2-Mavzu: Kasblar va ularning klassifikatsiyasi
REJA:
1.
Kasb tanlashning umumiy masalalari
2.
Kasb tanlashga ta’sir etuvchi asosiy omillar
31
3.
Kasblar va ularning ko‘rinishlari
Kasb tanlashning umumiy masalalari
Kasb - hunar to‘g‘risida har xil munosabatlar hosil bo‘lishining asosiy
sabablaridan biri - bu maktab o‘quvchilarida kasb tanlash jarayonida turli xil
motivlarning namoyon bo‘lishidir. Motivlar o‘rtasidagi kurash ularning u yoki bu
qarorga kelishlariga sabab bo‘ladi. Bizningcha, voqelikka ongli munosabatda bo‘lish
ob’yektiv va qat’iy qarorni keltirib chiqaradi.
V.A.Krutetskiy o‘spirinlarda uchrashi mumkin bo‘lgan
motivlardan
quyidagilarni alohida ta’kidlab o‘tadi: 1) biror o‘quv faniga nisbatan o‘spirinning
qiziqishi, 2) vatanga foyda keltirish istagi (o‘zlarining individual - psixologik
xususiyati va qobiliyatlarini hisobga olgan holda), 3) shaxsiy qobiliyatini ro‘kach
qilib ko‘rsatish, 4) oilaviy an’analarga rioya qilishi (vorislik), 5) do‘stlari va
o‘rtoqlaridan o‘rnak olganligi, 6) ish joyining va o‘quv yurtining uyga yaqinligi, 7)
moddiy ta’minlanganlik, 8) o‘quv yurti ko‘rinishining chiroyliligi yoki unga
joylashishning osonligi singari motivlardir.
Bundan tashqari, yoshlarda boshqa turdagi motivlar ham mavjud bo‘ladi. Ular
qatoriga shaxsning biror kasbga,
fanga moyilligi, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi, unga
intilishi, qunti, kasb to‘g‘risidagi ma’lumoti, uning sixat - salomatligi, asab tizimi va
temperamentining xususiyatlari kabi motivlarni sanab o‘tish mumkin. Biroq
motivlarning boshqa xillari ham uchraydi. Lekin holatning o‘zgarishiga qarab ulardan
unisi yoki bunisi bosh maqsadga aylanib turadi.
Mazkur holatni tadqiq etgan yirik psixolog E.A.Klimov o‘spirinlar kasb tanlash
kezida birinchidan, biror kasbning «nufuzli ekanligiga» baho berishdagi dogmalarga
asoslanish, ikkinchidan, kasbga uzoq va noaniq tasavvurga binoan baho berish,
uchinchidan, biror kasb egasi bo‘lmish kishiga nisbatan ijobiy yoki salbiy
munosabatda bo‘lishni tegishli kasbga ko‘chirish, to‘rtinchidan, kasbning oddiy
kundalik tomonini nazar - pisand qilmasdan, uning tashqi tomoniga, sirtiga mahliyo
bo‘lish, beshinchidan, o‘rtoqlarining ta’siri ostida «kompaniya uchun» kasb tanlash
kabi xatoliklarga duch kelishi mumkinligini ta’kidlab o‘tadi.
32
O‘spirinlar kasb tanlash to‘g‘risida yaqqol tasavvurga ega bo‘lmaganliklari
boisidan ko‘proq xatoga yo‘l qo‘yadilar. Tanlangan yoki tanlanishi zarur bo‘lgan
kasb undan qanday shaxs fazilatlarini talab qilishini tushunib yetmaydilar. Ular o‘z
layoqatlarini oqilona baholashga qurbi yetmaganligi uchun u yoki bu kasbni
egallaganda qanday tezlikda va aniqlikda harakat qilishni, sezish va idrok qilish
xususiyatlarni, asab tizimini muvofiqlashishi mumkinligini bilmaydilar. Shuning
uchun yuqorida bayon qilib o‘tilgan hatolarga yo‘l qo‘yadilar. Biroq hozirgi davrda
bunday ko‘ngilsiz xolatlarning oldini olish imkoniyatlari mavjud. Buning uchun
quyidagi pedagogik - psixologik va ijtimoiy xususiyatli umumiy tomonlarga
alohida e’tibor berish maqsadga muvofiq.
1.
Kasblarni o‘rganish metodlarini ishlab chiqish, ularni tasniflash va
lo‘nda qilib ifodalash.
2.
O‘qituvchining kasb maorifi yuzasidan tashviqot ishlari olib borish,
o‘quvchilar bilan kasbga doir individual maslahatlar uyushtirish, o‘spirin va
uning ota-onasi bilan kasbga yo‘naltirish metodikasini birgalikda ko‘zdan
kechirish.
3.
O‘spirinlarni kasbning asosiy guruhlari, turlari bilan yaqindan
tanishtirish; muayyan kasb oldiga qo‘yiladigan shaxsning fiziologik, psixologik
fazilatlari hamda kasb o‘rganishning yo‘llari bilan tanishtirishni tashkil qilish.
4.
Mehnat
ta’limi darslarida o‘quvchilarda dastlabki kasbiy
tayyorgarlikni yuzaga keltirish va unga nisbatan mehr-muhabbat uyg‘otish.
5.
Psixodiagnostik va kasb tanlashga doir metodlarni amaliyotga tadbiq
qilishga moslashtirilgan turlarini ishlab chiqish.
6.
Tuman va shaharlarda zamon talabiga javob beradigan kasb tanlash
markazlarini jihozlash.
7. Kasb tanlashni tashviqot qilish yuzasidan o‘spirinlarni ommaviy axborot
vositasiga jalb qilish va ularni psixologik jihatdan tayyorlash kabilar.
Hozirgi davrda tadqiqotchilar va amaliyotchilar tomonidan kasb
tanlashning metod va metodikalari ishlab chiqilgan. Kasblarning xususiyatlariga
qarab tasniflash va ularni ma’lum tartibga solib, tizimli ravishda tavsiflashga
33
erishilgan. Ayniqsa, E.A.Klimovning yaratgan sxemasi bu o‘rinda alohida
ahamiyat kasb etadi. U quyidagi kasb turlarini tavsiya qiladi:
1. Polizchi, chorvador, asalarichi, zootexnik, agronom, o‘rmon barpo etuvchi
- bionik mutaxassisligi “inson - tabiat».
2. Slesar, tokar, montyor, konstruktor, radiotexnik, injener - texnika
mutaxassisligi «inson - texnika».
3. Ofitsiant, sotuvchi, hamshira, o‘qituvchi, tarbiyachi, muhandis tashkilotchi
– sotsionomik mutaxassisligi «inson - inson».
4. Bo‘yoqchi, nusxa ko‘chiruvchi, musiqachi, badiiy bezovchi yoki
pardozlovchi, kompozitor, yozuvchi rassom - artonomik mutaxassisligi «inson -
badiiy obraz».
E.A.Klimov insonning tabiat bilan munosabatga kirishishga moslashgan
kasblarni bionik mutaxassisligi, insonning texnika bilan munosabatda bo‘lishi
natijasida yuzaga keluvchi kasblarni texnika mutaxassisligi, insonning inson bilan
muomalasi orqali vujudga kelgan kasb - hunarlarni sotsionomik mutaxassisligi va
nihoyat insonni badiiy obrazlar yaratishga undovchi kasblarni artonomik
mutaxassisligi deb ataydi.
Oddiyroq tilda ifodalaganda: a) insonni tabiatga xizmat qildirishga
mo‘ljallangan kasblar; b) insonni texnikaga xizmat qildiruvchi kasblar; v) insonni
inson xizmatiga moslashtirilgan kasblar; g) insonni badiiy obrazlar ustida
ishlashga undovchi kasblar singari turlarga ajratish mumkin. Lekin mazkur
kasblar tasnifi mavjud barcha kasblarni birma -
bir sanab o‘tishni o‘z oldiga
maqsad qilib qo‘ymaganligi sababli, ularning ko‘pchiligi o‘z ifodasini topmagan.
Kasb tanlashga yo‘llanma berish va uni tashviqot qilishning usullaridan biri
- ko‘rgazmali vositalar, fotostendlar, kitoblar ko‘rgazmasi, yosh rassom va
tabiatshunoslar ijodiy faoliyatining mahsulotini namoyish qilish, naqqoshlar
ijodiy faoliyatining mahsulotini namoyish qilish, naqqoshlar va texnika to‘garagi
ishlarini ko‘rgazmalarga qo‘yishdir. Bundan tashqari, muzeylarga ekskursiyalar
uyushtirish orqali u yoki bu kasbga nisbatan qiziqishni vujudga keltirish mumkin.
34
O‘spirinlarda hosil bo‘ladigan praksik (lazzatlanish, rohatlanish) hislar kasbga
mehrini oshiradi va unga nisbatan mustahkamlaydi.
Psixolog M.G.Davletshin kasb tanlashni uch bosqichdan kelib chiqqan
holda (kasb maorifi, kasbiy maslahat, kasbga yo‘naltirish) shaxsning kasb -
hunarga yaroqliligi (layoqati)ning ichki tomonlarini ochishga harakat qiladi:
a) kadr tanlash davrida shaxsning umumiy yaroqliligi (layoqati);
b) kasb- hunar tanlashda uning qaysi kasb turiga loyiqligi;
v) kasbga o‘rgatishda shaxs sifatlarini shakllantirish imkoniyatining
mavjudligi haqidagi savollarga javob olishga intiladi.
Muallifning fikricha, o‘spirinning kasbga yaroqliligini aniqlaganda uch
muhim narsaga etibor qilish maqsadga muvofiqdir: kasbga munosabat, qobiliyat,
qo‘nikma va malakalar. Odamning kasbga yaroqliligini aniqlashda uning
qiziqishi, irodasi, qobiliyati, maxsus bilimi, ko‘nikmalarining jips aloqasini
ifodalagan holda olib qarash oqilona yo‘ldir.
Yuritilgan mulohazalardan ko‘rinib turibdiki, kasb - hunar to‘g‘risida
axborot, kasb haqida maslahat vositalari ongli kasb tanlash uchun yetarli emas.
Shuning uchun o‘spirin o‘quvchilarning bilish faoliyatini faollashtirish, ularni
mustaqil bilim olishga o‘rgatish kasb tanlashda o‘z kuchini muayyan faoliyatda
sinab ko‘rishga imkoniyat yaratadi. Lekin bu bilan kifoyalanish, qanoat hosil
qilish shart emas, balki boshqa yo‘l va vositalarni qidirish, izlash darkor.
Mehnat psixologiyasi namoyondalari kasb tanlashning o‘zgacha usullarini
tavsiya qilmoqdalar. Jumladan, barcha fanlarni o‘qitishda politexnik xususiyati va
xossasini chuqurlashtirish; tabiiy - matematik sohadagi fanlarda atrofdagi ishlab
chiqarishdan ob’yekt sifatida foydalanish; ijtimoiy turkumdagi fanlarni o‘qitishda
o‘lkashunoslik materiallarini qo‘llagan holda faoliyat uyushtirish, o‘quvchilarning
kasbga nisbatan qiziqishini orttirish va mehnat qilishga ularni axloqan tayyorlash;
fan asoslarini egallashda kasb haqida axborotlar berib borish; mehnat sohalari
to‘g‘risida kasb tanlovchiga mustaqil tanishish sharoitini yaratishdir.
O‘quvchilarni professiogramma bilan tanishtirishda bosh maqsad quyidagi
tarkibiy qismlarni, jihatlarni o‘z ichiga qamrab oladi:
35
a) asosiy mehnat qurollari - kasb tanlovchining diqqati, shijoati, fikr -
xayoli - xuddi shu qurollarga qaratilgan va yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak;
b) asosiy mehnat operatsiyalari: mehnat quroli bilan qanday faoliyatni
amalga oshirish imkoniyati mavjudligini aniqlash va qaysi sohalarda ishlatish
mumkin ekanligini bilish; ishlab chiqarish jarayonidagi operatsiyalarning rolini
to‘g‘ri tasavvur qila olish; operatsiyalarning yangi variantlarini qidirish va kashf
qilish uchun harakat qilish;
v) asosiy qurollar va vositalar: qo‘l aslahalaridan - slesar, jarrox,
skripkachi, g‘ijjakchi, kamon otuvchi kabi kasb egalari foydalanadi;
g) mehnat sharoitlari: kasb tanlovchini o‘rab turgan tabiiy muhit va
sharoitlar, kishilar va hokazo.
Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqqan holda o‘spirinlarning qiziqishi,
mayli, ehtiyoji, iqtidori, malakasini hisobga olgan holda to‘g‘ri yo‘naltirish
mamlakat taraqqiyoti uchun puxta zamin hozirlaydi. Bu haqda “Kadrlar
tayyorlashning milliy dasturi»da ibratli fikrlar bildirilgan. Kasb tanlash jarayoni
ijtimoiy ahamiyat kasb etsa-da, lekin uning ortida jismoniy individual (yakkahol)
shaxs turadi. Holbuki shunday ekan, har bir kasb tanlovchi shaxsiyatiga individual
munosabatni amalga oshirish zarur. Buning uchun kasb tanlovchining yosh va jins
xususiyatlariga binoan kasb maorifini amalga oshirish maqsadga muvofiq. Bunda
birinchi navbatda shaxsning kasbiy ehtiyoji, motivi, layoqati, qiziqishi va
qobiliyatini hisobga olish darkor. Aks holda umumiy xususiyatli yo‘llanma,
ko‘rsatma ijobiy natijaga olib kelmaydi, chunki individuallik o‘ziga xos talablarni
taqozo etadi. Hatto oddiy kasb maorifi ham turlicha yondashuvni talab qiladi,
binobarin, uni qondirmasdan turib tub maqsadga erishib bo‘lmaydi.
Dostları ilə paylaş: |