7-mavzu.Sharq mutafakkirlarining madaniyatning mazmuni haqidagi fikrlari. Reja: 1.Sharq mutafakkirlarining inson ma’naviy-madaniy
qiyofasi to‘g‘risidagi qarashlari.
2.Abu Nasr Forobiyning madaniy va madaniy bo‘lmagan
shaharlar ahli to‘g‘risidagi qarashlari.
3.Abu Rayhon Beruniyning insonning ma’naviy-madaniy
yetukligi to‘g‘risidagi fikrlari.
4.Arab ensiklopedisti ibn Xaldunning moddiy va ma’naviy
yuksalish haqidagi qarashlari.
5.Jadidchilik harakati vakillarin ing madaniyat haqidashi
qarashlari.
Islom dinining O‘rta Osiyoga kirib kelishi nafaqat iqtisodiy hayotda, balki jamiyat ma’naviy hayotida ham tub o‘zgarishlarning sodir bo‘lishiga olib keldi.
Bu davr mutafakkirlari islom dinining asosiy arkonlaridan biri axloqiy kamolot va diniy imon masalasiga alohida e’tibor berdilar chunki bu davrda islom dinining muqaddas manbai sanalgan Qur’on va islom dunyosi ma’naviy hayotining asosiy dasturiga aylangan Hadislar kishilarning ong tafakkuri va turmushini belgilab beruvchi tamoyilga aylanayotgan davr edi.
Jamiyatning ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, falsafiy va milliy-ma’naviy qadriyatlar tizimi ham shu davrda mahalliy xalqlar tafakkurida mustahkamlanib borayotgan islomning axloqiy asoslariga qurilayotgan edi. Qolaversa, islomning o‘zi ham ma’naviy madaniyatning tarkibiy qismi sifatida aynan shu davrda jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etardi. Shu boisdan bu davrda yashab ijod etgan mutafakkirlarning madaniyat to‘g‘risidagi qarashlari bevosita inson va jamiyatning ma’naviy dunyosi va hayotini qamrab olishi tabiiy bir hol edi.
Bu davr mutafakkirlarining ijtimoiy iqtisodiy hayot, uning taraqqiyot qonunlari, ishlab chiqarish kuchlari va munosabatlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va ziddiyatli jarayonlar to‘g‘risidagi, ya’ni moddiy madaniy hayot to‘g‘risida fikr yuritishi va o‘z qarashlarini ilgari surishi amri mahol edi. Chunki ularning diqqat e’tiborida islomiy-diniy e’tiqod, uning tamoyillari va me’yorlari, islom dini tomonidan ilgari surilayotgan yakka shaxsning ma’naviy komillik darajasiga erishuvi, unda ma’rifatning o‘rni, boshqacha qilib aytganda inson va jamiyatning ma’naviy dunyosi muammolari turar edi.
Demak madaniyat atamasi ham dastlabki paytlarda insoniyat yoki jamiyatning aqliy faoliyati, ma’naviy dunyosi yoki moddiy madaniy boyliklar majmuasi sifatida ta’riflanishi, yo bo‘lmasa umum ijtimoiy taraqqiyotni ifodalovchi atama sifatida tahlil qilinishi mumkin emas edi.
Chunki har bir atamaning muayyan bir ijtimoiy xodisalar yoki jarayonlarni ta’riflovchi atama darajasiga ko‘tarilishi uchun turli davr mutafakkirlarining ijtimoiy-madaniy jarayonning mohiyatini chuqur anglab yetish va falsafiy mulohaza qilinishi zarur edi.
Madaniyat atamasi XIX asr oxiri va XX asr boshlariga kelibgina ma’rifatparvar-jadidchilik harakati vakillari tomonidan umumijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ruhiy hodisalarni ifodalovchi tushuncha sifatida qo‘llanila boshlagan. Ungacha XIV asrda yashagan Ibn Xaldunni hisobga olmaganda «madaniyat» so‘zini biror-bir ijtimoiy-ma’naviy hodisalarga nisbatan qo‘lash ko‘zga tashlanmaydi. O‘tmish mutafakkirlarimiz o‘zlarining asosiy e’tiborlarini, ko‘proq insoniyatning abadiy idealga aylangan komil insonning jamiyat hayotida tutgan o‘rni va roli, insonning ichki botiniy olami va tashqi zohiriy hatti-harakatlari, to‘g‘risidagi o‘z qarashlarini bayon qilganlar.
Sharqning buyuk mutafakkirlari aynan madaniyat tushunchasining mohiyatini aniqlashga harakat qilmagan bo‘lsalar-da, madaniyatlilikni insonning komilligi, ya’ni insonning ilm-ma’rifatga, yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lishligini nazarda tutganlar. Shu boisdan ham ularning asarlarida ko‘proq inson kamoloti uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar -axloqiy fazilatlar, ong-tafakkur, imon-e’tiqod va boshqalarga alohida-alohida bo‘lsa-da, urg‘u beriladi. Demak, biz Sharq mutafakkirlarining madaniyat to‘g‘risidagi fikrlarini tahlil qilishda ularning ma’naviy madaniyatning tarkibiy qismlari hisoblangan insonning ma’naviy-ruhiy olami, imon-e’tiqodi, aql-zakovati, odob-axloqi, ilm-tafakkurga intili-shi, bunyodkorlik salohiyatini qamrab oluvi fikrlari va qarashlariga baholi qudrat to‘xtalib o‘tamiz.
Agar islom olami falsafiy tafakkuri taraqqiyotiga nazar tashlasak qariyb ming yil davomida yashab ijod etgan buyuk mutafakkirlar Farobiy asarlari va ular orqali qadimgi yunon, hind, xitoy va boshqa antik davrning ilg‘or xalqlari falsafasiga murojaat qilganligini ko‘ramiz.
Forobiy “Grajdan (fuqarolik) siyosati”, “Fozil shahar kishilarining raylari”, “Baxt-saodatga erishuv haqida” nomli risolalarida insonlar uchun adolat, o‘zaro hamjihatlik, farovonlik, erkin mehnat qiluvchi yetuk-fozil jamoa haqidagi ta’limotni ilgari surdi va madaniyat tarixida asrlar davomida insoniyat ardoqlab kelgan muhim masalani asoslab berdi.
Forobiy madaniyatlilikni arabcha “madinat” – shahar ma’nosiga monand ravishda, shaharda yashovchi kishilarning fazilatlarini madaniyatlilik shaklida ta’riflab beradi.
“Biz yomon odatlar, nuqsonlar va jirkanch harakatlarning nimaligi va ularning qandayligi, qaerdan va qaysi sabab-illatlarga ko‘ra chiqib kelganligining asosiy omillarini bir-biridan jaratib bilgunga qadar va ilm-bilim nuqtai nazaridan ular haqida chuqur ma’lumot hosil qilgunga qadar, avvalo, shu odatlar, nuqsonlar va yaramas harakatlar bilan tanishib o‘tamiz. Mana bu tanishishga madaniy bilimlar deb nom beramiz, Bu bilim yoki ilm shunday narsalarni o‘rgatuvchi ilmki, uning yordamida shahar xalqlari va shaharlik bo‘lmagan xalqlarni o‘z ichiga olgan, ya’ni inson olamiga xos bo‘lgan barcha xislatlarni o‘zida mujassamlashtirgan odamzod jismida har turli a’zolar kabi, (umumiy xususiyatlar) kishiga ma’lum bo‘ladi.”(Forobiy. Risolalar. Toshkent. Fan. 1975 yil, 71-72-betlar). Forobiy (873-950) o‘z davri mutafakkirlari orasida birinchi bo‘lib kishilik jamiyatining vujudga kelishi, ya’ni davlatchilikning paydo bo‘lishi davrigacha bo‘lgan kishilar jamoalari (ibtidoiy jamoa tuzumi)ning paydo bo‘lish sabablari, jamoa a’zolarining ham iqtisodiy, ham ma’naviy-ruhiy munosabatlari, ishlab chiqarish jarayonida vujudga keluvchi hamkorlik, o‘zaro yordam masalalariga alohida e’tibor beradi. Uningcha, inson jamoasining kelib chiqishi asosida tabiiy ehtiyoj yotadi.
Shuningdek, Forobiy o‘z asarlarida davlatchilikning vujudga kelishi, uni boshqarish muammolari, fozil, ya’ni madaniy taraqqiyotga erishgan shahar jamoasining turmush tarzi, baxt-saodatga erishish yo‘l-yo‘riqlari, insonning jamiyat hayotidagi o‘rni va vazifalari, aqliy va axloqiy kamolotga erishuvi to‘g‘risida so‘z yuritadi.
Albatta Forobiy davlatni boshqarishda davlat siyosatining asosini tashkil etuvchi mafkura masalasiga alohida e’tibor beradi. Uningcha davlatni boshqarishda bunyodkorlik g‘oyalari (mafkurasi)ga asoslangan va davlatni vayron qiluvchi buzg‘unchi g‘oyalar (mafkuralar)ga asoslangan holda siyosat yuritiladi.
Abu Nasr Forobiyning fikricha, madaniyatlilik - bu fozillikdir, aqliy kamolotga erishmoqlikdir. Shuningdek, Forobiy madaniyatlilik deganda, har bir kishisi kasb-hunarli, teng huquqli, ular o‘rtasida farq bo‘lmaydigan, har kim o‘zi istagan yoki tanlagan kasb-hunari bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lgan shahar (jamiyat)ni tushungan. U madaniyatlilik deganda ideal jamiyat tushunchasini ilgari suradi. «Madaniy jamiyat va madaniy shahar (yoki mamlakat) shunday bo‘ladiki, shu mamlakatning aholisidan bo‘lgan har bir odam kasb-hunardan ozod, hamma bab-baravar bo‘ladi, kishilar o‘rtasida farq bo‘lmaydi, har kim o‘zi istagan yoki tanlagan kasb-hunar bilan shug‘ullanadi. Odamlar chin ma’nosi bilan ozod bo‘ladilar. Biri ikkinchisiga xo‘jayin bo‘lmaydi. Odamlarning tinchlik va erkinliklariga xalaqit beruvchi sulton (ya’ni podshoh) bo‘lmaydi. Ular orasida turli odatlar, zavq-lazzatlar paydo bo‘ladi».1 Forobiy o‘zining «Fozil shahar odamlari» asarida ham moddiy, ham ma’naviy madaniy boyliklarni yaratish va ularga bo‘lgan ehtiyojlarning bir xil tarzda qondirilishini madaniy taraqqiyotga erishgan shahar deb hisoblaydi. Forobiy madaniyatli shahar deganda fozillar (ilm-ma’rifatli, biror kasb bilan shug‘ullanuvchi kishilar shahri) yashaydigan shaharni nazarda tutsa, madaniyatsiz kishilar yashaydigan shaharni johillar shahri, deb nomlaydi. Uningcha johillar shahrining aholisi baxt-saodatga intilmaydi.
Forobiyning ta’kidlashiga ko‘ra, madaniy tanazzulga yo‘liqqan shahar aholisi «...baxtu-davlat bo‘lib ko‘rinadigan o‘tkinchi, yuzaki narsalarni, mol-dunyoni, jismoniy lazzatlarni, xirsu-shahvatni, obro‘, amal, shon-shuhratni hakqiqiy baxt, farovonlik deb o‘ylaydilar», deb yozadi.
Forobiyning fikriga ko‘ra, qaysiki jamiyatda (albatta fozil kishilar mamlakati nazarda tutilmoqda) moddiy boyliklar ishlab chiqarish) va ruhiy (ma’naviy madaniy boyliklar) ne’matlarning barchasi birgalikda uyg‘unlashgan choqdagina haqiqiy baxt-saodatga erishish mumkin.
Abu Nasr Forobiy o‘z asarida johillar, ya’ni madaniy tanazzulga uchragan shaharlarni sakkizta turga bo‘lib ko‘rsatadi:
1. Ayirboshlovchilar shahri. 2. Razolat va badbaxtlik shahri.
3. Obro‘parastlar shahri. 4. Amalparastlar shahri. 5. Shahvatparastlar shahri. 6. Benomuslar shahri. 7. Beqaror shahar. 8.Adashgan shahar.
Forobiy bu shaharlar orasidan «Razolat (tubanlik) va badbaxtlik shahri»ni o‘zlarining baxt-saodatini faqat yeyish, ichish, jinsiy shahvat, huzur - halovat, kayf-safoda deb biluvchilar, ya’ni moddiy boyliklarga ruju qo‘yib ma’naviy yetuklik (odamgarchilik, insonparvarlik, mehr-oqibat kabi insoniy fazilatlar)ni esdan chiqarganlar shahri deb hisoblasa, «Obro‘parastlar shahri» aholisini bir-birlarini yo‘q fazilatlari bilan maqtovchi va ko‘kka ko‘taruvchi kishilar shahri deb ko‘rsatadi. Forobiyning nazdida bu shahar aholisi boshqa xalqlarning o‘zlarini doimo ulug‘lashini hohlaydilar va talab qiladilar. Ular tashqi qiyofaga alohida e’tibor berib, boshqalar ko‘ziga ulug‘vor va shon-shavkatli bo‘lib ko‘rinishga e’tibor beradilar.
Forobiy «Beqaror shahar» aholisini ilgari o‘qimishli, amaliy ishlarda ilg‘or bo‘lgan kishilar, deb ta’riflaydi. Bu shahar aholisining beqaror (tuturiqsiz) bo‘lib qolishiga shaharga (yurtga) begona va buzg‘unchi g‘oyalar (mafkura)ning kirib kelishi va uning ta’siri natijasi deb hisoblaydi.
Demak, Forobiy fikriga ko‘ra, madaniy, ya’ni fozil kishilar yashaydigan mamlakat aholisi sobitqadam (har qanday mafkuraviy taz’yiqlarga berilmaydigan), mehnatkash (biror-bir kasb-hunarni egallagan), mehr-oqibatli, boshqacha qilib aytganda, barkamollik darajasiga erishgan kishilar mamlakati bo‘lishi kerak.
Shuningdek, Forobiy o‘z asarlarida madaniy bilim to‘g‘risida ham fikr yuritadi. Uningcha, madaniy bilim, «shunday narsalarni o‘rgatuvchi ilmki, uning yordamida shahar xalqlari va shaharlik bo‘lmagan xalqlarni o‘z ichiga olgan... insonlarga xos bo‘lgan barcha xislatlar» birlashtiriladi.
Shu o‘rinda Forobiyning ma’naviy yetuk, barkamol inson deganda qanday insonni nazarda tutganligiga e’tibor bermoq zarur. Forobiy barkamol inson deganda albatta bilimli, ong-tafakkurda boshqalarga o‘rnak bo‘la oladigan, moddiy boyliklarni ikkinchi darajali deb hisoblaydigan kishilarni nazarda tutadi. Uningcha «bunday zotning ko‘ngli - ruhi shu qadar yuksalib, go‘zallashib, barkamollashib boradiki, endi uning ruhi moddiy tayanchlarga yoki vositalarga bog‘liq bo‘lmay, tobora ulardan ozod bo‘lib boradi va oxiri moddiy holatining vayronligi yoki yo‘qolishi barkamol ruh uchun ahamiyatsiz bo‘lib qoladi».1 Demak Forobiyning fikriga ko‘ra ijtimoiy-ma’naviy komillikka va to‘la ma’nodagi baxtli hayotga aqliy va axloqiy fazilatlarni shakllantiruvchi bilim olish orqaligina erishish mumkin.
Sharqda “madaniyat” atamasining lug‘aviy ma’nosi va mohiyati bizning kuzatishlarimizga qaraganda islom dunyosida XIV asrgacha maxsus o‘rganilmagan. Lekin xozirgi kunimizda ishlatiladigan “madaniyat” so‘ziga mazmun jihatdan juda yaqin bo‘lgan, madaniyatli inson tushunchasini ifodalovchi “ma’nili odam”, “odobli odam”, “axloq”, “hulq” kabi atamalar orqali ifodalanuvchi “barkamol inson” tushunchasining mohiyatini aniqlashga harakat mavjud edi.
Ibn Sino (980-1037) bevosita madaniyat tushunchasi va uning mohiyatini aniqlashga to‘xtalib o‘tmagan. Lekin mutafakkir o‘z asarlarida ma’naviy madaniyat tushunchasining asl mohiyatini ifodalovchi «ma’nili odam», «odobli odam», «axloq», «xulq» kabi atamalarning mazmun mohiyati ifodalab bergan.
Ibn Sino o‘zining «al Qonun fit-tibb», (Tibb qonunlari), «Kitob ash-Shifo» (Shifo kitobi), «Kitob an-najot» («Najot kitobi»), «Donishnoma» va boshqa asarlarida nafaqat o‘zining falsafiy qarashlarini, balki ilmiy-tabiiy, mantiq, musiqa, iqtisodiyot, siyosat, axloqqa oid qarashlarini ifodalab beradi. U o‘zining falsafiy qarashlarini nazariy va amaliy falsafaga bo‘ladi. Nazariy falsafada ilmiy-tabiiy fanlarga oid qarashlarini ilgari sursa, amaliy falsafada ma’naviy madaniyatning tarkibiy qismlaridan siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, badiiy va axloqiy madaniyatlar to‘g‘risidagi qarashlarni yoritib beradi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Ibn Sino o‘sha davrda madaniyat so‘zining mazmunini qamrab olishga xizmat qiluvchi qarashlarni axloq, siyosat, ta’lim-tarbiyaga (ma’naviy axloqiy yetuklikni qamrab oluvchi) oid tushunchalarda ifodalab beradi.
Ibn Sino iqtisod, siyosat va axloqni jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining asosiy tayanch nuqtalari sifatida olib qaraydi. Chunki iqtisod ham, siyosat ham, axloq ham kishilar jamiyatining shakllanish, mavjud bo‘lib qolish, taraqqiy etish yoki tanazzulga uchrashining asosiy omillarini tashkil etadi. Agar kishilar o‘rtasidagi iqtisodiy va axloqiy munosabatlarda hamkorlik, o‘zaro yordam hissi mavjud bo‘lmas ekan, yakka shaxslar, guruhlar, tabaqalar va butun jamoani boshqarib bo‘lmay qoladi. Zero kishilarning jamoa bo‘lib yashashlari uchun o‘zaro muloqot va munosabatlarda umumintilish va ehtiyojlar mushtarakligida o‘zaro jamoaviy hamkorlik zarur bo‘ladi.
Ibn Sinoning fikriga ko‘ra to‘laqonli jamiyatda yashash uchun jamiyat a’zolarining har biri o‘z oldidagi ma’suliyatlarini his qilishi va jon dili bilan bajarishi, umumjamoa manfaati uchun kurashishi zarur. Shu boisdan ham Ibn Sino «Ishorat va Tanbixot» asarida kishilarni jamiyat hayotida tutgan o‘rni va vazifalariga qarab quyidagi uch guruhga bo‘ladi:
Jamiyatni boshqarish bilan shug‘ullanuvchilar. (Jamiyatning ma’naviy-madaniy tashkil etuvchi va boshqaruvchilar).
Xom ashyo, zarur mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar. (Jamiyatning moddiy madaniy boyliklarni yaratuvchilar).
Davlatni qo‘riqlash bilan shug‘ullanuvchilar.
Ibn Sino yuqori madaniy taraqqiyotga erishgan jamiyatda kishilarning yuksak saviya va dunyoqarashlariga ega bo‘lishi, o‘zaro hamkor va bir-birlarini asrab-avaylay olishlari zarurligini ko‘rsatib o‘tadi.
Ibn Sino o‘z asarlarida jamiyatning madaniy yetukligini saqlab qolish jamiyat a’zolarining ilm egallaganligi va ta’lim-tarbiya ko‘rganligiga bog‘liq deb ta’kidlaydi. Shundan so‘ng kishilarga berilishi zarur bo‘lgan ta’lim-tarbiya jarayonini quyidagi besh turga bo‘lib ko‘rsatadi: 1.Aqliy tarbiya – yoshlarning aql tafakkurini shakllantirish. 2.Jismoniy tarbiya. 3.Axloqiy tarbiya. 4.Estetik tarbiya. 5.Yoshlarni ma’lum bir hunarga o‘rgatish tarbiyasi. (Mehnatsevar qilib tarbiyalash).
Ibn Sino ma’naviy madaniyatning tarkibiy qismlaridan biri - badiiy estetik madaniyat masalalariga ham to‘xtalib o‘tadi.
Insonning go‘zalligi uning tabiiy xulq-atvori va hatti-harakatlarida namoyon bo‘ladi. Go‘zallik insonning oliyjanobligi, ezgulikka yo‘g‘rilgan faoliyati va mukammal ichki axloqiy fazilatlari uyg‘unlashuvidir. Uning badiiy-estetik qarashlari ruboiylari, badiiy qissalari, g‘azallari, shuningdek musiqa, she’riyat va nafosat to‘g‘risidagi falsafiy qarashlarida jamlangan.
Abu Rayxon (973-1048) Beruniy o‘z asarlarida, ayniqsa, «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida qadimgi yunonlar, rumliklar, so‘g‘diylar, xorazmliklar, xarroniylar (yulduzga topinuvchilar), qibtiylar, xristianlar, yahudiylar, islomgacha bo‘lgan arablar va musulmonlarning ma’naviy qadriyatlari hisoblangan sayllari, unutilmas kunlari va yil hisoblarini tasvirlab beradi.
Beruniy ham Movarounnahrning barcha buyuk siymolari va allomalari singari «madaniyat» tushunchasi va nazariyasi bo‘yicha yaxlit, bir butun ta’limot yaratmagan bo‘lsa-da, lekin jamiyat va inson ma’naviy-madaniy hayotining u yoki bu tarkibiy qismlari to‘g‘risidagi o‘z fikrlarini yozib qoldirgan.
Abu Rayxon Beruniy o‘z asarlarida insonning moddiy (moddiy madaniy boyliklar) va ruhiy-ma’naviy (ma’naviy madaniy boyliklar) ehtiyojlari to‘g‘risidagi fikr yuritadi. Beruniy o‘zining «Mineralogiya» asarida kishilarning o‘z moddiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan faoliyatini kishilik jamiyatining paydo bo‘lishidagi birdan-bir sabab deb hisoblaydi. Uningcha kishilarning aynan oziq-ovqatga, kiyim-kechakka, va boshqa moddiy boyliklarga ehtiyojlari ularni birgalikda yashashga da’vat etgan. Kishilarning tabiat xodisalari oldidagi ojizligi, himoyalan-maganligi ularni birgalashib mehnat qilishga, atrof-muhitni o‘rganish va unga moslashishga majbur etgan. Shuningdek Beruniy mehnat taqsimotining vujudga kelishi sababini «insonlarning niyat va maqsadlarining har xil ekanligida», deb hisoblaydi.
Beruniy inson tafakkuri, ya’ni ma’naviy olami bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy ong shakllarini, jumladan, fan (ilmiy tafakkur)ning paydo bo‘lishiga kishilardagi moddiy va ma’naviy ehtiyojlar sabab bo‘lgan, deb ta’kidlaydi. Uning fikriga ko‘ra, inson o‘zi yaratgan mehnat qurollari, urf-odat, rasm-rusum, fikriy tafakkur, turli fan sohalari, diniy e’tiqod, san’at asarlari, ya’ni madaniy boyliklarning ta’sirida shakllanadi.
Uningcha didi nozik (madaniylashgan) kishilar o‘zlariga shodlik bag‘ishlaydigan narsalarga intiladilar, shug‘ullanadilar. U san’atning paydo bo‘lishini did-mayllari nozik kishilar faoliyati bilan, jamiyatning madaniylashuvi bilan bog‘liq deb hisoblaydi. Odamlar madaniy darajasining oshib borishi va badiiy tafakkurining o‘tkirlashib borishi san’atga bo‘lgan ehtiyojlarni kuchaytirgan.
Beruniy insonning ma’naviy yetukligini madaniyatlilikning asosiy mezoni sifatida talqin qiladi. Uningcha, inson yetuk aql-idroki va ma’rifatga egaligi, birorta hunarning boshidan tutganligi bilan barkamoldir. Shuning uchun, komil kishi bo‘lishning birinchi sababi ilm va ma’rifat, ikkinchisi san’at va amal hosil qilish bilan bo‘ladi, deb ta’kidlaydi.
Sharq Uyg‘onish davrining buyuk allomalaridan biri Yusuf Xos Hojib (XI asr) o‘zining «Qutadug‘i bilig» asarida ma’naviy madaniyatning ma’naviy qadriyatlarga aylangan tarkibiy qismlaridan biri - axloqiy madaniyat, uning qoidalari va xulq-atvor mezonlariga alohida e’tibor beradi. U o‘z asarida davlat va uning boshlig‘ining murabbiylik vazifasini bajarishini, adolatpesha hukmdorning jamiyat va davlat qudrati, xalq baxti va farovonligining asosiy sharti ekanligini ta’kidlab o‘tadi.
Yusuf Xos Hojib o‘zining siyosiy-ma’naviy qarashlarini ochib berishda axloqiy va siyosiy madaniyatlarning o‘zaro mushatarkligiga masalasiga alohida e’tibor beradi, ya’ni axloqiy va siyosiy madaniyatlarning o‘zaro bog‘liqligi va bir-birini to‘ldirib borishida davlatni boshqaradigan hukmdorning komillik darajasiga erishganligiga bog‘liqligini ta’kidlab o‘tadi.
Yusuf Xos Hojib davlat va jamiyatning qudratini, xalqning farovonligini hokimiyat tepasida turgan hukmdor olib borayotgan siyosat va kishilarning ana shu siyosatdan boxabarligi, ya’ni siyosiy madaniyati belgilaydi deb hisoblaydi. Uningcha, aql va adolat-la davlatni boshqarish kishilarni baxt-saodat va farovonlikka olib kelishning birdan-bir yo‘lidir.
Mutafakkir kishilarning axloqiy dunyoqarashini ularning ham siyosiy, ham huquqiy, ham diniy qarashlari markaziga qo‘yadi. Uningcha axloqiy barkamollik mamlakat osudaligi, xalqning tinch-totuv yashashi, adolat va haqiqat tantanasi imon-e’tiqod butunligining garovidir.
Yusuf Xos Hojib o‘z asarida nafaqat jamiyat va mamlakatning umumadaniyatiga, balki yakka shaxs ma’naviy-madaniy qiyofasi masalasiga ham e’tibor beradi. Uningcha insonning tashqi qiyofasi ichki ma’naviy dunyosiga monand bo‘lishi, ya’ni ichki ma’naviy-ruhiy holat bilan tashqi hatti-harakatlar hamohang bo‘lishi zarur.
XII asr oxiri va XIII asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan turkiy xalqlar axloqiy didaktik qarashlariga munosib hissa qo‘shgan Ahmad Yugnakiy o‘zining «Hibatul xaqoyiq» asarida shaxs ma’naviy madaniyatining eng muhim arkonlaridan biri axloqiy kamolot va ma’rifat masalasiga alohida e’tibor beradi. Uningcha, jamiyat va insonning ma’naviy yetukligi yoki jaholatga botishini ularning ma’rifat va bilimga bo‘lgan munosabatlari belgilaydi. Chunki jamiki yaxshilik va yomonlik, ezgu va yaramas ishlar kishilarning ilm-ma’rifatli yoki jaholatligiga bog‘liqdir.
Temur va temuriylar davri mutafakkirlari Amir Temur boshlab bergan jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va ma’naviy madaniyatini yuksaltirish, mo‘g‘ullar tomonidan toptalgan va yo‘q qilingan milliy va islomiy qadriyatlarni, milliy o‘zlikni anglash va milliy ma’naviy merosni qayta tiklash ishlarini amalga oshirishda o‘z hissalarini qo‘shadilar. O‘sha davrning ko‘zga ko‘ringan olimlari, shoirlari-yu san’atkorlari jamiyatning tanazzulga yuz tutgan ma’naviy madaniyatini, IX-XII asrlarda yashagan buyuk allomalarning falsafa, axloqshunoslik, estetika va ilmiy-tabiiy fanlarga oid qarashlari va izlanishlarini qayta tiklash, rivojlantirish hamda uni davom ettirishga bel bog‘ladilar.
Bu davr mutafakkirlari ham o‘z asarlarida aynan madaniyat tushunchasi va uning mohiyati masalasiga bevosita to‘xtalib o‘tmagan bo‘lsa-da, o‘tmishdoshlari singari ma’naviy madaniyatning u yoki bu sohasi to‘g‘risida o‘z fikrlarini bayon qilib, ularning rivojlanishiga munosib hissa qo‘shdilar. Natijada nafaqat me’morchilik, naqqoshlik, miniatyura, musiqa san’atlari, balki turkiy til rivojlanib ilmiy-tabiiy fanlar taraqqiyoti yuqori bosqichga ko‘tarildi. Falsafa va axloqshunoslikka oid ko‘plab asarlar yaratildi.
Temur va temuriylar davrida yashab ijod etgan buyuk mutafakkirlar, masalan, Sa’diddin Taftazoniy, Mir Sayid Sharif Jurjoniy, Mirzo Ulg‘bek va boshqalar insoning ilm-ma’rifatli bo‘lishi nafaqat o‘zining farovon va baxtli yashashi garovi ekanligini, balki jamiyat va jamoaning ham kuch-qudratga ega bo‘lishining eng maqbul yo‘li ekanligi g‘oyasini ilgari surdilar.
Sharq ilm-fanidagi ilg‘or (progressiv) oqim asoschilardan biri bo‘lgan Ibn Xaldun tarixni insonga bog‘liq bo‘lmagan tabiiy jarayon deb hisoblaydi. Amir Temur davrida yashagan va bir muncha vaqt sohibqiron xizmatida bo‘lgan Ibn Xaldunning «Madaniyat» va «Sivilizatsiya» to‘g‘risidagi asarlari diqqatga sazovordir.
Arab ensiklopedisti, davlat va jamoat arbobi Ibn Xaldun (1332-1406) nafaqat ijtimoiy va tarix falsafasi bilan shug‘ullangan, balki madaniyat tarixi masalasiga ham alohida e’tibor beradi. U o‘zining «Butun dunyo tarixi», «Tarix falsafasiga kirish» kabi asarlarida jamiyat taraqqiyoti ya’ni jamiyatning moddiy va ma’naviy yuksalishi (sivilizatsiya) va inqirozlarini avlodlarning almashinuvi va unda o‘tmish ajdodlar yaratgan madaniy merosning avlodlar tomonidan qay tarzda qabul qilinishi, foydalanishi va yanada boyitishi muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab o‘tadi. Uningcha, jamiyatning madaniy yuksalishi ko‘p hollarda mamlakatning geografik joylashuvi, ayniqsa, iqlim sharoitlariga, ijtimoiy ishlab chiqarishning kishilar va tabaqalar o‘rtasida taqsimlanishiga, kishilarning moddiy boyliklar ishlab chiqarish jarayoniga va bu jarayonda vujudga keladigan hamda aholi bilan hukmdorlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarga har tomonlama bog‘liqdir.
Ibn Xaldun tarixiy taraqqiyotni, ya’ni sivilizatsiyalarni (u sivilizatsiyani «umran» deb ataydi) muayyan qonuniyatlar asosida sodir bo‘lib turuvchi aylanma harakat, deb ataydi.
U «Muqaddima» asarida islom madaniyati va falsafasi masalalariga katta e’tibor beradi hamda ularning sivilizatsiyadagi o‘rnini tadqiq qiladi. U o‘z asarida «umran» («sivilizatsiya») so‘zini «madaniyat» («shahar») so‘zining sinonimi sifatida ishlatadi.
Uning fikriga ko‘ra, kishilarning badaviylik (oddiy qishloq hayoti)dan xadara (sivilizatsiyalashgan turmush tarzi)ga o‘tishi moddiy sabablarga borib taqaladi. Badaviylik hayotida yashayotgan kishilardagi moddiy shart-sharoitlarni yaxshilashga, baxtli farovon turmush kechirishga bo‘lgan intilish «madaniyat» ya’ni shaharcha turmush kechirishga bo‘lgan intilishlarni tezlashtiradi. Natijada ham chorvachilik, ham dehqonchilik (badaviylik - qishloqcha hayot), shuning bilan birga hunarmandchilik, savdo-sotiq, fan va san’atlar (madaniylik - shaharcha hayot)ning tabiiy ravishda o‘zgarishi va yuksalishiga olib keladi. Jamiyat madaniy taraqqiyotning yuksak bosqichi hisoblangan umran (sivilizatsiya) bosqichiga o‘tadi.1 Ibn Xaldun madaniy va sivilizatsiyalashgan jamiyatlarning farqini ko‘rsatib o‘tadi. Uningcha madaniy jamiyatdan sivilizatsiyalashgan jamiyatga o‘tishda kishilardagi qahramonlik ko‘rsatishga, hokimiyatni egallashga bo‘lgan intilishlar o‘rnini tinch-totuv yashash, o‘z xavfsizligini ta’minlash, dam olish va ko‘ngil ochishga, dabdabali hayot kechirishga bo‘lgan intilishlar egallaydi.
«Insoniyat sivilizatsiyasi siyosiy boshqaruvda tartib-intizomga qat’iy rioya qilishni talab etadi», deb ta’kidlaydi. Uningcha sivilizatsiya davlatning har tomonlama mustahkamligi va barqarorligi bilan belgilanadi. Kishilarning ma’naviy hayoti (u ma’naviy hayotni «insaniyat», deb ataydi) davlatning madaniy taraqqiyot va sivilizatsiyalashganligiga bog‘liq. Chunki davlatning yemirilishi nafaqat ma’naviy qadriyatlarning qadrsizlanishiga, diniy e’tiqodlarning susayishi va axloqsizlikning kuchayishiga, balki sivilizatsiyaning tanazzulga uchrashiga ham sabab bo‘ladi.
Ibn Xaldun ta’limotida davlat va madaniyatning o‘zaro munosabati masalasiga ham alohida e’tibor beriladi. U davlatni sivilizatsiyaning beshigi degan fikrni ilgari suradi va davlatning ma’naviy qadriyatlar, birinchi navbatda fan va san’atga bo‘lgan munosabati sivilizatsiya taqdirida muhim rol o‘ynashini ta’kidlab o‘tadi. Uningcha jamiyatning «madaniyat» bosqichidan «umran» bosqichiga o‘tishida hukmdor va uning atrofidagi kishilarning madaniy hayotga bo‘lgan munosabatlari katta ahamiyatga ega. Bu yerda bizningcha Ibn Xaldun ko‘proq hukmdorlarning ijod ahllariga homiylik qilishlarini nazarda tutgan bo‘lsa kerak. Chunki insoniyat tarixida ro‘y bergan barcha sivilizatsiyalarda hukmdorlar va ularning madaniy boyliklarini yaratuvchi ijod ahliga va ijodiy jarayonga bevosita rahbarlik qilganligi, rag‘batlantirib turganliklari, ijod ahllarining himoyachilariga aylanganliklari qonuniyat tusiga kirgan. Qadimni Shumer-Bobil, Misr, Finikiya, Osuriya, Hind va Xitoy, qadimgi Yunon va Rim sivilizatsiyalari, shuningdek Sharq va G‘arb uyg‘onish davrlari madaniy taraqqiyotlari fikrimizga yetarlicha dalil bo‘la oladi.
Ibn Xaldun madaniy taraqqiyot, shu jumladan sivilizatsiyaning tanazzullari sabablarini ham ko‘rsatib o‘tishga harakat qiladi. Uningcha davlat boshqaruvining aynishi, poraxo‘rlikning avj olishi, axloqiy riyokorlik va buzuqlik, madaniy boyliklar va qadriyatlarning, fan va san’at namoyondalarining qadrsizlanishi madaniy taraqqiyot va sivilizatsiyaning tanazzulga uchrashiga sabab bo‘ladi.
Ibn Xaldun davlat va jamoat arbobi sifatida madaniy-tarixiy jarayonlar, ularning rivojlanish qonuniyatlari, tanazzulga yuz tutish sabablari, ijtimoiy taraqqiyot va davlat qurilishida shaxs va uning o‘rni va roli masalasini ochib berishga harakat qiladi. Uningcha davlat va jamiyatning mustahkamligi kishilarning davlatni boshqarish siyosatiga bo‘lgan munosabatlariga har tomonlama bog‘liqdir. Chunki kishilarning ezgu orzu-armonlari va intilishlari siyosiy-tashkiliy va madaniy jihatdan kuchli bo‘lgan jamiyat (davlat)dagina amalga oshadi. «Insoniyat» to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladigan jamiyatgina haqiqiy «umran» (sivilizatsiya) maqomiga ko‘tarila oladi, deb ta’kidlaydi alloma.
Ibn Xaldun jamiyat va madaniyatning qonuniy vujudga kelishi, rivojlanishi yoki keyinchalik tanazzulga yuz tutishi va yemirilishini jamiyat tarixiy taraqqiyoti qonuniyati asosida sodir bo‘lishini ta’kidlab o‘tadi.
U «Ibrat kitobi» asarida davlat va uni boshqarishning quyidagi uch turi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tadi. 1. Diniy davlat, ya’ni shariat asosida boshqariladigan davlat (xalifalik). 2. Aql-idrok asosida boshqariladigan davlat (sultonlik). 3. Madaniy davlat, ya’ni faylasuflar boshqaradigan davlat (dunyoviy davlat).
Uningcha, davlatchilik kishilarning birlashib, o‘zaro hamkorlikda yashashga bo‘lgan ehtiyojlari natijasida paydo bo‘lgan. Kishilarning siyosiy birlikda (jamiyatda) ongli ravishda, hamfikr bo‘lib yashashi ularning amadaniy taraqqiyotga (sivilizatsiyaga) erishganligining asosiy dalilidir.
Ibn Xaldun islom dunyosining kattagina qismini aylanib chiqadi. Turli xalqlarning tarixi, turmushi, yashash va ishlab chiqarish shart-sharoitlari, milliy qadriyatlari, boshqa hududlar bilan madaniy aloqalari, boshqaruv tizimi bilan qiziqadi. Natijada har bir xalq tarixida madaniy-ma’naviy yuksalishlar va tanazzul davlari bo‘lib o‘tganligi to‘g‘risida muayyan tasavvurlarga ega bo‘ladi.
U Amir Temur xizmatida uning davlatning boshqaruv uslubi, mamlakatning iqtisodiy va ma’naviy-madaniy hayotini yuksaltirishda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlari bilan tanishadi.
Ibn Xaldun tarix fanini falsafasining asosi, hech bo‘lmaganda falsafiy fan bo‘lishi tarix fani nafaqat sivilizatsiya (umran)ning tarkibiy qismi hisoblanishi, balki sivilizatsiyalarni o‘rganishning metodologiyasi vazifasini bajarishi zarur, deb hisoblaydi.
Temur va Temuriylar davri mutafakkirlari ham o‘zlaridan oldin yashagan buyuk siymolar, allomalarning an’anaviy qarashlariga sodiq qolgan holda insonning madaniyatliligi masalasiga bilimdonlik, ma’rifatlilik yetuk axloqlilik, ruh sofligi, iymon butunligi ya’ni haqiqiy insonparvarlik nuqtai nazaridan turib yondoshadilar.
Masalan, mashhur faylasuf Ali Xusayn Jo‘rjoniy o‘z asarlarida insonning madaniylashuvi ya’ni inson ma’naviy dunyosining moddiylashuvi ruhiy munosabatlarning inson hatti-harakati, tabiat va jamiyatga bo‘lgan munosabatlarida moddiylashib kelishi masalalarini yoritib beradi.
Buyuk shoir va olim Abdurahmon Jomiy ham insonning madaniyatliligini donishmandlik, fozillik va bilimdonlikda deb biladi. Uning nazarida ilm kishini irodali qiladi, madaniyatsizlik belgilari hisoblanmish nochorlik, jaholat, munofiqlik, hiyonat va hasaddan qutqaradi. Ma’naviy-madaniy komillik darajasiga erishgan kishi nafaqat bilim oladi, balki boshqalarga ham ilm ulashadi.
A. Jomiy o‘zining «Lujjat ul-asror» asarida o‘zidan oldin yashagan mutafakkirlarning fikrini davom etirib, insonning mukammalligi (madaniy-ma’naviy komilligi) uning halol va pok yashashi biror-bir kasb etagidan tutishi, o‘z mehnati evaziga kun ko‘rishidadir, deb ta’kidlaydi.
A. Jomiyning «Risolayi musiqiy» asarini yozishi unda musiqaning insonning kamol topishidagi ahamiyati, insonga ma’naviy ozuqa berishi va uning ma’naviy ehtiyojlarini qondirishdagi ahamiyati to‘g‘risidagi fikrlari o‘ta muhimdir.
A. Navoiy o‘z asarlarida inson, jamiyat, madaniyat masalasini ijtimoiy va ahloqiy hodisalar bilan o‘zaro bog‘liqlikda deb hisoblaydi. Shuning uchun ham insonning madaniy-ma’naviy qiyofaga ega bo‘lishi faqatgina adolatli jamiyatdagina amalga oshadi deb hisoblaydi.
Jaloliddin Davoniy (1427-1502) o‘z asarlarida ma’naviy madaniyatning asosini tashkil etuvchi axloq, uning nazariy va amaliy jihatlari, mezonlari va tamoyillari masalasiga alohida e’tibor beradi. U falsafaning jamiyat va inson hayotidagi o‘rniga e’tibor berib, uni hikmat fani deb ataydi va ikki qismga «hikmati nazariy» va «hikmati amaliy»ga bo‘ladi.
Jaloliddin Davoniy o‘zining «Axloqi Jaloliy asarida o‘sha davrning ma’naviy-madaniy hayoti uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy, falsafiy va axloqiy g‘oyalarni ilgari suradi. Agarda insoniyat jamiyatining paydo bo‘lishi, manfaatlari bir-biriga mos va zid bo‘lgan tabaqalar, davlat va uni boshqarish yo‘llari, davlatning qudrati va zaiflashuvida adlu-adolatning o‘rni, hukmdorlar va ularning raiyatga munosabati, axloq va ta’lim-tarbiyaning jamiyat hayotida tutgan o‘rni masalalariga to‘xtalib o‘tadi.
Jaloliddin Davoniy «Axloqi Jaloliy»da Farobiy singari fozillar shahrini madaniy jihatdan rivojlangan shahar tarzida tushunadi. Uningcha fozil shahar «shunday shaharki, uning qoidasi baxt-saodatga erishuvidan va baxtsizlikka olib boradigan hodisalarni bartaraf qilishdan iborat». Davoniy ham kishilarni ma’rifatli bo‘lishga va kasb-hunarni egallashga chiqiradi.
Keyingi davr mutafakkirlari, ayniqsa, Turkiston ma’rifat-parvarlik harakati vakillari madaniyat tushunchasini xalqni ilmli, ma’rifatli qilish g‘oyasi bilan birlashtirdilar. Ular shaxs, millat, davlat va jamiyatning madaniylik darajasini, shaxs va xalqning o‘z-o‘zini va milliy o‘zligini anglashda deb biladilar. Ma’rifatparvarlik harakati vakillarining aksariyat qismi jamiyat va insonning ma’naviy-madaniy rivojlanishini madaniy taraqqiyotda Osiyoga nisbatan ancha ilgarilab ketgan Yevropaning ilg‘or madaniy yutuqlarini o‘zlashtirishda deb biladilar.
Jadidchilik harakatining asoschisi va nazariy-g‘oyaviy rahbari Ismoil Gasprinskiy (1851-1914) o‘z asarlarida Rossiya tarkibiga kiruvchi barcha musulmonlarning madaniyat, ta’lim-tarbiya, ma’rifat, ilm-fan va mafkura sohalaridagi fikrlarni umumlashtirgan holda talqin qiladi. U Yevropa va Osiyo xalqlarining hayoti va turmushini bir-biriga solishtiradi, taqqoslaydi. Yevropaning ilg‘or fikr egalari asarlarini o‘rganish va tahlil qilish orqali Yevropa (xristian) va Sharq (islom) madaniyatining umuminsoniy ijtimoiy-madaniy taraqqiyot jarayonidagi o‘rni va ahamiyatini ochib beradi, madaniyat to‘g‘risidagi Yevrotsentrik nazariyalar, ta’limotlar va qarashlarni tanqid qiladi.
U bir tomondan nasroniylikka asoslangan Yevropa madaniyatini, ikkinchi tomondan, islom diniga asosalangan Sharq madaniyatini taxlil qiladi.
Ismoil Gaspirnskiy Yevropaning azaliy madaniyati, ya’ni qadimgi yunon-rim madaniyati va nasroniylik mafkurasini, O‘rta asr ilm-fan va texnik taraqqiyotga asoslangan madaniyatlarini tahlil qilib, ularning aynan bir xil maqsad - shaxsiy manfaat va foyda orqasidan quvib ozchilikning ko‘pchilik ustidan hukmronligi, ozchilikning ko‘pchilik tomonidan yaratilgan moddiy va ma’naviy boyliklarga egalik qilishi ekanligini ta’kidlaydi.
U Yevropaliklarning hayot tarzini tahlil qilib ozchilikning hashamatli hayot kechirishi, moddiy-iqtisodiy hayotning ularga xizmat qilishi, dastlab Yevropaliklar, so‘ngra Amerika, Afrika, Avstraliya va hatto Osiyoliklar tomonidan minglab yillar davomida yig‘ilgan boyliklarga egalik qilishlari, ko‘pchilikning esa bu narsalardan mahrum ekanliklari va achinarli hayot kechirishini tahlil qiladi.
Shu o‘rinda I.Gasprinskiy Yevropa hayoti va kechmishining, ya’ni madaniyatining asosiy nuqsoni «axloq va haqqoniyat»ni o‘rgatuvchi ta’lim-tarbiyaning mavjud emasligida, deb biladi va Yevropa madaniyatini tashi yaltiroq ichi esa qaltiroq bir vujud, deb hisoblaydi. «Ovrupaning universitetlarida shuncha fan va dunyoning butun ilmlari o‘rgatilsa-yu, inson uchun eng kerakli va xilma-xil ilmlarning eng sharaflisi bo‘lgan bir ilmning tahsil va e’tibor doirasidan chetda qoldirilishi meni bundan ham ko‘proq hayratga soladi. Bu ilm bir necha ming yildan beri yemirilib, oqavalari bugungi kungacha kelgan Ovrupa madaniyati tanimagan «axloq va haqqoniyat»dan bahs etuvchi yuksak ilmdir. Ovrupaning, qaerida bo‘lmasin, zoxiriy porloqligi juda ko‘p kishini chalg‘ita oladi. O‘ylaysanki, tarbiya va rohat, zavq va nazokat, adolat va baxtiyorlik dunyoning har tarafidan ko‘tarilganu yolg‘iz shu yerda jam bo‘lgan...
... Bir qarashda Ovrupaning hayot va madaniyati g‘oyat bashang, ziynatli va go‘zal bir ayolga o‘xshaydi. Biroq bir oz diqqat etsangiz, shuni payqaysizki, bu ayolning tishlari yasama, sochlari ulama, bo‘liq, tiqmachoq ko‘kraklari paxtavand»... deb yozadi «Ovrupa madaniyatiga betarafona bir nazar» nomli risolasida.
I.Gasprinskiy aynan shu risolasida tanazzulga uchrayotgan Yevropa madaniyatini saqlab qolishning birdan bir yo‘li haqq-huquq va adolatning tantana qilishi, deb hisoblaydi. «Insonlarning o‘zaro munosabatlarida, «foyda» va foydadan o‘zga ko‘zda tutadigan bir narsa yo‘qmi» Bor! U ham bo‘lsa haqqoniyatdir.
Eski madaniyatlarning nuqsoni shundaki, «haqqoniyat» hayotdan chetga chiqarib qo‘yildi. Tasavvur etaylik: madaniy bir jamiyatni tashkil etgan insonlarning hammasi ishlarini va harakatlarini mutlaqo «haqqoniyat»ga bog‘lagan bo‘lsa-lar, «haqqoniyat»ga sig‘magan «Foyda»dan voz kechsinlar. Bir-birlarining daxlsizligiga qasd eta oladilarmi? Bir-birlari haqida yomon niyat, yovuz maqsad mayli qoladimi? Yo‘q qolmaydi!
Ilm, fan, mexanika, texnika soyasida insonlar qulay yashamoq uchun lozim narsalarni to‘play oladilar, lekin «haqqoniyat»siz inson bolasi bularni rohat-farog‘atda ishlata olmaydi», deb ta’kidlaydi ana shu risolasida.1 Yuqorida ta’kidlaganimizdek, jadidchilik harakatining asl maqsad-muddaosi va mohiyati Ismoil Gasprinskiy tomonidan ilgari surilgan g‘oyalarga asoslanadi. Uning Chor Rossiyasi tasarrufidagi o‘lkalarda yashovchi barcha musulmonlar turmush-tarzini, ong va tafakkurini o‘zgartirish, mustaqillik uchun kurash olib borish milliy davlatchilikni tiklash zarurligi, milliy-ma’naviy merosni saqlab qolish, milliy qadriyatlarni mustahkamlashga da’vat etuvchi g‘oyalari ko‘plab millat va elatlar ziyolilari tomonidan dasturul amal sifatida qabul qilindi. Uning ilm-fan, ta’lim-tarbiya va madaniyat to‘g‘risidagi qarashlari ko‘plab halqlar ma’rifatparvarligining orzu-armonlari, o‘y-fikrlari sifatida yangradi. Ismoil Gasprinskiy ilgari surgan g‘oyalar Turkiston ma’rifatparvarlari asarlarida ham o‘z aksini topa boshladi. Ana shu fikrlardan kelib chiqqan holda biz I.Gasprinskiyning Turkiston jadidchilik harakati vakillarining madaniyat to‘g‘risidagi qarashlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan fikrlarini bayon qilishni zarur, deb topdik.
«Yarim yalang‘och, uy-joy, kasb-hunardan xabarsiz xalqlar «vahshiy», ya’ni hayvon qatorida sanalib, uy-joy, kasb-hunardan xabardor, shahar va qishloqlarda rohat va omonlikda yashab turgan xalqlar «madaniy» deb nomlanadilar.
Madaniyat kishilarning farog‘at va omonligi in’ikosidir. Xalqning yoxud millatning madaniyati naqadar yuksak bo‘lsa, uning farog‘at va omonligi shu qadar ta’min etilgan bo‘ladi va aksincha.
Madaniyat shunday bir hodisadirki, u biror millat yoxud mamlakatgagina xos emas. uni har bir millat yoxud jamoa egallashi mumkin.
Dastlab Ovrupa madaniyatdan bebahra qolgan edi. Hozirda uning madaniyati Osiyo madaniyatidan o‘zib, ilgarilab ketgani ma’lum. Zamonida ovrupolik ko‘ylak nimaligini bilmay, hayvon terisini yopinib yurgan paytlarida osiyolik paxta va shoyidan kiyim kiyar edi. Hozirda osiyolilar ot, eshak va qayiqlarda o‘n kunda bosadigan yo‘lni ovrupalik temir yo‘l va paroxodda bir kunda bosadi! Bu madaniyat darajasining natijasidir.
Madaniyat inson bolasiga rohat-salomatlik va xush maishat vositasi hamda sababchisi bo‘lib, uning o‘zi esa san’at, hunar, savdo, fan, axloq yo‘lida g‘ayrat ko‘rsatsa, madaniyatga va u orqali butun insoniyatga katta xizmat qilgan bo‘ladi.
Kishilarning bu danyoda omonlik va rohatda yashamoqlari madaniyatga bog‘liq, madaniyatning daraja va kamoli esa, xalqlarning ilm-fan, axloq, kasb-hunarni egallagan darajalariga mutanosib, degan edik. Shunday, rohat va omonlik uchun madaniyat, madaniyat taraqqiysi uchun ilm-fan, sanoat taraqqiysi kerak.
Bir millatning madaniyati rivojlangan bo‘lsa, bu uning ilm-hunarni, sanoatni yetarli yo‘lga qo‘yganligi tufaylidir.
...Ovrupalilar biz «islom madaniyati» deganimizni «arab madaniyati» deb talqin qilardilarki, bu to‘g‘ri emas. Eski zamonlarda barcha ovrupoliklarning ilm va fanga oid asarlari lotin tilida yozilardi. Fransuz, ingliz, nemis va boshqa qavmlarning olimlari barchasi lotincha yozib, millatdoshlariga mayda-chuyda narsalarni ravo ko‘rardilar. Ovruponing o‘sha ilm-madaniyatini dunyoga keltirganlar lotin bo‘lmay, uni Ovruponing yangi qavmlari yaratdilar va shunga ko‘ra u Ovrupo madaniyatidir.
Xuddi shu kabi musulmonlarning ham ilm-fanga doir asarlarining barchasi arab tilida yozilgan, lekin ularning mualliflari, kashfiyotchilari va olimlari hammasi arab emas edi. Turk, fors, hind olimlari ham asarlarini arab tilida yozib keldilar. Faqat keyingi paytlardangina har qavm ilm-fanga oid asarlarni o‘z tilida yozishni boshladi.
Ko‘rgan barcha musulmon kitoblari arabcha bo‘lganligi sababli, Ovrupa olimlari, ularni yozganlarni arab, madaniyatini esa «arab madaniyati» deb o‘ylaydilar. Lekin islom ilm-faniga arabdan tashqari turk, fors va boshqa qavmlarning ham xizmati bor.
Islom madaniyatidan oldingi mashhur madaniyat qadimgi Misr va Yunon madaniyatidir. So‘ng maydon olgan g‘oyat rivojlangan madaniyat hozirda Ovrupo madaniyati bo‘lib turibdi.
... Ovrupo olimlarining ko‘pchiligi Ovrupo madaniyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yunon madaniyatidan deb biladilar, islom madaniyatining unga ta’sirini e’tirof etmaydilar. Bu yanglishdir, xatodir. Yunon madaniyatining so‘ngi bilan Ovrupo madaniyatining boshlanishi orasida kechgan ming yil dunyo madaniyatsiz qoldimi? Ovrupo madaniyatini to‘g‘ri Yunondan olgan bo‘lsa, nega uni ming yil poylab turdi? Yunon madaniyati Ovrupodan oldin musulmonlarga o‘tdi va musulmonlar bu madaniyatga rivoj berib, kamchiliklarini ozaytirib Ovrupoga tutqazdilar. Mashhur Yunon olimlari Aristo‘talis (Arastu), Aflotun va boshqalarning mashhur asarlarini ovrupolilarga yetkazganlar musulmonlardir. Ovrupolilar ularni musulmon madrasalaridan, arab tarjimalaridan o‘qib o‘rgandilar. Islom madaniyatining Ovrupo madaniyatiga yetkazgan katta foydasini ayrim farang ulamolari inkor etmaydilar. Masalan, Amerika olimlaridan Draber «Ovrupaning aqliy taraqqiyoti tarixi» nomli asarida Ovrupo qo‘lidagi bugungi mash’ala musulmonlar yoqib ketgan shamlarning, chiroqlarning yog‘dusidan maydonga kelganini aytgan edi.
... Musulmonlar ilm-ma’rifatga, sanoat va tijoratga jon-jahdlari bilan yopishib, shunday bir madaniyatga erishgan edilarki, Yunon va Ovrupo madaniyati har tomonlama qorong‘i bir zulmatga cho‘kkan zamonlarda islom mamlakatlari madaniyat nurlari bilan yorishib, Ovrupo madaniyatining onasi maqomiga ko‘tarildi.1 XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida Turkiston o‘lkasi ijtimoiy madaniy hayotida chuqur va tub o‘zgarishlar sodir bo‘lib, madaniy-tarixiy jarayon tezkorlik bilan o‘zgara boshladi. Ijtimoiy-madaniy sohada yangi g‘oyalarning, ayniqsa, ma’rifatparvarlik, zamonaviy ko‘rinishdagi milliy davlatchilikni bunyod etish, milliy adabiyot va san’atni yuksaltirish, diniy e’qodni mustahkamlash g‘oyalarining ilgari surilishi milliy o‘zlikni anglash, milliy madaniyat va ma’naviy merosni qayta tiklash uchun kurashuvchi harakatlarning vujudga kelishiga olib keldi.
Mazkur g‘oyalar, ayniqsa, o‘sha davr ijtimoiy-madaniy hayotida juda katta kuchga aylangan jadidchilik harakatining dasturiga aylandi. Bir tomondan jadidchilarning ko‘pchiligining Rossiyaga, Yevropa hamda musulmon olamining ilg‘or mamlakatlariga qilgan safarlari, ikkinchi tomondan rus, tatarlar o‘lkalari va Kavkaz ortidan Turkistonga safar qilgan ayrim ziyolilar bilan bo‘lgan uchrashuvlar Yevropa va Turkiston xalqlari hayoti hamda turmushini bir-biri bilan taqqoslashga turtki berdi. Natijada ilm-fan, ta’lim-tarbiya va san’atda insoniy munosabatlar va uning huquqlari masalasida katta tafovutlar mavjud ekanligi, Chor Rossiyasi amaldorlarining mahalliy xalqlar milliy madaniy merosiga, diniy e’tiqodi va qidriyatlariga bepisandlik bilan munosabatda bo‘layotganligini ilg‘ay boshladilar. Mazkur tafovut va munosabatlarga faqat yerli aholiga ma’rifat tarqatish, ularning dunyoqarashini tubdan o‘zgartirish, hamda barham berish orqaligina erishish mumkinligi g‘oyasini ilgari suradilar. Nitajada, Turkistonning ilg‘or fikr egalari yangi usul maktablarini, omma ongiga mazkur g‘oyalarni singdirishning eng maqbul vositasi - matbuotga katta e’tibor beradilar.
Ma’rifatparvarlik harakati vakillari Yevropaning ilg‘or madaniyati bilan tanishganlaridan so‘ng inson tafakkuri, ijtimoiy-ijodiy faoliyatining mahsuli hisoblangan siyosiy, huquqiy, axloqiy, falsafiy, ilmiy, diniy, badiiy tafakkuri kishilar hayoti va turmushining bir bo‘lagi hisoblangan milliy-ma’naviy qadriyatlar to‘g‘risidagi fikrlarini bayon qila boshlaydilar. Bu davrga kelibgina mazkur harakat vakillari «madaniyat» tushunchasi va uning mohiyati masalasini ilmiy nuqtai nazardan ifodalashga harakat qiladilar. Albatta Turkiston ma’rifatparvarlari «madaniyat» atamasiga ilmiy jihatdan ta’rif va tasnif bermagan bo‘lsalar-da, lekin o‘z asarlarida ma’naviy madaniyatning tarkibiy qismlari, masalan, siyosiy, diniy, axloqiy, huquqiy, estetik va falsafiy qarashlar to‘g‘risida o‘z fikrlarini yorita boshlaydilar.
Ular chet mamlakatlarga chiqib, boshqa xalqlarning madaniyati va ta’lim tizimi darajasidan voqif bo‘ladilar va o‘z yurtlarining iqtisodiy, madaniy, va hatto siyosiy boshqaruv tizimini isloh qilish zarurligini anglab yetadilar.
Ayrim ma’rifatparvar shoirlar madaniyat tushunchasida Yevropa (G‘arb) va Turkiston (Sharq) xalqlarining ma’naviy hamda moddiy hayotini, turmushi shart-sharoitlarini nazarda tutadilar va o‘z asarlarida ilm-fandagi, dunyoqarash va milliy xarakterdagi tafovutlarni solishtiradilar. Masalan, Toshkentlik shoir Tavallo bir she’rida bu holatni quyidagicha ta’riflaydi: