1.1. Yosh futbolchilar musobaqa faoliyatining tuzilishi
Futbolchilar tayyorgarligining asosiy mezoni musobaqa faoliyati bo‘lib, u o‘yin natijasi va murabbiyning ekspert bahosi bilan bir qatorda tezkor ish hajmi, shuningdek, texnik-taktik harakatlar miqdori va aniqligi bilan tavsiflanadi. O‘yinchilarning musobaqa faoliyati to‘g‘risidagi axborot asosida murabbiy jamoa tayyorgarligining joriy rejasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi.
Musobaqa faoliyatini qayd etish mamlakatimiiz va chet el sportchilarining har bir muayyan o‘yinida o‘yinchilarning faoliyat-lari haqida juda ko‘p materiallar yig‘ishga imkon berdi. Lekin yosh futbolchilarda bu tadqiqotlar epizodik xususiyatga ega bo‘ldi, shuning oqibatida mazkur muammo deyarli o‘rganilmaganicha qolmoqda.
Masalan, A.V. Petuxov malakali hamda 11-12 yoshli futbol-chilar musobaqa faoliyatini taqqoslar ekan, texnik-taktik harakatlarning ko‘pgina miqdoriy-sifat o‘lchamlari borasida mohir futbolchilar ishonchli ustunlikka ega ekanliklarini aniqladi.
Texnik-taktik harakatlarni bajarish ishonchliligi malakali futbolchilarda – 70%, yoshlarda – 52%. Bu yosh futbolchilar texnik-taktik tayyorgarlik darajasini past deb baholashga asos bo‘ladi. Bunda bolalar-o‘smirlar futboli rivojiga to‘siq bo‘layotgan ob’ektiv va sub’ektiv xususiyatli shart-sharoitlarning butun bir majmuasi ajratib ko‘rsatiladi.
Olingan natijalar yosh futbolchilarning sport natijalariga erishuvida jismoniy tayyorgarlik va jismoniy rivojlanishni tashkil etuvchi sifatlar etakchi ahamiyatga ega ekanligidan, texnik-taktik imkoniyatlar esa sport natijasiga hal etuvchi ta’sir ko‘rsata olmasligidan dalolat beradi.
Musobaqalar o‘tkazishning ko‘rib chiqilgan shartlari yosh futbolchilarning imkoniyatlariga to‘la javob bermaydi. Bunday sharoitda o‘yinlar qattiq tezkorlik-kuch xususiyatlariga ega bo‘lib, ularda uzoq masofaga adressiz uzatishlar va yakkama-yakka ko‘rashlar ko‘payib ketadi, bu erta etilgan, ya’ni texnik-taktik jihatdan yutqizsa ham yaxshiroq jismoniy rivojlanish hisobiga ustunlikka ega bo‘lgan o‘g‘il bolalardan foydalanishni taqozo etadi.
Musobaqa o‘tkazish shartlariga kiritilgan tahrirlardan so‘ng yakkama-yakka kurashlar miqdorining 18,7 ta usulgacha ishonchli kamayishi yuz berdi. Uzoq masofaga uzatishlar miqdori birmuncha kamaydi, qisqa va o‘rta masofaga uzatishlar soni esa ortdi. Aldab o‘tish hamda to‘pni olib qo‘yish kabi texnik-taktik harakatlarning 1,5 barobardan ortiqroqqa keskin ko‘payishi alohida kuchli o‘yinchilar qiymati oshishiga olib keladi hamda ulardan o‘yinda unumli foydalanishni ko‘zda tutadi, bu esa sport natijasida ham aks etadi. SHu tariqa golli vaziyatlar miqdori 82,5% ga oshadi.
Funksional holatni aniqlash, jismoniy sifatlar va texnik tayyorgarlikni rivojlantirish maqsadida 15-17 yoshli futbolchilar ustida tadqiqotlar o‘tkazildi.
Musobaqa faoliyati tahlilining ko‘rsatishicha, (TSHFBDIMI) Toshkent shahar futbol bo‘yicha Davlat ixtisoslashtirilgan maktab internati 15-17 yoshli futbolchilari bir o‘yinda o‘rtacha 478-526 ta texnik-taktik harakatni amalga oshira-dilar, xatolar esa 34-36%. Agar qisqa uzatishlar hisobga olinmasa, u holda 312-372 texnik-taktik harakat va 39-40% xato, ya’ni yosh futbolchilar qisqa uzatishlarni ko‘proq qo‘llaydilar.
Bu yoshda o‘yinda texnik-usullarni ko‘proq qo‘llash xususiyati qayd etiladi:
- himoyachilar – qisqa va o‘rta masofaga to‘p uzatishlar, to‘pni olib qo‘yish, bosh bilan o‘ynash, to‘pni yo‘l-yo‘lakay tutib qolish, uzoq masofaga uzatishlarni eng yuqori – 47-51% xatolar bilan, to‘pni olib qo‘yishni – 33-35%, bosh bilan o‘ynashni – 34-47%, aldab o‘tishni – 31-39% xato bilan bajarishi aniqlandi;
- yarim himoyachilar – qisqa, o‘rta, uzoq masofaga to‘p uzatishlar, to‘pni olib yurish va raqibni aldab o‘tish, uzoq masofaga uzatishlarni bajarish vaqtida xatolar foizining eng yuqori darajasi – 47-48%, aldab o‘tishda – 36-37%, bosh bilan o‘ynashda –36-40%, darvozaga zarba berishda – 47-51% bilan bajarishi aniqlandi;
- hujumchilar – qisqa va o‘rta masofaga to‘p uzatishlar, darvozaga zarba berish, uzoq masofaga to‘p uzatishlarni bajarishda xatolar foizi – 46-47%, darvozaga zarba berishda – 53-66%, to‘pni olib qo‘yishda – 34-41%. To‘pni olib yurish va aldab o‘tishdan kamroq foydalanishlari ma’lum bo‘ldi.
O‘yinchilarning musobaqadagi texnik harakatlarini tadqiq etish bu murakkab sharoitda yosh futbolchilar turli texnik usullarni aniq va tez bajara olmasliklarini ko‘rsatdi. Bu yosh futbolchilarning mashg‘ulot va musobaqa faoliyati orasidagi nomuvofiqlik natijasidir.
Malakali va yosh futbolchilarning to‘p bilan bajariladigan alohida taktik harakatlarini tahlil etish natijasida asosiy taktik harakat – to‘p uzatish malakali himoyachilarga qaraganda yoshlarda kamroq hajmni egallashi ma’lum bo‘ldi. Qanot himoya-chilarida qisqa uzatishlar yuqori malakali himoyachilarnikiga qaraganda 21,6% ga, markaziy himoyachilarda esa 28,6% ga kamroq.
Yosh futbolchilar o‘rta va uzoq masofaga to‘p uzatishlardan foydalanadilar. Shuni qayd etish mumkinki, ular bunday uzatishlarni hujum boshlash zonasida adressiz to‘pni olib qo‘yish chog‘ida asossiz qo‘llaydilar. To‘pni olib qo‘yib hujumni davom ettirish bir xil solishtirma hajmga ega (12,6%). YArim himoyachilarda to‘p uzatishning usullar zahirasidagi solishtirma hajmi eng yuqoridir.
Yosh yarim himoyachilar uzoq (16,5% ga) va o‘rta masofaga to‘p uzatishlarni malakali futbolchilarga qaraganda ko‘proq, qisqa uzatishlarni esa, aksincha, kamroq (20,2% ga) qo‘llaydilar. To‘pni olib qo‘yib hujumni davom ettirishda malakali futbolchi – yarim himoyachilar ancha faol, chunki ular to‘pni olib qo‘yishni hujum harakatlarini davom ettirish zonasida amalga oshiradilar. Raqibni aldab o‘tishni yosh futbolchilar – yarim himoyachilar malakali sportchilarga nisbatan ko‘proq qo‘llaydilar. Ta’kidlash zarurki, yosh futbolchilar hujum harakatlarini davom ettirish zonasida raqibni aldab o‘tishdan tez-tez va ko‘pincha asossiz foydalanadilar.
Turli malakaga ega bo‘lgan jamoalarning hujumchilari ko‘proq to‘p uzatishlarni qo‘llaydilar: yoshlarda u taktik harakatlar umumiy miqdorining 60,5 dan 71,7 gacha foizini, yuqori malakali o‘yinchilarda esa 73-77,9% ini tashkil etadi. Raqibni aldab o‘tishni yosh qanot hujumchilari katta yoshlilarga nisbatan ancha ko‘p qo‘llaydilar, markaz hujumchilarida uning solishtirma hajmi kattalarnikidek (18,7%).
Taktik harakatlardan foydalanishning maqsadga muvofiqligi hamda solishtirma hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qilish natijasida o‘quv materialini takomillashtirish va oqilona qo‘llash maqsadida ularning mazmuni aniqlandi:
1) hujumni boshlash va rivojlantirish zonasida qisqa, o‘rta, uzoq masofaga uzatishlar hamda himoyachilar va yarim himoyachi-lardan to‘pni olib qo‘yib, hujumni davom ettirish;
2) hujumni rivojlantirish va yakunlash zonasida yarim himoyachilar va hujumchilar oldida raqibni aldab o‘tish;
3) hujumni rivojlantirish hamda yakunlash zonasida hujumni yakunlab, darvozaga zarba berish va yarim himoyachilar va hujumchilar oldida to‘p uzatish.
Sport o‘yinlarida oqilona boshqaruvchi harakatlarni tashkil etish uchun dastlab faoliyatning belgilovchi turini – ushbu holatda musobaqalashuv turini tahlil etib olish zarur.
Tadqiqot davomida sportchilarning oddiy sharoitdagi hamda hissiy va psixik zo‘riqish darajasi ortgan paytdagi faoliyati samaradorligi bo‘yicha qo‘lga kiritilgan ma’lumotlarni taqqos-laganda, yosh futbolchilar faoliyatiga ishonchlilik talablariga muvofiq etarlicha xolis baho berish mumkin.
Sportchilarning musobaqa faoliyati ko‘rsatkichlari qiymati ekstremal sharoitlarda ancha pasayadi. Bu, eng avvalo, texnik-taktik harakatlarni bajarish aniqligiga taalluqli. Bunday sharoitda umumiy aniqlik, hujum va mudofaa harakatlari aniqligi ko‘rsat-kichlari pasayadi (R<0,01), o‘yinchilarning jamoa samaradorligi koeffitsientiga qo‘shgan alohida hissasi kamayadi, shuningdek, tashabbusni amalga oshirish samaradorligi ham pasayadi.
Ekstremal sharoitlarda yosh futbolchilarning o‘yin faolligi ko‘rsatkichi ancha past bo‘ladi (R<0,05) hamda turli texnik-taktik harakatlarning umumiy hajmidagi nisbati o‘zgaradi. Mudofaa yo‘nalishidagi harakatlar miqdori ortib, hujum harakatlari kamayadi.
Taxmin qilish mumkinki, jamoa aynan o‘yin faolligi va bajariladigan harakatlar aniqligi pasayganligi tufayli mag‘lubiyatga uchraydi. Ekstremal sharoitlarda hujum yo‘nalishidagi harkatlarga alohida talablar qo‘yiladi.
Yosh futbolchilarning musobaqa faoliyatlarini korrelyasion tahlilni qo‘llagan holda o‘rganish yoshlar futbolining samaradorligi va ishonchliligi tarkibini aniqlashga imkon berdi.
1. Yosh futbolchilar faoliyati samaradorligi yuqori hujum faolligi hamda hujum va himoya harakatlarining aniqligini uyg‘unlashtirish orqali ta’minlanadi. Faoliyatning eng muhim xususiyatlari umumiy aniqlik, tashabbus, himoya faolligi ko‘rsat-kichlari sanaladi. Ular yordamida muayyan yoshlar jamoalarining samaradorligi darajasiga qiyosiy baho berish, shuningdek, alohida o‘yinchilarning jamoa faoliyati samaradorligiga qo‘shgan hissasini baholash mumkin.
2. Musobaqa faoliyati ishonchliligi: hujum harakatlari yuksak darajadagi faolligi hamda aniqligi, mudofaa faolligining eng maqbul darajadagi ifodaliligi, mudofaa harakatla-rining aniqligi yordamida ta’minlanadi. Ekstremal sharoitlar-dagi faoliyatni tashkil qilishda xatoliklar va tashabbus ko‘rsat-kichlari jiddiy ahamiyatga ega.
3. Yosh futbolchilar musobaqa faoliyati va shaxsiy xususiyat-lari tahlili aniqlikning turli xillari bilan tavsiflanuvchi uch guruhni farqlab ko‘rsatishga imkon beradi: samarali, ishonchsiz, samarasiz-ishonchsiz. Tayyorgarlikning aniqlangan turlarini qayd etish o‘yinchilar texnik-taktik tayyorgarligini individual-lashtirishga ko‘maklashadi.
Yosh futbolchilar tayyorgarligi tizimining eng muhim elementlaridan biri majmuali nazoratdir.
Pedagogik kuzatuv ma’lumotlarini o‘rganish natijasida ayon bo‘ldiki, kichik yoshli maktab o‘quvchilari tashkil etgan to‘pli o‘yinlar bir vaqtda ishtirok etuvchilar miqdori kam bo‘lgan sharoitda, kichik o‘yin maydonchalarida o‘tkaziladi. Bir vaqtda ishtirok etuvchilar soni ikki kishidan o‘n kishigacha bo‘lishi mumkin. Ularning soniga qarab maydonchalarning o‘lchami (m): 10x5; 10x10; 15x15; 20x15; 30x20; 40x30 ni tashkil etadi.
Qayd etilishicha, o‘g‘il bolalar quyidagi texnik usullarni eng ko‘p qo‘llaydilar: to‘pni oyoq uchi, oyoq yuzasi bilan olib yurish; oyoqning uchi va oyoq yuzasining ichki tomoni bilan harakatsiz yoki dumalab ketayotgan to‘pga zarba berish; to‘pni tepib yoki oldinga katta qadam tashlab olib qo‘yish.
Ayni vaqtda katta yoshli futbolchilar orasida eng ko‘p tarqalgan oyoq kaftining tashqi tomoni bilan zarba berish bu yoshda deyarli qo‘llanilmasligiga e’tibor qilindi.
Kichik yoshdagi maktab o‘quvchilari yosh xususiyatlaridan kelib chiqib:
- belgilangan o‘lchamli futbol maydonida umum qabul qilingan tarkibda ikki tomonlama o‘yinlarni o‘tkazmaslik;
- o‘rgatishni oyoq uchi va yuzasida to‘pni to‘g‘ri chiziq bo‘ylab olib yurishdan boshlash maqsadga muvofiqdir.
O‘yinchilarning texnik-taktik harakatlarini yozib borish natijalarini statistik jihatdan ishlangan murabbiy yana ham ishonchli ma’lumotlarni qo‘lga kiritadi. To‘pni egallagan o‘yinchilarning harakatlarini qayd etish mamlakatimiz va chet el sportchilarining texnik-taktik harakatlari haqida juda keng material to‘plashga imkon berdi. Ayni vaqtda yosh futbolchilar, jumladan, malakali jamoalarning eng yaqin zahiralari (16-18 yosh) to‘g‘risida deyarli hech qanday axborot yo‘q.
2016 yilda Bolalar va o‘smirlar futbol maktabi internati o‘quvchilari birinchiligi bahslarida ishtirokchilar 80 minutlik o‘yin davomida to‘p bilan o‘rtacha 440-500 harakat bajarganlarini aniqlashga erishildi.
E.K. Skomoroxovning fikricha, rasmiy xalqaro musobaqalarda to‘p bilan 500 harakat bajarishni texnik-taktik harakatlar modelining quyi chegarasi deb hisoblash mumkin. Bunda texnik-taktik harakatlar va o‘yin natijasi orasida muayyan bog‘liqlik mavjudligi ko‘zga tashlanadi.
Bu yoshdagi futbolchilar texnik-taktik harakatlarining tahlili ular uzoq masofaga uzatishlarni, to‘pni olib qo‘yish va yo‘l-yo‘lakay tutib qolish, bosh bilan o‘ynash va darvozaga zarba berish kabi usullarni bajarishda ko‘proq xato qilishlaridan dalolat beradi.
Yuqori malakali futbolchilarda ham bu ko‘rsatkichlar shunga o‘xshash, lekin ularda xatolar ancha kam. 2016 yildagi futbol bo‘yicha Buxoro shahar birinchiligi musobaqasida Futbol maktabi internati o‘quvchilari uzoq masofaga to‘p uzatishlarda yo‘l qo‘ygan xatolari o‘rtacha ko‘rsatkichi – 63%. Uzoq masofaga to‘p uzatishlarni qo‘llashning 2 ta o‘ziga xos xususiyati bor:
- birinchidan, uzoq masofaga to‘p uzatishlarni hujum chizig‘iga tezroq etkazmoqchi bo‘lgan himoyachilar hammadan ko‘p qo‘llaydilar. Lekin ularning to‘p uzatishlari, odatda, uzunasiga bajarilib, raqib tomonidan tutib qolinadi;
- ikkinchidan, bunday uzatishlarda to‘p juda yuqori traektoriya bo‘ylab uchadi, zarur zonaga etib borganda esa, raqibning himoya chizig‘i qayta tashkillanib, hujum ostidagi darvoza yaqinida xavfli hududlarni yopishga ulguradi.
To‘pni olib yurish va aldab o‘tish vaqtida yosh futbolchilarning xatolari ko‘rsatkichlari taxminan yuqori malakali o‘yinchilarnikidek, lekin yoshlarda to‘pni olib yurishda bu ko‘rsatkichlar tebranib turadi.
To‘pni olib qo‘yishda yoshlarning xatolari qiymati – 50%, to‘pni yo‘l-yo‘lakay tutib qolishda – 45%. Evropaning etakchi jamoalarida bu usullar ancha samarali bajariladi.
Bosh bilan o‘ynash va darvozaga zarba berish (ayniqsa, yakkama-yakka kurashlarda) mamlakatimiz futbolchilari an’anaviy ravishda chet elliklarga yon beradigan usullardir.
Shunday qilib, yosh futbolchilar va yuqori malakali jamoa-larning o‘yinchilari texnik-taktik harakatlaridagi aniqlik ko‘rsatkichlarini taqqoslashda salbiy “Vorisiylik” ko‘zga tashlanadi: bolalik davrida ko‘p xatolar bilan bajarilgan usullar malakali sportchilarning o‘yinida ham musobaqa faoliyati muvaffaqiyatini cheklovchi tarkibiy qismligicha qoladi.
Yosh futbolchilar texnik-taktik harakatlari tuzilishini o‘zgartirish bir qator xususiyatlarga ega. Masalan, qisqa uzatishlar miqdoridagi o‘zgarish ayniqsa sezilarli. Agar to‘pni o‘rtacha masofaga uzatish texnik-taktik harakatlar umumiy miqdorining 4-6% ini, uzoq masofaga uzatishlar 9-14% ini tashkil etsa, qisqa uzatishlar miqdori 21% dan 43% gacha bo‘lgan oraliqda tebranadi. Evropaning eng yaxshi terma jamoalarida qisqa uzatishlar barcha texnik-taktik harakatlarning 18-28% ini, o‘rta masofaga uzatishlar 13-18% ni, uzoq masofaga uzatishlar 8-11% ni tashkil qiladi.
Yosh futbolchilarda to‘pni olib yurish, aldab o‘tish, to‘pni olib qo‘yish, yo‘l-yo‘lakay tutib qolish, yuqorida yakkama-yakka kurashish singari usullar dinamikasida mo’tadil variantlilik qayd etiladi. Biroq har bir jamoa uchun mazkur texnik-taktik harakatlarning eng maqbul (optimal) nisbati mavjud bo‘lib, u jamoa imkoniyatlarining amalga oshirilishi hamda zarur natijaga erishishini ta’minlaydi.
Yosh futbolchilarning koordinatsion qobiliyatlari, chaqqonligi o‘yinning texnik elementlarini muvaffaqiyatli egallashga asoslanadigan poydevordir. Zamonaviy futbol sharoitida to‘pni tezkorlik bilan olib yurish va raqibni aldab o‘tishni bajarish vaqtida bu sifatlarning ahamiyati yaqqol namoyon bo‘ladi.
9-17 yoshli futbolchilarning o‘yinda to‘pni olib yurish va aldab o‘tishlarini kuzatish texnik-taktik harakatlar ko‘rsatkichlarining miqdoriy va sifat xususiyatlaridagi yosh dinamikasini yuzaga chiqardi.
Yosh futbolchilarda 9 dan 17 yoshgacha bo‘lgan davrda bir o‘yin davomida to‘pni olib yurishlar miqdori deyarli ikki barobar ortadi (44,14,8 dan 80,25,9 gacha; R<0,001) bunda uning samaradorligi ham ancha o‘sadi. Xatolar miqdorining esa chegaralari ancha keng bo‘lib, bu boshqa tadqiqotlardan olingan ma’lumotlarga zid emas. Yosh futbolchilarda o‘yin chog‘ida raqibni aldab o‘tish 9 dan 13 yoshgacha ortib borib, keyin ancha kamayadi. Bunda 11-13 yoshli futbolchilar ko‘pincha bitta emas, balki ketma-ket ikki-uch raqibni aldab o‘tishga kirishadilar.
Aldab o‘tish samaradorligining eng yuqori ko‘rsatkichlari 14-15 yoshli futbolchilarda qayd etildi. 16 yoshli futbolchilarda ham bir va ikki raqibni aldab o‘tishda bu usul samaradorligining etarlicha yuqori ko‘rsatkichlari aniqlandi. Olingan ma’lumot-lardan kelib chiqib, shunday xulosa qilish mumkin: to‘pni olib yurish va aldab o‘tish usulining to‘pga egalik qilish texnikasidagi ancha yuqori darajasiga erishishni yosh futbolchilardan tayyorgarlikning dastlabki bosqichlaridayoq talab qilish zarur.
Ilgariroq o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalarining tahlilidan kelib chiqadiki, bir o‘yindagi texnik-taktik harakatlarning umumiy miqdori faqat 8-9 yoshli va 14-15 yoshli futbolchilarda statistik jihatdan ishonchli farq qiladi (R<0,01).
Bunda musobaqa faoliyatining alohida tarkibiy qismlari bo‘yicha miqdoriy ko‘rsatkichlar yoshdan yoshga jiddiy o‘zgarishlarga uchraydi. Bunday elementlarga uzoq masofaga uzatishlar va o‘qdek g‘izillatib uzatishlar, to‘pni olib yurish va aldab o‘tish (yuqorida ta’kidlanganidek, kamayib borish tartibida), to‘pni yo‘l-yo‘lakay tutib qolish, bosh bilan o‘ynash kiradi.
O‘yin elementlaridan darvozaga zarba berish elementi ustida alohida to‘xtash lozim. Yosh futbolchilarning ko‘rib chiqilayotgan barcha yosh guruhlarida mazkur texnik priyom musobaqa faoliyatida texnik-taktik harakatlar umumiy miqdorining ko‘pi bilan 5% ini tashkil etadi. Bu o‘quv-mashq jarayonida darvozaga zarba berishga u qadar ahamiyat bermasa ham bo‘ladi, degani emas. SHuni yodda tutish kerakki, musobaqa faoliyati tizimini shunga o‘xshash tarzda qurish yuqori malakali futbolchilarga ham xos.
Musobaqa faoliyati xususiyatlarini o‘rganish yosh futbolchilar tayyorgarligining deyarli o‘rganilmagan jihatlarini aniqlash imkonini beradi. Bu sohadagi yangi ma’lumotlar yosh sportchilarni tayyorlash jarayonini optimallashtirish hamda mamlakat terma jamoasiga malakali zahira tarbiyalab berish uchun imkoniyat yaratadi.
Dostları ilə paylaş: |