Metallurgiya texnikasining tarixi va rivojlanishi Reja


Metallar haqida tushuncha



Yüklə 98,52 Kb.
səhifə2/8
tarix24.09.2023
ölçüsü98,52 Kb.
#147668
1   2   3   4   5   6   7   8
Metallurgiya texnikasining tarixi va rivojlanishi

Metallar haqida tushuncha
Metallurgiya – bu dastlabki xomashyolar bo‘lmish rudа vа bоshqа turdаgi
mеtаll tаrkibli mаtеriаllаrdаn mеtаllar ajratib оlish jаrаyonlаrini o‘zidа qаmrаb
оlgаn fаn, tехnikа vа sаnоаt tаrmоg‘i hisoblanadi.
Metallshunoslik – bu metallarning tarkibi, tuzilishi, xossalari va bu
xususiyatlar orasidagi bog‘liqlikni o‘rganadigan fandir.
Hozirgi kunda D.I.Mendeleyevning elementlar davriy jadvalida 118 ta element
ma’lum bo‘lsa, ularning 22 tasi metallmas, qolgan 96 tasini metallar tashkil qiladi.
Shulardan 80 taga yaqini tabiatda uchrab, sanoat ahamiyatiga egadir. Metallarning
12 tasi s-elementlar, 32 tasi d-elementlar, 28 tasi f-elementlar va qolgani p-
elementlardir. Simobdan tashqari hamma metallar oddiy haroratda qattiq
moddalardir. Metallarning o‘ziga xos belgilari quyidagilardan iborat:
1. Har qanday metall o‘ziga xos yaltiroqlikka ega, buning sababi shuki, ular
yorug‘lik nurini spektrning ko‘zga ko‘rinuvchan sohasida qaytarish xususiyatiga
ega.
2. Metallar issiqlik va elektrni yaxshi o‘tkazadi. Metallarning elektr
o‘tkazuvchanligi harorat ortishi bilan pasayadi va aksincha, qarshiligi harorat
ortishi bilan ortadi.
3. Ko‘pchilik metallar odatdagi sharoitda kristall holatida bo‘ladi, ularning
koordinatsion soni katta qiymatga ega (8 va 12 ga teng).
4. Metallar bolg‘alanuvchan, cho‘ziluvchan va yassilanuvchi bo‘ladi.
5. Metallar elektr musbat elementlardir, ya’ni ularning oksidlari ko‘pincha suv
bilan birikib asoslar hosil qiladi.
Metallarda bu 5 xususiyatning borligiga asoslanib, metallarning ichki tuzilishi
haqida ma’lum tasavvur yaratish mumkin. Masalan, metall yorug‘likni qaytarish
xususiyatiga ega bo‘lgani uchun juda yupqa metall plastinka ham shaffof (tiniq)
bo‘lmaydi. Bunga asoslanib, metall juda zich tuzilgan (ya’ni metallarning hajm
birligida juda ko‘p atomlar bor) deyish mumkin.
Metallarning issiqlik va elektrni yaxshi o‘tkazishi - zaryadlangan zarrachalar
metallning kristallari orasida oson harakatlanishi haqida ma’lumot beradi. Nihoyat,
metallarning elektromusbat elementlar jumlasiga kirishi – valent elektronlarning
metall atomidan osongina chiqib keta olishini ko‘rsatadi. Lekin bu (metallar)
xususiyatlarining hech qaysisi oddiy moddalarning “metall” yoki “metallmaslar”
sinfiga ajratish uchun asos bo‘la olmaydi. Oddiy moddalarni “metall” yoki
“metallmaslar” sinfiga ajratish uchun kimyoviy bog‘lanishlar tipini asos qilib olish,
ko‘p masalalarni izoh qilib olishda juda to‘g‘ri xulosalarga olib keladi. Demak,
zarrachalar orasida metall bog‘lanishli oddiy moddalarni metallar jumlasiga,
kovalent bog‘lanishli oddiy moddalarni esa metallmaslar jumlasiga kiritish kerak.
1900-yilda Drude taklif etgan “elektron gaz” nazariyasiga muvofiq, metall
musbat zaryadli ionlar va ular orasidagi tartibsiz harakat qiluvchi erkin
elektronlardan iborat, bu elektronlar gaz molekulalari bo‘ysungan qonunlarga
bo‘ysunadi
Odatdagi haroratda elektronlar metallar sirtidan chiqib keta olmaydi, chunki
metallda erkin elektronlarni musbat zaryadli ionlar katta kuch bilan tortib turadi.
Metallga tashqaridan elektr maydoni berilganda, elektronlar tartibsiz harakatini
yo‘qotib ma’lum yo‘nalishda yugura boshlaydi. Elektronlarning bu harakatiga
musbat ionlar to‘sqinlik qiladi. Harorat ko‘tarilishi bilan ionlarning tebranish
harakati kuchayib tebranish amplitudalari kattalashadi. Shunda ionlarning
elektronlar bilan to‘qnashish ehtimolligi ortadi. Binobarin, elektronlarning ma’lum
yo‘nalish sari harakati qiyinlashadi. Boshqacha aytganda, metallning elektr
o‘tkazuvchanligi harorat ortganda kamayadi. Metallardan “asl” metallar oltin,
platina, kumush, (bazan mis, kalay, simob) tabiatda erkin, ya’ni, tug‘ma holatda
uchraydi. Metallarning asosiy massasi Yer qobig‘ida birikmalar holida uchraydi.
Sof metallarning sanoat miqyosida hosil qilish uchun yaroqli tabiiy xomashyosi
metall rudasi nomi bilan yuritiladi. Rudalar ko‘pincha toza bo‘lmaydi, ularga
bekorchi jinslar –qum, loy, ohaktosh va boshqalar aralashgan bo‘ladi. Har qanday
ruda ishga tushirilishidan avval bekorchi jinslardan tozalanishi, boshqacha
aytganda “boyitilishi” lozim. Ba’zan rudalarning boyitilgan shakli “konsentrat”
deb ataladi. Rudalar turli usullar bilan boyitiladi. Ko‘pchilik rudalar flotatsion
usulda boyitiladi. Metall rudalarining birinchi turkumi oksidli rudalardir. Bunga
temir rudalaridan: vyustit – FeO, qizil temirtosh – Fe2O3 (gematit), qo‘ng‘ir
temirtosh – Fe2O3·3H2O va magnitli temirtosh – Fe3O4 (magnetit), aluminiy rudasi
– Al2O3· 2H2O (boksit), marganes rudasi – MnO2 (pirolyuzit), qalay rudasi – SnO2,
vismut oxrasi – Bi2O3 va boshqalar misol bo‘la oladi.
Juda ko‘p metallar tabiatda sulfidlar holida uchraydi. Bunday rudalar Yer
po‘stlog‘ining chuqurroq qismiga joylashgan bo‘lib, ularga suv, karbonat angidrid,
havo kislorodi ta’sir etmagan (shuning uchun ular birlamchi tog‘ jinslari deb
yuritiladi). Misol uchun mis kolchedani (CuS), mis yaltirog‘i (Cu2S), kinovar
(HgS), qo‘rg‘oshin yaltirog‘i (PbS), rux aldamasi (ZnS) va boshqalarni ko‘rsatish
mumkin. Ba’zan bir necha metallarning sulfidlari aralash holda uchrab, polimetall
rudani tashkil qiladi.
Metallarning sinflanishi. Мendeleyev davriy sistemasida keltirilgan hamma
metallarni ikkita katta guruhga bo‘lish mumkin: qоra va rangli metallar. Qоra
metallarga: temir, marganes, vanadiy, xrom va shu metallar asоsida оlingan har хil
quymalar va qotishmalar kiradi. Qоlgan hamma metallar ranglidir. Xususiyatlariga
ko‘ra rangli metallarni o‘zi bir necha nim guruhlarga bo‘linadi:
1) og‘ir rangli metallar (mis, qo‘rg‘oshin, kadmiy, nikel, kobalt, rux);
2) nodir (qimmatbaho) metallar (oltin, kumush, platina, osmiy, iridiy, ruteniy,
rodiy, palladiy);
3) noyob rangli metallar:
a) yengil metallar (litiy, natriy, kaliy, kalsiy, aluminiy, magniy, titan);
b) qiyin eruvchi metallar (volfram, molibden);
d) tarqoq metallar (galliy, indiy, talliy, germaniy, selen, tellur, reniy);
e) kamyob yer metallari (skandiy, ittriy, lantan va lantanoidlar);
f) radioaktiv metallar (uran, toriy, poloniy, radiy, plutoniy).
Metallurgiya sanoati o‘z navbatida ikkiga: qora va rangli metallurgiyaga
bo‘linadi.
Qora metallurgiya sanoatining xususiyatlaridan biri asosiy mahsulotlari
hisoblanadigan cho‘yan, po‘lat va prokat ishlab chiqarish jarayonida juda katta
hajmdagi temir rudasi, kokslanadigan ko‘mir va boshqa xil resurslarni ishlatishidir.
Shu sababli dastlabki yillarda tarmoq korxonalari, asosan, yirik kokslanadigan
ko‘mir konlari hududlarida shakllandi. Qora metallurgiyada asosan qora metallar
turkumiga kiruvchi: temir, marganes, vanadiy, xrom va ularning o‘zaro hosil
qilgan qotishmalari ishlab chiqariladi.
Jahon qora metallurgiya sanoatida hozirgi vaqtda xomashyo resurslarini
yetkazib beruvchi, tayyor metall mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va ularni
iste’mol qiluvchi mamlakatlar guruhlari shakllangan. Jumladan, temir rudasini
jahon bozoriga chiqarishda Braziliya, Avstraliya, Hindiston, JAR, Liberiya
davlatlari, po‘lat ishlab chiqarishda Yaponiya, Rossiya, AQSh, Ukraina,
O‘zbekiston, Germaniya davlatlari ajralib turadi. Tayyor metall mahsulotlarini
iste’mol qilishda esa, asosan, iqtisodiy rivojlangan mamlakatlar yetakchilik
qilmoqdalar. O‘zbekistonda po‘lat va cho‘yan asosan Toshkent viloyatining
Bekobod shahridagi “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” da ishlab chiqariladi.
O‘zbekiston rangli metallardan – mis, oltin, kumush, qo‘rg‘oshin, rux,
volfram, molibden va shu guruhga kiruvchi boshqa metallarning aniqlangan
zaxiralariga ega. Rangli metallar rudalarining zaxiralari asosan Olmaliq va Navoiy
ruda maydonlarida joylashgan. Masalan, Qalmoqqir koni noyob konlardan bo‘lib,
mis-molibden rudalarini qazib chiqarish bo‘yicha chet eldagilardan ustun turadi.
Bu konning rudasini Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida qayta ishlanadi.
Kombinat O‘zbekistondagi eng yirik korxonalardan biridir. Qo‘rg‘oshin, rux,
asosan, Jizzax viloyatining Uchquloch va Surxondaryo viloyatining Xondiza
konlarida to‘plangan.
Rangli metallurgiya rangli metallar xomashyolarini qazib chiqarish yoki
to‘plash, boyitish, gidro-, piro- va elektrometallurgik jarayonlar asosida qayta
ishlash, toza metall yoki qotishmalar ishlab chiqarishni hamda quymakorlik
jarayonlarini o‘zida birlashtiradi. Rangli metallurgiya mamlakatni elektrlashtirish,
uning mudofa qudratini mustahkamlash, atom texnikasi, samolyotsozlik,
raketasozlikni rivojlantirish, mashinasozlik va kimyo sanoati uchun juda zarurdir.
Respublikamiz yalpi sanoat mahsuloti hajmida rangli metallurgiyaning salmog‘i 15
% ni tashkil etadi. Rangli metallurgiyaning asosiy mahsulotlaridan bo‘lmish –
volfram va molibden ishlab chiqarish mamlakatimizda tez rivojlanmoqda. Chirchiq
vodiysidagi “O‘zbekiston qiyin eruvchi va o‘tga chidamli metallar ishlab chiqarish
kombinati” muhim korxonalardan biri hisoblanadi. Bu korxona mahsulotlaridan
elektrotexnika, mashinasozlik va boshqa sanoat tarmoqlarida keng foydalaniladi.
Respublikamiz chet davlatlarga tozalangan misni eksport qiladi. Rangli metallar
respublikamiz iqtisodiyotining turli sohalarida ishlatiladi. Mis sof holda kabellar
ishlab chiqarishda, qalay bilan qo‘shilib (bronza shaklida), nikel bilan qo‘shilib
(melxior shaklida), aluminiy bilan qo‘shilib (duraluminiy), rux bilan qo‘shilib
(latun shaklida) elektrotexnika va mashinasozlikda keng foydalaniladi.
Qo‘rg‘oshin – akkumulyatorlar ishlab chiqarishda, elektr kabellar ishlab
chiqarishda, rux bilan qo‘shilib temir buyumlarning zanglamasligi uchun ularni
sirlashda, oq tunuka va podshipniklar ishlab chiqarishda foydalaniladi.
Shuningdek, rangli metallar elektr tokini yaxshi o‘tkazganligi sababli elektr
energiyasini iste’molchilarga yetkazishda, aloqa tizimida juda ko‘p foydalaniladi.
Rangli metallurgiya mahsulotlari respublika iqtisodiyoti rivoji uchun eng asosiy
yo‘nalish bo‘lgan avtomobilsozlik, radio, elektronika kabi sanoat tarmoqlarida
ishlatiladi.
Metallarning olinish usullari haqida umumiy tushuncha. Rudalardan
metallar ajratib olishning bir necha usuli mavjud. Bu usullar qaytarilish, termik
parchalanish va almashinish jarayonlariga asoslangan. Texnikada bu jarayonlar
metallurgiyaning turli ko‘rinishlarida (pirometallurgiya, gidrometallurgiya,
elektrometallurgi-yada) amalga oshiriladi. Qaytarilish (tiklanish) jarayonlariga
misol tariqasida quyidagi reaksiyalarni keltiramiz:
a) qalayning ko‘mir bilan qaytarilishi:
SnO2 + 2C → Sn + 2CO
b) rux oksidining uglerod (II) oksidi bilan qaytirilishi:
ZnO + CO → Zn + CO2
d) molibden oksidning vodorod bilan qaytarilishi:
MoO3 + 3H2 → Mo + 3H2O
e) titan xloridning natriy ta’sirida qaytarilishi:
TiCl4 + 4Na → Ti + 4NaCl
f) metall oksidlarining Si, Al, Mg va boshqalar ta’sirida qaytarilishi:
3Mn3O4 + 8Al → 9Mn + 4Al2O3
g) metall ionlarining katodda qaytarilishi:
Ni2+ + 2e- → Ni
h) nodir metallarning kompleks birikmalaridan qaytarilishi:
2K[Au(CN)2] + Zn → K2[Zn(CN)4] + 2Au
Termik parchalanish jarayonlariga misol tariqasida quyidagi reaksiyalarni
keltiramiz:
a) sirkoniy (IV) yodidning cho‘g‘langan volframda termik
parchalanishi:
ZrJ4 → Zr + 2J2
b) nikel karbonilning termik parchalanishi:
Ni(CO)4 → Ni + 4CO
d) germaniy (II) yodidning yuqori haroratda parchalanishi:
2GeJ2 → GeJ4 + Ge
Termik parchalanish yo‘li bilan bulardan tashqari Cr, Fe, V, Nb va Ta kabi
metallar ham olinadi.
Simobdan (va qisman seziydan) tashqari barcha metallar odatdagi sharoitda
o‘ziga xos yaltiroqlikka ega bo‘lgan qattiq jismlardir. Metallarning fizikaviy
xossalari jumlasiga ularning optikaviy, termikaviy, mexanikaviy, elektr va boshqa
xossalari kiradi. Metallarning xossalari – ularning yaltiroqligi va shaffof
emasligidir. Aluminiy va magniy yaxlit holatda ham, kukun holatda ham yaltiroq
metall, boshqa metallar esa faqat tekis sirtli yaxlit holatdagina yaltiroq bo‘lib,
kukun holatda yaltiroq emas. Kumush, palladiy va indiy eng ko‘p metall
yaltiroqlikka ega. Shuning uchun ham kumush va palladiy ko‘zgu ishlab
chiqarishda ishlatiladi. Ko‘p metallar to‘q kulrang bilan oq kumushrang orasidagi
tusga ega. Oltin va seziy sariq, vismut qizg‘ish, mis to‘q sariq rangga ega.
Metallarning bug‘lari alangani ma’lum tusga bo‘yaydi. Masalan, natriy – sariq,
kaliy – binafsha rangga, stronsiy – qizil, kalsiy – qovoq rangga bo‘yaydi. Bu
hodisa asosida spektral analiz usuli yaratilgan. Yerdagi va kosmosdagi
moddalarning atom spektorlarini tekshirish natijasida o‘sha moddalarning
kimyoviy tarkibi aniqlaniladi.
Metallar ularning zichligiga qarab yengil va og‘ir metallarga ajratiladi.
Zichligi 5 g/sm3 dan kichiklari yengil metallar hisoblanib, eng yengil metall –
litiydir (ρ=0,534 g/sm3). Zichligi 5 g/sm3 dan kattalari esa og‘ir metallar
hisoblanib, eng og‘ir metall – osmiydir (ρ=22,61 g/sm3). Eng yumshoq metall –
ishqoriy metallardir, eng qattiq metall esa – xrom. Simobning suyuqlanish harorati
eng past. Volframning suyuqlanish harorati esa eng yuqori, shuning uchun volfram
cho‘g‘lanma lampalarda spiral sifatida ishlatiladi.
Metallarning elektr o‘tkazuvchanligiga ko‘ra quyidagi qatorga terish mumkin:
Ag, Cu, Au, Cr, Al, Mg, Na, Tl, W, Be, Li, Fe.... Hg, Bi
Metall begona moddalar qo‘shimchasidan tozalanganida uning elektr
o‘tkazuvchanligi ortadi. Metallarning issiqlik o‘tkazuvchanligi ularning elektr
o‘tkazuvchanligi bilan parallel ravishda o‘zgaradi. Metallardan issiqlik o‘tishida
ham elektronlar ishtirok etadi. Ular kristall panjara ichida harakatlanib, issiqlik
energiyasini metallning issiq qismidan sovuq qismiga o‘tkazadi.
Metallarni birikmalaridan bir-birini siqib chiqarish xossasiga asoslanib,
quyidagi Beketov qatoriga terish mumkin:
Li, K, Ca, Na, Mg, Al, Mn, Zn, Fe, Cd, Co, Ni, Sn, Pb, H2, Cu, Ag, Hg, Au
Metallarning kristall panjaralari
Moddaning kristall holati zarrachalarning o‘ta yuqori tartibda aniq
masofalarda va burchaklar ostida joylashuvi natijasida (uch o‘lchamli
koordinatalarda) yuzaga kelgan tuzilishdir. Har bir kristall tuzilish asosida kristall
panjara yotadi. Kristall panjara yoqlari, qirralari, tugunlari, burchaklari,
bog‘larning uzunligi bilan tavsiflanadi. Kristall panjaralarning tuzilishidagi barcha
xarakterli xususiyatlarni ko‘rsata oladigan eng kichik qismi elementar yacheyka
deb ataladi. Kristall moddalar yuqori tozalikka ega. Kristallarning hosil bo‘lishi,
tuzilishi va xossalarini o‘rganuvchi fan – “kristallografiya” deyiladi.
Kristallarning tekis sirti uning yoqlari (tomonlari) deyiladi. Kristallarning
tuzilishiga ko‘ra uning yoqlari bir nechta bo‘ladi. Yoqlari (tomonlari)ning biror
burchak ostida kesishuvi natijasida kristallning qirralari yuzaga keladi. Ular to‘g‘ri
chiziqdan iborat bo‘ladi.
Kristall panjaralar ulardagi zarrachalarning o‘zaro joylashuviga ko‘ra to‘liq
(zich) yoki bo‘sh qoplanishli bo‘ladi. Kristall panjarada joylashgan bir-biriga
qo‘shni bo‘lgan atomlar yoki ionlar orasidagi masofa angestrem (Ǻ)larda
o‘lchanadi (1 Ǻ = 1 · 10-10 m). Kristall panjaralarda joylashgan zarrachalar turli xil
geometrik shakllar: kub, tetragonal, ortorombik, monoklinik, triklinik, olti yoqli
(geksagonal), romboedrik kabi shakllarni hosil qiladi.
Barcha moddalar tuzilishiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi: amorf va kristall holatdagi
moddalar (1.3-rasm).
1. Amorf holatdagi moddalar. Ular hech qanday kristall panjaraga
ega bo‘lmaydi. Ularga: qum, ohaktosh, shisha, chaqmoqtosh, qattiq smolalar,
yelim, kanifol, shokolad va shu kabi moddalar kiradi.
2. Kristall panjarali moddalar. Ular to‘rt guruhga bo‘linadi (1.3-rasm):
a) Molekular kristall panjarali moddalar. Ularning kristall panjara tugunlarida
molekulalar joylashgan bo‘ladi. Ularning qaynash va suyuqlanish haroratlari past,
suvda yaxshi erimaydi, elektr tokini yaxshi o‘tkazmaydi. Masalan: H2, O2, Cl2, F2,
Br2, J2, N2, oq fosfor – P4, plastik oltingugurt – S8, quruq muz – CO2, barcha
organik moddalar, kislotali oksidlar va kislotalar kiradi.
b) Ion kristall panjarali moddalar. Ularning kristall panjara tugunlarida
musbat va manfiy zaryadli ionlar joylashgan bo‘ladi. Ularning qaynash va
suyuqlanish haroratlari yuqori, suvda yaxshi eriydi, elektr tokini eritmalari yaxshi
o‘tkazadi. Masalan: asosli oksidlar, ishqorlar va tuzlar kiradi.
d) Atom kristall panjarali moddalar. Ularning kristall panjara tugunlarida
atomlar joylashgan bo‘ladi. Ularning qaynash va suyuqlanish haroratlari ancha
yuqori, suvda erimaydi, elektr tokini yaxshi o‘tkazmaydi. Masalan: Si, SiO2
(kvars), qizil va qora fosfor, Ti, TiO2, Ge, olmos, grafit, karbin, kristallik
oltingugurt, SiC (karborund) kiradi.
e) Metall kristall panjarali moddalar. Ularning kristall panjara tugunlarida
metallar joylashgan bo‘ladi. Ularning qaynash va suyuqlanish haroratlari nisbatan
yuqori, suvda erimaydi, qattiq holatda elektr tokini va issiqlikni yaxshi o‘tkazadi.
Ularga: barcha metallar, intermetallar va qotishmalar kiradi.
Metall kristall panjara musbat zaryadli ionlardan va ular orasida
harakatlanuvchi elektronlardan tuzilgan bo‘ladi. Kristall panjaralarning ba’zi
tugunlarida neytral atomlar, ba’zi tugunlarida esa elektronlarini yo‘qotgan musbat
zaryadli metall ionlari joylashgan bo‘ladi. Bu ionlardan uzilgan elektronlar kristall
ichida erkin harakat qiladi va elektron gaz deb ataladi. Elektronlar o‘z harakatida
musbat zaryadli metall ionlariga yaqinlashib, ular bilan birikadi va ionlarni neytral
holga aylantiradi, ayni vaqtda ba’zi neytral atomlardan esa elektronlar uzilib ion
holiga o‘tadi. Demak, metall kristall panjaralarida neytral atomlarning ionlarga,
ionlarning esa neytral atomlarga aylanish jarayoni to‘xtovsiz davom etib turadi.
Metall kristall panjaralarda erkin elektronlar borligi uchun metallar elektr tokini va
issiqlikni yaxshi o‘tkazadi. Metallar uch xil ko‘rinishdagi panjaralar shaklida
kristallanadi
ADABIYOTLAR RO’YXATI
1. А.А. Юсупходжаев, С.Б. Мирзажонова, Ш.Т. Хожиев. Повышение
комплексности использования сырья при переработке сульфидных
медных концентратов// Proceedings of the III International Scientific and
Practical Conference “Scientific and Practical Results in 2016. Prospects for
their Development” (December 27 – 28, 2016, Abu-Dhabi, UAE). Ajman,
2017, № 1(17), Vol. 1, c. 45 – 48.
2. Matkarimov S.T., Mirzajonova S.B., Karimova T.P., Saidova M.S.,
Bakhodirov N.K. Method of Heap Leaching of Copper from Off-Balance
Ore Dumps // [Электронный ресурс]. – Режим доступа: URL:
https://link.springer.com/book/10.1007/978-981-16-4321-7 (дата обра-
щения 21.10.2021)
3. Mirzajonova S, Karimova T, Saidova M . Research of sulfuric acid
leaching of copper off-balance ores. Int J Eng Adv Technol //
[Электронный ресурс]. – Режим доступа: URL: https://doi.org/10.359
40/ ijeat.b3838.129219.
4. Юсупходжаев А.А., Хожиев Ш.Т., Мирзажонова С.Б. Анализ состояния
системы в металлургии. – Т.: LAP LAMBERT Academic Publishing. –
2020. – 189 с.
5. Юсупходжаев А.А., Худояров С.Р., Мирзажонова С.Б. Механизм
образования расплавов при плавке сульфидных медных концентратов в
отражательной печи // Горный вестник Узбекистана № 2. – 2014.С.106–
109.
6. Юсупходжаев А.А., Худояров С.Р., Мирзажонова С.Б. Использование
физических свойств компонентов шихты для анализа
металлургических процессов // Горный вестник Узбекистана № 4. –
2013. – №55. - с.30 – 32.
7. Юсупходжаев А.А., Хожиев Ш.Т., Мирзажонова С.Б. Технология
переработки медных шлаков сульфидированием её окисленных
соединений. Международная научно-практическая конференция
«OPEN INNOVATION». (Пенза, 15 – 18 июня 2017 г.). – Пенза, 2017.
Yüklə 98,52 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin