniyatning mohiyatiga chuqurroq nazar tashlansa, uning ichki tuzilishi nihoyatda turg‘un, o‘zgarmas va takrorlanmas xarakterga, ikkinchi tomondan esa, harakatlanuvchan va o‘zgaruvchan jarayonlardan iborat ekanligini anglab yetish qiyin emas. Ijtimoiy hodisa sifatida madaniyat uchun madaniy statika va madaniy dinamika tushunchalari fundamental, tizimni tashkil etuvchidir. Birinchisi madaniyatni turg‘un, o‘zgarmaslik va takrorlanishni tavsiflasa, ikkinchisi esa, madaniyatning harakat va o‘zgarish jarayoni sifatidagi mohiyatini ifodalaydi
Madaniyatga asos bo‘luvchi elementlar ham ikki xil – moddiy va ma’naviy elementlardan iboratdir. Moddiy elementlarning yig‘indisi moddiy, ya’ni insonning moddiy e’tiyojlari bilan bog‘liq bo‘lgan, uning jismoniy faoliyati natijasida vujudga keluvchi madaniy boyliklar, boshqacha qilib aytganda, ko‘proq ko‘zga tashlanib turuvchi madaniy boyliklar, ma’naviy madaniyatning elementlari esa, asosan insonning ma’naviy faoliyati natijasida vujudga keluvchi, ma’naviy ehtiyojlarini qondiruvchi elementlardan iboratligi ko‘zga tashlanib turadi. Ana shu nuqtai nazardan kelib chiqsak, madaniyatning asosiy elementlari ikki shaklda - moddiy va ma’naviy madaniyat shaklida mavjud ekanligiga ishonch hosil qilamiz.
Moddiy elementlarning yig‘indisi moddiy madaniyatni, moddiy bo‘lmaganlari esa ma’naviy madaniyatni tashkil qiladi. Ammo madaniyatning moddiy va ma’naviy elementlarga bo‘linishi shartli bo‘lib, vujudga kelishi va yaratilishi jarayonida uning moddiyligi ham ma’naviyligi ham o‘zaro chambarchas, bir-birlari bilan uyg‘unlashib keladi.
Moddiy madaniyatning muhim xususiyati uning jamiyatning moddiy hayotiga ham, moddiy ishlab chiqarishiga ham, moddiy jihatdan o‘zgartiruvchanlik faoliyatiga ham mos kelmasligidir. Moddiy madaniyat moddiy ishlab chiqarishning insonning shaxs sifatida shakllanishiga, shaxsning narsalarni yaratuvchilik faoliyatiga, o‘zi yaratgan narsalarda o‘zining mohityatini mujassamlashtirishiga, o‘zining aqlli mavjudot sifatida rivojlanishiga ta’siri nuqtai nazaridan tavsiflanadi, ya’ni moddiy boyliklarning inson qobiliyatlarining, ijodiy imkoniyatlari va iste’dodlarining qay darajada rivojlanishi va yuksalishiga ko‘rsatadigan imkoniyatlarini ochib beradi.
Moddiy madaniyatga quyidagilar kiradi: mehnat jarayoni va uni tashkil etish, ya’ni moddiy ishlab chiqarish madaniyati, kundalik turmush madaniyati, istiqomat joylari, ya’ni turar joylar, qishloq va shaharlarning bunyod etilish bilan bog‘liq bo‘lgan madaniyat, turmush tarzi bilan bog‘liq madaniyatiga (sog‘lom turmush tarzi, ya’ni o‘zining tanasiga, jismoniy chiniqishiga tegishli) bo‘lgan munosabati kabilar kiradi.
Nomoddiy elementlarning yig‘indisi madaniy statika(harakatsizlik, turg‘unlik)ning ma’naviy tomonini, ya’ni barcha uchun bir xil bo‘lgan qonunlar, me’yorlar, qoidalar, xatti-harakat namunalari va talablari, ma’naviy qadriyatlar, marosimlar, ramzlar, afsonalar, bilimlar, g‘oyalar, urf-odatlar, an’analar, til va h.k.ni qamrab oladi. Albatta, har qanday nomoddiy madaniyatning ob’ekti moddiy asosga (vositachiga) tayanadi Masalan, bilim uchun moddiy asos - kitoblarning mavjud bo‘lishi talab qilinadi.
