1. Samarqand – shayboniylar hukmronligi davrida. Ashtarxoniylar sulolasi hukmronligi davrida Samarqand


Ashtarxoniylar sulolasi hukmronligi davrida Samarqand



Yüklə 41,2 Kb.
səhifə2/3
tarix29.09.2023
ölçüsü41,2 Kb.
#150477
1   2   3
3-ma`ruza

Ashtarxoniylar sulolasi hukmronligi davrida Samarqand
Shayboniy Pirmuhammadxon o‘limidan so‘ng taxtga chiqadigan birorta shayboniyzoda qolmaydi. Negaki, da’vogarlarning deyarli barchasi Abdullaxon II va merosxo‘r o‘g‘li Abdulmo‘minxonlar tomonidan qirib tashlangan edi. Saroy ayonlari kimni xon sifatida ko‘tarishni maslahat etishadi va Astraxandan Buxoroga kelib qolgan Jonibek Muhammad ibn Yormuhammadni taxtga chiqarmoqchi bo‘lishgan. Ruslar 1554 yilda Astraxan (Ashtarxon)ni egallab olishgani uchun Buxoroga qochib kelgan shahzoda Jonibek Muhammadni xon etib tayinlashgan. Bu ishda Jonibekning Abdulloxon IIning singlisiga uylangani ham katta rol o‘ynagan.
Jonibekxonning to‘rt farzandi Din Muhammadxon, Boqi Muhammadxon, Vali Muhammadxon va qizi Poyanda Sulton bo‘lgan. O‘g‘illarining barchasi Buxoro davlati tarixida muhim iz qoldirgan bo‘lib, ikki nafari oldinma ketin Movarounnahr hukmdori bo‘lgan.
Din Muhammadxon Abdullaxon II davrida sadoqatli xizmati uchun Nishopur viloyati hokimi etib tayinlangan edi. Xonlikka bir ovozdan tayinlagan Joni Muhammad esa taxtni qabul qilmaydi va to‘ng‘ich o‘g‘li Din Muhammadxonning nomzodini o‘z o‘rniga bosh xonlikka ilgari suradi. U shayboniy Abdullaxon II singlisining o‘g‘li, ya’ni, jiyani bo‘lgan. Ikkinchidan, bu vaqtda Din Muhammadxon Nishopur viloyati hokimi ham edi va xonlikka undan munosibroq nomzod bo‘lmagan.
1598 yilda Din Muhammadxon Eron hukmdori shoh Abbos Saffaviy bilan bo‘lgan jangda shahid bo‘ladi. Saroy ahli uning ukasi Boqi Muhammadxonni xon etib saylashadi va ukasi Vali Muhammadxon esa Balx viloyati hokimi etib tayinlanadi (Balxga faqatgina oliy xonlikka voris shahzodalargina hokim bo‘lishgan).
Shunday qilib, 1598 yildan boshlab yangi sulola – ashtarxoniylar (ba’zan Joniylar sulolasi, deb ham ataladi) davri boshlanib, 150 yildan ziyod vaqt davomida bu sulola vakillari Movarounnahrni boshqarishgan.
Aksariyat tarixchilar Boqi Muhammadxonni ashtarxoniylar sulolasining ilk xoni, deb e’tirof etishadi. Boqi Muhammadxon yetti yil hukmronlik qilib, 54 yoshida vafot etgan. Akasi Boqi Muhammadxon vafot etgach, Vali Muhammadxon xonlik taxtiga o‘tiradi. Jiyani Imomqulixon ibn Din Muhammadxonni Balx viloyati xokimligiga tayinlaydi.
