167
degan xulosani chiqarish mumkin. T.M.Buyakas, N.D.Levitov, O.N.Rodinalar
oʻz tadqiqotlarida kasbiy kamolotning bosqichlaridan biri hisoblangan kasbiy
maslahatga alohida e’tibor qaratib, uni shaxsning ma’lum kasbiy faoliyatga
moslashuvi jarayonida yoʻnaltiruvchi sifatida baholaydilar hamda faoliyat
samaradorligini shaxsning qobiliyatlariga bogʻlab tushuntiradilar. Biz oʻz
izlanishimizda bugungi kunda talabalar shaxsining kasbiy shakllanishidagi
tasavvurlari, kasb tanlashga sabab boʻluvchi omillar va kasb tanlashga nimalar
ta’sir koʻrsatayotganligi, kasbiy faoliyat motivlarining darajalari, shaxsiy va
kasbiy maqsad, qiziqishlari hamda kasbiy qarorlari nimadan iborat ekanligini
aniqlashga e’tibor qaratdik. Shunday boʻlsa ham hozirgacha ilmiy tadqiqotlarda
kasb tanlashning turli xil sabablari mavjudligi aniqlangan. Oʻspirinlarning
kasbiy oʻzlikni anglashi borasidagi holatlari tahlil qilinganda, ularning kasblar
toʻgʻrisidagi tushunchalarida sayozlik mavjudligi koʻzga tashlandi. Bundan
tashqari, kasbiy oʻzligini anglash bilan ma’lum kasbni tanlash jarayoni oʻrtasida
ta’lim-tarbiya muhiti va atrofdagilarning ta’siri omillarini nazardan chetda
tutmasligimiz lozim boʻladi. Mazkur oʻzaro ta’sir jarayonlaridagi dialektik
bogʻliqlikning oʻziyoq ushbu masalaning naqadar murakkabligidan dalolat
beradi. Masalan, birgina kasbiy maslahatni tashkil etishning oʻzining bir qator
bosqichlari mavjud: a) kasbiy ma’lumot bosqichida shaxs oʻzi uchun mehnatni
tashkil etish, ishga qabul qilish talablari, turli kasblarni egallashi, ularni
tayyorlash bosqichlari va ta’lim olish muddati, mehnat haqi va kasbning
istiqboli xususida ma’lumotlar oladi. b) diagnostik bosqichda shaxsning oʻz
tanlagan kasbiga nisbatan qiziqishlari, layoqati, qobiliyati va maqsadlarining
mosligi oʻrganiladi; v) shakllantiruvchi bosqichda kasb tanlagan oʻquvchi yoki
shaxsga rahbarlik qilinadi, kasb tanlashdagi ogʻishlarning oldi olinadi va
tuzatishlar kiritiladi; g) tibbiy jihatdan salomatligining kasbga mos kelishini
aniqlash va psixologik bosqichda shaxs sifatlarining oʻz tanlagan kasbiga
muvofiqligi masalalari muhokama qilinadi.
Dostları ilə paylaş: