Ijtimoiy publitsistika[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ijtimoiy, huquqiy, diniy va maʼrifiy asarlari orqali ham Fitrat ilm-fan, maʼrifatning turli sohalarida teran iz qoldirdi. U 1914-1916-yillardayoq „Rahbari najot“ („Najot yoʻli“), „Oila“, „Mavludi Sharif yoki Mur’oti xayr ul Bashar“, 1917-1920-yillarda „Oʻqu“ („Oʻquv“), „Sharq siyosati“, „Yigʻla, Islom“, 1925-yilda „Muxtasar Islom tarixi“ singari asarlarni eʼlon qildi. Fitrat mazkur asarlarida, bir tomondan, shu-yillarda roʻy bergan siyosiy, ijtimoiy masalalarga munosabatini ifodalagan boʻlsa, ikkinchi tomondan, musulmon olami uchun oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydigan yoki muayyan tarixiy davrda saqlanib qoladigan maʼnaviy va maʼrifiy qadriyatlarni tushuntirib berdi. Fitrat bu asarlarida millatning nafaqat siyosiy-ijtimoiy, balki diniy maʼrifiy masalalarda ham yetarli darajada bilimga ega boʻlmaganini eʼtiborga olib, har bir musulmon bilishi lozim boʻlgan bir qator masalalarga yorqinlik bagʻishladi. Fors tilida yozilgan „Rahbari najot“ risolasida tafsir, hadis, fiqh, kalom ilmlari, shuningdek, lisoniy, falsafiy, dunyoviy ilmlar toʻgʻrisida aniq tasavvur berdi, avlod, badan, fikr, axloq tarbitasiga oid falsafiy, etik qarashlarini olgʻa surdi. Fitratning „Oila“ risolasida esa oilaning jamiyat va inson hayotidagi rolini oshirishga, oila aʼzolarining huquqiy meʼyorlarini belgilashga qaratilgan fikr va mulohazalari yanada rivojlantirildi.
Fitrat huquqiy davlat qurish va uning rivojini taʼminlash maqsadida 1918-yilda Yosh buxoroliklar partiyasining 13 bobdan iborat dasturini yozib berdi. Bu dasturda olimning ijtimoiy-siyosiy va huquqiy qarashlari oʻzining chuqur ifodasini topdi.
Pedagogika[tahrir | manbasini tahrirlash]
Fitratning maktab oʻquvchilariga moʻljallangan „Oʻqu“ („Oʻquv“, , Boku, 1917) qoʻllanmasi Vatan, dunyo, tabiiyot, tibbiyot va gigiyena singari masalalar, shuningdek, oʻtmishda yashagan allomalar haqida tasavvur beradi (nomaʼlum sabablarga koʻra, ushbu qoʻllanmaning 2-qismi yozilmagan).