Globallashuv va chet el kapital migratsiyasining kuchayishi. Zamonaviy investitsiya siyosatini amalga oshirishda chet el investitsiyalari ko’chishini hisobga olish
6. Globallashuv va chet el kapital migratsiyasining kuchayishi. Zamonaviy investitsiya siyosatini amalga oshirishda chet el investitsiyalari ko’chishini hisobga olish. Mamlakatda investitsiya faoliyatining huquqiy bazasi yaratilgan, tashqi iqtisodiy, investitsiya faoliyatini tartibga soladigan, chet el investitsiyalari va investorlarining huquqlari va manfaatlari himoyasini kafolatlaydigan bir qator qonunlar qabul qilingan, investitsiya muhiti takomillashtirilmoqda va qo’shma korxonalar hamda firmalar tashkil qilish bo’yicha izchillik bilan faoliyat yuritilmoqda. Bu yo’nalishdagi g’oyat muhim vazifalardan biri kapital qo’yilmalarning samarali yo’nalishlarini belgilashdan iborat. Bunda o’zaro manfaatlar, sheriklarga davlat kafolatlari berish; valyutaning erkin almashtirilishiga erishish, bank, transport, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va mamlakatdan eksportni valyuta bilan tartibga solishning qulay sharoitlari joriy qilinganligi hisobiga olinadi. Hozirgi bosqichda chet el kapitalini milliy iqtisodiyotga kiritishda mavjud ikki strategiyadan (import o’rnini bosuvchi, eksportni kengaytiruvchi) birini – to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni eksportni kengaytiruvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga qo’yishni tanlash kerak. Mahsulotlar eksportini kengaytirish siyosati, bu siyosat bizda asosiy, mamlakatdan tashqarida raqobatni kuchaytirishga olib keladi, bu esa o’z navbatida jo’shqin iqtisodiy faoliyatga undaydi.
Shunday qilib, globallashuv, jahon bozorida keskin raqobat va omon qolish uchun kurash sharoitlarida chet el kapitali va ishlab chiqarish (korxonalar)ning ko’chib yurishi, xalqaro raqobatning paydo bo’lishi va millatlararo korporatsiyalarning tashkil topishi tabiiy hol bo’lib, qaytmas jarayon hisoblanadi. Chet el investitsiyalari bir iqtisodiyot sub’ekti kapitalini o’zga iqtisodiyotga muayyan muddatga bog’lash bo’lib, ichki investitsiyalardan risklar kengligi bilan farqlangan holda, huquqiy sharoitlarning, investitsiya muhitining o’zgarishi bilan tavsiflanadi va natijada mamlakatlar va mintaqalar bo’ylab kapital ko’chishi yuz beradi.
Kapitallarning mamlakatlar bo’ylab ko’chib yurishidagi asosiy xarakatlantiruvchi motiv - ularni safarbar etish hamda band qilishning nafliroq sharoitlaridir. Ishlab chiqarishni chet ellarga chiqarishning kuchayishi, chet el investitsiyalarining milliy iqtisodiyotga kirib kelishini iqtisodiyotlar rivojlanishini jadallashtiradigan jarayon tarzida baholash kerak. Chet el investitsiyalari rivojlanayotgan mamlakatlar uchun tashqi moliyalashtirishning zaruriy va muhim manbai bo’lgani holda, o’zi bilan birga, juda ko’p payqaladigan va sezilmaydigan aktivlar, turli-tuman texnologik, axborot, moliya oqimlarini, menejment malakalarini, jahon bozorlaridagi ish tajribalarini va boshqalarni olib kiradi. Ularga mamlakatlararo harakatlanish, ya’ni ko’chib yurish, faoliyat yuritishning huquqiy shart-sharoitlarini almashtirish, qo’shimcha risklar bilan to’qnashish va aniq maqsadlar xos. Demak, chet el investitsiyalari migratsiyasini milliy investitsiya siyosatini olib borishda va ularni amalga oshirishda albatta hisobga olishga to’g’ri keladi. Ularni jalb qilish importyor mamlakat byudjetiga soliq, ijara va boshqa tushumlarni ko’paytiradi. Ular yangi ish o’rinlarini tashkil qilishga, raqobatbardosh mahsulotlar chiqarish, jahon bozorlarida o’rnashib olishga yordam beradi.
To’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalar oqib kelishini rag’batlantirish, mamlakat qonunchiligini takomillashtirish, investitsiyalarni jalb qilish va ulardan foydalanishning uzoq muddatli maqsadli dasturiga muvofiq amalga oshirilishini talab etadi. to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni yangi loyihalarga jalb etish va O’zbekiston mintaqalarida xususiy sektorni yuksaltirish, ayniqsa qishloq hududlarida qo’shma korxona tashkil qilish yo’nalishlarida amalga oshirilishi bugungi kunning eng muhim ustuvor vazifalaridan biridir.
Ma’lumki, jahondagi biron-bir davlat xorijiy sarmoyalarni jalb qilmasdan turib taraqqiyotga hamda iqtisodiyot rivojiga erisholgan emas. Shuning uchun ham bu ish bizning iqtisodiy siyosatimiz ustuvor yo’nalishlaridan biriga aylangan. Biz bu siyosatni quyidagi tamoyillar asosida qurmoqdamiz:
tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish;
Respublika iqtisodiyotiga kapital mablag’larni jalb etishni ta’minlovchi huquqiy asos, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa shart-sharoitlarni shakllantirish;
jahon andozalari talablariga javob beradigan texnologiyalarni etkazib beruvchi hamda xalq xo’jaligining zamonaviy tuzilmalarini barpo etishga ko’maklashuvchi xorijiy sarmoyadorlarga nisbatan ochiq eshiklar siyosatini muntazam ravishda yuritish;
mablag’larni raqobatbardoshli mahsulot ishlab chiqarishni o’zlashtirish bilan bog’liq eng muhim ustuvor yo’nalishlarga sarflash.
Xorijiy sarmoyalarni jalb etish tadbirlarini amalga oshirishda oldindan belgilanib olingan tamoyillarga asoslangan holda investitsiyalarni jalb etish uchun imtiyozlarning keng tizimi vujudga keltirildi. Xorijiy sarmoyadorlar uchun imtiyozli soliq joriy etildi. Imtiyozlar va rag’batlantirish omillari belgilandi:
ishlab chiqarish hajmida tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksporti kamida 30 foizni tashkil etadigan korxonalarga, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar, foyda solig’ini amaldagi stavkalardan ikki barobar kamroq to’lash huquqi berildi;
Respublika davlat investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar bo’yicha soliqlar to’lashdan besh yil muddatga ozod etildi;
xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar daromadining ishlab chiqarishni kengaytirishga va texnologiyani yangilashga sarflanadigan qismi soliqdan ozod etildi;
o’zi ishlab chiqargan mahsulotni ruxsatnomasiz chetga olib ketish imkoniyati berildi;
O’zbekiston hududida qo’shma korxonalarning va faqat xorijiy sarmoya bilan ishlaydigan korxonalarning ustav fondiga hissa qo’shish uchun mol-mulkni chetdan boj to’lovlarisiz olib kirish ruxsati berildi;
jismoniy va yuridik shaxslarning, jumladan, xorijliklarning davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida, shu jumladan ko’chmas mulkning keng miqyosda sotilishida bemalol ishtirok etishlarini ta’minlash;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun er uchastkalaridan foydalanish va ularni tasarruf etish huquqini tanlov asosida sotib olish belgilandi. Bular bilan birgalikda xorijiy investorlarga ularning mol-mulklarini davlat ixtiyoriga olish va musodara qilishdan xalos etish uchun kafolatlar berildi. Ularning o’z faoliyati natijasida olgan foydasini va boshqa pullarni chet ellarga o’tkazishlariga, olingan foydani respublika hududida qayta investitsiya tarzida ishlatish, respublika banklarida schyotga va unda har qanday valyutada cheklanmagan miqdorda mablag’ga ega bo’lish imkoniyati kafolatlandi.
