Mazmun va shakl o‘rtasidagi dialektik o‘zaro aloqa quyidagi omillar bilan belgilanadi. 1. Mazmun va shakl bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Amalda shaklsiz mazmun va
mazmunsiz shakl hech qachon va hech qaerda mavjud emas. Shaklni mazmundan
ajratishga, shakl mustaqil ahamiyatga ega ekanligini isbotlashga urinishlar
formalizmga olib keladi.
2. Mazmun va shaklning birligida mazmun etakchilik qiladi. Mazmunning
o‘zgarishi doim shaklning o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Qandaydir tashqi kuch emas,
balki aynan mazmun o‘zini shakllantiradi. Masalan, fanni rivojlantirish, yangi
qonunlarni kashf etish, ob’ekiv haqiqatlarning tagiga etish mazkur yangi qonunlar
mazmunini rasmiylashtiruvchi tegishli
yangicha tasavvurlar, formulalar,
nazariyalarni talab qiladi.
3. Mazmun va shaklning birligi mazmunga nisbatan shaklning nisbatan
mustaqilligi, faolligini nazarda tutadi. Shaklning nisbatan mustaqilligi
quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
a) rivojlanishda shaklning mazmundan oqsashida. Mazmun hech qachon bir
darajada turmaydi, u o‘zgaradi, shakl ham o‘zgarishsiz qolmaydi. Ammo mazmun
bilan taqqoslaganda shakl barqarorroq, turg‘unroqdir. Bu hol shu bilan
izohlanadiki, mazmun o‘z harakatiga ega bo‘ladi, shakl esa mazmun bilan
belgilanadi. Mazmundan farqli o‘laroq, shakl hodisaning turg‘unroq tomoni
sifatida amal qiladi. U muqarrar tarzda o‘z mazmunidan ortda qoladi;
b) shaklning mazmunga aks ta’sirida. Bu ta’sir ikki yoqlama: shakl yo
mazmunning o‘zgarishiga ko‘maklashadi, yo unga monelik qiladi. Albatta, agar
shakl mazmunning o‘zgarishiga muvofiq bo‘lsa, u mazmun jadal sur’atlarda
rivojlanishiga zamin yaratadi. Agar ularning o‘rtasida ziddiyat tug‘ilsa, mazmun
lozim darajada rivojlana olmaydi, chunki unga eski shakl xalaqit beradi. Shu
sababli ertami-kechmi ziddiyatni echish vaqti keladi. Yangi mazmunga muvofiq
yangi shakl yaratiladi. Shunday qilib, mazmun va shakl o‘rtasidagi ziddiyat
narsalar va hodisalarning o‘zgarish, ularning boshqa narsalar va hodisalarga
aylanish sabablaridan biri hisoblanadi.