Fermer xo’jaliklarining yer maydonlarini optimallashtirish.
Fermer xo’jaliklari faoliyatini chuqur tahlil qilish amalga oshirilgan chora-tadbirlarga qaramay, hali ham fermer xo’jaliklari faoliyatida bir qator kamchiliklar mavjudligini ko’rsatmoqda. Xususan, ayrim fermerlar tomonidan yer maydonlaridan samarasiz foydalanilayotganligi, moliyaviy-iqtisodiy ahvolining surunkali nobarqarorligi, moddiy-texnika resurslari bilan yetarlicha ta’minlanmaganligi, yer ajratishda hududlarning tuproq-iqlim sharoiti, aholi zichligi va bandligi kabi masalalar inobatga olinmaganligi, shuningdek xo’jaliklarning tarmoq ixtisosligi (paxta va g’allachilik, bog’ va uzumchilik, sabzavot va polizchilik, chorvachilik va boshqalar) bo’yicha yer uchastkalari maqbul bo’linmaganligi kabi masalalar aniqlandi.
Shuning uchun ham, fermer xo’jaliklari ixtiyoridagi yer maydonlarini optimallashtirish jarayonini amalga oshirish, barqaror iqtisodiy faoliyat uchun asos yaratish maqsadida keng qamrovli chora-tadbirlar ishlab chiqish taqozo etildi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 6 oktyabrdagi F-3077 sonli “Fermer xo’jaliklari tasarrufidagi yer uchastkalarini maqbullashtirish chora-tadbirlari bo’yicha takliflar
ishlab chiqish maqsadida maxsus komissiyani tashkil qilish to’g’risida”gi Farmoni qabul qilinishi ushbu jarayonning boshlanishi bo’ldi.
Ushbu Farmoyishga ko’ra quyidagi vazifalar amalga oshirildi:
yer uchastkasini biriktirish yuzasidan fermer xo’jaliklari bilan yer ijara shartnomalarini tuzish ishlarini yakunlash. Shartnomalar tuzilgandan keyin yer resurslari bo’yicha tumanlar xizmati vakillari bilan fermer xo’jaliklari rahbarlari ishtirokida ijaraga berilgan yer uchastkalarining chegaralari dalolatnomalar asosida (fermer xo’jaligining yer uchastkasi chegaralarini ko’rsatish dalolatnomasi) rasmiylashtirildi;
yer uchastkalari maqbullashtirilgan fermer xo’jaliklari bo’yicha tumanlar hokimlari tomonidan qabul qilingan qarorlarni viloyatlar hokimi qarorlari bilan tasdiqlash oxiriga yetkazildi;
fermer xo’jaliklariga xizmat ko’rsatuvchi va ta’minot tashkilotlari bilan shartnomalar tuzishni tashkil qilish hamda uning ijrosi bo’yicha qat’iy va muntazam monitoring yuritish yo’lga qo’yildi;
yer uchastkalari maqbullashtirilgan fermer xo’jaliklarining debitor va kreditor qarzlari to’liq uning vorisi zimmasiga o’tkazildi;
fermer xo’jaliklari hududidagi irrigasiya-meliorasiya tarmoqlarini ishchi holatda saqlashni ta’minlash, bunda ularni o’z vaqtida tozalash va ta’mirlash ishlarini amalga oshirish hisobiga yerlarning meliorativ holatini yaxshilab borish yo’lga qo’yildi;
tutzor va yakka qatordagi tut daraxtlari fermer xo’jaliklari balansiga o’tkazildi;
mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish, butun mavsum davomida suv taqsimoti qonun-qoidalariga to’liq rioya etish, zamonaviy suvni tejash texnologiyalarini joriy etib borish yo’lga qo’yildi.
Qishloq xo’jaligida fermer xo’jaliklarini yiriklashtirishda quyidagi omillar e’tiborga olindi:
yer maydonlari kichik bo’lgan va ulardan oqilona foydalanilmagan, qishloq xo’jaligiga mo’ljallangan yer maydonlarida oxirgi 3 yil davomida belgilangan kadastr bahosidan past hosil yetishtirgan, tuproq unumdorligining pasayishiga yo’l qo’ygan;
qonunda belgilangan muddatlarda yagona yer solig’i, boshqa turdagi soliqlar va to’lovlarni muntazam ravishda to’lamagan hamda yirik miqdorda qarzdor bo’lgan;
davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo’jalik ekinlarini to’liq hajmlarda ekmagan va ular bo’yicha tuzilgan shartnomaviy majburiyatlarni surunkasiga bajarmagan;
mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanmagan, irrigasiya-meliorasiya va boshqa agrotexnik tadbirlarni o’z muddatida hamda sifatli bajarmagan fermer xo’jaliklari bilan tuzilgan yer ijara shartnomalari bekor qilindi.
Mazkur farmoyish ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilgan maqbullashtirish jarayonida respublikamizdagi fermer xo’jaliklarining soni 215 ming 776 tadan 105 ming 200 tagacha yoki 52 foizga kamaydi. Ayni vaqtda fermer xo’jaliklarining o’rtacha yer maydonlari 27,4 gektardan 56,5 gektargacha ko’paydi.
Bugungi kunda fermer yer va o’zi ishlab chiqargan mahsulotning egasi bo’lib, o’z mehnatining natijasidan bevosita manfaatdordir. Natijada fermerlarning dunyoqarashi tubdan o’zgardi, ularda yer- suv resurslaridan oqilona foydalanish uchun mas’uliyat hissi kuchaydi.
Shu bilan birga O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009 yil 22 oktyabrdagi «Fermer xo’jaliklari tasarrufidagi yer uchastkalari maydonlarini yanada maqbullashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi F-3287-son farmoyishi va 2010 yil 18 oktyabrdagi shu masalaga bag’ishlangan F- 3512-son farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida birmuncha ijobiy ishlar amalga oshirildi, jumladan, yer maydonlari to’liq inventarizasiyadan o’tkazilib, fermer xo’jaliklarining faoliyatini
tanqidiy baholash asosida ularning yer maydonlarini maqbullashtirish bo’yicha keng ko’lamli, shuningdek, puxta o’ylangan ishlar amalga oshirildi. 147 mingga yaqin fermerlar soni qisqartirilib, ularning o’rtacha yer maydoni 26 dan 44 gektargacha kengaydi. 2013 yil boshiga kelib fermer xo’jaliklari soni mamlakatimiz bo’yicha 73449 tani, ularga uzoq muddatga (30 yildan 50 yilgacha ) ijaraga berilgan yer maydoni 4,95 million gektarni tashkil etadi. Bitta fermer xo’jaligiga to’g’ri keladigan ekin maydonlari o’rtacha 2005 yildagi 30,0 gektardan 2013 yilda 84,8 gektargacha oshdi.
Jami fermer xo’jaliklarining qariyb 50 foizdan ortig’i (37567 tasi) paxta va g’alla yetishtirishga ixtisoslashgan. Qolgan qismi esa sabzavot va polizchilikka (3715 tasi), chorvachilikka (7506 tasi), bog’dorchilik va uzumchilik (17068 tasi), shuningdek, asalarichilik, baliqchilik va boshqa turdagi faoliyat bilan shug’ullanadi.
Bunday yuqori natijalarga erishilishining asosiy omillari quyidagilardir:
birinchi galda tarmoqdagi real ahvolni hisobga olgan hamda xorijiy mamlakatlar tajribasini chuqur o’rgangan holda qishloq xo’jaligini iqtisodiy isloh qilish bo’yicha kompleks chora- tadbirlarning amalga oshirilishi;
qishloqda bozor munosabatlarining joriy etilishi va xususiy mulkchilik shaklining rivojlantirilishi;
fermerlik harakatini barqaror rivojlantirish uchun huquqiy, tashkiliy, moliyaviy va zamonaviy agroinnovasion shart-sharoitlar yaratilgan;
dehqonlar, fermerlar va mexanizatorlarning, qishloq xo’jaligi bo’yicha barcha mutaxassislarning kasbiy mahorati va o’z ishiga sodiqligi, shuningdek, qishloq xo’jaligidagi barcha resurslar va imkoniyatlarning to’liq safarbar qilinishi.
Biroq, Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, “Shu bilan birga, tan olish kerakki, fermerlik xarakatining Fermer xo’jaliklari uyushmasi shaklidagi tashkiliy tuzilmasi qishloq xo’jaligini isloh etish va sohada ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, fermerlar oldida turgan vazifalarni hal etish jarayonlariga kuchli ta’sir ko’rsata olmadi.... Fermer xo’jaliklari uyushmasi O’zbekiston Fermerlar kengashiga, viloyat va tumanlarda esa fermerlar kengashlariga aylantirildi, eng muhimi, ushbu tuzilmalarning huquq va vakolatlari jiddiy ravishda kengaytirildi”.1 Fermer xo’jaliklarining barqaror rivojlanishi va samarali faoliyat yuritishini ta’minlash, ularga uzoq muddatli ijaraga yer uchastkalarini ajratish, qishloq xo’jaligi ekinlarini yetishtirish, ularni yig’ish, tashish, qayta ishlash va realizasiya qilish bilan bog’liq barcha masalalarni fermerlar kengashining bevosita ishtirokisiz hal etib bo’lmaydi. Shunday ekan, bugungi kunda fermer xo’jaliklarining barqaror rivojlanishi ko’p jihatdan barcha darajalardagi fermerlar kengashlari faoliyatiga bog’liq.
Fermerlik harakatini yanada barqaror rivojlantirish, ularning iqtisodiy va moliyaviy mustaqilligini mustahkamlash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “O’zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish 1Каримов И.А. Бош максадимиз - кенг куламли исло^отлар ва модернизация йулини катьият билан давом эттириш. Узбекистон Республикаси Президенти Ислом Каримовнинг 2012 йилда мамлакатимизни ижтимоий- иктисодий ривожлантириш якунлари хдмда 2013 йилга мулжалланган иктисодий дастурнинг энг мух,им устивор йуналишларига багишланган Вазирлар Ма^камасининг мажлисидаги маьрузаси. “Халк сузи” 2013 йил 19 январь, 13-сон.
chora-tadbirlari to’g’risida” Farmon2 imzolandi, unga muvofiq fermerlik harakatini tashkil qilish va boshqarish tizimi takomillashtirildi. Xususan, O’zbekiston Fermer xo’jaliklari uyushmasi,
Fermer va dehqon xo’jaliklarini qo’llab-quvvatlash jamg’armasi tugatilib, O’zbekiston Fermerlar kengashi, Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlarning fermerlar kengashlari tashkil etildi.
O’zbekiston Fermerlar kengashi tashkil etilganidan keyin mamlakatimizda tuzilgan 13 viloyat, 157 tuman fermerlari kengashlarini eng ilg’or fermer xo’jaliklari rahbarlari boshqarmoqda. Fermerlar kengashlari tarkibiga 1905 kishi kiritilgan bo’lib, ulardan 23 nafari respublika kengashi, 251 nafari - viloyat kengashlari va 1631 nafari - tuman kengashlari a’zolaridir.
Fermer xo’jaliklarini barqaror rivojlantirish asosan ularning quyidagi yo’nalishlar bo’yicha amalga oshiradigan ko’p qirrali faoliyatiga bog’liq: bog’dorchilik, poliz ekinlari yetishtirish, servis xizmatlari ko’rsatish, hosilni qayta ishlash, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik. 2013 yilda 17 482ta (26,4%) fermer xo’jaliklarini ko’p tarmoqli xo’jaliklarga aylantirish rejalashtirilgan. Bu ushbu xo’jaliklarga yetishtirilgan hosilni qayta ishlash, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini kengaytirish, yangi ish o’rinlarini yaratish, eksport faoliyatini keng yo’lga qo’yish hisobiga qo’shimcha daromad olish imkoni beradi.
2015 yil 15 dekabrda fermer xo’jaliklari faoliyati samaradorligini yanada oshirish, shuningdek, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash, fermer xo’jaliklarining moliyaviy va iqtisodiy holatini mustahkamlash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Fermer xo’jaliklarini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to’g’risida” qaror qabul quldi. Qarorga asosan fermer xo’jaliklarini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlarini xatlovdan o’tkazish, ulardan samarali va oqilona foydalanishini tashkiliy tahlil qilinadi.
Qishloq xo’jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo’yicha Respublika komissiyasi qaroriga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo’jaligi vazirligi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari tomonidan hududiy fermerlar kengashlari, fermer xo’jaliklari rahbarlari ishtirokida hamda jamoatchilikni keng jalb etgan holda fermer xo’jaliklarining moliyaviy va iqtisodiy holatini, fermer xo’jaliklari faoliyatini samarali amalga oshirish, yer uchastkasining ijara shartnomasi shartlarini, fermer xo’jaliklari va tayyorlov tashkilotlari o’rtasida, eng avvalo, davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo’jaligi mahsulotlarini sotish bo’yicha tuzilgan kontraktasiya shartnomalarini bajarish uchun moddiy texnika bazasining, mehnat resurslari va aylanma mablag’larning mavjudligi o’rganildi.
Fermer xo’jaliklarini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlarini hududlarning mehnat resurslari bilan ta’minlanganlik darajasini, aholi zichligini, fermer xo’jaliklarining iqtisodiy va moliyaviy ko’rsatkichlarini nazarda tutib, ular ishlarining samaradorligini, tegishli kasbiy jihatdan tayyorlangan kadrlar salohiyati mavjudligini hisobga olgan holda yanada maqbullashtirish ishlari amalga oshirildi.
O’zbekiston Respublikasida yer maydonlarini maqbullashtirish natijasida jami fermer xo’jaliklarining soni 2015 yil 1 oktyabr holatiga 83514 ta, shundan paxta-g’allachilik fermer xo’jaliklar soni 48264 ta, sabzavotchilik va polizchilik fermer xo’jaliklari soni 2982 ta, bog’dorchilik- uzumchilik fermer xo’jaliklari soni 19575 ta, chorvachilik fermer xo’jaliklari soni 6770 tani tashkil etishgan.
O’zbekiston Respublikasida yer maydonlarini maqbullashtirish natijasida jami fermer xo’jaliklarining soni 2015 yil 1 dekabr holatiga esa 101070 ta, shundan paxta-g’allachilik fermer xo’jaliklar soni 60695 ta, sabzavotchilik va polizchilik fermer xo’jaliklari soni 3655 ta, bog’dorchilik- uzumchilik fermer xo’jaliklari soni 24730 ta, chorvachilik fermer xo’jaliklari soni 6572 tani tashkil etdi.
Maqbulashtirish natijasida o’rtacha fermer xo’jaliklari yer maydoni 36,1 ga, paxta- g’allachilikka ixtisoslashgan fermer xo’jaliklari o’rtacha yer maydoni 52,7 ga, bog’dorchilik- uzumchilik 6,8 ga, chorvachilik fermer xo’jaliklari 31,2 ga yerni tashkil etmoqda. Maqbulashtirish natijasida jami fermer xo’jaliklari soni 17556 taga oshgan
Qishloq xo’jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar hozirgi kunda o’z samarasini bermoqda.
Fermer xo’jaligi mahsulot ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish jarayonida turli korxona va tashkilotlar xizmatidan foydalanadi. Ularning aksariyati texnika, o’g’it, yonilg’i va shu kabi resurslar yetkazib bersa, boshqalari mahsulotni qayta ishlash uchun sotib oladi va ijtimoiy xizmat ko’rsatadi. Ana shu toifadagi korxonalarni yagona bozorga birlashtiruvchi, ularning o’zaro bozor munosabatlarini amalga oshiruvchi, ularga ko’maklashuvchi tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish hozirgi zamon talabidir.
Chunki meva, sabzavot, poliz, uzum yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo’jaliklarining ko’pchiligi hali qishloq xo’jaligi mahsulotlarini sotish, saqlash, qayta ishlash, eksportga chiqarish bilan bog’liq masalalarni mukammal o’zlashtirmaganliklari agrofirmalarni tashkil etish ehtiyojini keltirib chiqardi.
Agrosanoat firmasining Nizomi O’zbekiston Respublikasining “Fermer xo’jaliklari to’g’risida”gi, qonuni va O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 9 yanvardagi “Meva- sabzavotchilik va uzumchilik sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 3709-sonli Farmoni,hamda 11 yanvardagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasini isloh qilish bo’yicha tashkiliy chora-tadbirlar to’g’risida”gi 255-sonli qarori asosida ishlab chiqilgan.