Vali Muhammadxondan keyin taxtga jiyani Imomqulixon (1611-1642) ko‘tariladi. Uning davrida dahbediy pirlardan bo‘lgan Xoja Hoshimning xohish irodasi bilan Samarqand taxtiga Yalangtush Bahodirning hokim qilib ko‘tarilishi, Samarqand obodonchiligi va binokorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ashtarxoniylar davrida mustaqil siyosat olib borgan Yalangtushbiy Bahodir Boyhoji o‘g‘li (1578-1656) davrida Samarqand anchayin taraqqiy etgan. U «Olchin» urug‘ining peshvolaridan biri bo‘lgan Boyhojibiyning o‘g‘li bo‘lgan. O‘sha davrlarda otasi bilan kelib, Xoja Hoshimiy Dahbediyga (Maxdumi A’zamning nabiralariga) murid tushgan. Keyinchalik Naqshbandiya tariqatining o‘z zamonasidagi rahbari bo‘lgan Xoja Hoshim yordamida Samarqand xokimi bo‘ladi.
Serg‘ayrat sarkarda Yalangtush Bahodir uch nafar ashtarxoniy hukmdorlar: Imomqulixon, Nodir Muhammadxon va Abdulazizxon davrlarida Samarqandni boshqargan. Uning so‘zi ashtarxoniy hukmdorlar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan, u bir necha marotaba mustaqil ravishda xorijiy davlatlarga, jumladan, Eronning Xuroson viloyatiga, Afg‘onistonga yurishlar uyushtirgan. Bundan tashqari, Toshkent va Turkiston yerlariga ham safar qilib, u yerdagi mahalliy nizolarni tinchitgan. Umuman, olganda, Buxoro davlati lashkarboshisi lavozimida Yalangtush Bahodir turgan. Shu tufayli ko‘pgina qo‘shni podshohliklar Yalangtushga sovg‘a-salom yuborib turishgan. Xorijdagi yurishlardan u ko‘pgina asir va xazinalar bilan qaytar edi.
O‘sha davrlarda yurtimizga kelgan rus elchisi Anisim Gribov (1641) ham Yalangtushbiyga tegishli iqto’ hududlarini qo‘yidagicha bayon qilgan: «Balxdan soliq yig‘ish uchun Hindiston davlati sarhadlarida joylashgan Hindikush qishloqlarigacha boriladi. Balxdan to Hindikush bag‘ridagi hind qishloqlariga olib boruvchi yo‘l otliq uchun 7 kun, tuyada esa 14 kunlik yo‘ldir. Balx va Hind sarhadlari oralig‘idagi qishloqlar, shaharlar Buxoro va Balx xonlarining yaqin kishilaridan bo‘lmish Amir Yalangtushning mulki hisoblanadi». «Bahr ul-asror» muallifi Yalangtushni xondan keyin ikkinchi eng badavlat shaxs deb ta’riflaydi, uning mol-mulki miqdorini esa davlat xazinasi bilan qiyoslaydi.
Imomqulixon davrida (1611-42) Amir Yalangtush boyliklarini madrasayu masjidlar qurishga sarfladi. Binokorlik ishlarini esa o‘zining piri Xoja Hoshimiy Dahbediyning bobosi Maxdumi A’zam sharafiga Dahbedda dahmali xonaqoh, ikki masjid va 40dan ziyod hujrasi bo‘lgan madrasa qurishdan boshlaydi (madrasa-hozirgi «Oybarchin» univermagi o‘rnida qurilgan edi). Ayni vaqtda u Samarqandda Sherdor madrasasi qurilishini ham boshlab yuboradi. Dahbeddagi xonaqohning peshtoqiga yozilgan qit’a-qasida va Samarqanddagi Sherdor madrasasining bosh ravog‘idagi yozuv bu qurilishlar oldinma-ketin, bir yilda boshlanganini anglatadi. Manbada faqatgina «joyi huzur» so‘zi xonaqoh qurilishi sanasining abjad (1618) hisobidagi vaqtga to‘g‘ri kelishini anglatadi.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, Dahbeddagi xonaqoh va madrasa 1618 yilda qurilgan. Yalangtush Bahodir Samarqandda o‘sha yil 48 hujrali (ikki darsxonali) Sherdor madrasa qurilishini ham boshlagan. Bu haqda 1925 yilda Sadriddin Ayniy o‘zining «Namunai adabiyoti tojik» tazkirasida ilk bor ma’lumot beradi.
O‘z davrida, Yalangtush Bahodir ham Ulug‘bek qurdirgan bu binokorlik majmuasi tuzilishini buzmagan holda, vayronaga aylangan xonaqoh va karvonsaroy o‘rnida Sherdor va Tillakori madrasalarini qurdiradi. Tillakori madrasasining masjidi ichkarisida sarflangan oltinning o‘ziga bir katta obida qurish mumkin bo‘lgan (shuning uchun ham madrasa Tillakori tilladan ishlov berilgan deb nomlangan).
Sherdor bilan Tillakori madrasalari Samarqand shahriga zeb berib turgan eng ko‘rkam obidalardandir. Yalangtush Bahodir o‘zining obidalariga Ulug‘bek madrasasining tuzilishini nusxa qilib oladi. Amir Registon maydonida turli xil obidalar qurib aralashtirib yubormay, arxitekturani uyg‘unlashtirib, faqatgina bir xil obidalar guldastasini barpo etishni xohlagan edi.
«Sherdor» - «Sher aksi bor» degan ma’noda bo‘lib, undagi quyosh, sher va kiyik (ohu) 12 burjlik hijriy yil hisobiga shama qilingan; ya’ni, quyosh - hijriy shamsiy (quyosh yili); sher (Asad) yilning beshinchi oyi; kiyik (jaddiy) esa - o‘ninchi oydir; madrasa qurilishining boshlanishi va tugallanishi ham ehtimol, shu oylarda yuz bergandir. Bundan tashqari, musulmon astronomiyasida quyoshning Asad burjida bo‘lishi, «Sa’di zamon», ya’ni, baxtli zamonga ishoradir. Bu tasvirlar saljuqiylar, elhoniylar sulolalari hukmdorlari davrida hamda XVI-XVII asrlarda Eronda ham keng qo‘llanilgan bo‘lib, tangalarda zarb etilgan va bayroqlarda aks ettirilgan. Hatto, Amir Temur ham Shahrisabzdagi (Keshdagi) Oqsaroy peshtoqida sher bilan kuyoshni aks ettirishni buyurgan. Sherdor madrasasi muhandisi usta Abdujabbor va naqshinkor tasvirlar musavviri Muhammad Avazning nomlari madrasaga kiraverishdagi marmar panjarali derazaning peshtoqiga yozib qo‘yilgan. Madrasa devorlari va gumbazlarida Qur’oni Karimning yettidan bir qismi hisobidagi oyatlar va hadisi sharifdan ham kalimalar keltirilgan.
Yalangtush Bahodir davrida madaniy hayot rivojlanib, o‘nlab obidalar quriladi. Yalangtushdan o‘rnak olgan saroy ayonlari, olimu ulamolar va tavongirlar madrasa, masjid, hammom ko‘prik, quduq kabi xalq ehtiyoji uchun zarur inshootlarni xayr sifatida qurishadi.
Amir Yalangtush Bahodir tirik paytida hokimlikdan voz kechadi. Hukmdorlikdan ko‘ra, binokorlik ishlarini afzal ko‘rgan Yalangtush Bahodir 1656 yilda vafot etadi. O‘z vasiyatiga ko‘ra uni Dahbeddagi Maxdumi A’zam xonaqohiga, piri Xoja Hoshimi Dahbediy (Maxdumi A’zamning nevaralari) qabrining oyoq tomoniga dafn etishadi. Amir Yalangtush shunday vasiyat qilgan ekan: «Meni pirlarimning oyoq tomonlariga ko‘mingiz; pirimni ziyoratlariga keluvchilar mening qabrimni bosib o‘tishsinkim, men pirimga yarashgulik xizmat qila olmadim!».
Manbalarda ushbu davr voqealari bilan bog‘liq turli xil ma’lumotlarda chalkashliklar mavjud. XVII asrning ikkinchi yarmida Samarqand taxtiga chiqqan hokimlardan biri Xo‘jaqulibiy O‘tarchi bo‘lgan. O‘tarchining ismi ko‘proq bu davrda Samarqandga yurish qilgan Xiva xoni Anushaxon (1664-1687)ga sotilgan shaxs sifatida tilga olingan. Bu davrda Samarqandda Xiva xoni Anushaxon nomi bilan tilla tanga zarb etilgan. Xiva va Buxoro o‘rtasidagi urushlar uzoqqa cho‘zilmagan va ko‘p o‘tmay, yana shaharda Ashtarxoniy Subxonqulixon (1681-1702) hokimiyati o‘rnatilib, 1689 yilda shaharga kenagas urug‘idan bo‘lgan Ibrohimbiy hokim etib tayinlangan.
Ibrohimbiy 1700 yillarning boshlarida Samarqand hokimligini Ashtarxoniylarning nufuzli amaldorlaridan bo‘lgan Farhodbiy otaliqqa topshirib, o‘zi Shahrisabzga hokim bo‘lgan. Farhodbiy otaliq Samarqand taxtiga chiqqach, mustaqil siyosat yuritishga harakat qilgan. Shu munosabat bilan Farhodbiy otaliq Samarqandda mustaqil xonlik tuzishni ilgari surgan edi. Lekin bundan xabar topgan Ashtarxoniy hukmdor Abulfayzxon (1711-1747) Farhodbiy otaliqni qatl ettirgan.
Farhodbiy otaliqdan so‘ng Samarqand taxtiga Rajab Sulton (1717-1731) tayinlanadi. Rajab Sulton Ibrohimbiy kenagasning kuyovi bo‘lib, u 1722 yilda Shahrisabz, Miyonqol va Urgut hokimlariga suyangan holda mustaqil Samarqand xonligiga (1722-1731) asos soladi. Ibrohimbiy Shahrisabzda hokim bo‘lishiga qaramay, Samarqanddagi siyosiy jarayonlarga aralashgan va Rajab Sultonni qo‘llab-quvvatlagan.
Abulfayzxon davridagi inqirozni shuningdek o‘sha davrda Buxoroda bo‘lgan rus elchisi F.Beneveni ham o‘z asarlarida yozib, Toshkent, Xo‘jand, Balx, Badaxshon, Hisor va boshqa viloyatlar poytaxtlari bilan deyarli mustaqil mulklarga aylanganini ko‘rsatib o‘tgan.
Siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi chuqur inqiroz Buxoro xonligida Abulfayzxonning obro‘sini tushirib yuboradi va natijada hokimiyat Mang‘it urug‘i vakillari qo‘liga o‘tadi.
Bu davr Markaziy Osiyo tarixida siyosiy jihatdan parokandalik davri bo‘lib, bundan foydalangan jung‘orlar (oyrotlar) 1723 yil Samarqandni zabt etdilar. Ibrohimbiy jung‘orlardan foydalanib, Buxoro Amirligi taxtini egallashga harakat qilgan. Ayni davr shahar hayotida inqirozli bo‘lib, Samarqand qarovsiz qolgan va bir muddat taxminan 7 yilcha aholi yashamagan.
Ashtarxoniylar davrida Samarqandda Olim Shayx Azizon (1564-1632) ilmiy-tasavvufiy faoliyatlar olib borgan bo‘lib, uning «Lamahot min nafahotul-quds» asari nafaqat tasavvuf va hadisshunoslikda, balkim tarixshunoslikda ham katta ilmiy ahamiyat kasb etgan va madrasalarda o‘qitilgan. Ashtarxoniy hukmdor Nodir Muhammadxonning (1642-1645) taklifi bilan Xurosonning Mashhadi muqaddas shahridan Samarqandga ko‘chib kelgan tog‘asi Mir Abu Tohirxojai Sadri Mashhadiy («Samariya»ning muallifi Abu Tohirxojai muftiy bilan adashtirilmasin) va uning avlodlari XX asr boshlariga qadar Sherdor va Tillakori madrasalariga mudarrislik qilishgan.
XVII asrning 40-yillaridan boshlab adabiyot ham rivojlana boshladi. Atoqli shoir Maliho Muhammad Bade ibe Muhammad Samarqandiy o‘zining “Muzakkir al-Azxob” (1692 y.) asarida bu davrda ijod qilgan 200dan ortiq shoirning nomini sanab o‘tgan. Ularning aksariyati Samarqandlik bo‘lishgan. Bu davrda ijod qilgan ko‘plab shoirlar hunarmand va savdogarlar oilasidan yetishib chiqqan. Husnixat ustasi Muhammad Obid ibn Muhammad Zohid Samarqandiy, do‘kondor Mu’in Buxoriy, atoqli shoir, “G‘olib va Matlub” dostonining muallifi, zardo‘z, Fitrag‘i Zardo‘ziy Samarqandiy, savdogar Musiho Samarqandiy, pardozchi usta Mulhamiy Samarqandiy, bo‘yoqchilari – Zabehoi Yahudiy Samarqandiy, Rahmini Yahudiy Samarqandiy, muqovachi xattotlar – Abdullo Samarqandiy, Do‘stmuhammad Sadri Samarqandiy, Mullo Muhammad shayx G‘arib Samarqandiy, Shayx Valad Samarqandiy, Xo‘ja Ali ibn Miroqayn Samarqandiy, Xoja Mirshoh Samarqandiylar shular jumlasidandir.
Bu davrdagi ilg‘or madaniyat arboblaridan Sayido Nasafiy (1637 – 1730) va Turdi Farog‘iylarning nomlarini alohida qayd etish lozim. Ular o‘z she’rlarida mehnatkash xalq hayotini ko‘rsatishga harakat qilishgan.
Ashtarxoniylar davriga oid me’morchilik anchayin rivojlangan. Bu davrga oid yodgorliklardan biri Nodir Devonbegi madrasasi bo‘lib, u Buxoro xoni Imomqulixonning vaziri Nodir devonbegi tomonidan 1630-1631 yillarda Xoja Ahror xonaqohi yonida me’mor Do‘stmuhammad rahbarligida qurilgan. Madrasa bir qavatli qilib qurilgan bo‘lib, hovlisining 2 tomonida ayvon, hujralar, masjid va darsxona joylashgan. Bosh tarzidagi peshtoq ayvon bezaklariga o‘zaro uyg‘unlashtirib feruza, yashil va sariq ranglarda mayda va jimjimador naqshlar bilan nafis bezatilgan.
Ashtarxoniylar davrida Samarqandda miniatyura va rassomchilik ham bir muncha oldinga siljigan. Bu davrda Muhammad Sharif Samarqandiy 1616 yilda Sa’diyning “Bo‘ston” dostoniga ishlangan to‘rtta miniatyuradan bittasini chizgan. Muhammad Darvesh Samarqandiy 1618 yili o‘zining “Doston Zebo-Zevar” asarida to‘rtta miniatyura ishlagan. Sharofiddin Ali Yazdiyning 1628 yili Samarqandda tarjima qilingan “Zafarnoma” asarida yettita miniatyura chizilganligi ma’lum.
XVII asrning ikkinchi yarmidan boshlab, qo‘g‘irchoq teatrlari keng rivojlangan. Ushbu teatrlar ikki xil: qo‘l qo‘g‘irchog‘i va chodirxayol bo‘lgan. Qo‘g‘irchoq teatrlarining chiqishlarida ruhoniylar, qozilar va ma’muriyatning kirdi-korlari tanqid qilingan. Qo‘g‘irchoq teatrlari bilan birga musiqa san’ati ham rivoj topgan. O‘nlab musiqa ijrochilari va bilimdonlarining ismlari ma’lum. Musiqa bilan nafaqat soha mutaxassislari balki rassomlar, shoirlar va olimlar ham shug‘ullanishgan. Masalan, shoirlardan Binoiy, Hofiz Tanish, Hasan Ansoriy, xattot Mahmud Ishoq, tabib Mavlono Samarqandiylar musiqa bilan shug‘ullanganlar.



Yüklə 41,2 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin