Sug‘urta maxsulotlarini yuridik shaxslarga sotish texnologiyasi
2.Yuridik shaxslarga sug‘urta maxsulotini sotishda shartnomalarni rasmiylashtirish uslublari Ma’lumki, ixtiyoriy sug‘urta turlari bo‘yicha, jumladan, yuridik shaxslar mol-mulkini olovdan, tabiiy ofatlar va zarardan sug‘urta qilishda sug‘urta pulining miqdori sug‘urtalovchi va sug‘urta qildiruvchining kelishuviga binoan sug‘urta shartnomasida belgilab qo‘yiladi. Mol-mulkni sug‘urtalashda, agar sug‘urta shartnomasida boshqa shart belgilanmagan bo‘lsa, sug‘urta puli mol-mulkning shartnoma tuzilayotgan kunda joylashgan joydagi haqiqiy qiymati (sug‘urta puli)dan yuqori bo‘lmasligi kerak. Sug‘urta shartnomasini tuzish vaqtida tomonlarning kelishuviga ko‘ra belgilanadigan, sug‘urta manfaati bilan bog‘lanadigan mol-mulkning qiymati, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, sug‘urta qiymati (sug‘urta bahosi) deb xisoblanadi. Mol-mulkning sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan qiymati ustida keyinchalik bahslashish mumkin emas, sug‘urtalovchi shartnoma tuzishdan avval sug‘urta tavakkalchiligini baholash huquqidan foydalanmaganligi, shu qiymat yuzasidan ataylab chalg‘itilganligi bundan mustasno.
Sug‘urta agenti zarurat tug‘ilganda, sug‘urta shartnomasining amal qilish muddati davomida tomonlarning kelishuviga binoan mol-mulkning sug‘urta qiymati va shunga muvofiq sug‘urta puli hamda qo‘shimcha to‘lanadigan sug‘urta mukofoti miqdori qayta baholanishini nazardan chetda qoldirmasligi kerak.
Sug‘urta shartnomasi 1 yil muddatga tuzilganda sug‘urta tarifi sug‘urta ob’ektining tavakkalchilik darajasiga qarab sug‘urta kelishilgan sug‘urta puliga nisbatan foizlarda belgilanadi. Masalan, yuridik shaxslar mol-mulkini sug‘urtalashda tarif stavkasi 0,1% dan 5% gacha miqdorda belgilanishi mumkin. SHartnomaning alohida shartlari, tavakkalchilik darajasi xamda sug‘urta muddatiga qarab sug‘urta tarifi kamaytirilishi yoki oshirilishi mumkin. Sug‘urta shartnomasi bir yildan kam yoki ko‘p muddatga tuzilganda sug‘urta mukofoti bir yillik sug‘urta to‘lovidan sug‘urta muddatiga nisbatan mutanosib ravishda belgilanadi. Tomonlarning kelishuviga muvofiq sug‘urta qildiruvchi tomonidan sug‘urta mukofoti sug‘urtalovchining hisob-kitob raqamiga pul o‘tkazish yo‘li bilan yoki sug‘urtalovchining kassasiga yoki u tomonidan tayinlangan agentga naqd pul to‘lash orqali to‘lanishi mumkin. Sug‘urta mukofotini to‘lash tartibi sug‘urta shartnomasida belgilanadi. Misol uchun, sug‘urta qildiruvchi sug‘urta mukofotini shartnoma tuzilgandan so‘ng 3 kun ichida yoki 72 soat mobaynida to‘lash shartligi sug‘urta shartnomasida ko‘rsatiladi. Agar sug‘urta shartnomasida boshqa shart belgilanmagan bo‘lsa, sug‘urta mukofoti to‘liq to‘lanmagan takdirda, sug‘urtalovchining javobgarligi sug‘urta mukofotining to‘langan qismiga mutanosib ravishda bo‘ladi.
Sug‘urta shartnomasida sug‘urta mukofoti bo‘lib-bo‘lib, ya’ni ikki va undan ortiq marta to‘lanishi ko‘rsatilishi mumkin. Sug‘urta mukofoti yoki navbatdagi to‘lov belgilangan muddatda to‘lanmasa, agar sug‘urta shartnomasida boshqa shart belgilanmagan bo‘lsa, sug‘urta shartnomasi o‘z-o‘zidan kuchini yo‘qotadi va buning uchun tomonlarning qo‘shimcha istak bildirishlari shart emas. Avval to‘langan sug‘urta mukofotlari qaytarilmaydi,
Tomonlarning kelishuviga binoan sug‘urta shartnomasi 1 yilgacha va undan ko‘p muddatga tuzilishi mumkin. Sug‘urta shartnomasi, agar unda boshqa shart belgilanmagan bo‘lsa, sug‘urta mukofoti yoki uning birinchi qismi to‘lanishi bilan kuchga kiradi. Sug‘urtalovchining javobgarligi, agar sug‘urta shartnomasida boshqa shart belgilanmagan bo‘lsa, naqd pulli xisob-kitobda sug‘urta mukofoti yoki uning birinchi qismi to‘lanishi bilan va naqd pulsiz xisob-kitobda sug‘urta mukofoti yoki uning birinchi qismi sug‘urtalovchining hisob-kitob raqamiga kelib tushgandan so‘ng kuchga kiradi.
Sug‘urta agentiga sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urta shartnomasini uning nomidan tuzish vakolati berilgan bo‘lsa, u holda shartnomani tuzishda agent va sug‘urta qildiruvchi o‘rtasida quyidagilar to‘g‘risida bir to‘xtamga kelib olinishi kerak:
sug‘urtalash ob’ekti xisoblangan ma’lum mol-mulk yoki boshqa mulkiy manfaatlar haqida;
sug‘urta hodisasining tavsifi xaqida;
sug‘urta pulining miqdori xaqida;
agar shartnomada sug‘urta qoplamasi sug‘urta puliga nisbatan kamroq miqdorda to‘lash mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa, sug‘urta qoplamasi miqdorini aniqlash tartibi xaqida;
sug‘urta mukofotining miqdori va uni to‘lash muddati (muddatlari) xaqida;
shartnomaning amal qilish muddati xaqida.
Mol-mulk sug‘urta shartnomasiga binoan ushbu mol-mulkning saqlanishidan manfaatdor shaxs shartnomani naf oluvchi foydasiga, uning egasi, mol-mulkka boshqa mulkiy xuquqi bor shaxslar, ijarachi, pudratchi, saqlovchi, dallol va boshqalar foydasiga tuzishi mumkin. Sug‘urta qildiruvchi va naf oluvchi sug‘urtalangan mol-mulkning but saqlanishidan manfaatdor bo‘lmagan holda tuziladigan sug‘urta shartnomasi xaqiqiy xisoblanmaydi. Naf oluvchi foydasiga tuzilgan sug‘urta shartnomasida, uning ismi yoki nomi ko‘rsatilmasligi mumkin. Bunday sug‘urta shartnomasi tuzilganda oq polis (oluvchining ismi-sharifi ko‘rsatilmagan polis) beriladi. Bunday shartnoma bo‘yicha xaq-xuquqlarni talab qilish uchun sug‘urtalovchiga ushbu polis taqdim etilishi lozim.
Sug‘urtalovchi mol-mulk sug‘urta shartnomasiga ko‘ra shartnomada shartlashilgan to‘lov (sug‘urta mukofoti) uchun shartnomada ko‘rsatilgan hodisa (sug‘urta hodisasi) yuz berganda sug‘urta qildiruvchi yoki boshqa shaxs, shartnoma kimning foydasiga tuzilgan bo‘lsa o‘sha shaxs (naf oluvchi)ga, sug‘urtalangan mol-mulkka ushbu hodisa natijasida etkazilgan zararlar yoki sug‘urta qildiruvchining mulkiy manfaatlari bilan bog‘liq zararlar (sug‘urta qoplamasini to‘lash) uchun shartnomada belgilangan pul (sug‘urta puli) chegarasida to‘laydi.
Sug‘urta shartnomasi yozma ravishda, bitta xujjat tuzish bilan yoki sug‘urta qildiruvchining yozma yoki og‘zaki arizasiga binoan sug‘urtalovchi imzolagan sug‘urta polisini sug‘urta qildiruvchiga berish orqali amalga oshiriladi. Tomonlarning kelishuviga ko‘ra shartnomaga boshqa shartlar kiritilishi mumkin. Agar sug‘urta shartnomasida Sug‘urta qildiruvchining holatini qonunda belgilangan holatga ko‘ra yomonlashtiruvchi shartlar mavjud bo‘lsa, shartnomaning bunday shartlari o‘rniga qonunchilikning mos qoidalari qo‘llaniladi. Sug‘urta shartnomasini tuzish vaqtida sug‘urta qildiruvchi va sug‘urtalovchi ayrim sug‘urtalash qoidalarini o‘zgartirish yoki olib tashlash yoxud shartnomaga sug‘urtalash qoidalarda bo‘lmagan shartlarni kiritish haqida kelishib olishlari mumkin.
Sug‘urta shartnomasini tuzish vaqtida sug‘urta qildiruvchi sug‘urtalash ob’ektiga doir tuzilgan yoki tuzilishi mumkin bo‘lgan boshqa barcha sug‘urta shartnomalari haqida hamda ma’lum bo‘lgan sug‘urta hodisasining sodir bo‘lish extimolini va uning sodir bo‘lishidan ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zarar xajmini aniqlashda ahamiyatga ega bo‘lgan barcha shartlar xaqida sug‘urtalovchiga ma’lum qilishi kerak. Sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urta shartnomasi(polisi)ning standart shaklida ko‘rsatilgan holatlar ahamiyatli holatlar xisoblanadi.
Agar mol-mulk sug‘urta qiymatining bir qismi miqdorida sug‘urta qilingan bo‘lsa, sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) qo‘shimcha sug‘urtalashni amalga oshirish huquqiga ega, shu jumladan boshqa sug‘urtalovchida, lekin bunda barcha tuzilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha umumiy sug‘urta puli sug‘urta qiymatidan oshmasligi kerak. Sug‘urta shartnomasi sug‘urta qiymatidan oshiqcha sug‘urta puliga nisbatan kuchga ega emas. Bu holda ortiqcha to‘langan sug‘urta mukofoti qaytarilmaydi.
Agar sug‘urta shartnomasida sug‘urta puli sug‘urta qiymatidan kamroq qilib belgilangan bo‘lsa, sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi yuz berganda sug‘urta qildiruvchi (nafdor shaxs)ga u ko‘rgan zararlarni sug‘urta pulining sug‘urta qiymatiga nisbatiga mutanosib ravishda qoplashi shart. Barcha hollarda shartnoma bo‘yicha sug‘urtalovchining javobgarligi sug‘urta pulidan ko‘p bo‘lishi mumkin emas. Mol-mulk sug‘urtasi shartnomasini tuzgan sug‘urta qildiruvchi vafot etganda, uning xuquq va majburiyatlari shu mulkni meros bo‘yicha olgan shaxsga o‘tadi. Boshqa barcha mulkiy xuquqlarning yangi mulkdorga o‘tishi holatlarida, agar shartnoma yoki qonunda boshqa shart belgilanmagan bo‘lsa, sug‘urta qildiruvchining huquq va majburiyatlari sug‘urtalovchining roziligi bilan yangi mulkdorga o‘tadi.
Agar shartnomada boshqa shart belgilanmagan bo‘lsa, sug‘urta polisi sug‘urta qildiruvchiga naqd pulli xisob-kitobda sug‘urta mukofoti to‘lanishi bilanoq yoki naqd pulsiz xisob-kitobda sug‘urtalovchining hisob-kitob raqamiga pul kelib tushgan kundan co‘ng 3 bank ish kuni ichida beriladi.
Har ikkala tomon xoxlagan vaqtda sug‘urta shartnomasini bekor qilish huquqiga ega, unda mo‘ljallangan bekor qilish muddatidan 30 kun oldin ikkinchi tomon so‘nggi manzili bo‘yicha yozma ravishda ogoxlantirilishi lozim. Sug‘urta shartnomasining amal qilishi quyidagi xollarda to‘xtatiladi:
muddati tugaganda;
sug‘urtalovchi shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarganda;
bir tomonning talabiga binoan shartnoma bekor qilinganda;
yuridik shaxs – sug‘urta qildiruvchining yoki sug‘urtalovchining faoliyati qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘xtatilganda;
jismoniy shaxs – sug‘urta qildiruvchi vafot etganda, agar uchinchi shaxs sug‘urta qildiruvchining majburiyatlarini bajarishni o‘z zimmasiga olmasa;
sud qaroriga binoan sug‘urta shartnomasi haqiqiy emas deb topilganda;
qonun xujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Agar sug‘urta shartnomasi kuchga kirgandan so‘ng sug‘urta hodisasining yuz berish extimoli yo‘qqa chiqsa va sug‘urta tavakkalchiligi sug‘urta hodisasidan boshqa sabablarga ko‘ra mavjud bo‘lmay qolsa, masalan, sug‘urtalangan mol-mulk sug‘urta hodisasidan o‘zga sabablar tufayli nobud bo‘lsa sug‘urta shartnomasi muddati tugamasdan oldin to‘xtatiladi. Bu xolda sug‘urtalovchi sug‘urta mukofotining sug‘urta shartnomasi amalda bo‘lgan vaqtga mutanosib bo‘lgan qismini olish huquqiga ega. Sug‘urta shartnomasidan sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi)ning muddatidan ilgari voz kechishi natijasida sug‘urtalovchiga to‘langan sug‘urta mukofoti agarda shartnomada boshqacha shart nazarda tutilmagan bo‘lsa qaytarilmaydi. Agar sug‘urta qildiruvchining yolg‘on ma’lumotlari asosida sug‘urta shartnomasidagi sug‘urta puli oshirilgan bo‘lsa, sug‘urtalovchi sug‘urta shartnomasi bekor qilinishi va etkazilgan zararlarni qoplash maqsadida sug‘urta qildiruvchi tomonidan to‘langan sug‘urta mukofoti miqdoridan ko‘proq miqdorda to‘lov talab qilish huquqiga ega. Agar sug‘urta shartnomasi tuzilganidan so‘ng sug‘urtalovchiga sug‘urta qildiruvchi tomonidan mavjud shart-sharoit xaqida ataylab yolg‘on ma’lumotlar berilgani ma’lum bo‘lsa, sug‘urtalovchi shartnomani bekor qilinishini talab qilish xuquqiga ega.