Ma’naviy madaniyat ko‘p qatlamli shaklga ega bo‘lib, o‘z ichiga kognitiv (intellektual), axloqiy, badiiy, huquqiy, pedagogik, diniy va boshqa madaniyatlarni qamrab oladi.
Ba’zi madaniyatshunos olimlarning fikriga ko‘ra, madaniyatning shunday ko‘rinishlari mavjudki, ularni na moddiy, na ma’naviy madaniyat sohasiga kiritib bo‘lmaydi. Ular madaniyatning "vertikal qismi" (tik chiziq shaklini)ni ifodalaydi, ya’ni ular ham moddiy, ma’naviy madaniyat shakllariga bab-baravar tegishlidir, ya’ni madaniyatning butun tizimiga mansubdir. Madaniyatning bunday ko‘rinishdagi shakllariga iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, ekologik, estetik diniy madaniyat kabi madaniyat turlari kiradi.
Madaniyatni bir tomondan, insonning biologik va ijtimoiy mavjudot ekanligidan kelib chiqib, undagi moddiy va ma’naviy ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan boyliklar ekanligi, ikkinchi tomondan, insonning bevosita ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq holda yaratiladigan moddiy va ma’naviy boyliklar ekanligi nuqtai nazaridan madaniyatni ikkiga, ya’ni moddiy va ma’naviy madaniyatlarga bo‘lib ko‘rsatish qabul qilingan. Madaniyatning bu tarzda bo‘linishi uning keng ma’noda qo‘llanilishini ko‘rsatadi. Tor ma’noda tushunishda esa uning faqatgina kishilarning ma’naviy hayotini qamrab olishi nazarda tutiladi.
Inson madaniy-tarixiy jarayonning asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Qaysiki davrda insonning ijodiy yaratuvchanlik imkoniyatilari va salohiyatining namoyon bo‘lishiga keng yo‘l ochib berilar ekan, o‘sha davr madaniy taraqqiyoti yuksak pog‘onalarga ko‘tarilgan bo‘ladi. Inson ongli mavjudot sifatida doimo ijtimoiy taraqqiyotga o‘z ta’sirini ko‘rsatib keladi. Chunki ijtimoiy - madaniy faoliyatning bunyodkori insonning o‘zidir. Shuning uchun ham insonning bunyodkorlik faoliyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi ko‘pgina omillar mavjudki, bu omillarining jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi madaniy-tarixiy jarayonning yuksalishi yoki tanazzulini belgilab beradi. Bizningcha bu omillar jumlasiga tabiiy, shart-sharoitlar, iqtisodiy taraqqiyot, psixologik muhit, siyosiy boshqaruv, mafkuraviy, huquqiy, axloqiy va diniy ong ustuvorligi, ilm-fan va badiiy ijodiy jarayonning ko‘tarinkiligi kabilarni kiritish mumkin. Ularning ayrimlari ijtimoiy taraqqiyotning muayyan bir davrida yetakchi omil vazifasini bajarsa, boshqa birlari tarixiy bosqichda ularning barchasi umumlashgan holda insonning ijtimoiy madaniy faoliyatining mazmuniga aylanadi yoki biror bir sivilizatsiya jarayoniga xizmat qiladi.
Madaniyat jamiyatni tashkil etuvchi kishilar aqliy faoliyatining mahsuli hamdir. Albatta, madaniyat jamiyat har bir a’zosining emas, balki ong-tafakkuri va salohiyati bilan boshqalardan ajralib turuvchi shaxslar mehnat faoliyatining mahsulidir. Madaniyat mehnat jarayonining ijtimoiylashuvi natijasida shakllana borgan va kishilarning o‘z davriga xos ehtiyojlarini qondirish vositasiga aylangan.
Tarixiy taraqqiyotning turli davrlaridagi madaniy hayotni tahlil qilish zaruratga aylandi. Chunki har bir davrning ijtimoiy hayoti doimo rivojlanib, o‘zgarib va takomillashib boradi. Muayyan bir davrda yaratilgan madaniyat hech qachon o‘zidan oldingi davr madaniyatlarini aynan takrorlamaydi. Har bir tarixiy taraqqiyot bosqichida madaniyat o‘zidan oldingi davr madaniyatidan yaratilishi va bajaradigan vazifasiga ko‘ra ancha takomillashgan holda mavjud bo‘ladi.
Madaniyatning ob’ekti va sub’ekti hisoblanuvchi kishilar o‘z ajdodlari tomonidan meros qoldirilgan madaniyatning kamchiliklarini o‘rganar ekan, bu kamchiliklarning qayta takrorolanmasligi yo‘lini izlaydilar. Ajdodlar yutuqlaridan g‘ururlanishadi, ruhlanishadi. Ajdodlar tajribalarini boyitadilar, rivojlantiradilar va kelajak avlodlarga yetkazib berish yo‘llarini axtaradilar.
Insoniyat tomonidan yaratilgan madaniy boyliklar ajdodlarimizning hayot tajribalari, bilimlari, malaka va ko‘nikmalarini o‘zida mujassamlashtirgan holda keyingi avlodlarga butun bo‘y-basti bilan yetkazib berishning eng muhim va eng mukammal vositasidir. Ularda turli tarixiy davrlarda yashagan kishilarning ruhiy kechinmalari, hayotbaxsh orzu-armonlari, ijtimoiy munosabatlari mujassamlashib keladi.
2.Moddiy madaniyat va uning tarkibiy tuzilishi. Madaniyat tushunchasi keng va tor ma’nolarga ega. Keng ma’nodagi madaniyat tushunchasi o‘ziga butun inson amaliy faoliyati natijasida bunyod etilgan barcha moddiy va ma’naviy boyliklarni qamrab oladi. Madaniyat - bu insoniyatning ijtimoiy-tarixiy tajribasi jarayonida, ya’ni tabiat va jamiyatni o‘zgartirishga qaratilgan mehnat faoliyati jarayonida vujudga keltirilgan barcha boyliklardan iboratdir.
Tor ma’nodagi madaniyat tushunchasi insoniyat ma’naviy hayoti sohasini qamrab oluvchi barcha sohalarga nisbatan ishlatiladi. Madaniyat, birinchidan, insonning biologik va ijtimoiy ehtiyojlarini qondiruvchi iste’mol vositalari shaklida, ikkinchidan, ishlab chiqarish faoliyati mahsuli sifatida olib qaraladi va ikkiga - moddiy hamda ma’naviy madaniyat kabi turlarga ajratiladi.
Moddiy madaniyat - bu, eng avvalo, mehnat qurollari, transport, aloqa vositalari, uy-joylar, kiyim-kechaklar, oziq-ovqatlar, har xil buyumlar - xullas, insoniyatning moddiy ehtiyojlarini qondiruvchi barcha narsalar hamda kishilarning ishlab chiqarish tajribalari, ko‘nikmalari va mahoratlaridir.
Ma’naviy madaniyat esa, kishilarning bilimlari, tajribalari, urf-odatlari, xulq-atvorlari, fan, adabiyot, san’at, falsafa, huquq, ilmiy dunyoqarash, diniy e’tiqodlari, ta’lim-tarbiya, matbuot - xullas, insoniyatning ma’naviy ehtiyojlarini qondiruvchi barcha ma’naviy boyliklar majmuidir.
Madaniyat o‘z taraqqiyoti jarayonida ayrim tarmoqlarga ham bo‘linib boradi. Masalan, ma’naviy madaniyat badiiy madaniyat, estetik madaniyat, axloqiy madaniyat, kiyinish madaniyati, muomala madaniyati va boshqalarga bo‘linib ketsa, moddiy madaniyat texnika madaniyati, dehqonchilik madaniyati, qurilish madaniyati, turmush madaniyati kabi tarmoqlarga bo‘linadi. O‘z navbatida bu tarmoqlar bir-biri bilan o‘zviy bog‘liq bo‘lgan turli-tuman tushuncha va hatti-harakatlarni ham qamrab oladi. Masalan, turmush madaniyati deganda, biz uy-joy qurilishidagi ko‘rkamlik, kiyim-kechak, poyafzal, oshxona, uy jihozlari, ozodalik, pazandalik, oila va jamiyatdagi maishiy xizmat va dam olishni tashkil etishni qamrab olishini tushunamiz.
Madaniyat - dunyoni o‘zlashtirish jarayonidir. Inson dunyoni o‘zlashtira borib, o‘zining ijodiy kuch-quvvati va qobiliyatini namoyon eta boradi, o‘zi yaratgan moddiy va ma’naviy boyliklarda o‘z mohiyatini moddiylashtiradi.1
Moddiy va ma’naviy madaniyatlarni bir-biridan ajralgan holda tasavvur qilish mumkin emas. Aslida moddiy madaniyat ham, ma’naviy ma’naniyat ham insoniy faoliyat natijasidir. Lekin har qanday insoniy faoliyat ham ma’naviy boylik bo‘la olmaydi. Shu sababdan ham madaniyat moddiy va ma’naviy madaniyatlarga bo‘linadi.
Moddiy va ma’naviy ishlab chiqarish yagona ijtimoiy ishlab chiqarish jarayonining ikki tomoni hisoblanib, bunda moddiy ishlab chiqarish belgilovchi rol o‘ynaydi. Chunki moddiy ne’matlar ishlab chiqarish muayyan jamiyatning barcha tomonlarini, shu jumladan ma’naviy ishlab chiqarish jarayonini ham belgilab beradi. Aslida ma’naviy ishlab chiqarish - bu ijtimoiy ong shakllarini tashkil etuvchi davlat, siyosat, mafkura, huquq, ahloq, fan, san’at, diniy e’tiqodlar va boshqalarni ishlab chiqarishdir.
Moddiy madaniyat boyliklarini yaratishda kishilar ishlab chiqarish vositalari, eng avvalo mehnat qurollaridan foydalanidilar. Har bir davr moddiy madaniyatining taraqqiyotini o‘sha davrda foydalanilgan ishlab chiqarish vositalariga qarab aniqlash mumkin. Masalan, faqat qo‘l mehnatidan foydalanilgan davr moddiy madaniyatiga nisbatan undan ko‘ra murakkabroq ya’ni ishlab chiqarish sohasining avtomatlashuv davri, so‘ngra, kompyuterlardan foydalanilayotgan hozirgi zamon moddiy madaniy boyliklari, avvalgi davrlar moddiy-texnika taraqqiyotiga nisbatan ancha ilgarilab ketganligini ko‘rsatadi.
Insoniyat ilmiy tafakkuri taraqqiyotining turli davrlariga e’tibor bersak, madaniyat tushunchasi XIX asrgacha faqat ma’naviy madaniyatga, ya’ni insonning aqliy va ahloqiy fazilatlariga nisbatan ishlatilib kelinganligini ko‘ramiz. Asosiy e’tibor moddiy boyliklarni yaratuvchi insonning yaratuvchilik faoliyatiga emas, balki ma’naviy-ruhiy olamiga, ya’ni diniy e’tiqodlari, ahloqiy hatti-harakatlari, ilm olishga intilishi, ijodkorlik salohiyatiga qaratilgan. Boshqacha qilib aytganda, ishlab chiqarish jarayoni, ya’ni insonning tabiatga ta’sir ko‘rsatib moddiy boyliklar ishlab chiqarish jarayonida insonning holati, intilishlari, ruhiy kechinmalari va boshqa jihatlari diqqat - e’tibordan chetda qolgan. Go‘yo ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishi tabiiydek ko‘ringan. Bu esa nafaqat insonning moddiy madaniy boyliklarni yaratishdagi o‘rnini, balki jamiyatning moddiy hayotini o‘rganishni ham e’tibordan chetda qoldirgan.
Asosan XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab kishilarning moddiy boyliklarini ishlab chiqarish jarayonidagi o‘rni, undan oladigan ulushi, asosiy ishlab chiqaruvchi kuch sifatidagi qadr-qimmati, huquqlari, burch va majburiyatlari, moddiy manfaatdorligi, farovon hayot kechirishi masalasi, moddiy boyliklar ishlab chiqarish jarayonida zarur bo‘lgan tajriba, malaka va ko‘nikmalariga alohida e’tibor berila boshlangan.
Moddiy boyliklar ishlab chiqarish jarayoni moddiy madaniyatning ko‘plab tarmoqlarining vujudga kelishiga olib keldi. Kishilarning tabiatga ongli ta’sir ko‘rsatishi dastlab dehqonchilik madaniyatini vujudga keltirdi. Sug‘orma dehqonchilikni rivojlantirish jarayonida kishilar yerga ishlov berish madaniyatini egalladilar. Hunarmandchilikning taraqqiy etishi esa, turli xil kasbiy madaniyatlarning shakllanishiga, ishlab chiqarishga texnikaning kirib kelishi texnika madaniyati kabi moddiy madaniyatning turli sohalarining vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Kishilar yashash sharoitlarining yaxshilana borishi, o‘zida ham moddiy, ham ma’naviy madaniyatni birlashtiruvchi turmush madaniyatining vujudga kelishiga olib keldi.
