29-QORAQALPOQLARNING IJTIMOIY-IQTISODIY HAYOTI
Qoraqalpoqlar ijtimoiy hayotida urug’chilik, qabilachilik munosabatlari, aholining tabaqalarga bo’linishi ancha kuchli edi. Har bir urug’ yoki qabilaga biylar boshchilik qilardi. Harbiy qismlarni botirlar boshqarardi. Aholi orasida ruhoniylar, shayxlar, xo’jalarning o’rni ham katta edi. Ovul boshlang’ich ma’muriy bo’g’in bo’lib, ularning butun hayotiga Oqsoqollar kengashi rahbarlik qilardi. Shuningdek, qoraqalpoqlarda yuzboshi, mirobboshi, qozi, rais kabi ma’muriy mansablar ham bor edi. Mirob suv taqsimlovchi hisoblangan. Biylik lavozimiga ilgarilari urug’ yig’inlarida saylangan bo’lsa, qoraqalpoqlar Xiva xonligiga bo’ysundirilgach, xon tomonidan tayinlanadigan bo’ldi. Xon tomonidan tayinlangan biyga boshqa biylar bo’ysungan. Amudaryoning so’l tomonidagi Qo’ng’irot, o’ng sohilidagi Chimboy qoraqalpoqlarning bosh ma’muriy markaziga aylanadi. Aholi orasida mulkiy tabaqalanish ham kuchayib bordi. Yerga jamoa bo’lib egalik qilish asta-sekin barham topib, katta yer egalari tabaqasi vujudga keldi. Chorvachilikda minglab qoramol, qo’y-echki, yilqi, tuyalarga ega tabaqalar shakllanadi. Juda ko’p baliq ovlanadigan suv havzalari ham alohida kishilar tomonidan egallanib bordi. Natijada yersiz, chorva mollarisiz kambag’allar soni ko’payib bordi. Ular boylardan yerni ijaraga olib ishlashga, chorva mollarini boqib kun kechirishga majbur bo’ldilar. Qoraqalpoqlar qadimdan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullanib kelganlar. "Qirq qiz" dostonida qoraqalpoqlarning yerlar o’zlashtirib, suv inshootlari qurib, yer haydab g’alla yetishtirganligi, bog’lar yaratganligi haqida ma’lumotlar berilgan. Qoraqalpoqlar Orol bo’ylarida, Sirdaryo va Amudaryo oralig’idagi yerlarda dehqonchilik bilan shug’ullanganlar. Bug’doy, arpa, tariq va boshqa ekinlar ekib, mo’l hosil olganlar. Yangi (Jana) daryo va Quvondaryo havzalarida qoraqalpoqlar tomonidan barpo etilgan kanal va sug’orish inshootlari xo’jalikda dehqonchilik tarmog’ining yetakchi o’rinda turganligidan guvohlik beradi. XVIII asr oxirlarida Amudaryo quyi tarmoqlarida Qalliko’l, Kegayli, XIX asr o’rtalarida Chimboy, Qo’ng’irot dehqonchilik vohalari vujudga keldi. Dehqonchilikda omoch, mola, ketmon, belkurak, o’roq kabi mehnat qurollaridan foydalanilgan. Qoraqalpoqlar iqtisodiy hayotida chorvachilik ham muhim o’rin tutgan. Poda-poda qoramol, qo’y, echki, ot, tuyalar boqilgan. Chorvadorlar ho’kiz va tuya qo’shilgan aravalarda poda va otarlari bilan yil davomida sero’t yaylovlarga ko’chib yurganlar. Qishlov uchun pichan, xashak tayyorlangan. Ayniqsa, qamishzorlar chorva mollari uchun to’yimli ozuqa bo’lib xizmat qilgan. Qoraqalpoqlar iqtisodiy hayotida baliqchilik ham rivojlangan. Orol bo’ylari, daryolarning havzalari baliqchilikning rivojlanishiga katta imkoniyat yaratgan. Baliqchilik, ovchilik aholi uchun qo’shimcha tirikchilik manbayi hisoblanardi. Qoraqalpoqlar hayotida temirchilik, duradgorlik, kigiz bosuvchilik, to’quvchilik, bo’yoqchilik, kulolchilik, zargarlik kabi hunarmandchilik tarmoqlari rivojlanib boradi. Hunarmandlar uy-ro’zg’or buyumlari, idish-tovoqlar, matolar, kiyim-kechaklar tayyorlaganlar. Yog’ochdan o’tov tayyorlab, kigizlar bilan yon va tom qismini o’rab, turar joylar yasaganlar. Olacha, gilam, tuya junidan movut tayyorlash ancha rivojlangan. Yog’ochdan omoch, mola, arava, kema va qayiqlar yasaganlar. Asosiy transport vositasi bo’lgan otlar uchun yugan, egar-jabduq buyumlari tayyorlangan. Jun va terini qayta ishlab, turli xil kiyim va boshqa buyumlar tayyorlangan. Qoraqalpoqlar amaliy san’atida o’tovlar uchun o’ymakor eshiklar, kashtachilik, zargarlik buyumlari yasash rivojlangan. Savdo-sotiq ishlari ham rivojlanib bordi. Shaharlarda do’konlar, karvonsaroylar qurildi. Dehqon va chorvadorlar shaharlarda g’alla, chorva mollari, baliq sotardi. Hunarmandlardan uy-ro’zg’or buyumlari, kiyim, gilam, zargarlik buyumlari sotib olinardi. Xo’jayli, Qo’ng’irot, Mang’it, Chimboy shaharlari yirik savdo markazlariga aylanadi. Bozorlarda qoraqalpoq savdo ahli Sharq va G’arb mamlakatlari savdogarlari bilan muloqotda bo’lardilar. Sharqdan G’arbga boruvchi savdogarlar uchun qoraqalpoqlar tayyorlagan tuzlangan baliq mahsulotlari xaridorgir edi. Dehqonlardan salg’ut (yer) solig’i, chorvadorlardan zakot solig’i, aholidan ruhoniylar uchun usur solig’i olinardi. Soliq miqdorini xon amaldorlari belgilardi. Yer solig’i butun qabila yoki urug’ga bir yo’la solinardi. Oqibatda soliqning ko’p qismi kambag’allar bo’yniga tushardi. Bunday tartibdan boy tabaqalar foydalanar edi. Biy va amaldorlar ham go’yo o’z xarajatlarini qoplash uchun xalqdan qo’shimcha soliqlar undirardilar. Harbiy xavf yuz berganda xalqdan "qozon" (xo’jalik) solig’i undirilar edi, yigitlar majburiy harbiy xizmatga chaqirilardi. Soliqlardan tashqari kambag’allar kanal va ariqlar qazish, sug’orish inshootlarini tozalash va boshqa ishlarga majburiy safaibar etilardi. 1827-yili Xiva xonligi zulmiga qarshi qoraqalpoqlar qo’zg’olon ko’taradi. Qo’zg’olonga qoraqalpoqlar biyi Oydo’stbiy boshchilik qiladi. 1827-yil 25-iyul kuni Xiva xoni Olloqulixon Oydo’stbiy boshliq qo’zg’olonchilarni bartaraf etish uchun maxsus qo’shin to’plab, unga Muhammad Nazarbiy inoqni qo’mondon etib tayinlaydi va Xo’jayli shahriga jo’natadi. Askarlar shahar atrofiga kelib o’rnashadilar.
Oydo’stbiy qoraqalpoq biylarini to’plab, Orol dengizi bo’yida maslahat uyushtiradi. Yig’ilganlar maslahati bilan qoraqalpoq ovullariga otliq choparlar jo’natilib, shunday buyruq beriladi: "Hamma bola-chaqasi bilan qo’zg’olonga yig’ilsin. Kimda-kim bosh tortsa-u dushman hisoblanadi". Qoraqalpoqlar yig’ilib, qulay yerda xandaq qazib, shox-shabbalar va aravalar bilan mudofaa to’sig’i qurishgan. 29-iyulda Oydo’stbiy o’zining ikki o’g’li Rizo va To’rani 300 botirga bosh qilib, Qo’ng’irot qo’rg’oniga chopovulga yuboradi. Qo’ng’irot hokimi Muhammad Yaqub mushrif qo’rg’on mudofaasini uyushtiradi. Urush peshingacha davom etgan. Oydo’stbiy askarlarining bir qanchasi urushda nobud bo’lgan. Ba’zilari dengiz tomon qochgan. Rizo ham, To’ra ham bor imkoniyatni ishga solsalar ham yengiladilar. Oydo’stbiy Qo’ng’irotda odamlarining yengilganini eshitib, o’ziga yaqin odamlari bilan Sori o’tovni tashlab ketishga majbur bo’ladi va Qo’qon tarafga qarab yo’l oladi. Muhammad Nazar inoq undan xabar topib, Oydo’stbiyning odamlari ketidan sara qo’shin jo’natadi. Qo’shin ikki kun deganda Chirikrabot mavzeyida Oydo’stbiyning odamlarini qurshab oladilar. Xon askarlari hujumga o’tib, qo’zg’olonchilarni tor-mor qilib, Oydo’stbiyning boshini olib, Xiva xoni huzuriga keltirganlar. Bu ishda faol ishtirok etganlar xon tomonidan taqdirlanganlar. Xiva tarixchisi va shoiri Munis Oydo’stbiy o’limiga bag’ishlab marsiya yozgan. XIX asrning 50-yillarida Qo’ng’irotda ikki marta qo’zg’olon ko’tarildi. Qo’zg’olon bostirilsa-da, xalqning zulmga qarshi nafrati
kuchayib bordi.
Dostları ilə paylaş: |