I BOB PSIXOLOGIK XIZMATNING TASHKIL ETILISHI PSIXOLOGIK XIZMATNING KELIB CHIQISHI TARIYXI
Psixologik xizmat AQShda 1800 yillardan boshlab rivojlana boshladi.AQShning birinchi amaliyotchi psixologlari o`z-o`zini tarbiyalash muammosini o`rgangan eksperimental psixologlar edilar. Amerika maktablarida aqliy taraqqiyot koeffitsientini aniqlash keng tarqalib, keyinchalik "Gaydens" xizmatining rivojlanishiga olib keldi.
Fransuz maktab psixologiyasining otasi Alfred Bine bo`lib, u bu sohada 1894 yildan ish boshlagan. 1905 yilda Fransiya ta'lim vazirligi Binega umumiy dastur bo`yicha o`qiy olmaydigan bolalarni tekshirish muammosi bilan murojaat qiladi va shu tariqa aqliy taraqqiyotda orqada qolgan bolalarni ajratadigan Bine-Simon testi yaratildi. 1909 yilda Fransiyada maktab psixologik xizmati tashkil etiladi. 1970 yilda Fransiyada psixologik-pedagogik yordam guruhlari psixologik xizmatning asosiy turini tashkil etdi1. Bunday guruhlar maktab psixologiyasi bo`yicha bir mutaxassis, ta'lim psixologiyasi bo`yicha bir mutaxassis, psixomotor rivojlanish bo`yicha bir mutaxassisni o`z ichiga oladi. Bunday brigada 800-1000 o`quvchiga xizmat qiladi, bir maktabda joylashib, bir necha maktabga xizmat qilishi mumkin.
1985 yilda Fransiya pedagog-psixologlarining funktsiyalari aniqlab berildi. Pedagog-psixolog shaxsning har tomonlama rivojlanishi uchun qo`lidan kelganbarcha ishlarni qilishi kerak, bunda u bu ishlarga o`qituvchilarni va ota-onalarni ham jalb etishi mumkin. Pedagogik psixolog o`z ishida lozim topsa, maktab va oila tarbiyasiga qarshi chiqishi mumkin, deb maxsus ta'kidlangan.
Ko`pchilik Sharqiy Yevropa mamlakatlarida maktab psixologik xizmati tuman yoki viloyat psixologik-pedagogik markazlari shaklida tashkil etilgan. Masalan, 1980 yilda Chexoslavakiyada tarbiya masalalari bo`yicha modda maktab to`g`risidagi qonunga kiritildi. Psixologik xizmatning asosiy mazmuni – sog`lom shaxsning o`sishini ta'minlash, shaxs rivojlanishidagi turli qiyinchiliklarni korreksiya qilish, kasb tanlash muammolaridir. Chexoslavakiyadagi psixolog maslahatchining asosiy funktsiyasi psixodiagnostik faoliyatdan iboratdir.
Sobiq sovet psixologiyasida bolalar tarbiyasi va ta'limida psixologiyadanfoydalanish borasida urinishlar pedologiya doirasida vujudga keldi. Pedologiya rivojlanayotgan va o`sayotgan shaxsning barcha biologik va ijtimoiy xususiyatlarini qamrab oluvchi fandir. 1936 yilda pedologik qarashlarni to`xtatish haqida qaror qabul qilindi, shu bilan birga rus psixologlari amalga oshirayotgan bola psixologiyasidagi ijobiy izlanishlar ham to`xtab qoldi. Faqat 60 yillarning oxiriga kelib, psixologlarning maktab ishida amaliy ishtirok etishi qayta tiklandi.
Sobiq Sovet Ittifoqida birinchi bo`lib Estoniyada 1975 yilda maktabda psixologik xizmat tashkil etildi (rahbari X.I.Liymets, Yu.L.Sierd bo`lib, tarbiyasi qiyin o`smirlar uchun maxsus maktablarda ish olib bordilar). Rossiyada 1982 yilda maktablarda psixolog shtati ochildi. Rossiyada I.V.Dubrovina psixologik xizmatning rivojlanishiga ulkan ulush qo`shgan, u ushbu mavzuda doktorlik dissertasiyasini yoqlagan va bir qancha asarlar muallifidir.1984 yilda Moskvada sobiq sovet ittifoqida sovet ittifoqida psixologiya institutida "SSSRda psixologik xizmat muammolari bo`yicha I umumittifoq anjumani bo`lib o`tdi. Anjumanda maktabda psixologik xizmat sektsiyasi ham ish olib bordi.
Psixologik xizmatning respublikamizdagi holati. Psixologik xizmat-ijtimoiy psixologik muammo sifatida talqin qilinar ekan, barcha rivojlangan mamlakatlardagi kabi, O`zbekistonda ham mazkur psixologik xizmat muammosining qay tariqa va qanday ilmiy-tashkiliy asoslarda bartaraf etilayotganligini o`rganish, tahlil qilish va talqin qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, Respublikada psixologik xizmatga oid olib borilayotgan nazariy-ilmiy va amaliy-uslubiy tadqiqotlar ko`lamiga ma'lum tartibda baho bermay turib, O`zbekistonda psixologik xizmatni yanada takomillashtirish va rivojlantirish masalasi haqida fikr mulohaza yuritib bo`lmaydi.
O`zbekistonda psixologik xizmat tarkib topishining dastlabki ildizlari va intihosi asrimizning 30-yillaridagi pedologiya fani va pedologik xizmat faoliyatlariga borib taqaladi. Mazkur yillarda ta'lim jarayonini tashkil etish va rivojlantirish o`quvchi va o`qituvchi faoliyati bilan bog`liq psixologik omillarga asoslangan va bu talaygina yaxshi natijalar ham bergan. Biroq, afsuski, o`sha davrda sobiq ittifoq mafkurasi va xalq ta'limi o`rtasida paydo bo`lgan ayrim ob'ektiv va sub'ektiv ziddiyatlar oqimi umumta'lim maktablari uchun muhim ahamiyat kasb etgan pedologik xizmat ildiziga bolta urdi va uni rasmiy tarzda yo`qqa chiqardi. Natijada, pedagogik psixologiya yo`li bilan bajariladigan barcha ishlar maktabda faqat pedagogik yondashuvlar asosidagina amalga oshirildi. Shunday bo`lsa-da, O`zbekistondagi umumta'lim tizimi bilan bog`liq izlanishlar va tadqiqotlar to`xtab qolgani yo`q. Ayniqsa, P. I. Ivanov, V. E. Chudnovskiy, M.G. Davletshin, M. Vohidovlar tomonidan ishlab chiqilgan qator ilmiy va metodik tavsiyalar maktabda psixologik xizmat tatbiqini yaratish uchun ma'lum darajada asos bo`lib keldi. Binobarin, 70-80-yillarda Toshkent Davlat Universiteti psixologiya kafedrasi olimlari tomonidan ijtimoiy psixologik tadqiqotlarning hayotga tatbiqini amalga oshirish maqsadida talaygina mehnat jamoalarida psixologik xizmat tizimi joriy qilindi va Respublikamizda ilk bor qator mehnat va ishlab chiqarish jamoalarida inson va mehnat faoliyati, shaxs va shaxslararo munosabatlar, ishchi va rahbar, ruhiyat va rentabellik, rahbar va jamoa psixologiyasi bilan bog`liq ilmiy-amaliy ishlar olib borildi. Shuningdek, 60-70 yillarda O`zbekiston Pedagogik Fanlar Ilmiy Tekshirish instituti xodimlari P.P.Zimin, V.A.Tokareva, M.Sh.Rasuleva, M.Dadajonovlar tomonidan maktabda psixologik xizmat tatbiqini o`rganishga oid qator izlanishlar, amaliy tadbirlar olib borildi. Ayniqsa, 1966 yilda Chirchiq shahrida axloqiy tarbiyaga oid,1973 yilda Andijonda oilaviy tarbiyaga oid, Samarqandda taniqli psixolog N.A.Menchinskaya ishtirokida aqliy taraqqiyot muammolariga oid olib borilgan izlanishlarni alohida qayd etish mumkin.
1989 yilda O`zbekistonda amaliyotchi psixologlarning yetishmasligi sababli Nizomiy nomli TDPIda amaliyotchi psixologlar tayyorlash fakulteti ochildi. O`zbekistonda psixologik xizmatning rivojlanishida M.G.Davletshin, E.G`.G`oziev, B.R.Qodirov, G`.B.Shoumarov, V.M.Karimova, Sh.R.Baratov,E.N.Sattarov, F.S.Ismagilova, Z.T.Nishanova, N.S.Safaev, F.I.Haydarov, S.X.Jalilova va boshqalar hissa qo`shganlar. 1998 yilda Sh.R.Baratov "Ta'lim tizimida va ishlab chiqarishda psixologik xizmatni tashkil etishning psixologik xususiyatlari" mavzusida doktorlik dissertasiyasini yoqlagan.