Aynan ana shu talablar, eng avvalo, bo‘lg‘usi mutaxassislarning madaniyat nazariyasi va tarixiga oid bilimlar bilan tanish bo‘lishlarini talab qilmoqda



Yüklə 1,76 Mb.
səhifə30/62
tarix29.04.2023
ölçüsü1,76 Mb.
#104855
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   62
Мадан.наз.ва.тар.ўқув.қўл. янги вариант. 11.12.22. (восстановлен) (восстановлен)

12-mavzu.Madaniyat va shaxs.
Reja:
1.Madaniyat va shaxs dialektikasi.
2.Madaniyatning integrativ xususiyatlari.
3.Intellektual salohiyat va madaniy taraqqiyot.
Madaniyat va shaxs nafaqat mazmunan bir-biriga yaqin bo‘lgan, balki ichki va tashqi jihatidan o‘zaro mos keluvchi tushunchalardir. Shaxs muayyan madaniy muhitda yashaydi va faoliyat ko‘rsatadi. Qomusiy olim Abu Nasr Forobiy «Baxt saodatga erishuv haqida» risolasida inson kamolotida jamoaning roli katta ekanligini ta’kidlab shunday deydi: «Bir kishining yolg‘iz o‘zi (birovning yoki ko‘pchilikning yordamisiz) kamolatga erishuvi mumkin emas. Har bir insonning tabiatida tug‘ma har qanday ish va harakat jarayonida boshqa bir inson yoki ko‘pchilik bilan munosabatda bo‘lish, o‘zaro aloqa qilish hissiyoti bor, har qanday inson kamolotga erishuvida boshqalarning ko‘magiga muhtoj va ular bilan birlashishga majburdir».
Forobiyning fikricha, inson o‘z-o‘zidan kamolotga erisholmaydi. «Bu narsa uning harakatlariga, mehnatiga, kasb hunar egallashiga, bilimiga va qanday fozil jamiyatda yashashiga bog‘liq». «Davlatning vazifasi insonlarni baxt-saodatga olib borishdir, bu esa ilm va yaxshi axloq yordamida qo‘lga kiritiladi». Forobiy davlatni yetuk shaxs (monarxiya), yetuk hislatlarga ega bo‘lgan bir necha shaxslar (aristokratiya) va saylangan shaxslar (demokratiya) yordamida boshqarish shakllarini qayd etadi. Forobiy jamiyat yetuklikka intilishi uchun kurash olib borgandagina fozil jamiyat, fozil shahar darajasiga ko‘tarilishi mumkinligini aytadi. (Qarang Ma’naviyat yulduzlari. -T:, 1999, 68 bet.)
Individ ijtimoiy turmush va madaniyatga qay tarzda jalb qilinganiligiga, uning tabiiy imkoniyatlari, harakati, hissiyoti, tafakkuri ijtimoiy ahamiyatli mazmun bilan to‘ldirilganligiga va madaniy shakl kasb etganligiga qarab shaxs sifatida qaror topadi. Madaniyat individual va ijtimoiy hayot bilan uzluksiz birlikni tashkil topgan vaqtgacha mavjud bo‘ladi.
Madaniyat kishilarga tana a’zolari, instinktlar yoki tug‘ma iste’dod kabi tabiatdan berilmaydi. Har bir individ o‘zining shaxsiy tajribasi asosida, mustaqil ravishda bevosita tevarak atrofdagi kishilarning, jamiyatning va o‘tgan avlodlarning to‘plagan tajribalarini o‘zlashtiradi.
Individ ijtimoiy amaliyot mahsuli bo‘lgan madaniyatni o‘zlashtirish bilan birga unga ta’sir etadi. Shaxs o‘zining shakllanishi jarayonida madaniy dunyosini ham boyitadi. Shuningdek, inson madaniyat normalariga amal qilgan holda nafaqat tabiat va jamiyatni, balki, shaxsiy «tabiati»ni ham o‘zgartiradi. Madaniyat shaxsning ichki dunyosi mazmuniga, «ikkinchi tabiati»ga aylanadi.
Shaxsning madaniyat bilan o‘zaro munosabati hech qachon to‘liq va uyg‘un bo‘la olmaydi. Ijtimoiy va individual hayot, shuningdek madaniyat stixiyasi bir-biri bilan mos kelmasligi mumkin. Madaniyat doimo inson bilan chambarchas bog‘liq bo‘lsa-da, lekin voqelikning murakkab, yaxlit birligi sifatida mustaqildir.
Ijtimoiy va madaniy muhitda jamiyat bilan individ o‘rtasida nisbatan o‘zgaruvchan muvozanat bo‘ladi. Bu muvozanatni hosil bo‘lishida madaniyatning ishtiroki salmoqlidir. Madaniyat shaxsga ta’sir etadi, uning psixologik holatini shakllantiradi, shaxsning xarakterida va dunyoni bilishida muhim o‘rin tutadi.
Shaxs madaniyat bilan quyidagi sohalarda munosabatda bo‘ladi:
1. Madaniyatni ta’sir etish ob’ekti sifatida o‘zlashtiradi;
2. Madaniy qadriyatlarni tashuvchi va ifodalovchisi sifatida konkret madaniy muhitda faoliyat ko‘rsatadi;
3.Madaniy ijod sub’ekti sifatida madaniyatni rivojlantiradi.
Madaniyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, uning shaxsiy hayotida tutgan o‘rni to‘g‘risidagi mulohazalarimizga yakun yasab, shuni aytish mumkinki, tabiat stixiyali qonunlar asosida rivojlanib borsa, insonning ichki dunyosini shakllantirish maqsadli, yo‘naltirilgan asosda tashkil etilishi mumkin. Bunda madaniyat insoniyatga shunday imkoniyatni yaratuvchi muhim vosita bo‘ladi.
Forobiy «Aql ma’nolari haqida» risolasida, aql bir tomondan ruhiy jarayon, ikkinchi tomondan tashqi ta’sir, ta’lim-tarbiyaning natijasi ekanligini uqtiradi. Forobiyning fikricha, aql faqat insongagina xos bo‘lgan tug‘ma quvvat, ruhiy kuch bilan bog‘liqdir. Uning aql, umuman bilish haqidagi ta’limotida mantiq (logika) ilmi muhim o‘rin tutadi. U «Mantiq san’ati kishiga shunday qonunlar haqidagi ma’lumot beradiki, bu qonunlar vositasida aql chiniqadi, inson sog‘lom fikr yuritishga o‘rganadi, - deb yozgan
edi. Forobiy mantiq ilmi bilan grammatika o‘rtasidagi mushtaraklikni qayt etar ekan, mantiqning aqlga munosabati grammatikaning tilga munosabati kabidir, degan fikrni bildiradi. Grammatika odamlar nutqini tarbiyalagani kabi, mantiq ilmi ham tafakkurni haqiqiy yo‘ldan borishi uchun aqlni to‘g‘rilab turadi.
1. Madaniyat va shaxs tushunchalarini bir-biridan ajratib tasavvur qilish aslo mumkin emas. Inson madaniy mavjudot sifatida mohiyatini madaniy boyliklarni yaratish jarayonidagina namoyon eta oladi. O‘z navbatida madaniyat shaxs ijodiy faoliyatining mahsuli sifatida ijtimoiy taraqqiyotga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.
Insonning shaxs darajasiga ko‘tarilishida madaniyatning beqiyos o‘rni va roli shundaki, insoniyat aqlli mavjudot darajasiga ko‘tarilishiga, so‘ngra oddiydan murakkablikka ko‘tarilgan madaniy boyliklarni yaratish jarayonida o‘zining shaxs sifatidagi qiyofasini ham shakllantirib boradi.
Insoniyat tomonidan yaratilgan madaniy boyliklar qanchalik oddiydan murakkablik tomon yuksalib borarkan, inson ham o‘zi yaratgan madaniyat singari mukammal shaxs qiyofasiga ega bo‘lib boradi.
Insoniyatning ko‘p asrlik taraqqiyoti davomida orttirgan bilimlari, g‘oyalari, tajribalari va ma’naviy yutuqlarining majmuasi sifatida madaniyat barcha tarixiy davrlarda ham zamon ruhi va davr talablariga javob bera oladigan har tomonlama yetuk inson shaxsini kamol toptirishni o‘z oldiga asosiy vazifa qilib qo‘yadi.
Turli tarixiy davrlarda yaratilgan madaniyat boyliklar, ular qanday ko‘rinish va shaklga, ya’ni madaniyatning moddiy yoki ma’naviy shakli bo‘ladimi bundan qat’iy nazar, ularda insonning shaxs sifatidagi bilimi, iste’dodi, insoniy fazilat va sifatlari mujassamlashib kelaveradi.
Ma’lumki, odam o‘ta murakkab xilqat hisoblanadi. Unda hayvoniylik ham, ijtimoiylik ham mujassamlashib keladi. Inson eng avvalo, tirik organizm, unda hayvoniylikka xos moddiy ehtiyojlar mavjud. Ana shu xususiyatini yuzaga chiqarish davrida u ham hayvoniylik qiyofasini ham, insoniylik qiyofasini namoyon etishi mumkin. U qanchalik biologik mavjudot sifatidagi xususiyatlari va talablarini yuzaga chiqarishga urunarkan, unda hayvoniylik xususiyatlari yuzaga chiqadi. Xuddi shuningdek, u aqlli mavjudot sifatidagi xususiyatlarini yuzga chiqarish, ma’naviy ehtiyojlarini qondirish, ya’ni insoniylik mohiyatini o‘zida saqlab qolsagina u shaxs sifatidagi mohiyatini namoyon qila oladi.
Madaniyat o‘zining tub mohiyatiga ko‘ra insondagi insoniylikni, yaratuvchanlik qobiliyatini ro‘yobga chiqarishning, insoniyatning azaliy orzusidagi (idealidagi) komil inson shaxsini shakllantirning asosiy manbai bo‘lib kelgan. Demak, shaxsning shakllanishini madaniyatsiz tasavvur etib bo‘lmagani kabi madaniy taraqqiyotni ham ijodkor shaxslarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Inson o‘zi yashayotgan davr ruhiga mos va davr ruhini o‘zida mujassamlashtiruvchi mukammal madaniy boyliklarni yaratishga harakat qilarkan, eng avvalo o‘zining shaxs sifatida shakllanishi uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlarni yaratib boradi.
Shaxsning shakllanishi nihoyatda murakkab va ziddiyatli jarayon bo‘lib, juda ko‘p omillarga bog‘liqdir. Ayrim qarashlarga ko‘ra, go‘yoki, inson shaxsining shakllanishida nafaqat madaniy, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy muhit, ijtimoiy tuzum, iqtisodiy hayot va boshqalar ham muhim rol o‘ynaydi, degan fikrlar ham ilgari suriladi. Mazkur omillarning asosini ham madaniyat tashkil etishini nazardan qochirmaslik zarur. Chunki, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning yukasak darajaga ko‘tarilganligi, uning murakkab ko‘rinishga ega ekanli shaxsning shakllanishidagi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning murakkab ko‘rinishga egaligi va yuksaklikka ko‘tarilganligi bu nafaqat siyosiy madaniyatning, shuningdek, huquqiy, axloqiy, estetik, umuman ma’naviy madaniyatning barcha ko‘rinishlarining mukammallikka erishganligidan dalolat beradi.
Jamiyatdagi mavjud siyosiy tuzum madaniyat taraqqiyoti uchun qulay shart-sharoit yaratishi yoki, aksincha, undagi barcha ijobiy, progressiv elementlarning rivojiga xalaqit berishi ham mumkin, Chunki madaniyat uchun statika va dinamika xos bo‘lib, agar mavjud siyosiy tuzum tub demokratik o‘zgarishlardan hadiksirasa, madaniyatning statik (konservativ) xususiyatlaridan unumli foydalanishga zo‘r beradi.
Insoniyat tarixining tub burilish davrlarida, bir ijtimoiy-siyosiy tuzumdan yangisiga o‘tish davrlarida madaniy merosga munosabat masalasi eng dolzarb ijtimoiy-siyosiy muammo hisoblanadi. Zero, o‘tmish madaniy merosida o‘tmish ruhi, konservatizm, turg‘unlik va, ayni vaqtda, progressiv elementlar, yangilik va ijobiy xususiyatlar mavjud bo‘ladi. Ijtimoiy taraqqiyot ehtiyojlaridan kelib chiqadigan siyosiy tizimgina madaniyatning yaratuvchan, ijobiy va progressiv xususiyatlaridan to‘laroq foydalanishga intiladi.
Shaxs — mavjud siyosiy tuzumni, ijtimoiy munosabatlarni takomil-lashtirishga kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi madaniyatli insonning sotsial sifatidir. Inson madaniyatning barcha ilg‘or yutuqlarini chuqur o‘rganish orqali o‘zida qator sotsial sifatlarni shakllantiradi. Mustahkam imon-e’tiqod — shaxsning eng muhim sotsial qiyofasi hisoblanadi. Iymon va e’tiqodning shakllanishida madaniyatning tarkibiy qismlari hisoblanuvchi din, ta’lim-tarbiya jarayoni va ijtimoiy-siyosiy muhit katta rol o‘ynaydi. Shaxs abadiylik, ezgulik haqidagi tushuncha va tasavvurlarni diniy e’tiqod, diniy tarbiya va ta’limotlar vositasida egallaydi. Mustahkam iymon-e’tiqodning shakllanishi barobarida kasb-kor va faoliyatning qay shaklda bo‘lishidan qat’i nazar shaxs jamiyat taraqqiyotiga, ijtimoiy-jarayonlarga kuchli ta’sir ko‘rsata boshlaydi.
Shaxsning kamol topishi, unda mustahkam iymon-e’tiqodning shakllanishi individ uchun g‘oyat mashaqqatli va ziddiyatli jarayon sifatida kechadi. Shaxs olamni bilish orqali nafaqat olamning mazmun-mohiyatini, shuningdek, o‘zligini anglab yetadi, o‘z «men»ini bilish orqali esa, olam va odam munosabatlarini chuqurroq bilib oladi. Shaxs aql-idrokka ega bo‘lganligi bois nafaqat o‘z-o‘zini tarbiyalovchi, shuningdek, o‘z faoliyatiga tanqidiy baho beruvchi, o‘z-o‘zini nazorat qiluvchi sifatida muttasil kamolotga intilib boradi.
Milliy mustaqillik yillarida shakllangan yangicha siyosiy tafakkur va yangicha falsafiy dunyoqarash milliy madaniyat, milliy qadriyat va shaxsning mohiyatini yangicha tushunish, tahlil qilish imkonini beradi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar inson uchun munosib hayot sharoitlari yaratishni, shaxs erkinligining to‘laroq ro‘yobga chiqishi uchun qulay imkoniyatlar vujudga keltirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
Bozor munosabatlariga o‘tish iqtisodiy va siyosiy sohada to‘planib qolgan barcha muammolarni oqilona hal etish uchun zamonaviy fan va texnika, ilg‘or texnologiya va kasb madaniyatini puxta egallagan halol, mehnatsevar, vatanparvar, sabot-matonatli inson shaxsini kamol toptirishni talab eta boshladi.
Bugun dunyoda mafkuraviy jarayonlar global tus olgan, turli diniy-ekstremistik g‘oyalar o‘zbekiston xavfsizligi va mustaqilligiga jiddiy tahdid solayotgan bir sharoitda xalqimizning milliy manfaatlari va mentalitetiga mos milliy istiqlol g‘oyasining yaratilishi barkamol inson shaxsini shakllantirishda muhim tayanch bo‘lib xizmat qila boshladi.
Ilg‘or g‘oya uchun kurash — shaxs faolligining muhim ko‘rsatkichidir. Jahondagi barcha rivojlangan mamlakatlar demokratik qadriyatlarni hayotga tadbiq etish, shaxs erkinligini qaror toptirish orqali taraqqiyotning yuqori bosqichiga erishdilar.
Tarixiy shaxslar qanday ma’naviy soha (fan, san’at, din, siyosat, huquq)da faoliyat ko‘rsatishdan qat’iy nazar davrning mushkul muammolarini oqilona hal etish, jamiyatni inqirozdan qutqarish yo‘llarini ko‘rsatdilar. Milliy madaniyatning barcha yutuqlarini chuqur egallagan shaxslargina milliy muammolarni tez va oqilona hal etishga salmoqli hissa qo‘shadilar.
Xullas, madaniyat va shaxs bir-biri bilan uzviy bog‘liq tushuncha-lardir. Madaniy rivojlanishning bosh maqsadi barkamol inson shaxsini shakllantirishdan iboratdir, boshqa jihatdan shaxs madaniyat ijodkori sifatida ham namoyon bo‘ladi. Har bir avlod o‘tmishda yaratilgan madaniy merosni, madaniyat yutuqlarini o‘zlashtirish orqali o‘zida muayyan axloqiy sifatlarni shakllantiradi, ijtimoiy va tabiiy borliqni o‘zlashtiradi, o‘z «men»ligini teranroq anglay boradi.
Madaniyat va shaxs, ularning dialektikasi to‘g‘risidagi tasavvurga ega bo‘lish uchun eng avvalo shaxs tushunchasiga ta’rif bermoq joizdir.
Shaxs, bu eng avvalo alohida kishi, ijtimoiy mohiyatni o‘zida mujas-samlashtiruvchi individ.
Falsafiy manbalarda shaxs haqida turli xil talqinlar mavjudligini ko‘rish. mumkin. Mazkur talqinlarga ko‘ra, shaxs eng avvalo biofiziologik, ijtimoiy, ma’naviy, axloqiy va estetik fazilatlar hamda xislatlarni o‘zida mujassamlashtiruvchi biologik mavjudot. Shaxsning madaniy qiyofaga ega bo‘lishida, birinchidan, uni qurshab turgan tabiy muhit, ikkinchidan, uni o‘rab olgan ma’naviy-madaniy muhit, uchinchidan, tabiat va jamiyat bilan o‘zaro munosabatlarga kirishish jarayonida shakllanadigan ijtimoiy jarayonlar, to‘rtinchidan, boshqa kishilar bilan bo‘ladigan munosabatlar muhim rol o‘ynaydi.
Madaniyat va shaxs nafaqat mazmunan bir-biriga yaqin, balki ichki va tashqi tomonlari jihatidan o‘zaro mos keluvchi tushunchalardir. Shaxs muayyan madaniy muhitda yashaydi va faoliyat ko‘rsatadi. Qomusiy olim Abu Nasr Forobiy “Baxt–saodatga erishuv haqida”gi risolasida inson kamolotida ijtimoiy munosabatlarning shakllanishida muhim rol o‘ynaydigan boshqalarning ham o‘rni beqiyos katta ekanligini ta’kidlab: “Kamolotga bir kishining o‘zi yolg‘iz (birovning yoki ko‘pchilikning yordamisiz) erishuvi mumkin emas. Har bir insonning tug‘ma tabiatida va unga lozim bo‘lgan har qanday ish va harakat jarayonida boshqa bir inson yoki ko‘pchilik bilan munosabatda bo‘lish, o‘zaro aloqa qilish hissiyoti bor, odamzod jinsidan bo‘lgan har qanday insonning ahvoli shu: u har qanday kamolotga erishuvida boshqalarning ko‘maklashuvlariga va ular bilan birlashishga muhtoj yoki majburdir”,― deb yozgandi. Allomaning fikricha, inson o‘z-o‘zidan baxtli ham bo‘la olmaydi, kamolotga ham erisholmaydi. “Bu narsa uning harakatlariga, mehnatiga, kasb-hunar egallashiga, bilimiga va fozil jamiyatda yashashiga bog‘liq”,― deydi u. “Davlatning vazifasi insonlarning baxt-saodatga olib borishdir, bu esa ilm va yaxshi axloq yordamida qo‘lga kiritiladi” (Qarang: Ma’naviyat yulduzlari. ― Toshkent: Meros, 1999. 68-bet.) .
Abu Nasr Forobiy davlatni yetuk shaxs, yuksak xislatlarga ega bo‘lgan bir necha shaxslar va saylangan odamlar yordamida boshqarishlari mumkinligini qayd etadi. Olim jamiyat o‘z rivojida yetuklikka tomon intilishi, shuning uchun kurash olib borishi va nihoyat, fozil jamiyat, fozil shahar darajasiga ko‘tarilishi haqida fikr yuritadi. (O‘sha manba.68-bet.)
Yakka shaxs ijtimoiy turmush va madaniyatga qay tarzda jalb qilinganligiga, uning tabiiy imkoniyatlari, harakati, hissiyoti, tafakkuri ijtimoiy-ahamiyatli mazmun bilan to‘ldirilganligiga va madaniy shakl kasb etganligiga qarab shaxs sifatida qaror topadi.
Kishining ijtimoiiylashuvi uning tarixiy-madaniy muhit yaratgan va rioya qiladigan qadriyatlarni, g‘oyaviy andozalarni, urf-odatlarni, moddiy-ma’naviy boyliklarni o‘zlashtirishi, o‘rganishi, qabul qilishi orqali sodir bo‘ladi. Tarixiy madaniy-o‘zak uni millat, xalq vakili, inson siifatida shakllanishiga yordam bersa, madaniyatning ustki qatlami shu davr ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan boyliklarni egallashga undaydi. Ikkinchi tomondan tomondan esa, madaniyatning ustki qatlam kishining tez ijtimoiy muhitga moslashuviga, davr ehtiyojlariga muvofiq boyliklar yaratishga imkon beradi. Lekin ustki qatlam kishining tez nom chiqarishiga, shuhrat topishiga, mansab va unvonga ega bo‘lishiga yordam berishi mumkin. Biroq ular davr bilan birga tez o‘tib ketadi. Tarixiy madaniy o‘zakdan o‘sib chiqqan milliy, umuminsoniy, azaliy qadriyatlar esa haqiqiy madaniy boylik sifatida shaxs hayotining so‘nggi daqiqasigacha saqlanib qoladi. Demak, insonning ijtimoiylashuvida ham tarixiy-madaniy o‘zakka tayanish, ham o‘tkin davr ehtiyojlarini qondirish istagi yashaydi. (Qarang. Alimasov V. Madaniyatshunoslik..O‘quv qo‘llanma. Toshkent. Yangi asr avlodi. 2001 y, 142-bet.)
2.Madaniyat o‘z mohiyatiga ko‘ra integrativ xususiyatga ega. Madaniyat orqali kishilar bir-birlari bilan ma’naviy, ijodiy, ijtimoiy aloqalarga kirishadilar, bir-birlarining xislatlarini, fazilatlari va orzu umidlarini,ya’ni inson va shaxs sifatidagi o‘zligini kashf etadilar. Kishilarning o‘zaro munosabatlari, nafaqat ular o‘rtasida vujudga keladigan o‘zaro munosabatlarning tarkib topishiga, shuningdek, o‘zgalarning ko‘zga yaqqol tashlanib turmaydigan fazilatlari, his-tuyg‘ulari, orzu-armonlari, intilishlari-yu, niyatlarini aniqlab olishga yordam beradi.
Insonning kundalik hayoti, boshqalar bilan bo‘ladigan munosabatlari, hayotning pastu-balandini egallab borishlari, hayotiy tajribalari uning nafaqat shaxs sifatida shakllanishida, shuningdek, jamiyat, o‘zi mansub bo‘lgan etnik birlik, muayyan kasb-korlikni egallashi, oilaviy munosabatlari tartibga solishi, o‘zaro fikr almashadigan boshqa kishilar bilan munosabatga kirishishlariga yordam beradi. Aynan, madaniyatning integrativ (o‘zaro munosbatlarning tarkib topishi) xususiyati ana shu fazilatlarning shakllanishi va mustahkamlanishi o‘z ifodasini topadi.
Kishining jamiyat bilan aloqalari, uning inson sifatida shakllanishini davlat ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Davlat tizimlarining ijtimoiy hayotga singib ketgani, eng muhim ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy muammolarni yechishni o‘z ustiga olgani, jamiyatni boshqarishga oid yetarli kuchga ega ekanligi kishini bir umr bo‘yi hamkorlik qilib yashashga majbur etadi. Bu hamkorlik madaniyatning integrativ va ahamiyati oshib borayotgani bilan izohlanadi. Birinchidan, davlat ijtimoiy manfaatlarni himoya qilish quroli bo‘lsa-da, u bu vazifani nafaqat kuch bilan, shu bilan birga, madaniy-marifiy targ‘ibot bilan ham amalga oshiradi. Ikkinchidan, davlat boshqaruvida oshkoralik, demokratizmning kengayib borishi davldat bilan xalq, kishilar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytiradi, natijada davlat haqiqiy xalq hokimiyati sifatida majburlash usullaridan, ko‘proq madaniy tarbiyaviy usullardan foydalanishga o‘tadi, Uchinchidan, madaniyat ijtimoiy taraqqiyotning mezoni, ko‘rsatgichi sifatida qaralayotgan hozirgi paytda davlat o‘z faoliyatini ko‘proq ijtimoiy-madaniy maqsadlarga yo‘naltirishi, faoliyatning natijalarini ham madaniy taraqqiyot bilan o‘lchashi zaruriyatga aylanadi. Ushbu omillar oxir oqibatda davdatning o‘zini ham madaniyatning integrativ xususiyatini ijtimoiy manfaatlar bilan uyg‘unlashuvini ta’minlovchi sub’ektga, buyurtmachiga aylantiradi.
Madaniyat kishining nafaqat ijtimoiylashuvini, jamiyat bilan integratsiyasini ta’minlaydi, unga betakror individual xususiyatlari va ijodiy kuchlarini namoyon etishga yordam beradi.
Ma’lumki, odam aqli, tafakkuri va ongiga muvofik “ikkinchi tabiat”ni yaratadi. Yaratish, ijod qilish orqali odam aqli, tafakkuri, ongi nimalar bilan bandligi va nimalarga qodirligini ko‘rsatadi. Ana shu joyda aql, tafakkur va ong madaniyatning tarkibiy qismi sifatida qatnashadi. Aql, tafakkur va ong shaxsning xulq-atvorini, boshqalar bilan bo‘ladigan munosabatlarini, axloqiy, intellektual salohiyatini ham belgilab beradi.
Shaxsning xulq-atvori va axloqi ma’naviy boylik sifatida madaniyatning darajasi hamdir. Chunki kishilar boshqalarning qanday xulq-atvorga egaligini uning jamiyatga, davlatga, u mansub bo‘lgan etnik birlikka, shug‘ullanadigan kasb-koriga, oilasi va boshqalarga bo‘lgan munosabatlariga qarab baho beradi. Individning kimligini begilab beradigan ana shu mezonlar, uning shaxs sifatida shakllangan yoki shakllanmaganligini belgilab beradi.
Albatta, biz kishilarning ijtimoiylashganlik darajasini bugungi kun talablari nuqtai nazaridan aniqlab olishga harakat qilamiz. Lekin har bir davr kishilarining ijtimoiylashganligi yoki uning teskarisini o‘sha davrda istiqomat qilgan kishilar orasidan yetishib chiqqan buyuk siymolarning jamiyat va kishilar madaniy hayotiga qo‘shgan hissalari, ya’ni muayyan davrning madaniy jihatdan yuksalganligi yoki tanazzulga uchraganligiga qarab baho bera olamiz. (Alimasov V. Yuqorida ko‘rsatilgan manba.143-144-betlar.)
3.Madaniyatning asosiy vazifasi insonning shaxs darajasiga ega bo‘lishida muhim rol o‘ynaydigan intellektual salohiyati va qobiliyatini tarkib toptirishdan iborat. Insonda shaxs darajasiga ko‘tarilish imkoniyati beqiyos, lekin hamma gap uning ana shu imkoniyatlarini yuzaga chiqarishda. Insonda boshqalarda mavjud bo‘lgan o‘ziga xos xususiyatlar bilan birgalikda, o‘zgalardan farqlanib turuvchi fazilatlar, qobiliyatlar ham mavjuddir.
Madaniyat ijtimoiy hodisa bo‘lsa-da u shaxsning invidual, ya’ni o‘zigagina xos bo‘lgan xususiyatlariga asoslanadi.
Madaniyat kishilarga tabiatdan berilmaydi, har bir individ o‘zining shaxsiy tajribasi asosida, mustaqil ravishda bevosita tevarak-atrofdagi kishilarning, jamiyatning va o‘tgan avlodlarning to‘plagan tajribalarini o‘zlashtiradi. Shaxs ijtimoiy amaliyot mahsuli bo‘lgan madaniyatni o‘zlashtirish bilan birga unga aks ta’sir etadi. Shaxsning shakllanish jarayonida madaniyatning moddiy dunyosi ham boyib boradi. Shuningdek, inson madaniy me’yorlarga amal qilgan holda nafaqat tabiat va jamiyatni, balki, shaxsiy «tabiati»ni ham o‘zgartiradi.
Madaniyat shaxsning ichki dunyosi mazmuniga, “ikkinchi tabiati”ga aylanadi. Shaxsning madaniyat bilan o‘zaro munosabati hech qachon to‘liq va uyg‘un bo‘la olmaydi. Ijtimoiy va individual hayot, shuningdek, madaniyat stixiyasi bir-biri bilan mos kelmasligi mumkin.
Inson umr bo‘yi madaniyat bilan chambarchas bog‘liq holda hayot kechiradi va usiz yashay olmaydi. U madaniy merosni o‘zida mujassamlash-tirgan holda, o‘zidan oldin yashab o‘tgan ajdodlarining ham moddiy, ham ma’naviy hayotiga nisbatan boyroq va har tomonliroq qiyofaga ega bo‘ladi, ijtimoiy jarayonlarni boshqacharoq tasavvur qiladi, jamiyat hayotining oldingi nisbatan o‘zgarishi, mazmunliroq bo‘lishining guvohi bo‘ladi, va agar shaxs sifatida shakllangan bo‘lsa, unga o‘z hissasini qo‘shadi.
Madaniyat doimo qadriyatlarning eng yirik zaxirasi, tajribalar xazinasi bo‘lib kelgan. Insoniyat avlodlari undan foydalanadilar va unga o‘z hissalarini qo‘shadilar. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, individ bilan madaniyat o‘rtasidagi munosabat murakkab jarayon hisoblanadi.
Individning ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishiga imkon beruvchi ruhiy-ijtimoiy va madaniy dunyoqarashi ijobiy yoki salbiy qarashlarning yig‘indisidan iborat bo‘ladi.
Insonga ishchanlik, fidoyilik, matonat, o‘tkir zehn bilan birga kaltafahmlik, yalqovlik, shafqatsizlik, o‘z manfaatlarini to‘g‘ri tushuna olmaslik, haqiqiy qadriyatlarni soxtasidan ajrata bilmaslik illatlari ham xosdir. Shuning uchun madaniyatni nafaqat qadrlash va saqlash, balki tanqidiy o‘rganish talab etiladi. Qayd etilgan omillar ta’sirida muayyan ishlab chiqarish usuli hukmronligi sharoitidagi tarixan tarkib topgan ijtimoiy va madaniy muhitda jamiyat bilan individ o‘rtasida nisbatan o‘zgaruvchan muvozanat bo‘ladi. Bu muvozanatning hosil bo‘lishida madaniyatning ishtiroki salmoqlidir. Madaniyat shaxsga ta’sir etadi va uning psixologik holatini shakllantiradi, shaxsning xarakterida va dunyoni bilishida muqim o‘rnashib qoladi.
Shaxs madaniyat bilan quyidagi sohalarda munosabatda bo‘ladi: birinchidan, madaniyat ta’sir etish ob’ekti sifatida uni o‘zlashtiradi; ikkinchidan, madaniy qadriyatlarni tashuvchi va ifodalovchisi sifatida konkret madaniy muhitda faoliyat ko‘rsatadi; uchinchidan, madaniy ijodiyot sub’ekti sifatida madaniyatni rivojlantiradi.
Madaniyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, uning shaxs hayotida tutgan o‘rni to‘g‘risidagi mulohazalarimizga xulosa qilib, shuni aytish mumkinki, tabiat stixiyali qonuniyatlar asosida rivojlanib borsa, insonning ichki dunyosi, ya’ni ichki “tabiati”ni shakllantirish maqsadli, ya’ni muayyan maqsadga yo‘naltirilganlik asosida tashkil etilishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, kishilar tabiiy jarayonlar va jamiyat hayotida stixiyali tarzda sodir bo‘lib turadigan voqealar, hodisalar hamda jarayonlarni tartibga keltirishga, ularga moslashishga, o‘zlariga zarar keltiruvchi tomonlariga iloji boricha barham berishga yoki ulardan o‘zlarining manfatlari yo‘lida foydalanishllari mumkin. Bunda madaniyat insoniyatga shunday imkoniyatni yaratuvchi muhim vositalardan biri bo‘ladi.
Shaxs bilan jamiyatning o‘zaro munosabatlari turli tarixiy davrlarda turlicha shakllanib, shaxs madaniyati jamiyat madaniyatini berganidek, jamiyat madaniyati ham shaxs madaniyatini belgilab beradi. Har bir jamiyat shaxs madaniyatini kamol toptirishda o‘zining me’yoriy qadriyatlarini belgilaydi va shaxsning ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlaydi.
Ma’lumki, shaxs madaniyati jamiyat madaniyatini belgilab beradi. Darhaqiqat, ibtidoiy davrdan bugungi kungacha bo‘lgan insoniyat tari va uning madaniyatini tahlil qilib ko‘radigan bo‘lsak, kishilar ong-tafakkuri qanchalik yuksalib borsa, ular tomonidan yaratiladigan madaniy boyliklar ham shunchalik darajada murakaalashib, turlituman ko‘nishglarga ega bo‘la borgan. Chunki har qanday jamiyat shaxs madaniyatini belgilab berish, shuningdek uning qay shaklada mavjud bo‘lish, qay tarzda ularga amal qilish tartib-qoidalarini insoniyatning o‘zi tomonidan vujudga keltirilgan jamiyatning o‘zi belgilab beradi. Ijtimoiy organizm hisoblanuvchi jamiyatning o‘zi shaxs madaniyatini kamol toptirish yo‘llari, hamda me’1rlarini nafaqat belgilab beradi, balki kishilarning madaniyat bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlab beradi.
Jamiyatdan tashqarida madaniyat mavjud emas. Ijtimoiy munosaatlardagi har qanday o‘zgarish madaniyatga ta’sir etmasdan qolmaydi va madaniyatda ijtimoiy jarayonlar, ya’ni jamiyat hayotida sodir bo‘layotgan voqea hamda hodisalar, shu jumladan kishilar tafakkurida o‘zgarishlar ham o‘z ifodasini topadi. Madaniyatda o‘z ifodasini topuvchi ijtimoiy munosabatlar kishilarning boshqa kishilarga, shuningdek, ularning tabiatga, jamiyatga, o‘zlari mansub millat va boshqa etnik birliklarga bo‘lgan munosabatlarida ko‘zga tashlanib turadi.

Yüklə 1,76 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   62




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin