Bahodir Sodiqov 80-yillarda o’zbek adabiyotshunosligi maydonida paydo bo’lgan salohiyati baland, zukko olim edi. Uning ham mumtoz, ham zamonaviy adabiyot yo‘nalishida yozgan maqolalari o‘sha davrda juda katta qiziqish uyg‘otgan, adabiy jamoatchilik yosh olimning kelajagiga katta umid bilan qaragan edi. Bahodir Sodiqov mumtoz adabiyotni chuqur bilishga intilgan, bu sohadagi mavjud muammolar, xususan, mumtoz adabiyot namunalarini nashr etishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar haqida hozirjavoblik bilan munosabat bildirishdan qochmaydigan, o‘z fikrini dadil himoya qila oladigan munaqqid edi. Afsuski, yosh olimning fojiali o‘limi adabiyotimizni zukko bilimdondan, bizni pokiza qalb egasi bo‘lgan insondan judo etdi. Uning fojiali o‘limida o‘z jonini qurbon qilish evaziga o‘zgalar hayotini saqlab qolishdek, kamdan-kam inson jur’at eta oladigan buyuk insoniy jasorat namoyon bo‘lganini aslo xotiramizdan chiqarmasligimiz kerak. Bahodir Sodiqov 1959-yilning 19-aprelida Xorazm viloyati, Shovot tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida o‘qib yurgan kezlaridayoq o‘zbek zamonaviy she’riyati xususidagi adabiy — tanqidiy maqolalari matbuotda e’lon qilingan. 1980-yilda fojeali halok bo‘ldi. Hayotlik chog‘larida so‘fiy shoirlar ijodiga doir tadqiqotlarining matbuotda yoritilishiga hukmron mafkura monelik qildi. Vafotida so‘ng “Insonni sevmoq kerak” kitobi yorug‘lik yuzini ko‘rdi. Tadqiqotlari “Sharq yulduzi”. “Yoshlik” jurnallarida, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligida, “Kamalak”, “Shovot mavjlari” almanaxlarida bosildi. Shuningdek, she’rlari ham bayozda yoritilgan. Bahodir Sodiq adabiy maqolalarining ayrimlari u hayotlik paytida “G‘alaba” (hozirgi Quyi Chirchiq tumani) gazetasida chop etilgan, ammo respublika nashrlarida e’lon qilinmagan. U bunga shoshilmagan edi. Omon Matjonning “Haqqush qichqirig‘i” kitobi xususida yozgan maqolasi vafotidan so‘ng bir oy o‘tgach, “Sharq yulduzi” jurnalida “Qirqinchi afsona” nomi bilan chop etildi.
Rauf Parfining “Ko‘zlar” kitobiga yozgan “Ko’zlardagi dunyo” nomli maqolasi keyinchalik “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida, adabiy-ilmiy merosidan namunalar kitob shaklida “Yangi asr avlodi” nashriyotida 2017-yilda “Xotira uyg‘onsa – go‘zaldir!” nomi ostida chop etildi.