Mang‘itlar sulolasi hukmronligi davrida Samarqand Birinchi Mang‘it hukmdori Muhammad Rahimbiy mamlakatda avj olgan siyosiy parokandalikka qarshi kurashadi. Davlatdagi iqtisodiy hayotni tartibga solishga harakat qiladi. Markaziy hokimiyatga Nurota, Kobadiyon, Boysun, Huzor, Panjikent, Urgut, Jizzax, Zomin va Shahrisabz kabilarni bo‘ysundiradi. Muhammad Rahimbiy Samarqandga kelganida shaharni bo‘shab qolganining guvohi bo‘ldi. Aynan bu davrga kelib Samarqandning ahvoli ko‘plab tarixchilar asarlarida xolisona yoritilgan.
Manbalarda XVIII asr o‘rtalarida Samarqand haqida shunday ma’lumotlar keltiriladi: «O‘rta Osiyoning bir vaqtlar ko‘pchilik musulmon Osiyosining madaniyat va siyosat markazi bo‘lgan va chindan «Samarqand firdavsmonand» sifatiga arziydigan bir yo‘sunda bezangan Samarqand keyingi zamonlarda buzilub quruq bir cho‘lga aylangan edi. Mang‘it amirlarining birinchisi bo‘lg‘on Rahimxon Samarqand muzofotini qo‘lga kirguzamen deb kelganda (h. 1166 (1752) yil boshlarida) Samarqand shahrida jon egasi yo‘q edi, hatto Raboti Xojabandiy to‘g‘oni buzulg‘on va Samarqand suvdan mahrum qolg‘on edi. Rahimxon ushbu safarida (h. 1166 y. jumod as-soniy oyida) Raboti Xoja Bandiyni tuzatib, Samarqandg‘a suv oqizg‘on bo‘lsa ham odam yo‘qlig‘idan obod bo‘lmadi.
Rossiyalik Ivan Kirillov 1734 yilda Samarqand haqida «Samarqand avvalda shuhratli va kuchli davlat bo‘lgan. Hozirda esa madrasa va ko‘plab arabcha va boshqa tildagi kitoblardan tashqari unda hech narsa qolmagandir». 1790 yilda O‘rta Osiyoda bo‘lgan Novopatrassk mitropoliti Xrisanf ham shahardagi bu holatni tasdiqlab, «Samarqand hozirda bo‘m-bo‘shdir, uni zabt etgan takabbur Buxoro noibi qanchalik harakat qilmasin, uni oldindagidek aholi bilan to‘ldirish borasidagi uning mehnati bekordir», - deb qayd etadi.
Mang‘itlar sulolasi davrida Samarqand shahri aholisi asta-sekinlik bilan bilan to‘ldirib borilgan. XIX asrning 40-yillarida shaharda taxminan 25-30 ming kishi istiqomat qilgan. Ammo Samarqand poytaxt bo‘lmasa-da oliy hukmdorlar shaharda joylashgan ko‘k toshga o‘tirish rasmiy marosimi o‘tkaziladigan markaz sifatida ahamiyatini saqlab qoldi.
Mang‘itlar sulolasining asoschisi va birinchi hukmdori Muhammad Rahimxon 1756 yil 12 dekabrda Buxoro xonligi taxtiga rasmiy ravishda xon bo‘lib o‘tirgach, o‘z hokimiyatiga siyosiy tus berish maqsadida Samarqandga yo‘l oladi. Bu davr manbalarida shahar «Dorus-saltanat Samarqand» deb tilga olinadi. Urgutlik so‘fiy va tarixchi Humuliyning «Tarixi Humuliy» asarida keltirilishicha, Muhammad Rahimxon Samarqandga maxsus kelib, mashhur Ko‘k tosh taxtiga ham o‘tirgan. Humuliyning yozishicha, Muhammad Rahimxon hali otaliq mansabida ishlagan paytidayoq Ko‘ktosh taxtiga o‘tirish marosimini o‘tkazgan edi.
Xullas, Muhammad Rahimxon Buxoro xoni bo‘lgach, mamlakatda poytaxtdan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi Samarqand shahriga alohida e’tibor bilan qaragan. Ma’lumki, Samarqand shahri XVIII asr 20-yillarida toj-taxt uchun bo‘lgan kurashlarda (soxta xon Rajab Sulton – Rajabxonning hatti-harakatlari) va ko‘chmanchi qozoqlarning shaharga bostirib kelishi natijasida butunlay vayron bo‘lgan va xarobaga aylangan edi. Bu fojialar shu qadar dahshatli bo‘lganki, odamlar 1730 yildan boshlabgina Samarqand qal’asiga qaytib kelishgan va o‘zlariga uy-joy qura boshlaganlar. Biroq Eron shohi Nodirshohning 1740 yildagi bosqinchilik yurishi natijasida Samarqand yana dushman qo‘liga o‘tadi va vayronaga aylanadi. Muhammad Rahimxon urushlar tufayli vayron bo‘lgan Samarqanddagi Darg‘om kanalini qayta tiklagan, shahar devorlarini ta’mirlashga buyruq bergan. Muhammad Rahimxon Hisorni egallagach, bu yerdan Samarqandga bir necha ming oilani ko‘chirgan edi.
Amir Muhammad Doniyolbiyning 12 barkamol o‘g‘li bo‘lib, ular o‘rtasida katta o‘g‘li vavorisi Shohmurod (1741-1800) alohida ajralib turgan. Shohmurod 1780 yildan Samarqand hokimi bo‘lgan. Shohmurod Samarqand shahrini tiklash va obod qilishga o‘zining katta hissasini qo‘shgan. Xususan, u otasi vafot etgach, 1785 yil 9 iyunda Buxoro amiri bo‘lganidan so‘ng Samarqandni obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor bilan yondashadi.
Samarqandda Ko‘k toshga o‘tirish an’anasi XIX asrni birinchi yarmida ham davom etdi. Shohmurodning o‘g‘li, onasi tomonidan ashtarxoniy Abulfayzxonning qizi tomonidan nabirasi Amir Haydar (1800-1826)ni oq kigizda oliy hukmdor etib ko‘targanlar va Samarqandda ko‘k toshga o‘tqazib, uni rasman hukmdor etib tan olganlar. Bu voqeani XIX asrning 20-yillarida Buxoroda bo‘lgan YE.K.Meyyendorf o‘z ma’lumotlarida keltirib o‘tadi. Uning qayd etishicha, oliy hukmdor taxtga o‘tirish marosimini o‘tkazish uchun Samarqandga borishi va Mirzo Ulug‘bek madrasasida turgan Ko‘k toshga o‘tirishi lozim edi. «U (ko‘k tosh ) to‘rtburchak shaklida bo‘lib, har tomonining uzunligi bir yarim sarjin, qalinligi bir arshindir. Bu toshni oq kigiz yopib turadi. Xon o‘tirgach uchlarini ulamolar, fuqarolar, fozillar va sayidlar ushlagan bu kigizni uch marta ko‘taradilar».
Amir Shohmurod hukmronlik qilgan davr (1785-1800) – atigi 15 yil ichida Samarqandda ko‘plab madrasalar, masjidlar, xonaqolar va turli binolar qurilgan. Shuningdek, Amir Shohmurod Samarqand madrasalarini tiklashda faol qatnashgan. Jumladan, 1455 yilda qurilib, «Madrasai safed» («Oq madrasa») nomini olgan ikki qavatli Xoja Ahror madrasasini Shohmurod qayta qurgan. Bu madrasa Samarqandning janubiy qismida, shaharning So‘zangaron dahasiga olib boradigan katta ko‘chaning g‘arbiy qismida joylashgan edi. Bu bino Ko‘kaldosh madrasasining qurilish materiallari hisobiga qayta ta’mirlangan. Amir Shohmurodning farmoni bilan Samarqanddagi Shayboniyxon va Ulug‘bek madrasalari ta’mirlandi va qayta tiklandi, qal’a va shahar devorlarining buzilgan qismlari ham qayta tiklandi. Ana shu davrda Shohizinda maqbarasi zinapoyasining tepa qismidagi o‘ziga xos ark-gumbaz tarmog‘i – Chortoq binosi qurildi. Shohmurodning o‘zi qayta qurilajak shahar tarhini chizgan. Shahardagi ariqlar va tomorqalar tozalangan.
Samarqand madrasalarida tahsil olgan Humuliyning yozishicha, Amir Shohmurod shaharda 24 ta yangi mavze qurdirib, mamlakatning sharqiy viloyatlaridan bu yerga aholini ko‘chirib keltirgan. Samarqand shahridagi har bir madrasa va masjidga mudarris, muazzin va imomni Amir Shohmurodning shaxsan o‘zi tayinlagan. Shahar markazida olti qirrali Chorsu – «Toqi musaddas» qurdiradi. Chorsu baland burchakli bino bo‘lib, uning markazida baland gumbaz va undan ajraladigan olti yo‘lak bo‘lgan. Bu yo‘laklar shahar darvozalari Buxoro, Korizgoh, So‘zangaron, Feruza, Ohanin va Haydarobodga qarab ketgan. Samarqandning oltita asosiy darvozasi Amir Temur davrida ana shunday nomlangan. U Samarqand yaqinidagi Dahbed mavzesida joylashgan Maxdumi A’zam ziyoratgohini ham qayta barpo qildirgan.
1800-1826 yillarda Buxoro amiri bo‘lgan Amir Haydar (1778–1826) otasi Amir Shohmurodning siyosatini davom ettirdi. Amir Haydardan boshlab Buxoro hukmdorlari o‘zlari «sayyid» («said») unvonini ham qo‘shib olishgan. XIX asr boshlarida Amir Haydar Buxoro amirligidagi markaziy hokimiyatga bo‘ysunishdan bosh tortib, ayirmachilik (separatistik) kayfiyatlarni namoyon qilayotgan Shahrisabz, Kitob, Urgut bekliklari, Miyonqol va Samarqand hokimlariga qarshi janglar olib borishga majbur bo‘lgan. Bu paytda dushmanlar qutqusi bilan Amir Haydarga qarshi chiqqan amakilari Umarbiy va Fozilbiy Nasaf (Qarshi)ni egallashgan, Samarqandda ham isyon ko‘tarilgan.
Tarixchi Mirzo Salimbekning yozishicha, Amir Haydar markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun Samarqandga Davlatbiy devonbegi qushbegini (ukasi Muhammad Husaynbek o‘rniga) tayiinlagan. Davlatbiy qushbegi 1814 yilgacha Samarqandni boshqargan. Davlatbiy qushbegi 1812 yillarda Shohizinda majmuasi tarkibida kichik madrasa qurdirgan. Undan keyin Samarqand viloyatiga Amir Haydar safdoshlaridan 4 kishi: Ayozbiy, Muhammadbiy, Muhammad Safarbiy, Ibrohim Dodxoh kabi beklar hokim qilib tayinlandi. Mang‘itlar sulolasining yettinchi hukmdori bo‘lgan Amir Nasrulloh Bahodurxon (1806-1860) davrida ham Samarqand strategik jihatdan amirlikdagi muhim shaharlardan biri hisoblangan.
Mang‘itlar sulolasi davrida Samarqandda iqtisodiy o‘sish ko‘zga tashlanadi. Xususan, Amir Shohmurod hukmronligi yillaridan boshlab shahardagi iqtisodiy hayot sezilarli darajada jonlangan. XVIII asr o‘rtalaridan to XIX asrning so‘nggi choragigacha Samarqand mintaqada hunarmandchilik ishlab-chiqarishi va savdoning yirik markazi bo‘lib qoldi.
Bu davrda Samarqandda gul solingan turli rangdagi shoyi va atlas gazlamalar, abr, ip va shoyi olacha, zandaniycha, bo‘z va guldor gazlamalar, shoyi ro‘mollar ishlab chiqarilgan. Budavrda fo‘ta to‘qish ham keng tarqalgan edi. Masalan, XIX asrning 70-yillariga oid ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Samarqandda fo‘ta to‘qiydigan korxonalar soni 40 ta bo‘lgan.
Samarqand o‘zining zargarlari bilan ham shuhrat qozongan edi. Ular kumush va misdan, ba’zan oltindan ham ayollar uchun bezaklar, taqinchoqlar tayyorlashar, ularni qimmatbaho toshlar bilan qoplashardi. Zargarlar uzangilarni, shu jumladan, egar-jabduqlarni ham kumush bilan bezatishardi. Bir xil mahsulot tayyorlaydigan hunarmandlar o‘ziga xos uyushmalarga birlashgan. Bitta uyushma a’zolari bo‘lgan ustalar odatda shaharning bitta mahallasida yashagan. Samarqandda Zargaron (zargarlik bilan shug‘ullanuvchi ustalar), So‘zangaron (igna tayyorlovchi ustalar), Charmgaron (ko‘nchilar), Xarroton (yog‘och yo‘nuvchi ustalar, duradgorlar), Kulolon (kulollar), Sharbatdaron (sharbat tayyorlovchilar) va boshqa ana shunday mahallalar bo‘lgan.
Temuriylar davrida bo‘lgani singari mang‘itlar sulolasi davrida ham Samarqandda a’lo navli sifatli qog‘oz ishlab chiqarilgan. 1863 yilda Buxoro va Samarqandda «turk hojisi» qiyofasida bo‘lgan vengriyalik taniqli sharqshunos va sayyoh, ayni paytda Buyuk Britaniya imperiyasining xufiyasi German Vamberi (1832-1913) o‘zining asarlarida Samarqand va Buxoroda o‘sha paytlarda ishlab chiqarilayotgan qog‘ozga juda yuqori baho beradi.
Vamberi o‘z asarlarida Samarqanddagi hunarmandlar faoliyatiga juda katta baho bergan. U Samarqanddagi jabduq yasovchi ustalar haqida quyidagi fikrlarni keltiradi: «Samarqand bozorlarida sotish uchun mashhur charm mahsulotlar, did bilan ishlangan egarlar qo‘yilgan, ularning bezagi hatto yevropalik ustaga ham shuhrat keltirishi mumkin».
Bu davrda Buxoro xonligining savdo-sotiq aloqalari rivojlangan. Chunonchi, Samarqand va Buxorodan Rossiya va Hindistonga, boshqa mamlakatlarga shoyi va ip gazmollar olib borilgan. XVIII asrning oxirida Samarqand bozorlariga Rossiya, Xitoy, Hindistondan turli buyumlar keltirilgan. O‘z navbatida Samarqand shahri va uning atroflarida yetishtirilgan qog‘oz, olacha choponlar, sopol buyumlar, quruq meva, qorako‘l teri, ot-ulovlar bu mamlakatlarga olib borilgan.
XIX asrning birinchi yarmida ichki va tashqi savdoning yanada o‘sganligi ko‘zga tashlanadi. Shaharda karvonsaroylar va do‘konlarning ko‘paygan. Bu paytda Samarqandda mavjud bo‘lgan ayrim bozorlar boshqa shaharlarda bo‘lmagan. Masalan, ayrim manbalarda shaharda «bozori bargi tut» nomi bilan mashhur bozorlari bo‘lganligi tilga olinadi. Jumladan, XIX asrda Samarqandda bunday bozor mavjud bo‘lib, ipak qurti boquvchilar barg tanqisligi sezilganda uni shu yerdan sotib olganlar. Shahardagi SHerdor madrasasi yonidagi ko‘chat bozorida esa «boshqa daraxtlar bilan bir qatorda tut daraxtining «balxiy» va «xorazmiy» navlari katta miqdorda sotilgan».
Xullas, Samarqand shahri XIX asrning o‘rtalarida Buxoro amirligining ikkinchi eng muhim savdo va hunarmandchilik markazi hisoblanardi. 1820 yil A.F.Negri missiyasi tarkibida Buxoroda bo‘lgan YE.K.Meyyendorfning yozishicha, bu paytda Samarqandda 50000 kishi yashagan. Qiyoslash uchun shuni ta’kidlash lozimki, XIX asr boshlarida Buxoro amirligida taxminan 2 mln. kishi, poytaxt Buxoroda esa 60000 kishi yashagan. XIX asr o‘rtalarida Buxoro amirligi bir necha viloyatlar va bekliklarga ajratilgan. Amirlikdagi eng yirik Buxoro va Samarqand viloyatlari esa tumanlar va boshqa kichik ma’muriy birliklarga bo‘lib idora qilingan.
Samarqand viloyati va shahrini amir tomonidan tayinlangan hokim boshqargan. XIX asr 50-yillaridan boshlab Rossiya imperiyasi Turkiston mintaqasiga bosqinchilik yurishlarini boshladi. Bu paytda Buxoro amiri Nasrullohxonning o‘g‘li Muzaffarxon (1819-1885) bo‘lgan. Amir Muzaffar qo‘shini bilan general Romanovskiy boshchiligidagi Rossiya harbiy kuchlari o‘rtasidagi dastlabki to‘qnashuv Jizzax bilan O‘ratepa o‘rtasidagi Erjar (Maydayulg‘un)da 1866 yil 8 mayda bo‘lib, unda Buxoro qo‘shini mag‘lubiyatga uchragan.
1868 yil 1 mayda Samarqand yaqinidagi Cho‘ponota tepaligida rus podshosi qo‘shinlari bilan samarqandliklar o‘rtasida qattiq jang bo‘ldi. Nihoyat, Rossiyasi imperiyasi armiyasi katta talafot berib, shaharni egalladilar. Turkiston o‘lkasi general-gubernatori general K.P.Kaufman shahar va uning atrofida joylashgan viloyatlardagi mahalliy amaldorlar o‘z o‘rinlarida qoldirilganini, xalq bungacha mavjud bo‘lgan soliqlarni podsho Rossiyasi xazinasiga topshirmog‘i lozim ekanligini e’lon qilgan. Samarqand viloyatida general N.N.Golovachyov boshliq harbiy-byurokratik hokimiyat tashkil qilinib, mehnatkash aholini mahalliy amaldorlar va podsho ma’muriyati tomonidan ezilishi Samarqand qo‘zg‘oloniga sabab bo‘lgan. Bu qo‘zg‘olon 1868 yil 1-8 iyunda Samarqandda ko‘tarilgan. 1 iyun kuni amir Muzaffarning to‘ng‘ich o‘g‘li va valiahd Abdulmalik To‘ra (1848-1909) boshchiligidagi qo‘shinlar Shahrisabzdan Samarqandga yo‘l olishgan. Qo‘zg‘olonga dastlab Kitob va Shahrisabz beklari Jo‘rabek (1840-1906) va Bobobek (1833-1898), keyinchalik Abdulmalik To‘ra (Katta To‘ra) rahbarlik qilgan. Bu borada Zirabuloq jangida amir qo‘shinlari ruslardan mag‘lubiyatga uchragan (1868 yil 2-3 iyun). Sadriddin Ayniy (1878-1954)ning fikricha, Abdumalik To‘raning harakati va qo‘zg‘olonchilarning jasorati tufayli Kaufman Buxoroga hujum qilishdan voz kechishga va sulh tuzishga majbur bo‘lgan.
1868 yil 23 iyunda Samarqandda Rossiya-Buxoro sulh shartnomasi imzolangan. Bu sulhga ko‘ra Buxoro amirligi Rossiyaga tobe bo‘lib qolgan, Samarqand shahri va viloyati Rossiya imperiyasi tasarrufiga o‘tgan. Shunday qilib, Samarqand shahri 1756-1868 yillar oralig‘ida Buxoro amirligi tarkibidagi muhim siyosiy, iqtisodiy va madaniy markaz sifatida taraqqiy etgan. Mang‘itlar sulolasi vakillari va shahar hokimlari Samarqandni rivojlantirish va obodonlashtirish ishlariga baholi qudrat o‘z hissalarini qo‘shishgan. Yuz yildan ortiq bo‘lgan ushbu davrda, xususan, Amir Shohmurod va Amir Haydar hukmronligi yillarida shahar qiyofasi tubdan o‘zgargan, Eski shaharning hozirgi ko‘rinishiga aynan o‘sha paytda asos solingan.
Mang‘itlar davrida podshoh, olim va mudarris bo‘lgan Amir Haydar boshqalarga katta ibrat ko‘rsatib, eski madrasalarni ta’mirlash va yangilarini qurish bilangina qanoatlanmay, yana o‘z bilimini tolibi ilmlardan ayamagan. Bu davrda mashhur olimlar sulolasi hisoblangan mufassir olim qozi ul-quzzot Abdulhayxoja, uning o‘g‘li qozi ul-quzzot Mir Abu Sa’idxoja va nabirasi, «Samariya» asarning muallifi muftiy Mir Abu Tohirxojalar SHerdor madrasasida shariat, tarix, adabiyot sohalarida ijod etishib, ta’lim berishgan. Qo‘qon xonligini zabt etgan Amir Nasrulloh mashhur alloma Olim Muhammad Samarqandiyni shaxsan o‘zi bilan Samarqandga keltirib Tillakori madrasasiga mudarris va qozi ul-quzzot etib tayinlagan. Shuningdek, turli davrlarda Ulug‘bek madrasasida Mavlono Qozi Sodiqi Halvoiy va Mavlono Darvesh Muhammad Oxund Turkistoniy, Shayboniyxon madrasida Amir Ibrohim, Nodir Devonbegi madrasasida Muhammad Sharif muftiy kabi mudarris olimlar faoliyat ko‘rsatgani manbalardan ma’lum. Shuningdek, Qozi Isoxonxoja as-Samarqandiyning (yuqoridagi Mir Tohiri sadr Mashhadiyning avlodidan bo‘lgan bu zot 1932 yilda vafot etgan) nomi XIX asrda arabu ajam olimlari orasida mashhur bo‘lgan. U SHerdor madrasasining bosh mudarrisi bo‘lish bilan birlikda, viloyatning Qozi kaloni ham edi va shuning uchun ham «Qozi mudarris» nomini olgan. (Turkiston) o‘lka boshlig‘i Duxovskiy Samarqandga kelib SHerdor madrasasiga tashrif buyurganida, madrasa bosh mudarrisi Isoxojani faxriy zarchapon bilan mukofotlagan. O‘lka boshlig‘i tomonidan musulmon oliy maktabining taniqli o‘qituvchilaridan biriga bo‘lgan bu e’tibori barcha mahalliy aholiga katta ta’sir ko‘rsatadi.
XIX asr birinchi yarmida Samarqandda ilm-fan rivojlanishdan to‘xtamadi, shahar amirlikning yirik madaniy markazi sifatida mavqeini saqlab qoldi. Bu davrda Samarqand shahri aholisining qarashlari va madaniy ham ijtimoiy hayotiga muhim ta’sir o‘tkaza olgan ilm va fan vakillari, ziyolilar qatlami an’anaviy ta’lim maskanlari hisoblangan maktab va madrasalarda tarbiyalangan.
Bu davrdagi ma’naviy jarayonlar tahlilini amalga oshirar ekan sovet davri mualliflari din peshvolari halqni hukmron sinf manfaatlariga buysundirishga intilishlari bilan zulmkor boshqaruv tizimini mustahkamligini ta’minlash bilan birga taraqqiyotga to‘sqinlik qilib kelayotganligi haqida fikr yuritishadi. O‘z o‘rnida hukmron sinf esa aholi orasida tashviqotlarni olib borishlari ularning tayanch muassasalari bo‘lgan masjid va madrasalarni moliyalashtirib borishgan, degan xulosalarni beradilar.
XIX asr o‘rtalarida Samarqand va uning atroflaridagi hududlarda 155 ta masjid va 22 ta madrasa faoliyat olib borgan. Mazkur muassasalar halqni islom aqidalari va tushunchalari hamda hukmron sinf manfaatlariga mos g‘oyalar asosida tarbiyalovchi maskanlar edi. Samarqand viloyati va shahar hududida an’anaviy madrasa, qorixona, xonaqo va daloyilxonalar kabi ta’lim maskanlari bo‘lib, ular yoshlar va katta avlod vakillari ma’naviyati va axloqiy tarbiyasini oshiruvchi maskanlar vazifasini bajargan.
YE.N.Pavlovskiy ma’lumotiga ko‘ra madrasalarda tarix, fizika, tabiat fanlaridan qisqa va umumiy ma’lumotlar ham berilgan. Abdurahmon Jome’, Xoja Xofiz SHeroziy, Alisher Navoiy, Fuzuliy, Mirza Bedil kabi allomalar asarlariga iqtidorli talabalarda qiziqish katta bo‘lgan. O‘z davrida bu kabi talabalar qatorida Shavqiy Kattaqo‘rg‘oniy, Mujrim Obid, mulla Qurbonjon Xiromiy, Muztari Miriy va boshqalar bo‘lishgan. Ular o‘zlarining ijodlarida buyuk allomalar asarlaridagi fikrlarni aks ettirishga harakat qilishgan. XIX asr birinchi yarmida Samarqandda Abdurahmon ibn Muhammad Latif Mustajir Samarqandiy kabi tarixchi olimlar ham yashab ijod qilgan. Abdurahmon Samarqandiy rus sharqshunosi A.Kun boshchiligida tashkil etilgan ekspeditsiyada ishtirok etib. Uning kundaliklarini to‘ldirib borgan. «Ro‘znomai vistavkai Maskav», «Ro‘znomai safari Iskandarko‘l» asarlari uning qalamiga mansub. Shu davrda mashhur «Tarixi kasira» nomli tarixiy asar muallifi Sayid Sharif Raqamiy Samarqandiy ham shaharda yashab ijod qilgan. Bundan tashqari, yana bir tarixchi olim Sulaymonxo‘ja Samarqandiy «Tavsil va bayoniyi davlati mang‘it va zamoni Rahimxon» nomli tarixiy asarini yaratgan. XIX asr samarqandlik tarixchi olimlar asarlari orasidan Abu Toxirxo‘ja Samarqandiyning «Samariya» asarini alohida eslab o‘tish o‘rinlidir. Bu asarda shahar topografiya, shahar tarixi bo‘yicha boy faktik ma’lumotlar keltirilgan.
XIX asr birinchi yarmida nodir qulyozmalarni to‘plash va qayta ko‘chirish ishlari ham keng rivojlangan. Xattot Abdujabbor Nayman Samarqandiy Abu Hanifaning «Al fiqx al-akbar» (Katta huquqshunoslik) asarini, mulla Abulfayz Samarqandiy Mirza Qurbon Xiromiyning «Chor darvesh» dostonini qayta ko‘chirdilar. Ilg‘or fikrlovchi xatotlardan mulla Mirza Muhammad Oxun ibn Odin Muhammad Samarqandiy, mulla Sayid Abdulvahob Samarqandiy, Muhammad Nuriddin ibn Muhammad, Olim Samarqandiy, Muhammad Rofe’ ibn Shayx Muhammad Solih Samarqandiy, Muhammad Yusuf Samarqandiy, Muhammad Yoqub Samarqandiylarni nomini keltirish mumkin.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar mang‘itlar hukmronligi davrida Samarqandda ilm-fan sohasida qilinayotgan katta ishlardan darak beradi. Lekin, XIX asr o‘rtalarida Samarqand shahrida mavjud ta’lim maskanlari va ularda ta’lim olayotgan yoshlar soniga nisbatan mazkur ishlar hajman kichik edi. YA’ni, aytish mumkinki, madrasalarda ta’lim oluvchilar uchun zamonaviy bilimlar majmuini, o‘tmish ajdodlar ilmiy merosini o‘zida aks etuvchi adabiyotlar yetishmasligi muammosi mavjud edi. Kitob nashr ishining rivojlanmaganligi, mavjud adabiyotlar orasida yangi bilimlar aks etganligining yetarli darajada emasligi ilmiy sohadagi rivojlanishga to‘siq sifatida ta’sir o‘tkazgan.
Xullas, Samarqand XVI-XIX asrning birinchi yarmida Buxoro xonligida kechgan siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlarda muhim o‘rin tutgan. Bu shahardan dastlab shayboniylar davlat siyosatini yuritishgan. Ashtarxoniylar va mang‘itlar sulolasi vakillari ham Samarqandga katta e’tibor qaratishgan. Mamlakatda yuz bergan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning barcha qarama-qarshiliklarini boshidan kechirgan bo‘lsa-da, Samarqand o‘zining jahondagi tarixiy ahamiyati va qiyofasini saqlab qola olgan.