Asosiy adabiyotlar
1.Vaxobov A.V., Xojibakiev Sh.X., Mo’minov N.G. “Xorijiy investitsiyalar”. O’quv qo’llanma.- T.: Moliya, 2010.-328 b.
2.Вахабов А.В., Разыкова Г.Х., Хажибакиев Ш.Х. Иностранные инвестиции и модернизация национальной экономики. Монография. Т.: Молия, 2011.-300 с.
3.Bekmurodov A.Sh., Karrieva Ya.K., Ne’matov I.U., Nabiev D.H., Kattaev N.T. Xorijiy investitsiyalar. O’quv qo’llanma. –T.:Iqtisodiyot, 2010.-166 b.
4.Mamatov B., Xujamkulov D., Nurbekov O. Investitsiyalarni tashkil etish va moliyalashtirish. Darslik. – T.: Iqtisod-Moliya, 2014. – 608 b.
5.Kayumov R.I., Xojimatov R.X. Investitsiyalarni tashkil etish va moliyalashtirish: Darslik. - T.: TDIU, 2010. - 496 b.
6.Karlibaeva R. Investitsiyalarni tashkil etish va moliyalashtirish: O’quv qo’llanma. - T.: Cho’lpon, 2011.-124 b.
7.Raimjonova M.A. O’zbekistonda erkin iqtisodiy hududlarga investitsiyalarni jalb qilish: nazariy asoslari, hozirgi holati va istiqbollari. T.: “Extremum-press”, 2013.-176 b.
8.Toshov O. Investitsion faoliyatni moliyalashtirishni takomillashtirish. T.: “Akademnashr”, 2012.-165 b.
9.Хазанович Э.С. Иностранные инвестиции: Учебное пособие/ Э.С.Хазанович.2-е изд., стер.-М.:КНОРУС, 2011.-312с.
10Xashimov A.A., Madjidov Sh.A., Muminova N.M. Investitsiyalarni tashkil etish va moliyalashtirish. Darslik. - T.: Sharq matbaa nashriyot uyi, 2014.-208 b.
11.Шевчук Д.А. Организация и финансирование инвестиций. -Ростов на Дону.: Феникс, 2006.-272 с.
12.Сергеев И.В., Веретенникова И.И. Организация и финансирование инвестиций. Учебное пособие. – М.: Финансы и статистика, 2001. – 272 с.
1 O’zbekistonning yangi qonunlari. 21-son. T.: “Adolat”. 1998 yil. 265 b
2 O’zbekistonning yangi qonunlari. 19-son. T.: “Adolat”. 1998 yil. 532 b
3 Xalq so’zi 2005 yil 20 iyul. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi to’g’risida AXBOROT
4 O’zbekistonning yangi qonunlari. 16-son. T.: “”Adolat”, 1997. 427 b.
5 O’zbekitston Respublikasi Prezidenti Farmonlari. 1995y.. 5 yanvardan 2000y 1 yanvargacha. T. ::“Adolat”2000. 80-b.
6 O’zbekistonning yangi qonunlari. 17-son. T.: “Adolat”, 1997.
7 O’zbekistonning yangi qonunlari. 19-son. T.: “Adolat”. 1998 . 532 b.
8 O’zbekistonning yangi qonunlari. 16-son. T.: “Adolat”. 1997. 427 b.
9 O’zbekistonning yangi qonunlari. 21-son. T.: “Adolat”1998. 532 b.
10 O’zbekistonning yangi qonunlari. 19-son. T.: “Adolat”. 1998 y. 532 b.