31-XVIII-XIX ASRLARDA QORAQALPOQ ADABIYOTI RAVNAQI
XVIII asrdan boshlab qoraqalpoq yozma adabiyoti shakllanadi va rivojlana bordi. XVIII – XIX asrning 1-yarmida qoraqalpoq adabiyotining ko’zga ko’ringan qator namoyandalari qalam tebratganlarkim, ularning nomlari bugungi kunda ham ardoqlanadi. Ulardan biri Jiyen Jirov (1730-1784) edi. U mashhur baxshi sifatida kamol topdi. Ayni paytda she’rlar ham bitdi. "Hoy yigitlar, yigitlar", "Xayr endi, do’stlar", "Yuragimda ko’p dog’im", "Tuyani ber" kabi she’rlarida jamiyatdagi nohaqliklarni tanqid qiladi. Jiyen Jirov hajviy she’rlar ustasi ham edi. U "Hoy xonimiz, xonimiz", "Xon yonida to’ralar" kabi hajviy she’rlarida hukmron tabaqalarning kirdikorlarini, xalqqa o’tkazgan jabr-zulmlarini fosh etadi. Qoraqalpoqlar-erksevar xalq. Shuning uchun ham ular doimo o’z erklari uchun ozodlik kurashi olib borganlar. Ma’lumki, qozoq xoni Abulxayrga qarshi olib borilgan urushda qoraqalpoqlar yengilib qolgan edi. Bu mag’lubiyat natijasida ular azob-uqubatlarga duchor etilgan. Xususan, Sirdaryo bo ‘ylaridagi qoraqalpoqlar har yoqqa tarqab ketganlar. Ularning bir qismi Toshkent atrofiga (Chirchiq bo’ylariga), boshqa bir qismi esa Qizilqum orqali Xorazmga (Orol dengizining janubiy sohillariga) ko’chib ketganlar. Mana shu ko’chishlarning guvohi bo’lgan Jiyen Jirov "Darbadar el" nomli doston yozib, qoraqalpoqlarning mashaqqatli davri tarixini bayon etgan.) U "Alpomis", "Qirqqiz", "Qo’blon", "Qurbonbek" dostonlarini mahorat bilan kuylagan. Qoraqalpoq adabiyotining ko’zga ko’ringan vakillaridan yana biri Kunxo’ja Ibrohim (1799-1880) edi. Uning butun umri muhtojlikda o’tgan. Shoirning "O’roqchilar", "Oq q qamish", "Cho’ponlar" kabi she’rlari xalq orasida keng tarqalgan bo’lib, ularda qoraqalpoq xalqining Xiva xonligi tobeligiga tushib qolgan davrdagi og’ir ahvoli, erksiz turmushi o’z ifodasini topgan. "El bilan", "Boy bolasi", "Mening bolam" she’rlarida esa hukmron tabaqalar kirdikorlarini fosh etadi. "Unutmasman" hamda "Tuya ekansan" she’rlarida u Xiva xoni ustidan kuladi. Ajiniyoz Qo’siboy o’g’li (taxallusi Zevar) (1824-1878) qoraqalpoq xalqining atoqli shoirlaridan biridir. Mo’ynoqdagi eski maktabda o’qigan. Keyin Xivadagi Sherg’ozixon madrasasida ilm olgan. Shoirning "Bo’zatov" dostonida qoraqalpoq xalqining boshqa yurtlarga ko’chib ketishga majbur etilganligi katta mahorat bilan tasvirlangan. Ajiniyoz shoirning "Kerak", "Bo’ladi", "Bo’lmasa", "Yaxshi", "Yigitlar" she’rlarida vatanparvarlik, insonparvarlik g’oyalari falsafiy qarashlari ifodalangan. Ajiniyozni butun O’rta Osiyoga tanitgan "Qiz Mengesh bilan aytishuv" asari edi. 1999-yilda Ajiniyoz tavalludining 175 yilligi nishonlandi. Nukus shahrida Ajiniyoz maydoni barpo etildi va Ajiniyozga haykal o’rnatildi. Qoraqalpoq xalqi adabiyoti uning asoschisi Berdaq (1827-1900) (taxallusi; asl ismi Berdimurod Qarg’aboy o’g’li) nomi bilan mashhurdir. Berdaq avval ovul maktabida, so’ngra madrasada tahsil ko’rgan. U Navoiy, Fuzuliy, Maxtumquli, Kunxo’ja asarlarini chuqur mutolaa qilgan, ulardan o’rgangan. Berdaq tarixni, xalq og’zaki ijodini mukammal o’zlashtirib oladi. Uning ijodi 18-19 yoshlarda do’mbira chertib, she’r aytishdan boshlangan. 25 yoshida u iste’dodli shoir sifatida xalq orasida tanildi. Uning "Bo’lgan emas" , "Umrim", "Yordam ber" she’rlarida mehnatkash xalqning og’ir hayoti o’z aksini topib, Xiva xonlari, amaldorlari zulmiga qarshi xalq noroziligi ifodalangan. "O’g’limga", "Ahmoq bo’lma" she’rlari orqali yoshlarni vatanni sevishga, ma’rifat cho’qqilarini egallashga chaqiradi. Berdaq xalq hayotini, uning ezgu orzu-istaklarini yaxshi bilgan shoir edi. Shuning uchun ham uning she’rlarida xalqparvarlik ruhi kuchli edi. Xususan, shoir o’zining "Xalq uchun" degan she’rida yoshlarni mehnatkash xalq uchun jonini ayamaslikka chaqiradi:
Bo’ri hech vaqt o’z dardini bildirmas,
Yaxshi odam dushmanini kuldirmas,
Qo’ldan kelsa unga davron surdirmas,
Yer yigitning joni qurbon xalq uchun.
Berdaq tarixiy mavzularda ham qalam tebratgan. Uning "Avlodlar", "Omongeldi", "Oydo’stbiy", "Ernazarbiy" kabi asarlarida xonlar zulmiga qarshi kurashgan xalq qahramonlari faxr bilan kuylanadi. Xususan, "Omongeldi" dostoni Buxoro amirligiga qarshi ko’tarilgan (XVIII asr) qo’zg’olon boshlig’i Omongeldi jasoratiga bag’ishlangan. Xiva xonligi zulmiga qarshi ko’tarilgan isyon "Ernazarbiy" dostonida ham aks ettirilgan. 1998-yilda mamlakatimizda Berdaq tavalludining 170 yilligi keng nishonlandi. Toshkent shahridagi xiyobonlarning biriga Berdaq nomi berildi va byusti o’rnatildi. Shoir tug’ilgan joy-Bo’zatovda ham Berdaq byusti o’rnatildi, Nukus shahrida Berdaqqa haykal qo’yildi.
Dostları ilə paylaş: |