5-bob. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish, javobgarlikning muqarrarligi
25-modda. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga chek qo‘yishga, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlashga doir chora-tadbirlar
Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga chek qo‘yishga, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlashga doir chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlarining korrupsiyaning holatini va tendensiyalarini tizimli tahlil qilishga asoslangan samarali ishini tashkil etish, ularning faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashning zamonaviy shakllari va usullaridan foydalanish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning texnik ta’minoti darajasini oshirish, ularning ishiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
sudlarning mustaqilligi va erkinligini, ular faoliyatining ochiqligini ta’minlash;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari o‘rtasida muvofiqlashtirishni va hamkorlikni ta’minlash;
jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar faktlariga doir murojaatlari to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot bergan shaxslarning himoya qilinishini ta’minlash;
korrupsiyaga qarshi kurashning samarali jinoyat-huquqiy va jinoyat-protsessual mexanizmlarini yaratish.
Dostları ilə paylaş: |