8-mavzu. Bitiruv malakaviy ishiga qo’yiladigan talablar va uni yozish tartibi
1. Bitiruv malakaviy ishi mavzusini tanlashning ahamiyati.
2. Bitiruv malakaviy ishi yozishning o’ziga xos xususiyatlari.
3. Bitiruv malakaviy ishiga qo’yiladigan talablar.
1. Bitiruv malakaviy ishi mavzusini tanlashning ahamiyati.
Zamonaviy iqtisodchi keng qamrovli bilimlarga ega bo’lishi, nazariy bilimlarni amaliy vazifalar bilan bog’lay olishi va o’z tanlagan sohasi bo’yicha haqiqiy bilimdon bo’lishi lozim. Bu maqsadga erishish talabadan o’z ustida tinmay ishlashni, nazariy va amaliy bilimlarini doimiy ravishda boyitib borishni, ishlab chiqarish iqtisodiyoti, uni oqilona tashkil etish va boshqarish ko’nikmalarini chuqur o’zlashtirishni talab qiladi.
Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi va «Ta’lim to’g’risida»gi Qonun talablaridan kelib chiqib, har tomonlama barkamol va bilimdon kadrlarni tayyorlashda ta’limning ko’p qirrali va turli xil usullaridan (ma’ruzalar o’qish, amaliy mashg’ulotlar va seminarlar o’tkazish, ishbilarmonlik o’yinlari va keyslar echish, ilg’or pedagogik va axborot texnologiyalarini o’quv jarayoniga keng qo’llash, talabalarning mustaqil ta’lim olishlariga sharoitlar yaratish, ishlab chiqarish va bitiruv oldi amaliyoti o’tash, kurs ishlari va bitiruv malakaviy ishlari yozish) unumli foydalanish talab etiladi.
Bitiruv malakaviy ishi – oliy o’quv yurti bakalavriatida talabalarni o’qitishnining yakuniy bosqichidir. Bitiruv malakaviy ishida talabaning oliy o’quv yurtida o’qish davomida to’plagan barcha nazariy va amaliy bilimlari yuzaga chiqadi, talabaning nazariy bilimlar bilan qurollanish darajasi, uning olgan bilimlari va ko’nikmalarini ilmiy-ishlab chiqarish vazifalarini echishga qay darajada qo’llay olishi namoyon bo’ladi. Bitiruv malakaviy ishini bajarish talabadan universitetda olgan nazariy va amaliy bilimlardan foydalanishni talab etadi, talabaning o’qish davomida olgan bilimlarini umumlashtirishga, chuqurlashtirishga va mustahkamlashga, ularni amaliyotga qo’llashga imkon beradi.
Dostları ilə paylaş: |