Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari


Kuchli fuqarolik jamiyati – demokratik rivojlanish asosi



Yüklə 83 Kb.
səhifə2/2
tarix05.04.2023
ölçüsü83 Kb.
#93554
1   2
KUCHLI DAVLATDAN KUCHLI FUQAROLIK JAMIYATI SARI

Kuchli fuqarolik jamiyati – demokratik rivojlanish asosi
“O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda sifat va miqdoriy o‘zgarishlar” mavzuida konferensiya bo‘lib o‘tdi. Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda mamlakatimiz parlamenti a’zolari, davlat tuzilmalari, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari, BMTTD, YUNISEF kabi O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro tashkilotlar vakillari, Fransiya, AQSh, Sloveniya, Janubiy Koreya, Isroil kabi mamlakatlardan xorijiy ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Istiqlolning dastlabki kunlaridan O‘zbekistonda amalga oshirib kelinayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy maqsadi barqaror rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega demokratik huquqiy davlat qurish, inson oliy qadriyat hisoblangan, uning huquqlari, manfaatlari va erkinligi ta’minlanib, salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirishdan iboratdir. Konferensiyada o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlagan mamlakatimiz erishayotgan muvaffaqiyatlar Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan va butun dunyoda e’tirof etilgan islohotlarning «o‘zbek modeli»ni hayotga tatbiq etishning amaldagi natijasi ekani ta’kidlandi.
«Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari» tamoyilini izchil amalga oshirish doirasida aholi keng qatlamlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan, xalqimiz tarixidan chuqur o‘rin egallagan mustaqil ish olib boradigan, barqaror fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish hamda rivojlantirish uchun barcha zarur tashkiliy-huquqiy va moddiy sharoitlar yaratilgan.
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti direktori E.Solihov o‘z ma’ruzasida Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida mazkur institutda ushbu ijobiy demokratik jarayonni chuqur o‘rganish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi. Monitoring tadqiqotlari natijalari mamlakatimizni demokratik modernizatsiya qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyati muttasil oshayotgani, fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning fuqarolik ongi hamda siyosiy-huquqiy madaniyatining barqaror o‘sayotganidan dalolat beradi. Bu esa kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishning muhim shartidir.
Mamlakatimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, siyosiy partiyalar, harakatlar, kasaba uyushmalari, jamoat birlashmalari va jamg‘armalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, mustaqil ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini kafolatlaydigan mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgan. Ular O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining institutsional tuzilmasini tashkil etadi va fuqarolarning mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni bajarishda faol ishtirokini ta’minlashga ko‘maklashadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi, fuqarolik institutlarining huquq hamda qonuniy manfaatlariga rioya qilish kafolatlari, ularga teng huquqiy imkoniyatlar yaratib berishga oid tamoyillar mustahkamlab qo‘yilgan. Bu borada qabul qilingan jami ikki yuzdan ortiq qonun hujjatlari mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini izchil rivojlantirishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2005-yil 23-iyunda qabul qilingan “O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga ko‘maklashish borasidagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ushbu ijobiy jarayonni rivojlantirish, ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni hal etishda fuqarolik institutlari rolini kuchaytirish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy, sotsial va ishbilarmonlik faolligini oshirishga yordam bermoqda.
2008-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining “Nodavlat notijorat tashkilotlarini, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilingandan so‘ng bu jarayon yanada jadallashdi. Ushbu hujjatga binoan mamlakatimiz oliy qonunchilik organi huzurida Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda ushbu fond mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi tashkil etildi. 2008-2012-yillarda davlat byudjetidan Jamoat fondiga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan turli jabhalarda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun 22,4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilining o‘rinbosari Yako Sillersning ta’kidlashicha, “fuqarolik jamiyati har qanday mamlakatni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi. Fuqarolik institutlariga islohotlarni amalga oshirishda, jumladan, aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda asosiy mexanizmlardan biri sifatida qaralishi juda muhim. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun shakllangan huquqiy baza, davlatning fuqarolik institutlarini qo‘llab-quvvatlashi, xususan moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashi, ularning davlat organlari bilan o‘zaro hamjihatligi, ko‘plab jamoat tashkilotlari amarali faoliyat ko‘rsatishida muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonda ushbu barcha yo‘nalishlarda muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Shunisi quvonarliki, fuqarolik jamiyati sohasida faollik kuchaymoqda. Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy yuksaltirish, aholi turli qatlamlarining hokimiyat organlari bilan samarali aloqalarini mustahkamlashda fuqarolik jamiyati institutlari rolini oshirish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, bunda mazkur konferensiya kabi muhim tadbirlarning o‘tkazilishi ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu kabi tadbirlar natijasida davlat va jamiyat o‘rtasidagi amaliy muloqot rivojlanmoqda”.
Konferensiyada Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi ushbu muhim sohada islohotlarning yangi bosqichini boshlab bergani, unda davlat va jamiyat qurilishida fuqarolik institutlari ishtirokini izchil kengaytirishga qaratilgan qator dasturiy chora-tadbirlar ko‘zda tutilgani ta’kidlandi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) fuqarolik jamiyati institutlari tizimida muhim o‘rin tutadi. NNTlar faoliyati mamlakatimizni rivojlantirish shartlari va xalqaro standartlarga mos qonunchilik bazasi bilan ta’minlangan bo‘lib, ularni davlat tomonidan samarali qo‘llab-quvvatlash mexanizmi yaratilgan. 2007-yilda qabul qilingan va nodavlat notijorat tashkilotlarining ustavda belgilangan faoliyatni amalga oshirish maqsadida zarur axborotni olish uchun davlat organlariga murojaat qilish, davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlari, ularning mansabdor shaxslari harakatlari yoki harakatsizligidan himoyalanish huquqi mustahkamlangan “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun jamiyatimizda ularning maqomini yanada mustahkamladi.
NNTlarning yanada rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida 2005-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar va dasturlarni amalga oshirishda ularning sa’y-harakatlarini birlashtirmoqda, bu borada har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda.
Ushbu chora-tadbirlar NNTlar sonining ko‘payishi va ularning faoliyati samaradorligini oshirish imkonini berdi. 1991-yilda mamlakatimizda atigi 95 NNT faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugun ular 6 mingdan oshdi. NNTlarning ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarini amalga oshirish uchun ajratilayotgan grant mablag‘lari miqdori ham muntazam ko‘paytirilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2009-yilda ushbu maqsadlar uchun 444,6 million so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2012-yilda bu ko‘rsatkich 2300,4 million so‘mni tashkil qildi. Grantlar olgan NNTlar soni ham ko‘paydi – 2011-yilda 122 tadan 2012-yilda 160 dan oshdi. Bunda joylardagi dolzarb masalalarni hal etishda ishtirok etayotgan hududiy NNTlar soni 2,2 baravarga ko‘paydi. Ayni paytda uch yuzdan ortiq NNT ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish davlat dasturini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etdi, keyinchalik esa ushbu dasturga ijrochilar sifatida kiritildi. Bundan tashqari, “Mustahkam oila yili” Davlat dasturining aksariyat bandlari bevosita NNTlar ishtirokida amalga oshirildi.
Pirovard natijada esa, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida ishlab chiqilayotgan qonun loyihalarini jamoatchilik tomonidan muhokama etish hamda ekspertizadan o‘tkazishda NNTlar faolligi oshmoqda.