Hozirgi paytda zamonaviy texnika yutuqlari, jamiyat moddiy madaniyatining asosini belgilab beruvchi kuchga aylandi.
Moddiy madaniyatning tarkibiy tuzilishiga nazar tashlasak, u uch xil unsurdan: ishlab chiqarish vositalari, iste’mol vositalari va yaratuvchilik faoliyati kabi unsurlardan tashkil topganligini ko‘ramiz.
Ishlab chiqarish vositalari tarkibiga mehnat qurollari va ular bilan ta’sir ko‘rsatiladigan mehnat manbai, transport va aloqa vositalari, ishlab chiqarish jarayonida foydalaniladigan turli xil sun’iy inshootlar kiradi.
Uy-joylar, kiyim-kechaklar, oziq-ovqatlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, iste’mol vositalari hisoblanadi. Ishlab chiqarish va iste’mol vositalarining qay tarzda shakllanganligiga qarab muayyan xalq, elat yoki millatning umum madaniy taraqqiyotiga baho berish mumkin. Masalan, birgina iste’mol vositalarini o‘rganish xalqning ehtiyojlari ko‘lami qay darajadaligini ko‘rsatadi, chunki ehtiyojlarning keng ko‘lamliligi moddiy madaniy taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchidir.
Moddiy madaniyatning uchinchi unsuri moddiy boyliklarni yaratish, rivojlantirish, boyitish va ulardan foydalanish kabilarni o‘z ichiga oladi. Yaratuvchanlik faoliyati jarayonida kishilarning bilimlari, malakalari, ko‘nikma, ijodiy salohiyati va kasbiy tajribalari ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga ko‘chadi va moddiylashadi.
Xulosa qilib aytganda, jamiyatning moddiy madaniyati, moddiy boyliklar ishlab chiqarish jarayonining barcha sohalari va ularning natijalarini o‘z ichiga qamrab oladi. Moddiy madaniyat kishilarning moddiy ehtiyojlarini qondirish, yuqori darajadagi farovonlikni ta’minlaydigan shart-sharoitlarini yaratish jarayonidir.
3.Ma’naviy madaniyat va uning tarkibiy qismlari. Ma’naviy madaniyat muayyan xalqning, insoniyatning asrlar bo‘yi yaratilgan, turli davrlarda o‘zining taraqqiyoti yo‘lida foydalanilgan va o‘zidan keyingi avlodlariga yetkazib berilgan ma’naviy qadriyatlari tizimidir. Ma’naviy madaniyat – insonning tashqi olam, jamiyat va boshqa kishilar bilan bo‘ladigan munosabatlari hamda moddiy boyliklar ishlab chiqarish jarayonida boyib borgan ong va tafakkuri, ruhiy kechinmalari va ijodiy salohiyatining insonda mujassamlashib kelishidir.
Albatta, ma’naviy madaniyat faqatgina ijtimoiy ong shakllari bilan chegaralanib qolmaydi, balki ijtimoiy taraqqiyotga yetakchilik qiluvchi turli xil bunyodkor g‘oyalar majmui hisoblanuvchi mafkurada ham o‘z ifodasini topadi.
Ma’naviy boyliklarni ishlab chiqarish o‘ziga ana shu jarayonda zarur bo‘lgan his-tuyg‘ularni, ruhiy kechinmalar, mantiqiy va badiiy tafakkur, orzu-armonlar, nazariyalar, tasavvurlar va tushunchalarni birlashtiradi.
Ma’naviy madaniyat to‘g‘risida fikr yuritishdan avval, uning jamiyatning ma’naviy hayoti tushunchasidan farqini aniqlab olish zarur. Jamiyatning ma’naviy hayoti tushunchasi kishilar, jamoa, elat, millat, sinflar, tabaqalar hayotining ma’naviy jihatlari va jarayonlarini xarakterlovchi umumiy tushuncha hisoblanadi. Bizningcha, ma’naviy madaniyat muayyan jamiyatning mafkura sohasi, ijtimoiy psixologiya, ahloq, san’at, diniy e’tiqodlar kabi tomonlarini tashkil etadi. Ma’naviy madaniyat tushunchasi tarixiy jihatdan yo‘lga qo‘yilgan ma’naviy boyliklarni ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’mol (foydalanish) jarayonlarini ham qamrab oladi. Ma’naviy madaniyat ijtimoiy ong shakllarining u yoki bu yig‘indisi emas, balki muayyan g‘oyalar, qarashlar, tasavvurlar, tushunchalar va boshqalarni vujudga keltiruvchi ijodiy faoliyatdir. Hozirgi zamon madaniyatshunoslari ko‘rsatib o‘tishganidek, ma’naviy madaniyat bu ma’naviy boyliklarni ishlab chiqarish, unga mos bo‘lgan munosabatlarni birlashtiruvchi kishilar hayotiy faoliyatining ijodiy mazmunidir.
Muzeylarda to‘plangan eksponatlarni tomosha qilar ekanmiz, ularda o‘tmish ajdodlarimizning didlari, dunyo qarashlari, intilishlari va orzu-umidlari, tabiatga bo‘lgan munosabatlari, ijodiy imkoniyatlari, qobiliyatlari, ya’ni ma’naviy dunyosining qay darajada shakllanganligini ular tomonidan yaratilgan modiy boyliklarga qarab anglab yetamiz. Yoki kiyimlarimiz, turli xil binolar, oziq-ovqatlar, transport vositalari, turli-tuman uy-ro‘zg‘or buyumlari va boshqalar aslida moddiy madaniy boyliklar hisoblansa-da, ularda kishilarning dunyo qarashi, didi, orzu-umid va his-tuyg‘ulari, intilishlari-yu, ruhiy holatlari, bilimlari-yu, tajribalari o‘z ifodasini topgan.
Biz yashab turgan dunyoda moddiy va ma’naviy madaniyatning element (unsur)lari bir butunlik va o‘zaro ta’sir doirasida mavjud bo‘ladi. Masalan, moddiy va ma’naviy madaniy boyliklarni yaratishda foydalaniladigan mehnat qurollari; ish qurollari, texnika, texnologiya, uy-ro‘zg‘or buyumlari va boshqalar - moddiy madaniyatdagi; so‘z, hatti-harakat, buyoq, loyiha, qog‘oz, yozuv qurollari va boshqalar ma’naviy madaniyatdagi asosiy mehnat qurollari hisoblanadi.
Mehnat jarayoni - moddiy boyliklar: kiyim-kechak, turar joy, oziq-ovqat, transport va aloqa vositalari, yordamchi inshootlar yaratishda; ma’naviy boyliklar - me’moriy yodgorliklar, musiqa, kino, haykaltaroshlik, teatr spektakllari, adabiy va ilmiy asarlar, matbuot va telividenie faoliyati va boshqalarni yaratish, ya’ni mehnat jarayonisiz vujudga kelmaydi. Mehnat mahsulotlarining yaratilishi qachonki ma’naviy-madaniy boyliklar o‘zlarining yaratuvchilari tomonidan idrok etilgan taqdirdagina moddiy-madaniy boyliklarga aylanadi, moddiylashadi.
Moddiy va ma’naviy madaniyatlar nafaqat o‘zaro bir-biri bilan bog‘liq holda mavjud bo‘ladi, balki ularni bir-biridan ajratib turuvchi farqli jihatlar ham ko‘zga tashlanib turadi. Bu farq, birinchidan, ma’naviy madaniyatning ikki shaklda - predmetlar va faoliyatning mahsuli sifatida mavjud bo‘lishida ko‘zga tashlanadi. Kitoblar, tasviriy va haykaltaroshlik san’ati asarlari, me’moriy yodgorliklar, kinofilmlar, televidenie va boshqalar ma’naviy madaniyatning moddiy, ya’ni predmet shaklidagi ko‘rinishlaridir. Sozanda, xonanda, raqqos, aktyor, suxandon, pedagog va targ‘ibotchilarning ijro va mahoratlari ma’naviy faoliyatning mahsullari hisoblanadi.
Moddiy madaniy boyliklar vaqt o‘tishi bilan eskiradi, vayron bo‘ladi, buziladi, nom-nishonsiz yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Ma’naviy madaniy boyliklar esa asrlar o‘tsada keyingi avlodlar ongi va tasavvurida, milliy qadriyatlarida saqlanib qoladi. Yoki ulardagi asosiy mazmun, asosiy g‘oyalar, tamoyillar, me’yorlar avlodlardan avlodlarga o‘tib keladi, abadiiy yashab qoladi. Ular har bir tarixiy-madaniy jarayonda ijtimoiy taraqqiyotga yordam beradi.
Ikkinchidan, insonning moddiy ehtiyojlari oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy va boshqalarga bo‘lgan ehtiyojlari ma’lum darajada cheklangan bo‘ladi. Ma’naviy ehtiyojlar, ya’ni bilim olish, san’at asarlarini tomosha qilish yoki tinglash, fan sohasini o‘rganish, kishilar bilan muloqatda bo‘lish, urf-odatlar, marosimlarni tashkil etish yoki unda ishtirok etishi hamda aqliy faoliyatning boshqa turlariga bo‘lgan ehtiyoj doimo va to‘xtovsiz ravishda oshib boradi.
Uchinchidan, moddiy va ma’naviy madaniyat o‘rtasidagi farqlardan yana biri-moddiy qadriyatlar (moddiy madaniyat) ko‘proq iste’molga mo‘ljallangan bo‘lsa, ma’naviy qadriyatlar (ma’naviy madaniyat) inson shaxsini shakllantirishga, uni kamol toptirishga xizmat qiladi.
To‘rtinchidan, moddiy madaniyatning turli elementlari aniq ehtiyojlarni qondirishga mo‘ljallangan. Masalan, mehnat qurollari faqat ishlab chiqarish jarayonini tashkil etishga, oziq-ovqat faqat tirik organizmning moddalar almashinuvi ehtiyojini, kiyim-kechak faqat tabiatning ta’siridan saqlanishga, shuningdek, transport va aloqa vositalarining uy-ro‘zg‘or buyumlarining ham aniq bir vazifalari mavjud. Ma’naviy madaniyatning har bir elementi ko‘p qirrali xususiyatga ega bo‘ladi, ya’ni o‘zida boshqa elementlar (tarkibiy qismlar)ning vazifalarini birlashtiradi. Masalan, san’atni olib qarasak, u nafaqat badiiy-estetik, balki siyosiy, axloqiy, mafkuraviy, diniy-mazmunga ham ega bo‘ladi. Yoki huquqni olib qarasak, u o‘zida ahloqiy, siyosiy, mafkuraviy va hatto diniy mazmun-mohiyatni birlashtiradi. Ma’naviy qadriyatlarda ham siyosiy, mafkuraviy, huquqiy, ahloqiy falsafiy, estetik, diniy mazmun birlashib keladi.
Avlod-ajdodlar tomonidan yaratilgan turli-tuman buyumlar (boyliklar) - madaniyatning faqat tashqi mavjudlik shakllari hisoblanadi. Ana shu buyumlarning har biri o‘z mazmunida kishilarning ijtimoiy mavjudot sifatidagi rivojlanish bosqichlarini ya’ni kishilardagi kuch-quvvatlar, ehtiyojlar, qobiliyatlar, ichki kechinmalarning va kishilar o‘rtasidagi munosabatlarning asl mohiyatini aks ettiradi.
Kishilar turli-tuman, rang-barang narsalar dunyosini yaratar ekanlar, shu bilan birga o‘z insoniy qiyofalarini ham shakllantiradilar. Demak, madaniyat, ikki shaklda: birinchidan insonning mehnat faoliyati natijasida vujudga keluvchi predmetlar shaklida; ikkinchidan, muayyan ijtimoiy taraqqiyot darajasidagi insoniy qobiliyatlar, ehtiyojlar va bilimlarni o‘zida mujassamlashtiruvchi shakllangan shaxs sifatida mavjud bo‘ladi.
Inson tashqi dunyoga ta’sir ko‘rsatar ekan, eng avvalo, tabiatda tayyor holda mavjud bo‘lmagan turli xil predmetlarni yaratadi. O‘zining eng dastlabki ehtiyojlarini qondiruvchi mahsulotlarni, turar-joy, kiyim-kechak va uy ro‘zg‘or buyumlarini, mehnat faoliyati uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha kuch manbalarini, shaharlarni, sanoat korxonalarini, turli transport vositalarini, suv omborlarini, yo‘llar va ko‘priklarni va boshqalarni yaratadi. Shuningdek, inson predmet shaklidagi madaniy boyliklarni yaratar ekan, bevosita o‘zini qurshab turgan tashqi tabiat va uning hodisalari bilan to‘qnash keladi. Inson ibtidoiy davrlardayoq tabiatga ta’sir ko‘rsatib o‘ziga yordam beruvchi turli xil energiya manbalaridan foydalanish yo‘llarini izlay boshlagan. Uning tabiat kuchlari bilan to‘qnash kelishi insoniyat jamiyatining taraqqiyotiga yordam beruvchi qo‘shimcha kuchlardan foydalanish imkonini berdi. Energiya olish manbai ko‘paya bordi, ya’ni dastlab energiya manbai sifatida yog‘ochdan foydalangan bo‘lsa, keyin ko‘mirdan, neft mahsulotlaridan, tabiiy gaz, shamol va suv energiyasidan, ximiyaviy reaksiyalar, quyosh va atom energiyasidan foydalanish yo‘llarini o‘rganib oldi. Natijada inson tabiatga bevosita ta’sir ko‘rsatish bilan o‘zining qiyofasini ham o‘zgartira bordi. Yovvoyilik davridan sivilizatsiyalashgan davrga o‘tdi. O‘zining shaxs sifatidagi qiyofasini tubdan o‘zgartirdi. Tabiat qonunlari va qonuniyatlarini o‘rganish natijasida ayrim tabiat kuchlarini o‘z manfaatlariga xizmat qildirishga erishdi. Xulosa qilib aytganda, moddiy madaniyat ikki shaklda - predmet shaklida va shakllangan shaxs shaklida mavjud bo‘lib qoladi va ma’naviy madaniyatning rivojlanishi hamda taraqqiyotiga bevosita ta’sir qiladi.
O‘z navbatida ma’naviy madaniyat ham o‘ziga xos mavjudlik shakllariga ega bo‘lib, bu shakllar ham ikkiga bo‘linadi. Birinchidan, kishining ma’naviy sifatlari shaklida, ikkinchidan, kishi ma’naviy faoliyatining mahsuli shaklida mavjud bo‘ladi.
Inson madaniy boyliklarni yaratar ekan, eng avvalo, o‘zining boshqa tirik mavjudotlardan farqini anglab yetadi. O‘zi yaratayotgan boyliklarni ishlab chiqarib jarayonida ham tabiat bilan, ham o‘zi yashayotgan jamiyat va uning turli xil qonuniyatlari bilan, ham boshqa kishilar bilan turli munosabatlarda bo‘ladi, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, badiiy va boshqa munosabatlarni shakllantira boradi. Boshqalarning hatti-harakatlarini ko‘rib, o‘zida shakllanib ulgurmagan hatti-harakatlar axloqiy tushunchalar va tasavvurlar, tajriba va ko‘nikmalar hamda malakalarni shakllantira boradi. Boshqa tomondan umuminsoniyat tomonidan yaratilgan ma’naviy boyliklardan foydalanish natijasida, badiiy adabiyot namunalari bilan, kinofilmlarni, turli spektakllarni tomosha qilish, musiqa asarlarini tinglash, o‘zi mansub bo‘lgan xalqning urf-odatlarini o‘rganish natijasida shaxsiy ma’naviy sifatlarini takomillashtiradi.
Inson madaniy taraqqiyot jarayonida bevosita va bilvosita ishtirok etar ekan, turli ijodiy jarayonlar bilan yuzma-yuz keladi. O‘zining ijodiy qobiliyatlarini sinab ko‘rish, ijodiy jarayonda bevosita ishtirok etish imkoniyatlari vujudga keladi. Natijada turli xil ilmiy ishlar, nazariyalarni, san’at asarlarini, axloq va xuquq normalarini yaratish yoki saqlashda bevosita yoki bilvosita ishtirok etadi. Kishilarning ma’naviy faoliyati mahsuli ayrim kishilar yoki kishilar guruhlari tomonidan bevosita yaratiladi. Lekin bu jarayonning vujudga kelishida boshqa kishilarning ham ishtiroki va ta’siri bo‘ladi. chunki ilmiy asarlar, san’at asarlari turli xil g‘oyalar, qarashlar, nazariyalarining yaratilishiga boshqa toifadagi (xalq xo‘jaligining turli sohalarida xizmat qilayotgan) barcha kishilar u yoki bu darajada o‘z hissalarini qo‘shadilar.
Demak, ma’naviy boyliklarning (madaniyatning) mavjudlik shakllari ham moddiy madaniyatdagi singari umumbashariy madaniy taraqqiyotning vujudga kelishiga xizmat qiladi.

Yüklə 1,76 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   62




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin