Mavzuni mustahkamlash uchun savollar 1. Jamiyatning iqtisodiy negizlari nima?
2. Mulk huquqi deganda nimalarni tushunasiz?
3. O’zbekistonda oilanining konstitutsiyaviy maqomi
4. O’zbekistonda ommaviy axborot vositalarining konstitutsiyaviy maqomi qanday?
VI mavzu. Siyosiy partiyalarning huquqiy maqomi
§ 1. Jamoat birlashmalarining tushunchasi, turlari, vazifasi Mamlakatimiz Asosiy qonunida jamoat birlashmalari faoliyatiga doir normalaning mustahkamlanib qo’yilishi mazkur tashkilotlar faoliyatining rivojlanishi uchun keng sharoit yaratadi.
O'zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e'tirof etiladi. (Konstitutsiyaning 56-moddasi)
Jamoat birlashmalarining faoliyat ko‘rsatishinining asosiy sharti ular qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak. Ularni ro‘yxatdan o‘tkazish Adliya vazirligi zimmasiga yuklangan.
Jamoat birlashmalari eng muhim demokratik institutlardan hisoblanib, ular fikrlar va g‘oyalar xilma-xilligini amalda ta'minlovchi muhim vositadir. Jamoat birlashmalarining huquqiy asosi Konstitutsiyamizning 34-moddasida ham o’z ifodasini topgan.
O'zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar. Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek hokimiyatning vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas.(34 modda) Jamoat birlashmalari, turidan qatiy nazar, xalqning erkin faoliyati va ijtimoiy hayotda ishtirokini ta'minlash vositasi hisoblanadi.
Yodda tuting!
O’z huquqlari hamda erkinliklarini hamda siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiy rivojlanish, fan, madaniyat, ekologiya va hayotning boshqa sohalaridagi qonuniy manfaatlarni birgalikda ro’yobga chiqarish uchun birlashgan fuqarolarning xohish-irodalarini erkin bildirishlari natijasida vujudga kelgan ixtiyoriy tuzilma jamoat birlashmasi hisoblanadi.
Bu tashkilotlarning samarali faoliyatidan fuqarolar ham, davlat ham manfaatdor. Jamoat birlashmalari kishilarni siyosiy qarashlari (siyosiy partiyalar), faoliyati yo‘nalishiga (kasaba uyushmalari), jinsiga (xotin-qizlar qo‘mitalari), yoshiga (Kamolot), qobiliyati, kasbiga (yozuvchilar, arxitektorlar ittifoqlari) qarab birlashtiradi.
Davlat jamoat birlashmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta'minlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi. Davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoat birlashmalari faoliyatiga aralashishiga, shuningdek jamoat birlashmalarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yo'l qo'yilmaydi. (Konstitutsiyaning 58 moddasi) Hozirgi kunda O‘zbekistonda to‘rtta siyosiy partiya va ko‘plab boshqa jamoat birlashmalari mavjud va ular qonuniy ravishda jamoat birlashmalari sifatida e'tirof etilgan.
Barcha jamoat tashkilotlariga xos xususiyat – bu ularga a'zolikni ixtiyoriyligidir. Eng yirik jamoat birlashmalari – Kasaba uyushmalari va Siyosiy partiyalar qanday manfaatni ko‘zlab tuzilishi, vazifasi, siyosiy hayotda qanday ishtirok etishi Konstitutsiyani o‘zida alohida mustahkamlab qo‘yilgan (Konstitutsiyaning 59, 60-moddalari).