Mavzuni mustahkamlash uchun savollar 1. O‘zbekistonda ikki palatali parlamentning vujudga kelishi haqida nimalarni bilasiz?
2. Qonunchilik palatasi Kengashi vakolatlari nimalardan iborat?
3. Qonunchilik palatasi deputati haq to‘lanadigan boshqa ish bilan shug‘ullanishi mnmkinmi?
4. Qonunchilik tashabbusi huquqiga ega subyektlarni sanab bering.
§ 1. Vazirlar Mahkamasining hokimiyat tizimidagi o‘rni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi – davlat boshqaruvining oliy organi bo`lib, davlat hokimiyati tizimida alohida o‘ringa ega. Ijro hokimiyati davlat hokimiyatining mustaqil tarmog‘i bo‘lib o‘z vazifasiga ega.
2007-yil 11-aprelda Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar hamda “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun Vazirlar Mahkamasini mustaqil ijro hokimiyatini amalga oshiruvchi organ sifatida faoliyat ko‘rsatishi va Bosh vazir mavqei oshishiga olib keldi.
Yodda tuting!
Hukumat ijro hokimiyatini amalga oshirish natijasida davlat va jamiyatning ijtimoiy, iqtisodiy, ma'naviy sohalariga rahbarlik qiladigan, davlat boshlig‘i va parlamentning hujjatlarini (qonun, qaror, farmon, farmoyish) ijrosini ta'minlovchi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta'minlovchi davlat hokimiyatining eng kuchli kollegial organidir.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning 2010-yil 12-noyabrda Oliy Majlis palatalarining qo‘shma maslisida “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” asosida 2011-yil 18-aprelda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritildi. Uning natijasida Konstitutsiyaning Vazirlar Mahkamasiga taalluqli 98-moddasi yangicha tahrirda bayon qilindi va Bosh vazirni parlament oldida hisob berib turishi o‘rnatildi, bu esa Vazirlar Mahkamasi faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni nazarda tutdi. Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish tartibi o‘rnatildi. Shuningdek Vazirlar Mahkamasining mustaqilligi kengaytirildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiruvchi har qanday masalalar yuzasidan qaror qabul qilishi mumkin degan qoida chiqarib tashlandi.
Mazkur islohotlar birinchidan Vazirlar Mahkamasining davlat hokimiyati tizimidagi o‘rnini yanada aniqlashtirgan bo`lsa, ikkinchidan Vazirlar Mahkamasi va Bosh vazirning mavqeini oshishiga xizmat qildi.