Aynan ana shu talablar, eng avvalo, bo‘lg‘usi mutaxassislarning madaniyat nazariyasi va tarixiga oid bilimlar bilan tanish bo‘lishlarini talab qilmoqda



Yüklə 1,76 Mb.
səhifə37/62
tarix29.04.2023
ölçüsü1,76 Mb.
#104855
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   62
Мадан.наз.ва.тар.ўқув.қўл. янги вариант. 11.12.22. (восстановлен) (восстановлен)

Shomonizm – tunguscha, “saman” so‘zidan olingan bo‘lib, “hayajonlanish”, “jazavaga tushish” kabi ma’nolarni ifodalaydi. Mazkur atama rus istilochilarining Sharqiy Sibirni istilo qilishi, ya’ni Amur daryosining chap irmog‘ida istiqomat qiluvchi oltoy tillari oilasiga kiruvchi tungus-manchjur guruhiga mansub tildagi “saman” so‘zidan olingan. Keyinchalik mazkur atama rus istilochilari orqali butun Sibirga, XVIII asrga kelib esa Yevropa xalqlari orasida tarqalgan va ilmiy atamaga aylangan.
Shaman (shomon) aslida Uzoq Sharqdagi qadimgi qabilalarning ruhoniysi hisoblangan. Qabilalarda boshqalarga nisbatan farqlanib turuvchi, ya’ni jazavaga tushish orqali kishilarning tasavvurdagi g‘ayri-tabiiy kuchlarga qarshi turuvchi, ko‘zga ko‘rinmas yovuz kuchlar hujumidan muhofaza qiluvchi, ayrim bemorlarni esa, jazavaga tushish, ya’ni g‘ayri-tabiiy harakatlarni amalga oshirish orqali davolavchi ayrim kimsalarga nisbatan ishlatilgan.
Ibtidoiy meditsina davolashning folbinlik, sehrgarlik va jodugarlik usullariga asoslangan.
Ibtidoiy odam o‘zini tabiatdan ajratmagan va tabiat kuchlari va hodisalarini bir narsa deb hisoblagan. Ibtidoiy jamoa tuzumi davridagi diniy tasavvurlarning ilk shakllari – totemizm, animizm, fetishizm, magiya va shomonizm vujudga kelgan. Musiqa, raqs va xalq og‘zaki ijodi.
Ma’naviy madaniyatning ko‘rinishlaridan biri ibtidoiy san’at ham odamning mehnat faoliyati bilan uyg‘un holda vujudga kelgan. San’at qadim-qadimda kishilarning mehnati jarayonida yuzaga keldi va rivojlandi. Inson madaniyati taraqqiyot olamiga qadam qo‘ydi. San’atning yuzaga kelishi insonning ob’ektiv voqelik to‘g‘risidagi bilimlarining chuqurlashishiga, o‘z avlodi tajribalaridan bahramand bo‘lishga olib keldi. Bu uni tabiat kuchlariga qarshi kurashishga da’vat etdi, uning aqliy kamoloti, estetik qarashlari rivojini jadallashtirdi. (Qarang: N.Abdullaev. San’at tarixi.)
Ibtidoiy san’at xilma-xil bo‘lib, quyidagi turlarga bo‘linadi:
1) Suyak, tosh parchasi, kulolchilik buyumlariga chizilgan belgilar. Ularga odam, hayvon va har xil narsalarning tasvirlari tushirilgan.
2) G‘or devorlariga har xil ranglar bilan ishlangan hayvon, odam va buyumlar, shuningdek, ov, mehnat, jang va boshqa manzaralar tasvirlari tushirilgan. Bunday tasvirlar Sahroi Kabir (Tassili Ajer qoya toshlari), Markaziy Osiyo (Surxondaryo, Farg‘ona, Nurota tog‘lari,), G‘arbiy-Janubiy Yevropa(Ispaniya)da ko‘plab uchraydi. Markaziy Osiyo hududidan topilgan ibtidoiy davrga oid, masalan, Zaravutsoy (Surxondaryo), Seymalitosh (Farg‘ona) suratlari mashhurdir. Bu suratlarda ovchilarning hayvonlarga hujumi aks ettirilgan. Zaravutsoydagi niqob kiyib, o‘ljasiga yaqinlashayotgan ovchilarni aks ettirgan surat ibtidoiy davr hayotining ma’naviy dunyosini bilishga xizmat qiladi.(Qarang: Abdullaev N.U. «San’at tarixi» Tema 1. Toshkent, O‘qituvchi, 1986 y. (5-19 betlar)
3) Qoya toshlarga o‘yib, chizib, ishqalash usuli bilan ishlangan tasvirlarda hayvon, buyum, qurollar va ibtidoiy kishilarning kundalik mehnati bilan bog‘liq manzaralar o‘rin olgan. Qoya tosh tasvirlari Osiyo, Afrika va Yevropada ko‘p uchraydi.
4) Arxaik san’at turlaridan yana biri haykaltaroshlik ham urug‘chilik jamoasining rivojlangan davrida paydo bo‘lib, asosan ayollar, qisman erkaklar, shuningdek, hayvonlarning haykalchalari ishlangan. Bunday haykalchalar, suyak, tosh va boshqa narsalardan tayyorlangan. Haykalchalarda ibtidoiy mehnat va e’tiqod ramzlari tasvirlangan. Odam tasviri, ayniqsa, ayollar haykali paleolit davrida keng uchraydi. G‘arbiy Yevropadan (Avstriya) topilgan “Villendorf Venerasi” deb nomlangan haykal mashhurdir.
5) Ishlab chiqaruvchi xo‘jalik (neolit) faoliyati bilan bog‘liq sopol buyumlarga chizilgan rasmlarda oddiy chiziqlar, hayvon va o‘simlik tasvirlari uchraydi.
6) Ibtidoiy san’at turlaridan biri – niqoblar qadimgi odamlarning ovchilik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, niqob tutib hayvon qiyofasiga kirgan, hayvonlarni qo‘rqitib o‘zlarini himoya qilgan. Niqoblardan marosim va udumlarda foydalangan.
7) Musiqa, qo‘shiq, o‘yin ibtidoiy san’at turlari hisoblanib, ibtidoiy odamlar urib, chertib, puflab chaladigan asboblarni kashf qilishgan.
8) Xalq og‘zaki ijodi-asotir, rivoyat va afsonalar ham ibtidoiy davr mahsuli bo‘lib, ibtidoiy odamning turmushi, o‘y-fikrlari va kayfiyatini ifodalagan, diniy tasavvurlarning shakllanishiga asos bo‘lgan.
Umuman, ibtidoiy san’at kishilarning dastlabki umumiy ijodi bo‘lib, u odamlarning mehnat faoliyati, ichki ruhiy kechinmalari va diniy tasavvurlari bilan uyg‘un bo‘lgan. Aytish mumkinki, diniy tasavvur va e’tiqod shakllari madaniyatning moddiy va ma’naviy turlarining rivojiga samarali ta’sir ko‘rsatgan.
Gominidning uch million yillik evolyusiyasi nihoyasidagi kuchli evrilish natijasida anglash, nutq, din, san’atning soda shakllari vujudga keladi. Arxaik madaniyatning xususiyati haqida uni haqli ravishda «gomo sapiens» yaratganligiga etnografik va arxeologik ma’lumotlarga asoslanib tasavvur qilish imkoniyatlari mavjud. Ibtidoiy odamning tabiat hodisalarini bilishga, o‘z to‘dadoshlari bilan muloqotga kirishishga, o‘zlarining fikrini uqtirishga bo‘lgan intilishlari, ularning o‘ta soda shakldagi fikrlash qobiliyatining vujudga kelishiga turtki bergan. Ibtidoiy odamlar o‘zlarining fikrlarini yetkazib berishda, asosan, qo‘l, gavda harakatlari va yuz mimikalaridan foydalanganlar.
Ibtidoiy odam asta-sekin tashqi dunyoning turli hodisalari tasavvurida tiklay boshlagan, jarayonlarning bir-biriga bog‘liqligini anglay borgan. U issiq va sovuqni, to‘q va ochlikni, yaxshi va yomonlikni yoruhlik va qorong‘ulikni his qilish barobarida ularni bir-biridan ajrata borgan. Hodisalarning ro‘y berishini kuzata boshlagan. Rus olimasi Olga Freydenberg(1890-1855)ning fikricha, unda kuzatish ta’suroti ustun bo‘lgan. Ibtidoiy odamning ta’sirchan, aniq tasavvuri hali hodisalarni umumlashtirish qobiliyatidan yiroq edi. U tevarak-atrofdagi voqea hodisalarning mohiyatini tahlil qilmasdan faqat yuzaki qayd qiladi, narsa va jarayonlarga, ularning xususiyatiga bir xil yondashgan. Ibtidoiy tafakkur uchun sababiy bog‘lanishlar o‘ta shartli bo‘lib, qandaydir hodisaning sababi tez-tez qaytarilib turilishi natijasida vaqt o‘tishi bilan ularni idrok eta boshlagan. (Freydenberg O. “Mif i literatura drevnosti”. 2-ye izd., — M.: Izd. firma «Vost. lit.» RAN, 1998. C .89)
Ibtidoiy tafakkur real voqelikdan ancha uzoq bo‘lgan. Ibtidoiy tafakkurning asosini moflogik obrazlar tashkil etgan. Albatta, ob’ektiv borliqning sirli ko‘rinishi mifologik dunyoqarash shakllanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan bo‘lsa, o‘z navbatida, mifologik dunyoqarash ham ob’ektiv dunyoni o‘ziga xos tarzda, ya’ni sir-sinoatga to‘la shaklda tasvirlay olgan.
Ibtidoiy davrda inson uchun zarur bo‘lgan barcha bilim va tasavvur faqat namoyish qilish usulida berilgan. Shuning uchun ibtidoiy madaniyatda marosimiy harakatlar ustunlik qilgan. Marosim-aniq va maqsadli faoliyat bo‘lib, uning amalga oshuvi ijtimoiy guruhlar nuqtai nazaridan o‘zlari uchun zarur bo‘lgan iste’mol vositalari kabi shaxsiy hayotini saqlab qolish uchun ham o‘ta muhim hisoblangan. Marosim orqali beriladigan ma’lumotlar so‘z orqali izohlanmaydi, balki xatti-harakatlarda o‘z ifodasini topadi. Marosimiy harakatlarda ishlab chiqarish faoliyati ham, bilim ham, sehr- jodu ham, san’at ham aralash holda bir butunlikda namoyon bo‘ladi.
So‘ngi paleolit davriga kelib, animistik e’tiqodlar va sehr-jodu ma’naviy madaniyatning negizi sifatida qat’iy ravishda rasmiylashgan. Qadimgi diniy e’tiqodlarda tabiatning tashqi ko‘rinishi ham, kishilik jamoasi haqida tasavvurlar ham hayvonlar, o‘simliklar, toshlar, ya’ni ibtidoiy odamning diqqat markazida turgan barcha narsalar ibtidoiy odam tafakkurida o‘zaro uyg‘unlashib kelgan.
Ibtidoiy odamlarning ruhlar va jonlar to‘g‘risidagi tasavvurlari sehrgarlik, ya’ni magiyada umumlashib kelgan.
Sehrgarlikning eng qadimgi turlaridan biri ovchilik sehrgarligi hisoblanadi Shu boisdan ibtidoiy odamlar ovlamoqchi bo‘lgan hayvonni sehrlab qo‘yish maqsadida ov oldi sehrgarlik harakati – raqs harakatlarini bajarganlar. Dastlabki sehrgarlik harakatlari mazmunida totemizm –hayvonlar ajdodiga topinish to‘g‘risidagi tasavvurlar mujassamlashib keladi. Buni quyidagi misol orqali isbotlash mumkin. Afrikadagi Mali respublikasida yashovchi Dogon qabilasi orasida quyidagi rivoyat hanuzgacha saqlanib qolgan. Go‘yoki, Dogon qabilasi timsohlar yashaydigan daryo bo‘yida istiqomat qiladilar. Lekin ular yashaydigan o‘rmonda odamxo‘r qabila ham istiqomat qiladi. Kunlardan bir kun odamxo‘rlar ularga hujum qilishadi. U mushkuo ahvolga tushib qolishadi. Daryoda kechib o‘taylik desa, timsohlarga yem bo‘lishadi. O‘rmonga qochadigan bo‘lishsa, odamxo‘rlarga yem bo‘lishadi. Odamxo‘rlarga yem bo‘lishdan ko‘ra, timsohlarga yem bo‘lishni afzal ko‘rishadi va daryo tomonga qochishadi. Daryoda suzib yurgan timsohlar yonma-yon tizilishib ko‘prik hosil qilishadi va ularning daryoning narigi tomoniga o‘tib olishlariga yordam berishadi. Ularning daryodan o‘tib olishlari bilan timsohlar tarqalishib ketishadi. Mazkur voqeadan so‘ng mazkur qabila timsohlarni o‘zlarining qarindoshlari, kelishib chiqishini bir deb, ularga sig‘ina boshlaydilar. Ana shu tasavvurga binoan mazkur qabila hozirgi kungacha o‘zlarining bayramlarida timsoh niqoblarini yuzlariga kiyishib timsoh harakatlarini bajarishadi. (Gromыko A.Maski i skulptura Tropicheskoy Afriki. M.: 1985.
Ibtidoiy jamoaning turmushi, ovqilish jarayoni, boshqa qabilalarga qarshi kurashi, hayvonlarni tutib yeyishi, bolaning tug‘ilishi va inson o‘limi – umuman inson hayotinining barcha tomonlari magik harakatlarni amalga oshirish orqali bajarilgan.
Sehr-jodu orqali amalga oshiriladigan harakatlar nafaqat ob’ektiv hayot hodisalarini, shuningdek, ibtidoiy odam tafakkurida gavdalangan, lekin tabiat hodisalarining asl mohiyatini ifodalab bera olmaydigan sehrli va afsonaviy tushuncha hamda tasavvurlarda ham o‘z ifodasini topgan. Aynan, ibtidoiy odamlar tasavvurida shakllangan dunyoqarashning ayrim jihatlari hozirgi kunimizda tashqi dunyoni tasavvur qilishning zamonaviy ko‘rinishlari - diniy, badiiy va ilmiy tafakkurda ham o‘z izini saqlab kelmoqda.
Ibtidoiy odamlar o‘zlarining tasavvurlarini suyakka chizish va naqsh solish, kichik haykal – terrakota haykalchalar yasash, bo‘yoqli hoshiyalar chizish, g‘or devorlariga betartib chiziqli shakllar tushirish orqali ifodalashga harakat qilganlar. G‘or devorlariga tabiiy jarayonlar, aniqrog‘i, ibtidoiy odam tasavvuridagi real hayotiy jarayonlar aks ettirilgan. G‘orlar, qoyatoshlar va suyaklarga tushirilgan tasvirlarining ko‘pchiligida insonning yashashi uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat manbai – ov qilish ob’ekti hisoblangan jonivorlarning suratlari tushirilgan.
Paleolit kishisining tasvir faoliyatida nafosat uyg‘unligi yoki rasm yozuvlar (piktografiya) emas, balki tasvirni «fotografik» tarzda ifodalash ustun bo‘lgan. Bu tasvirlar marosim tafsilotlaridir. Paleolit davrida san’at hayotiy zaruriyat vazifani bajargan. U kishiga mislsiz kuch baxsh etib, tirik mavjudot va narsalardagi ma’nisizlikka»sehr baxsh» etish imkonini yaratgan. Ibtidoiy odam chizilgan tasvirga jonivorlarning joni o‘tadi, shu tufayli ularga ta’sir qilish mumkin deb o‘ylagan. Arxaik san’at insonni hayvonlar ruhiyati bilan qiziqishida alohida vosita bo‘lib, unda haqqoniyat va marosim uyg‘unlashib ketadi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Gromыko A.Maski i skulptura Tropicheskoy Afriki. M.: 1985.
2.Jo‘raev H., Saidjonov Y. Dunyo dinlari tarixi. T.,Sharq. 1998.
3.Kosven M.Ibtidoiy madaniyat tarixidan ocherklar. T., 1960.
4.Mejuev V.M.Kultura i istoriya. M., 1991.
5.Taylor E.Pervobыtnaya kultura. M., Politizdat. 1989.
6.Terner V.Simvol i ritual. M.: 1983.
7.Toynbi A.Postijenie istorii. M., 1991.
8.Freydenberg O. “Mif i literatura drevnosti”. 2-ye izd., — M.,
“Vostochnaya literatura. 1998.
9.Frezer Dj.Zolotaya vetv. M., 1986.


Takrorlash uchun savollar.
1.Ibtidoiy davr madaniyatining bosqichlari qaysi davrlarni o‘z ichiga oladi?
2.Ibtidoiy davrning Shel va Ashel davrlari madaniyatining xususiyatlari nimalarda o‘z ifodasini topgan?.
3.Ibtidoiy davrning Muste va Orinyak-Salyutr davri madaniyatining o‘ziga xos xususiyatlari.
4.Madlen madaniyati bosqichi boshqa davrlardan nimasi bilan farqlanib turadi?
5.Ibtidoiy diniy tasavvurlari, ularning kelib chiqishi to‘g‘risida o‘z fikringizni bayon eting.
6.Ibtidoiy davr san’atining kelib chiqishiga nimalar ta’sir ko‘rsatgan?
15-mavzu. Qadimgi Sharq madaniyati: Qadimgi Misr madaniyati
va san’ati. (2 soat)
Reja:
1.Qadimgi Misr madaniyatining vujudga kelishi va uning o‘ziga xos xususiyatlari.
2.Qadimgi Misrliklarning diniy dunyoqarashi.
3.Misr piramidalari - dunyoning yetti mo‘jizasidan biri.
4.Qadimgi Misr yozuvi va adabiyoti.
5.Qadimgi Misrning ta’lim tizimi va fanlarning rivoji.
Qadimgi Misr ham jahon madaniyatining eng qadimgi o‘choqlaridan biri bo‘lib, unda ham ilk madaniy yodgorliklar eramizdan avvalgi to‘rt ming yillikning boshlarida vujudga kelgan.
Qadimgi Misr madaniy yodgorliklarida ham xalq donishmandligining hamma turlarida o‘sha davrdagi yuktimoiy, iqtisodiy hayot, tabiat hodisalariga munosabat kishilarning ijimoiy, siyosiy, ahlokiy, huquqiy, ularning sintezi bo‘lgan falsafiy qarashlarida o‘z ifodasini topgan.
Qadimgi Misrda odamlar paleolit davridan boshlab yashaganlar. Miloddan avvalgi X—VI ming yillikda Nil daryosi bilan tutashgan serunum yerlarda tarqoq holda yashagan qabilalar terimchilik, ovchilik, keyinroq esa baliq ovlash bilan shug‘ullanishgan. Ular orasida kadimgi som xalqlariga mansub qabilalar, barbarlar va kushitlar bo‘lib, ularning aralashuvidan miloddan avvalgi IV-ming yillikda Misr xalqi vujudga kelgan. Aholi sonining ko‘paya borishi, ularning chorvachilik va dehqonchilikka o‘tishini tezlashtirgan, bu esa hududiy jamoalarning paydo bo‘lishiga olib kelgan.
Nil vodiysida paleolit davridayoq mehnat qurollari yaratilgan. Keyinchalik neolit davrida (miloddan avvalgi V-ming yillik) aholi ovchilikdan chorvachilik, so‘ngra dehqonchilikka o‘tishi bilan tosh, suyak va yog‘ochdan ishlangan dastlabki qishloq xo‘jaligi asboblari— cho‘kich, o‘roq va boshqa paydo bo‘lgan. Miloddan avvalgi IV-ming yillikdan boshlab, mis ishlatila boshlangan, kulolchilik dastgohi paydo bo‘lgan. III-ming yillikdan shishasozlik rivojlana boshlagan. II-ming yillikdan jezdan foydalanila boshlangan.
Miloddan avvalgi II-ming yillik o‘rtalariga kelib esa, temirdan keng ko‘lamda foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Misrliklar oltin va kumushdan haqiqiy san’at asarlarini yaratganlar. Sun’iy sug‘orishdan keng foydalanilgan, kanal va to‘g‘onlar bunyod etilgan. Yuqoriga suv chiqarish uchun laylak (havoza-shaduf), chig‘ir (sakkis)dan foydalanishgan. Ilk podsholik davrida omoch paydo bo‘lgan.
Dehqonchilik qilish ehtiyojining orta borishi kanallar, to‘g‘onlar qurish zaruriyatini vujudga keltirgan. Suv inshootlarining kengayishi o‘z navbatida dehqonchilik, so‘ngra shaharsozlikni rivojlantirish ehtiyoji yanada kuchaytirgan. Yildan yilga oshib borayotgan ana shu ehtiyojlar misrliklarni boshqa hududlarni bosib olishga da’vat eta boshlagan. Boshqa hududlarni bosib olish esa, asir tushgan qullarning mehnatidan foydalanishga yo‘l ochib bergan.
Mazkur harakatlar jamiyatning ijtimoiiy tabaqlanishiga katta yo‘l ochib berib, urug‘ zodagonlari ajralib chiqqan, qabila sardorlari podshohlarga aylangan. Bir qancha mayda quldorlik davlatlari vujudga kelgan. Keyinchalik ular o‘rtasidagi kurash natijasida, shimolida Quyi Misr, janubida Yuqori Misr podsholiklari paydl bo‘lgan. Miloddan avvalgi taxminan 3 ming yillikka kelgach, ikkala podsholik birlashib, yagona davlatchilik barpo etilgan.
Miloddan avvalgi XVI-XI ming yillar oralig‘iga kelib, bronzadan keng ko‘lamda foydalanila boshlan, temirdan ishlangan dastlabki buyumlar paydo bo‘lgan, metallsozlik, to‘qimachilik dastgohlari va omoch takomillashtirilgan, g‘ildirakli aravalar keng tarqalgan, shishasozlik rivojlangan.
Shuningdek, qadimgi Misrliklar quro-yaroqlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, haykalchalar yasashda boshqa materiallardan - tosh, suyak chig‘anoq yog‘och, tog‘ jinslari, loy, teri va boshqalardan ham foydalanganlar. Masalan ular toshdan boltalar, poyteshalar, o‘q uchlari, xususan fil suyagidan taroq, qoshiq, tumorlar, chig‘anoqdan esa qarmoqlar yasaganlar. Yog‘ochdan bumerang yasagan bo‘lsalar, teridan savat va matolar to‘qiganlar. Loy esa turar-joy qurishning asosiy materialiga aylangan. Davlatchilikning vujudga kelishi diniy etiqodlarning mustahkamlanishiga va hukmdorlarni ilohiylashtirishga, o‘z navbatida, tasviriy san’at va arxitekturaning yanada yuksalishiga olib kelgan.
Tarixchilar qadimgi Misr tarixini quyidagi to‘rtta asosiy davrga bo‘lib o‘rganadilar. 1-davr, “Ilk podsholik” deb nomlanib, ta’minan miloddan avvalgi 3000 ming yillikdan 2800-yillargacha bo‘lgan oraliqni; 2-davr, “Qadimgi podsholik” deb atalib, miloddan avvalgi taxminan 2800—2250 yillarni; 3-davr, “O‘rta podsholik” deb atalib, miloddan avvalgi taxminan 2050—1700 yillarni; 4-davr esa “Yangi podsholik” deb nomlanadi va o‘z ichiga miloddan avvalgi 1580—1070 yillarni qamrab oladi.
Qadimgi Misrliklarning diniy qarashlari. Tarix fanining otasi deb tan olingan Gerodot, “Misrliklar – favqulodda dindor kishilar, insoniyatning qolgan qismiga qaraganda ancha dindor”, deb bejiz ta’kidlamagan edi.
Misrliklar dini ilk urug‘doshlik jamoalarida vujudga kelgan. Diniy an’analar mustahkam va turg‘un bo‘lgan. Fetishizm, totemizm ayniqsa, hayvonlarga topinish, Misrda uzoq vaqt davom etgan. Politeizm(ko‘p xudolik) dini mavjud bo‘lgan. Deyarli har bir ma’bud qandaydir hayvon ko‘rinishida tasvirlangan. Macalan, Anubis ma’budi bo‘ri, ma’buda Bast — mushuk ko‘rinishida tasvirlangan. Keyinchalik ma’budlar insoniy qiyofani ola boshlaganlar.
Qadimgi Misrliklarning hayvonlarga sig‘inishi qadim-qadimga borib taqaladi. Chunki har bir qabilaning o‘z totemi: birorta buyum, o‘simlik va turli xil hayvonlarga e’tiqod qilishi mavjud bo‘lgan.
Bundan tashqari qadimgi Misrda ko‘plab yirtqich va uy hayvonlariga, turli xil qushlar, suv jonzotlari va hatto, hashoratlarga ham sig‘inish keng yoyilgan. Misrning har bir “sepat” (viloyag)larining o‘z muqaddas hayvonlari bo‘lgan. Masalan, Fayum vohasida timsoh ilohiylashtirilgan.
Misrliklarning tasavvuriga ko‘ra suv ruhlari va parilar makoni. Ularga suv girdobi xudosi hisoblangan timsoh boshli Sabk podsholik qiladi. Shu boisdan timsohni ovlash man qilingan. Timsohlarning bolalari ibodatxonalardagi maxsus hovuzlarda boqilgan. O‘lgan timsohlarni mo‘miyolashib, so‘ngra dafn qilishgan. Tenis, Memfis va Esna shaharlarida urg‘ochi sher - ma’buda Soxmetga, Buto shahrida zaharli ilon-ma’buda Uajitga, Mendes, Germopol va Likopol shaharlarida esa muqaddas echkiga e’tiqod qilganlar. Mushukka ozor berish eng katta jinoyatlardan biri deb hisoblangan. Ba’zi hollarda hayvonlar orasidan bittasini tanlab olishib (boshqalardan ajaratib turadigan belgilarga ega bo‘lganini), uni ilohiylashtirganlar. Masalan, ho‘kizni ilohiylashtirganda, tanlab
olingan ho‘kizning ranggi, dumidagi juni va boshqa ayrim tashqi belgilari boshqalaridan ajralib turishi shart bo‘lgan. Tanlangan ho‘kiz - xudo Apisni Memfisdagi maxsus ibodatxonaga olib kelishib, uning ilohiy ekanligini e’lon qilganlar. Ho‘kiz o‘z umrini yashab bo‘lgach, uni maxsus sag‘anaga dafn qilganlar va butun aholi motam tutgan. So‘ngra oldingi ho‘kizga o‘xshash belgilarga ega bo‘lgan yangisi qidirilgan. Yangi xudo Apis topilgach, motamning tugaganligi e’lon qilingan va tantanalar boshlangan.
Vaqtlar o‘tishi bilan hayvonlar ramzidagi xudolarga etiqod qilish
podshohlik ramziga aylanib, ularni muqaddaslashtirishga zamin yaratilgan. Natijada timsoh, lochin, ilon, ho‘kiz, sher va boshqa ilohiy hisoblangan hayvonlar podshoh homiylariga aylangan. Bu ilohiy . hayvonlar podshoh -toji - bosh kiyimida o‘z aksini topgan. To‘g‘ri podshohlarni ilohiylashtirishga hayotda ro‘y berib turuvchi siyosiy voqealar va siljishlar, ijtimoiy taraqqiyot jarayoni, ijtimoiy- iqtisodiy hodisalar ham kuchli ta’sir ko‘rsatmasdan qolmagan.
Aholi dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullana boshlagach, turli xil tabiat kuchlarini o‘zida ifodalovchi ma’budlarga, jumladan, osmon ma’bud (Nut), Yer ma’budasi (Geb), Quyosh ma’budi (Ra), Oy ma’budasi (Tot) va boshqalarga sig‘inish kuchaygan. Dehqonchilikning yuksala borishi Nil darayosi xudosi Xapiga sig‘inishga olib kelgan. Misrda juda ko‘plab diniy va jodu kitoblari yaratilgan. Afsunlar, duolar, sharxlar, ma’budlarga iltijolar to‘plamlari, masalan, „Ehrom matnlari“, „Sarqofa matnlari“, „Murdalar kitobi“ va boshqalar vujudga kelgan. Qadimgi Misr ilohiyotichilik ta’limoti antik dunyo boshqa hududlariga keng tarqalib boshqa diniy e’tiqodlarga, shu jumladan xristian aqidalari, urf-odatlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.
Qadimgi Misrliklar tabiatning stixiyali kuchlari, ayniqsa, Nil daryosining tez-tez toshib katta kulfatlar keltirishidan dahshatga tushishib, suv xudosi Nunga, Nil daryosi xudosi Xapiga e’tiqod qilganlar. Ularning tasavvuriga ko‘ra, Xapi xudolarning eng yirigi, barcha narsalarni yaratib, odamlarga hayot baxsh etish uchun doimo toshib o‘zidan keyin serunum tuproq qoldiradi.
Shuningdek misrliklar Quyoshni ham ilohiylashtirganlar. Quyoshni ham ofat keltiruvchi kuch, ham butun tirik mavjudod uchun zarur bo‘lgan issiqliq va yorug‘lik manbai deb tasavvur qilganlar. Quyosh xudosini Ra deb ataganlar va qoq o‘rtasiga nuqta qo‘yilgan doira shaklidagi ieroglif belgisi bilan yozganlar. V dinastiya fir’avnlari Quyosh xudosiga atab hashamatli iboatxonalar qurishib, unga topinish marosimini o‘tkazganlar.
Qadimgi Misrliklarning diniy e’tiqodlari tarixida Fir’avnlar, hamda bosh kohinlarning roli benihoya katta bo‘lgan. Ular barcha mulk, yer va fuqarolarning egasi hisoblangan. Natijada, Fir’avnlarni ilohiylashtirilgan kuchaygan va ular mutlaq hokimiyat egasi sifatida tan olingan. Ularni ilohiylashtirish uchun mahobatli arxitektura inshoatlari – dastlab mastabalar, so‘ngra ulkan piramidalar, bir muncha vaqt o‘tgach, bir qismi yer ostida joylashgan maqbaralar barpo etilgan. Bu ayniqsa III —IV sulolalar davrida (Xeops, Xefren, Mikerin va boshqa ehromlar qurish avj olgan. Ularni bunyod etishda qul va dehqonlar mehnatidan keng foydalanilgan.
Kohinlar va zodagonlarning mavqeini pasaytirish maqsadida Amenxotep IV (Exnaton) mayda va o‘rta yer egalariga tayangan holda diniy islohotni amalga oshirgan. Xususan, eski ma’budlarga sig‘inish bekor qilinib, yagona quyosh ma’budi — Atonga sig‘inishni joriy qilgan. Exnaton o‘z qarorgohini yangi qurgan shahri Axetatonga (hozirgi Al-Amarna) ko‘chirgan.
Misrliklar dunyoqarashining murakkablashuvi har bir hudud va shaharlarining o‘z xudolari to‘g‘risidagi tasavvurlarning vujudga kelishiga sabab bo‘lgan. Qadimgi Misrliklar tasavvuriga ko‘ra, Atum butun borliqning ibtidosi va abadiy birligini ifodalagan, O‘z navbatida Atum o‘zini o‘zi urug‘lantirishi natijasida havo xudosi Shu va namlik xudosi Tefnutni dunyoga keltiradi.
Shu va Tefnutning nikohidan osmon xudosi Nubni va yer ma’budasi Geb yuzaga kelgan. Ularning qo‘shiluvi natijasida Isida va Neftida, Osiris va Set yaratilgan. Ana shu to‘qqizlik misrliklar tomonidan ilohiylashtirganlar. Beshinchi sulola davriga kelib Atum va Ra qo‘shilib yagona xudo shakliga keltiriladi. Fivaliklarning taxt tepasiga kelishi diniy qarashlarga ayrim o‘zgarishlar, ya’ni ular e’tiqod qiladigan xudo Amonga Ra ham qo‘shiladi. Natijada yagona xudo Amon-Ra paydo bo‘ladi. Misrliklar xudolarining asta-sekinlik bilan birga qo‘shiluvi ularning diniy bag‘rikenliklaridan dalolat beradi.
O‘limni boshqa dunyoda yashash deb tasavvur qilish qadimgi misrliklar
diniy dunyoqarashining asosiy xususiyati hisoblangan.
Dastalbki paytlarda marhumni teriga, qamish chipta yoki matoga o‘rab; xuddi uxlab yotgandek, bukchaytirgan holda dafn qilganlar. So‘ngra boy amaldor va kohinlarni kursisimon maqbara – “mastaba”larga dafn qilish rasm bo‘lgan. Fir’avnlar esa („Fir’avn” so‘zi aslida majoziy ma’nodagi „Ulug‘ uy” ma’nosini anglatadi), o‘zining qudratini namoyish qilish va u dunyodagi mustahkam joyga ega bo‘lish uchun o‘ziga atab ulkan piramidalar, mil. avv. II ming yillik o‘rtalariga kelib esa yer osti maqbaralarini qurdirganlar.
Fir’avn vafot etgach, uning narigi dunyodagi umrini yanada „uzaytirish” uchun jasadni mo‘miyolash odat tusiga aylangan Mo‘miyolashdan oldin jasadning ichki a’zolari olinib, maxsus idish “kanop”ga solib qo‘yilgan. Tanani xushbo‘y qatron solingan idishda 70 kungacha saqlaganlar. So‘ngra jasadni oltindan yasalgan yoki oltin plastinka bilan qoplangan, turli qimmatli toshlar bilan bezatilgan tobut (sarkofag)ga solganlar. Fir’avnning jasadi saqlanadigan xonaga tirikligida foydalangan barcha narsalarni birga ko‘mishdan tashqari, xonaning devorlariga tiriklik davridagi hayotidan lavhalar chizib qo‘yilgan. Fir’avnlarni ilohiylashtirish ibodatxonalar va ularning devorlariga chizilgan suratlarda, fir’avnlarni madh etuvchi qo‘shiq matnlari orqali ham mustahkamlangan.
Yangi podsholik davrida (mil.avv, 1584-1071 yillar oralig‘i) yirik ustunli va mahobatli ibodatxonalar (masalan, Laksor, Karnak ibodatxonalari)qurilgan. Ibodatxonaga kirish joyining o‘zi o‘ta dabdabali bo‘lgan. Ibodatxonalar ro‘parasida qudrat va donishmandlik ramzi hisoblangan sfinkslar hiyoboni joy olgan. Ibodatxonalarning devorlariga turli rang bilan ishlangan suratlar va ieroglif (tasvirli yozuv)lar tushirilgan. Rasmlardagi kishilar o‘ta jiddiy qilib tasvirlangan.
Saroylar qurilishiga ham alohida e’tibor berilgan. Masalan, fir’avn Axetaton (mil.avv.XIIIasr) Nil daryosining qirg‘og‘ida ulkan saroy qurdiradi. Tarixiy manbalarda ko‘rsatilishicha, saroy fasadining uzunligi 700 metr bo‘lgan. Saroy zallari serhasham qilib bezatilgan va yirik ustunlar bilan ko‘tarilgan. O‘sha davrning mashhur rassomlari saroy ichini bezash uchun turli xil manzaralar, saroy va fir’avn hayotini ifodalovchi suratlarni tushirgan.
Qadimgi Misr ehromlaridan birinchisini III dinastiya sulolaning fir’avni Joser o‘zi uchun qurdirgan. Joser piramidasining qurilishiga astranom, tabib, donishmand va me’mor Imxotep boshchilik qilgan. Mazkur piramida mil.avv.2780 yilda barpo etilgan bo‘lib, u zinapoya shaklida yuqoriga ko‘tarilib borgan. Piramidaning balandligi 60 metrlar chamasi bo‘lgan. Uning atrofiga turli xil marosimlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan qo‘shimcha binolar qurilgan.
IV suloladan boshlab hadimgi Misrda piramidalar va maqbaralar qurish odat tusiga aylangan.
Me’mor Imxotep exromning me’moriy ko‘rinishini yaratadi. U fir’avn Joser uchun Sakkarada marhumlar ruhiga bag‘ishlab marosimlar o‘tkaziladigan majmua bunyod etadi, uning markazida pog‘onali maqbara (Joser piramidasi)— ehromini (balandligi 60 metr, asosi 109,2x121 metr) quradi.
Keyinchalik Qadimgi podsholik me’morlari faqat ehrom shakllarini takomillashtirganlar. Gizada me’mor Xemnun fir’avn Xeops (Xufu) uchun qurgan ehrom (balandligi 146,59 m, asosi 233x233 m), shuningdek, fir’avnlar Xefren(Xafra) (balandligi 143,3 m, asosi 215,25x215,25 m), Mikerin(Minkaura) (balandligi 62 m, asosi 108,4x108,4 m) ehromlarini quradilar.
Xufu (Xeops)piramidasi eng ulkan piramida bo‘lib, yunonlar mazkur piramidani yetti iqlimning yetti mo‘jizasiga kiritganlar. Xufu piramidasi eng ulkan va mustahkam inshoot bo‘lib, uning qurilishiga har birining og‘irligi 2,5 tonnadan iborat 2 million 300 ming dona ohak tosh bloklari shilatilgan Piramidaning ichki qismida bir-birini bog‘lagan chalkash yo‘llar bo‘lib ularning birigina shoh jasadi qo‘milgan xonaga olib borgan. Jasad qo‘yiladigan xona piramidaning o‘rta qismida joylashgan. Xona har birining og‘irligi 60 tonnadan ibooat granit bloklardan qurilgan. Mazkur piramida 20 yil mobaynida qurilgan. (Qarang: Saloxitdinov X.A.Fir’avnlar mamlakati. Toshkent.1992 yil, 14-bet.)
V Suloladan boshlab hajmi uncha katta bo‘lmagan piramidalar qurila boshlangan. Lekin asosiy e’tibor piramida majmuini tashkil etuvchi ibodatxonalarga qaratilgan. Umuman Misrda 70 dan ortiq piramidalar qurilgan.
Qadimgi podsholik davrida ibodatxonalarning yangi tipi paydo bo‘lgan, ular odatda Misrning bosh ma’budi — Quyosh ma’budi Raga bag‘ishlangan. To‘g‘ri to‘rtburchak tarhli bunday ibodatxonani, odatda, ochiq hovlisi bo‘lib, uning chekkalarida sajdagohlar va uchiga oltin qoplangan obelisk joylashgan. Maqbara va ibodatxonalar devoriy rasmlar, relef va haykallar bilan bezatilgan. Bu davrda haykal portretlar san’ati taraqqiy etdi. Misrliklar tasavvuricha haykal portretlar marhumlarning qiyofadoshi rolini o‘tab, ma-rhumlarning ruxlari joylashgan joy vazifasini o‘tashgan.
Qadimgi Misr madaniyatining yuksalishida qadimgi podsholik davrida fir’avnlar saroyida tashkil etilgan mirzalarni tayyorlaydigan maktablarning roli benihoya katta bo‘lgan. Keyinchalik ibodatxonalar va yirik davlat idoralari qoshida ham maktablar ochilgan. Maktabda 5 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘qitilgan; 12 yoshdan boshlab talabalar idoralarda mirzalik qilishgan.
Mashg‘ulotlar tong sahardan kechgacha davom etgan; maktabda qattiq intizom joriy etilgan, tan jazosi qo‘llanilgan. O‘quv, yozuv va hisob asosiy fanlar bo‘lgan. O‘quv predmetlaridan tashqari, maktabda gimnastika mashg‘ulotlari va suzish, yaxshi muomalaga o‘rgatilgan. Ibodatxonalar qoshidagi maktablarda umumiy va diniy bilimlar bilan birga astronomiya, tibbiyot o‘rgatilgan. Zodagonlarning bolalari qo‘shin boshliklari tayyorlaydigan harbiy maktablarda ta’lim olishgan.
Matematika va astronomiya fanlari ancha taraqqiy etgan. Kohinlar va mirzalar oddiy asboblar (chizgich, tosh bog‘langan ip) yordamida sayyoralar va yulduzlarning holatini belgilashgan. Vaqtni belgilash uchun quyosh va suv soatlari (klependralar)dan foydalanganlar.
Sodda geografik haritalar va shahar loyihasi rejalari tuzilgan. Misrliklar planimetriya, ayniqsa, stereometriya sohasida bilimli bo‘lishgan; to‘g‘ri to‘rtburchaklar, uchburchaklar, aylanalar yuzasi, oddiy va kesik piramidalar sirti va hajmini hisoblab chiqishgan. Yil 3 mavsum (toshqin, o‘rim, qurg‘oqchilik) va 12 oyga bo‘lingan. Har oy 30 kundan iborat bo‘lgan, yil oxirida qo‘shimcha 5 kun kiritilgan, bu har 4 yilda astronomik yil bilan kalendar yili o‘rtasidagi 1 kunga farq qilinishiga imkon bergan. Jarrohlik rivojlangan, tabiblar bosh miyani ochganlar, tishlarga plomba qo‘yganlar. Jasadlarni mumiyolashda turli anvoi xushbo‘yliklar, dori-darmonlar, bo‘yoqlar va boshqalarni tayyorlashgan.
Misrliklarning turli sohalardagi bilimlari jahon fanining rivojiga muhim hissa qo‘shgan. Yunonlar Misrni qadimgi donishmandlar yurti deb, Misrliklarni esa, o‘zlarining ustozlari deb hisoblaganlar.
Mifologiyasi. Misr afsonalari orasida markaziy o‘rinni dunyoning yaratilishi, insonlarni qilgan gunoxlari uchun jazolash, quyosh xudosi Ra bilan qorong‘ulikni ifodalovchi ilon qiyofasidagi Apop o‘rtasidagi kurash, Osirisning o‘limi va qayta tirilishini tasvirlovchi afsonalar egallaydi.
Misrliklarning xalq og‘zaki ijodi namunalari va yozma adabiy-badiiy asarlari bizgacha tosh bitiklar, papirus va ibodatxonalar, saroylar, piramida va maqbaralarning devorlariga tushirilgan yozuvlari orqali yetib kelgan.
Misr adabiyotida turli xil mavzular: vatanni qumsash, jasurlik, falsafiy va dinii, ishq-muhabbat, afsonaviy, yaxshilik va yomonlik, baxt va boshka mavzular o‘z ifodasini topgan. Masalan, Sinuxet (yirik mansabdor) taxt uchun kurashda fitnada qatnashadi. Fitna bostirilgach, Fir’avnning
g‘azabidan qo‘rqib Sinay cho‘llariga qochib ketadi. U yerda boy badavlat qabila boshlig‘ining qiziga uylanadi. Mahalliy polvonni yengib nihoyatda mashhur kishiga aylanadi. Lekin vatan sog‘inchi hamma narsadan ustun turgan. U Fir’avndan kechirim so‘rab Misrga qaytadi.
“Hayotdan ko‘ngli sovigan odamning o‘z ruhi bilan suhbati”'asarida hayotning ma’nosi va yashashdan maqsad mazmunida falsafiy mushohada yuritiladi. “Piramidalar matnlari” maqbaralar, piramidalar ichidagi dafn xonalari yozilgan bo‘lib, ularda „xudolar dargohiga kirayotgan” „jannatga qadam bosayotgan” hukmdorning baxtli damlari va hayoti tasvirlangan.
“Murdalar kitobi”da ko‘proq narigi dunyo podshosi Osiris uning rafiqasi (singlisi) Isida, singlisi Neftida, o‘g‘li Gor va yevuz ukasi Set (u odamlar va tabiatga zarar keltiruvchi cho‘l, garemsel, sho‘r suvlar hukmdori sifatida talqin qilinadi) to‘g‘risidagi afsonalar hikoya qilinadi.
Shuningdek, Misr adabiyotidan kohinlar qaytadan ishlagan xudolar to‘g‘risidagi afsonaviy qissalar ham joy olgan. Mazkur afsona-kissalarda Quyosh xudosi Ra bosh xudo xnsoblangan. Ra ibtidoiy to‘fonlar zamonida vujudga kelgan emish. U nilufar gulidan chiqib kelib butun mavjudotni yaratgan. Raning og‘zidan xudolar, ko‘zidan odamzod kelib chiqqan. Osmon kengashini Ra boshqargan. Yozuvni ixtiro qilgan. Donishmandlik xudosi Tot uning kotibi bo‘lgan.
Ra obrazi yerdagi fir’avn xislatlarini ola boshlagan. Fir’avn oldida hamma fuqaro yerga yiqilib ta’zim qilishga majbur bo‘lgan. Fiva davlatchiligi yuksalganidan keyin yerli xudo Amon xudo Ra bilan tenglashtirilgan va Amon-Ra deb atala boshlangan. (Qarang: Qadimgi dunyo tarixi. 1-qism. 1974 yil., 175-bet.)
Qadimgi misrliklar matematika, geometriya, astranomiya, tibbiyot va
geografiya fanlariniig rivojiga ham o‘z hissalarini qo‘shganlar. Misrlik olimlar murakkab matematik masalalarni yechib kesik piramida yuzasi va aylananing diametriga nisbatini aniq hisoblab chiqqanlar.
Ular Sirius yulduzining harakatini chuqur o‘zlashtirib Nil
daryosining toshish davrini aniq ko‘rsatib beradilar. Ular quyosh taqvimini yaratganlar. Bir yilni o‘n ikki oyga, har oyni o‘ttiz kunga va qolgan besh kunni hech bir oyga qo‘shmasdan bayram qilganlar. Bayramning beshinchi kuni tugagach, yana yangi yil hisobi boshlangan.
Misrlik tabiblar odam anatomiyasini yaxshi bilganlar. Tabiatga oid papirus matnlariga tabibdan bemorni atroflicha ko‘rish, kasallik alomat-larini bilish, to‘g‘ri tashhis qo‘yish va davolash uslubini to‘g‘ri tanlash talab qilinganligi yozib qoldirilgan. Shuningdek Misr tabobatida genekologiya, jarrohlik, ichki va ko‘z kasalliklari to‘g‘risidagi bilimlar ancha chuqur bo‘lgan.
Qadimgi Misr san’ati, ayniqsa, arxitekturasi rivojlanishiga eng avvalo, fir’avnlar hokimiyatining qudratini, ulug‘vorligini va mashhurligini ko‘rsatishga qaratilgan, sa’y harakatlar kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Chunki fir’avnlarni ilohiylashtirish maqsadida bunyod etilgan arxitektura inshootlari (ehrom, ibodatxona, saroy va boshqalar)larning ulkan, hashamatli bo‘lishiga ahamiyat berildi.
Ilk podsholik davrida qadimgi Misr san’atining ilk tamoyillari, turlari va janrlari shakllangan. Bu davrda diniy me’morchilikning asosiy turi — mastabalar to‘g‘ri to‘rtburchak tarxda ko‘plab qurilgan. Haykaltaroshlikda geometrik uyg‘unlik, simmetriya va statika(muvoziy holati)ga e’tibor berilgan
O‘rta podsholik davriga kelib, Misr san’atida bir qator yangicha yondashuvlar vujudga kelgan. Fir’avnlarning maqbaralari o‘z mahobatini yo‘qotgan, ular ko‘pincha qoya toshlarga o‘yib ishlangan, irrigatsiya inshootlari (kanallar, to‘g‘onlar, dambalar, Fayyum tevaragidagi suv omborlari) qurilgan, shaharlarning roli oshgan. Shahar qismlari tabaqaviy bo‘linish asosida qurilib, ular devor bilan ajratilgan, tasviriy san’atida realistik tendensiyalar kuchaygan. Nomarxlarning maqbaralaridagi devoriy rasmlardagi maishiy ko‘rinishlarni jonli ishlashga, o‘simlik, hayvon, qushlarni jozibador ko‘rsatishga ahamiyat berilgan.
Miloddan avvalgi 1700— taxminan 1580-yillardan boshlab qadimgi Misr san’ati tushkunlik davrini boshidan kechirigan bo‘lsa, Yangi podsholik davriga kelib esa, yuksak darajaga ko‘tarilgan.
Osiyoga qilingan zafarli yurishlar, Misr boyligiga boylik qo‘shadi, binolarda hasham ko‘payadi. Rasmlar va devoriy rasmlarda ziyofatlar, tantanalar, ov manzaralari aks ettirilgan manzara janriga alohida e’tibor berilgan.
Yangi podsholik davriga kelib, me’morchiligida ochiq tipdagi ibodatxona — sajdagohlar qurish keng tarqalgan. Ibodatxona devorlariga fir’avnlarning g‘alabalari aks etgan devoriy rasmlar ishlangan (Amon-Ra ma’budning Karnakdagi, miloddan avvalgi XVI— XII-asrlar va Luqsordagi ibodatxonasi, miloddan avvalgi XV—XIII-asrlar). Fir’avn Exnaton hukmronligi davriga kelib, eski ma’budlarga sig‘inish bekor qilinib, uning o‘rniga yangi ma’bud — Atonga sig‘inish joriy qilingan. Yangi poytaxt — Axetaton qurilgan.
Haykaltarosh Tutmos yaratgan fir’avn va uning xotini Nefertiti portretlari qadimgi Misr. san’atining nodir namunalari sifatida hozirgigacha yetib kelgan. Miloddan avvalgi XIV-asrning 1-yarmida tasviriy san’atda quruq dekorativlik ko‘proq ko‘zga tashlangan (fir’avn Tutanhamon maqbarasidan topilgan oltin niqob va boshqalar).
Miloddan avvalgi XIV-asrning 2-yarmidan ibodatxonalar kurilishi kengaygan bu davrda binolarning dabdabali va mahobatli bo‘lishiga e’tibor qaratildi (Karnakdagi 134 kolonnali, devor va kolonnalariga rangdor releflar ishlangan ibodatxona). Bu davrda qoyalar ichki tomoniga ibodatxonalar qurish avj olgan. (Abu Simbaldagi Ramses II ning katta ibodatxonasi).
Qadimgi Misrda amaliy-bezak san’ati yuksak darajada taraqqiy etganligiga bizgacha saqlanib qolgan shifer, ganch, billurdan ishlangan idishlar, fil suyagi va yog‘ochdan yasalgan qoshiqchalar, tilla baldoq, uzuk, munchoqlar, qimmatbaho toshlar qadab, o‘yma naqsh, tasvir ishlangan qutichalar, badiiy mebel va boshqa misol bo‘lishi mumkin.
Misrning Aleksandr Makedonskiy tomonidan bosib olinganidan so‘ng, mamlakat ellinistik madaniyat, keyinchalik Qadimgi Rim madaniyati ta’sir ostida rivojlangan. miloddan avvalgi III—I-asrlarga tegishli Edfudagi ma’bud Gorga bag‘ishlab bunyod etilgan ibodatxonani, milodiy I—IV-asrlarga oid Fayyum vohasidan topilgan rangtasvir portretlarni misol tariqasida keltirish mumkin.
Misrning musiqa madaniyati — eng kadimgi madaniyatlardan biri. Bizgacha yetib kelgan musiqa madaniyatining ilk moddiy yodgorliklari miloddan avvalgi III ming yillikka mansub. Bular turli musika asboblari — shiqildoq, tartarak, hamda chig‘anoqlardan yasalgan hushtaklardir. Maqbaralar devorlariga ishlangan bareleflar maishiy turmushda musiqa keng tarqalganiga guvoxlik beradi. Ommaviy bayramlar, diniy marosimlar, mehnat jarayonlari musiqasiz o‘tmagan. Misrda bir ovozli musiqa rivoj topgan. Yangi podsholik davrida ko‘p ovozli musiqaning sodda shakllari ham paydo bo‘lgan. Raqslar, sahna tomoshalari, badiiy adabiyot musiqa bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan. Arfa, nay, yog‘och va jez karnay, organ, urma musiqa asboblari keng tarkalgan. Qadimgi Misrda musiqa ijrochilari — professional musiqachi — shoirlar mo‘tabar zot sanalib, fir’avnlarga qarindosh deb hisoblanishgan. Ellinistik va Rim davrida Misrda musiqa o‘ziga xosligini saklab qolgan. Rim hukmronligi barham topgach, turk, arab va boshqa xalqlar musiqa madaniyati bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan. Misr musiqa madaniyati taraqqiyotining yangi bosqichiga ko‘tarilgan.
Xulosa qilib aytganda, qadimgi Misr madaniyati o‘ziga xos taraqqiyot bosqichini bosib o‘tgan bo‘lib, umumjahon madanii taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydi. Qadimgi misrliklarning yuksak did, aql-zakovat natijasida bunyod etilgan moddii va ma’navii madaniyat namunalari o‘zidan keyingi, ayniqsa, antik davr yunon, Rim va shimoliy Afrika xalqlarining madaniy taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan.

Yüklə 1,76 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   62




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin