Maxsus kimyoviy vositalar yordamida o‘chirish Yonuvchi metallarni o‘chirish juda mushkul ish. Bunday yonuvchi metallar qatoriga kaliy, natriy, litiy, sirkoniy, magniy va boshqalarni kiritish mumkin. CO2 magniyning yonishini tezlashtirib yuboradi. Yonayotgan metallga suv sepib o‘chirmoqchi bo‘lsangiz, unda portlash ro‘y berib, metall parchalari ancha uzoq masofalarga tarqalib, yonish zonasini kengaytirib yuboradi. Hattoki, quruq qum ham yonayotgan metall ta’siriga tushib qolishi va qumning parchalanishi kuzatiladi. Bunda sof kremniy birikmalari hosil bo‘ladi. Kremniy namlikni o‘ziga tortib, reaksiyaga kirishadi, natijada yonuvchi va zaharli kremniy oksidi hosil bo‘ladi. Shuning uchun bunday metallarni o‘chirishda maxsus kimyoviy kukunlardan foydalaniladi. Asosan kukunsimon grafit, natriy karbonat Na2CO3, magniy karbonat MgCO3, magniy peroksidi MgO2 va ularning aralashmalari, shuningdek, suyultirilgan inert gazlardan foydalanish mumkin.
Yong’inni o’chirish uslublari va o’t o’chirgich moddalarning xususiyatlariga mos ravishda yong’inni o’chirish vositalari tanlab olinadi. Ular asosiy, maxsus va yordamchi vositalarga bo’linadi.
Asosiy vositalar – yong’inga o’t o’chirgich moddalarni (suv, ko’pik, kukun, karbonat angidrid gazi va boshqalar) sepish uchun belgilangan. Bularga avtomobil, avtosisterna, motopompa, o’t o’chirgichlar va boshqalar kiradi.
Maxsus vositalar - yong’inni o’chirishda maxsus ishlarni bajarish uchun ishlatiladi. Ularga avtonarvonlar va tirsakli ko’targichlar, yoritish va aloqa avtomobillari, shuningdek operativ avtomobillar kiradi.
Yordamchi vositalar - yong’inni o’chirishdagi ishlarni bajarish uchun yetarli sharoit yaratadi. Bularga avtosuvquygichlar, yuk avtomobillari, avtobuslar, traktor va boshqa mashinalar kiradi.
Birlamchi o’t o’chirish vositalari yong’in boshlanganda alangani keng tarqalib ketishini to’xtatish va o’chirish uchun qo’llaniladi.
1. O’t o’chiruvchi moddalarning tarkibiga qarab o’t o’chirgichlar ko’pikli, gazsimon, suyuq, kukunsimon guruhlarga bo’linadi.
2. Hajm bo‘yicha yong‘in o‘chirish vositalari quyidagi turlarga bo‘linadi:
- kichik hajmli, hajmi 5 litrgacha;
- o‘rta hajmli (sanoatdagi), hajmi 5 litrdan 10 litrgacha;
- muqim o‘rnatilgan va ko‘chma, hajmi 10 litrdan yuqori.
3. Yong‘in o‘chirish vositalarini o‘t o‘chirgichlardan uzatilishi bo‘yicha quyidagi turlarga bo‘linadi:
- o‘t o‘chirgich qismida joylashgan maxsus kichik idishda ishchi gaz bosimi ostida;
- o‘t o‘chirgichning korpusiga oldindan haydalgan gaz bosimi ostida;
- yong‘in o‘chirish vositalarini o‘zining bosimi ostida.
4. O‘t o‘chirish vositalarini ishga tushirish bo‘yicha quyidagi turlarga bo‘linadi:
- jo‘mrakli;
- pistolet shaklidagi yopib-ochish moslamasi bilan;
- piropatron orqali ishga tushirish;
- doimiy bosim manbai orqali ishga tushirish.
Yonishdan hosil bo‘lgan mahsulotlar asosan qattiq changsimon moddalar, bug‘lar va gazlardan iborat bo‘ladi. Ular tufayli hosil bo‘ladigan harorat esa moddaning yonganda issiqlik ajratishi, yonish tezligi va alanganing tarqalishi, shuningdek, binoning hajmi va havo almashish sharoitlariga bog‘liq bo‘ladi.
Yong‘in vaqtida ko‘p miqdorda inert gazlar, yonuvchi gazlar va shuningdek, tutun ajralib chiqadi. Yonuvchi gazlarning asosiy qismi zaharli bo‘lib, ularning zararli ta’siri yonayotgan materiallarning turi va yonishning jadalligiga bogliq.
Yong‘inga qarshi muhofaza qatlamlari yonganda (brom birikmalari va xlor), yog‘och materiallar, polimer qurilish materiallari va boshqa juda ko‘p hollarda zararli ta’siri bor, jumladan, zaharli gazlar ajralib chiqadi. To‘la yonib bo‘lmagan qoldiq mahsulotlar qizigandan keyin va sof alanga oqim ta’sirida qaytadan alanga olib ketishi mumkin.