Qov suyagi (os pubis) yonbosh suyagidan oldinda va pastda bo‘lib, chanoqning oldingi devorini hosil qiladi. Qov suyagining tanasi va ikkita: yuqori (gorizontal) va pastki (tushuvchi) tarmoqlari bor.
Qov suyagining kalta tanasi quymich kosasining bir qismini tashkil etadi, pastki tarmog‘i quymich suyagining pastki tarmog‘iga qo‘shiladi. Qov suyagi yuqori (gorizontal) tarmog‘ining yuqori chetidan o‘tkir qirra o‘tadi, bu qirra oldingi tomonda qov do‘mboqchasi (tuberculum pubicum) bilan tugaydi. Ikkala qov suyagining yuqori va pastki tarmoqlari oldingi tomonda kamharakat qov birikmasi — simfiz (symphisis) yordamida bir-biriga qo‘shiladi. Qov suyaklarining pastki tarmoqlari simfiz ostida burchak hosil qiladi, u qov ravog‘i deb ataladi. Qov va quymich suyaklarining qo‘shiluvchi tarmoqlari yopqich yoki berkituvchi teshik (foramen obturatorium) degan anchagina keng teshikni chegaralab turadi.
Dumg‘aza (os sacrum) suyagi bir-biriga qo‘shilib o‘sgan 5 ta umurtqadan iborat (18-rasm). Dumg‘aza umurtqalari pastga tomon kichraya boradi, shuning uchun dumg‘aza suyagi kesik konusga o‘xshab ketadi. Uning keng qismi – dumg‘aza asosi – yuqoriga, tor qismi – dumg‘aza uchi – pastga qaragan. Dumg‘
aza suyagining orqa yuzasi qabariq, oldingi yuzasi botiq bo‘lib, dumg‘aza chuqurchasini hosil qiladi. Dumg‘azaning oldingi yuzasida (chuqurchasida) ko‘ndalangiga ketgan to‘rtta g‘adir- budir chiziq ko‘rinadi.
Bular dumg‘aza umurtqalarini birbiriga tutashtirib turgan va suyaklangan tog‘ay parralarga mos keladi. G‘adir-budir chiziqlarning uchlarida dumg‘aza suyagining
oldingi teshiklari bor, bu teshiklar orqali orqa miyadan jinsiy a’zolarga nerv tolalari o‘tadi. Dumg‘aza suyagining orqadagi qabariq yuzasi notekis bo‘lib, undan uzunasiga uchta qirra o‘tadi. Dumg‘aza suyagining o‘rta qirrasi umurtqalarning bir-biriga yopishib o‘sgan o‘tkir qirrali o‘siqlaridan iborat; kamroq bilinadigan yon qirralari dumg‘aza umurtqalarining bir-biriga qo‘shilib o‘sgan bo‘g‘im o‘siqlaridan iborat. Dumg‘azaning o‘rta qirrasidan ikki yon tomonda to‘rt juft teshik ko‘rinadi. Bular dumg‘aza suyagining orqadagi teshiklari deb ataladi. Dumg‘aza suyagining
ichida yuqoridan pastga qarab dumg‘aza kanali o‘tadi, bu – umurtqa pog‘onasi kanalining davomi. Dumg‘aza kanalining pastki teshigi dumg‘aza pastki bo‘limining orqa yuzasiga ochiladi.
Dum suyagi (os coccygis) taraqqiy etmasdan bir-biriga qo‘shilib o‘sgan 4–5 umurtqadan iborat bo‘lib, pastga tomon torayuvchi kichkina suyakdan iborat.