“O‘zbekistonda davlat fuqarolik jamiyati va uning institutlarini, jumladan NNTlarni rivojlantirishga katta yordam bermoqda, – dedi ekspert Xvan San Chel (Janubiy Koreya). – Bizning Osiyo madaniyati va rivojlanish institutimiz aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga tibbiy yordam ko‘rsatish dasturini amalga oshirishda hamkorlik qilmoqda. Toshkentdagi yetakchi klinikalar bazasida faoliyat yuritib, birgalikda operatsiyalar, gumanitar aksiyalar o‘tkazmoqdamiz. Shu bilan birga, chekka tumanlar aholisiga yuqori malakali maslahat va davolash yordamini ko‘rsatish uchun ko‘chma ixcham klinika faoliyat yuritmoqda. Bu faoliyat aholiga manzilli ijtimoiy yordam berish doirasida amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda keng rivojlangan bu jarayon, xususan, NNT tarmog‘i va mahalla orqali amalga oshirilmoqda. Mamlakatingizda tobora mustahkamlanib borayotgan fuqarolik jamiyati tuzilmasi O‘zbekistonda odamlarning ko‘plab muhim muammolarini hal etishga ko‘maklashmoqda. Bu esa rivojlanish jarayonida davlat va jamiyatning o‘zaro samarali hamkorligiga yorqin misol bo‘la oladi”.
Tadbirning xorijlik ishtirokchilari O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari (OAV) yuqori darajada rivojlanayotgani, mamlakatimizda OAV samaradorligi va mustaqilligini, islohotlarning ochiq-oshkoraligini ta’minlash, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida keng ko‘lamli ishlar izchil amalga oshirilayotgani hamda bu ijtimoiy-siyosiy hayotni demokratlashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladilar.
Bunga mustaqil OAVni tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun shart-sharoit yaratish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ularning ishtirokini kengaytirishga qaratilgan tizimli hamda bosqichma-bosqich ishlar ham yordam bermoqda. Bu borada “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”, “Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida”, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining 2011-yil 30-dekabrda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to‘g‘risida”gi qarori sohani yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, o‘z tarkibida yuzdan ortiq elektron ommaviy axborot vositasini birlashtirgan Nodavlat elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi jurnalistlar, nodavlat OAV, jumladan elektron media-tuzilmalarni tizimli asosda qo‘llab-quvvatlamoqda. 2009-2012-yillarda Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan o‘tkazilayotgan grant tanlovlarida ishtirok etayotgan OAVlar soni to‘rt barobarga ko‘paydi. Bu davrda OAVni rivojlantirish va faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan grant mablag‘lari hajmi ham 25 baravardan oshdi.
Bularning barchasi mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining ham sifat, ham son jihatidan ko‘payishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 1991-yildan buyon ularning soni 395 dan 1326 taga ko‘paydi, ularning qariyb 60 foizi nodavlat OAV hisoblanadi. Joylardagi dolzarb muammolarni aniqlash va yoritishda, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda, birinchi navbatda, hududiy OAVning roli, shuningdek, ularning tanqidiy materiallari ta’sirchanligi oshdi va ushbu materiallar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ko‘p partiyali tizimning huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoidalari, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida” “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun bilan belgilangan. “Parlamentdagi ko‘pchilik” va “parlamentdagi ozchilik” tushunchalariga aniqlik kiritilgan, mamlakatimiz parlamenti quyi palatasiga saylovlarda eng ko‘p deputatlik o‘rnini olgan siyosiy partiya Bosh vazir nomzodini taklif etish, uni egallab turgan lavozimidan ozod etish tashabbusini bildirish huquqlariga ega.
Mazkur qonun hujjatlarining amalga oshirilishi ko‘p partiyali tizimni mustahkamlashga katta ta’sir ko‘rsatdi, parlament, mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatida, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda siyosiy partiyalarning ishtirokini kengaytirish asoslarini yaratdi. Ayni paytda mamlakatimiz parlamentida to‘rt siyosiy partiya fraksiyalari, shuningdek, O‘zbekiston Ekologik harakatining deputatlar guruhi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Partiyalararo raqobat darajasi oshdi, fraksiyalararo kurash, fraksiyalarning o‘z elektorati manfaatlarini himoya qilish, ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirish, joylarda qonunlar ijrosini tekshirish ishlari kuchaydi. 2012-yilda 2011-yilga nisbatan Xalq deputatlari kengashlaridagi partiyalar guruhlaridan deputatlik so‘rovlari soni 33,2 foizga ko‘paydi. Mansabdor shaxslarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, davlat dasturlarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha hisobotlarini eshitish amaliyoti faol qo‘llanilmoqda.
“O‘zbekistondagi ko‘plab fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqdamiz va bu bizga katta ijobiy tajriba bermoqda, – deydi “Mintaqaviy muloqot” NNTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktorining o‘rinbosari Katya Gershak (Sloveniya). – Fuqarolik jamiyati – demokratik davlat barpo etishning muhim tashkiliy qismidir. Uning mohiyati shundaki, odamlar bir-biriga yordam beradi. O‘zbekistonda bunday hamkorlikka odamlar farovonligi yo‘lida faoliyat ko‘rsatayotgan turli jamoat tashkilotlari ishiga fuqarolar ham jalb etilayotgan mahalla instituti yorqin misol bo‘la oladi. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga ko‘maklashayotgan yana bir ijobiy tajribani misol tariqasida qayd etishni istardim. Ayni paytda yangi qonunlarning ishlab chiqilgan loyihalarining jamoat tomonidan keng muhokamasi tashkil etilgan».
O‘zbekistonda davlat boshqaruvini demokratlashtirish jarayonida vazifalarning bir qismini jamoat tashkilotlari, shu jumladan fuqarolarning mahalla kabi noyob o‘zini o‘zi boshqarish organiga bosqichma-bosqich o‘tkazish muhim masalalardan biridir.
Mamlakatimizda fuqarolarning 10 mingga yaqin o‘zini o‘zi boshqarish organlari ilgari mahalliy hokimiyat organlarining alohida huquqlari doirasiga kirgan o‘ttizdan ortiq vazifani bajarmoqda, chunonchi, joylardagi ijtiimoiy-iqtisodiy rivojlanish, jamiyatimizda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni qaror toptirish, barkamol yosh avlodni tarbiyalash, aholi bandligini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va hududlarni obodonlashtirish kabi ko‘plab masalalarni samarali hal etmoqda.
Mahalla aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish, oilaviy biznes va xususiy tadbirkorlik markaziga aylanmoqda. Fuqarolar yig‘inlari huzurida tashkil etilgan maslahat markazlari tadbirkorlik faoliyatini yuritish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil qilmoqda, ishga joylashtirish va kadrlarni qayta tayyorlash, kichik korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda bank kreditlarini olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishga ko‘maklashmoqda. Bu ishlarning hammasi yuksak natijalar berayotir. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ishtirokida 2012-yilda 633 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi va bu 2011-yildagiga nisbatan uchdan bir barobar ko‘pdir.
Mamlakatda hayotga tatbiq etilayotgan demokratik islohotlar samaradorligi ko‘p jihatdan fuqarolar ongi, aholining siyosiy-huquqiy madaniyatining nechog‘li rivojlanganiga bog‘liqdir. Shu bois mustaqillikning dastlabki kunlaridan ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aholida inson huquq va erkinliklari, qonunlarni hurmat qilish, o‘zining konstitutsion huquqlari, Vatanimiz taqdiriga, mamlakatimiz hamda dunyoda ro‘y berayotgan voqealarga daxldorligini anglash tuyg‘usini shakllantirish muhim vazifalardandir.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning muhim vazifasi sifatida inson huquqlari masalalari bo‘yicha uzluksiz ta’lim va ma’rifat, aholi huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasini oshirishga doir noyob, yaxlit tizim yaratilganini qayd etdilar.
Prezidentimiz Islom Karimovning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida” va “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini o‘rganish ishini yaxshilash haqida”gi farmonlari mazkur sohani rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda. 1997-yilda Jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish milliy dasturi qabul qilindi. 2008-yilda esa davlatimiz rahbarining farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 60-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturiga muvofiq aholining huquqiy bilimlarini yuksaltirish, jamiyatimizda inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga doir chora-tadbirlar amalga oshirildi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturini hayotga tatbiq etish doirasida ham ushbu sohada izchil ishlar bajarildi. O‘zbekistonda 2011-yildan buyon Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengash faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq Inson huquqlari sohasida milliy harakat dasturi ishlab chiqilmoqda. Unda shaxs huquq va erkinliklarini ta’minlash sohasida qonunlarga rioya etish ustidan jamoatchilik monitoringini amalga oshirish, jamiyatimizda inson huquqlari madaniyatini rivojlantirishga oid yanada keng ko‘lamli chora-tadbirlar ko‘zda tutiladi.
Konferensiyada aholining yuksak huquqiy madaniyati demokratik jamiyat asosi va uni rivojlantirish kafolati ekani ta’kidlandi. Bu jarayonga fuqarolik institutlari ham yanada faolroq jalb etilmoqda. Qonun ustuvorligi prinsipini amalga oshirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, fuqarolar huquqiy madaniyatini oshirishda ularning o‘rni ortib borayotir.
“Bunday o‘ta muhim mavzuga bag‘ishlangan konferensiyada qatnashish mamlakatingizda bu borada to‘plangan tajribani yanada chuqur o‘rganish imkonini beradi, – deydi ekspert Idan Peysaxovich (Isroil). – Masalan, “Kamolot” kabi yirik yoshlar ijtimoiy harakatining tashkil etilishi va faoliyat ko‘rsatishi, yoshlarning yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularga bilim olish, ishga joylashishda, ijtimoiy muammolarni hal etishda har tomonlama yordam berish juda yaxshi tajriba bo‘lib, uni, jumladan Isroilda ham o‘rgansa va qo‘llasa arziydi. Fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha ochiq muloqot jarayoniga keng jamoatchilik jalb etilgan, xususan, xorijlik ekspertlar ishtirokida davra suhbatlari, konferensiyalar o‘tkazilmoqda. Bu borada mamlakatingizdan ibrat olsa arzigulik jihatlar ko‘p. O‘zbekiston Prezidentining oqilona va aniq maqsadga yo‘naltirilgan siyosati samarasida mamlakatingizda fuqarolik jamiyatini va uning institutlarini barcha darajada rivojlantirish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Bu juda to‘g‘ri yo‘l bo‘lib, undan bundan buyon ham samarali harakat qilishingizga ishonaman”.
Fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekistonda aholining siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, shaxs huquqlarini ta’minlash va himoya qilish, inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda muhim omil bo‘lmoqda. Fuqarolar murojaatlari soni ko‘paymoqda, ularda ko‘tarilayotgan masalalar davlat organlari hamda jamoat tashkilotlari faoliyatidagi mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash, bartaraf etishga yordam bermoqda.
Konferensiya qatnashchilarining ta’kidlashicha, bularning barchasi O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati va uning institutlarini isloh etish hamda demokratlashtirish, rivojlantirish jarayoni muqarrarlik kasb etganidan dalolat beradi. Uning turli jihatlari bo‘yicha Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan hududlarda 1,3 mingdan ortiq tadbir, shuningdek, ishlab chiqilayotgan qonun loyihalarining jamoatchilik muhokamasiga bag‘ishlangan ikki yuzga yaqin davra suhbatlari va seminarlar tashkil etildi. Milliy va chet ellik sheriklar bilan hamkorlikda O‘zbekistonda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, yangi qonunlar loyihalarini muhokama etish hamda ular bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga doir amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar mazmun-mohiyatini ochib berishga oid o‘n bitta xalqaro konferensiya, davra suhbati va seminarlar o‘tkazildi.
Shu bilan birga, konferensiyadagi har tomonlama muhokama va fikrlar almashish davomida aholi, jumladan NNTlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yetakchilari va faollarning huquqiy bilim darajasi, siyosiy madaniyatini oshirish, davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash muhimligini tushuntirish ishlarini yanada yaxshilash talab etilayotgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutiga fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga monelik qilayotgan omillarni kompleks ravishda o‘rganish va tahlil qilish, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning ahvoliga oid yillik milliy ma’ruzalar tayyorlashni amaliyotga joriy etish tavsiya etildi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha tegishli tavsiyalar qabul qilindi, ular fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan milliy institutlar ishida e’tiborga olinadi.
Yüklə 83 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin