III. XULOSA Xulosa qilib aytganda, she’rni o’qiganda kichik yoshdagi o’quvchilar tabiat va jamiyat voqea-hodisalarining poetik tasviridan hayajonlanishlari muhim ahamiyatga ega. She’riy hikoya, she’riy ertaklarda syujet, ya`ni voqealar tizimi va uning rivoji xarakterlidir. Lirik she’r “biror hayotiy voqea-hodisa ta`sirida insonda tug`ilgan ruhiy kechinma, fikr va tuyg`ular orqali turmushni aks ettiradi”. Lirik she’rning xususiyati “kishining his-tuyg`uga to’la hayajonli nutqini ta`sirliroq ifodalashda qo’l keladi”. Lirik she’rni o’qish va tahlil qilish o’qituvchidan katta mahorat talab qiladi. Holbuki, ko’p hollarda she’rga oddiy matn nuqtai nazaridan yondashiladi. Bunday holda she’riy san`at hissiyot bilan bog`liq ekanligi unutiladi, she’r ma`nosining satrlar, so’zlar zaminida yashirin berilishi anglab yetilmaydi. Buning oqibatida o’quvchilar she’rdagi obrazlilikning mag`zini chaqa olmaydilar. Vaholanki, har qanday asar zaminidagi yashirin ma`noni o’qish mehnattalab ishdir.
She’riy ohangni his qilmaslik, matn so’zlarini to’la tushunib yetmaslik she’r yodlashni zerikarli mashg`ulotga aylantiradi. Ma`nosi anglanmagan matnni yodlash oson kechmaydi. 4-sinfda Q. Hikmatning “Qish to’zg`itar momiq par” she’rini o’rganishda albatta tabiat manzaralarini izohlash talab etiladi. SHe’rni o’qishdan oldin unda tasvirlangan yil fasllari haqida suhbat o’tkaziladi yoki she’r mazmunini tushunish uchun o’quvchilar bilishi lozim bo’lgan voqealarni o’qituvchi qisqa qilib aytib beradi. Ma`lumki, qish fasli go’zal ko’rinishi bilan odamda yoqimli tuyg`ular uyg`otadi. Qishda bolalar chana uchish, qorbobo yasash, qorbo’ron o’ynashdan olam-olam zavq oladilar. Qishdagi sof va toza havogina emas, oppoq qorga burkalib turgan daraxtlar, dala-bog`lar kishida ajib bir kayfiyat uyg`otadi. “Qish to’zg`itar momiq par” (Qudrat Hikmat) she’rini o’rganish jarayonida agar qor yog`magan bo’lsa, ayni manzara tasvirlangan rasmlardan foydalanish ham mumkin. Qish fasli haqida gapirilar ekan, albatta, “kumush” sifati qo’shib aytiladi. Bu shu fasl hukmronligi davridagi manzaraga, qorning oppoq bo’lib tovlanishiga, ko’zlarni qamashtirishiga ishoradir.