II. RIVOJLANISH FALSAFASI.
Falsafa tarixida rivojlanish haqidagi qarashlar evolyutsiyasi. Harakat, taraqqiyot, umumiy
bog‗lanish va aloqadorlik to‗g‗risidagi falsafiy ta‘limotlar ham falsafa fani bilan birga paydo
bo‗lgan. Bu muammolar tahlili falsafada «dialektika» tushunchasi orqali ifodalangan. Bu
tushuncha falsafa tarixida turli davrlarda turli ma‘nolarni ifodalab kelgan. Dialektika dastlabki
davrlarda o‗zaro bahs, munozara olib boruvchi mutafakkirlarning muhokamalaridagi qarama-
qarshi, zid fikrlarning to‗qnashuvi va shular asosida haqiqatni aniqlash ma‘nosini ifodalagan.
Antik davr mutafakkirlarining ma‘lumotiga ko‗ra, munozarada ishtirok etuvchilar, o‗z
muhokamalarida bir-birlariga muqobil savollarni berib, bu savollarga har tomonlama yondoshib,
ulardagi bir tomonlamaliklarni bartaraf qilishga uringanlar. Bunda, ular, o‗z muhokamalarida har
xil nuqtai nazarlarni hisobga olgan holda, ilmiy, nazariy, ahloqiy, siyosiy, huquqiy va shu kabi
voqea-hodisalar to‗g‗risida o‗z qarashlarini ishlab chiqqanlar. Ular shundan kelib chiqib,
dialektika deganda o‗zaro bahslashuv san‘atini, munozara asosida haqiqatga erishish usulini
tushunganlar. Masalan, antik davr mutafakkiri Suqrot dialektikani bahslarda yo‗l qo‗yiladigan
qarama-qarshi fikrlar o‗rtasidagi ziddiyatlarni ochish orqali haqiqatga erishish san‘ati, deb
tushungan. Dialektikani bahs san‘ati sifatida tushunish hatto o‗rta asrlarda ham davom etgan.
Buni o‗rta asrlar mutafakkiri Per Abelyarning «Ha va yo‗q» nomli asari yaqqol tasdiqlaydi.
Dialektikaga munozara san‘ati sifatida qarash o‗rta asrlarda yashagan O‗rta Osiyo
mutafakkirlariga ham xos bo‗lib, hatto bu narsa Uyg‗onish davrlarida ham davom etgan. Bu davr
mutafakkirlarida ham dialektika savol-javob san‘ati sifatida o‗zgacha fikrlarni rad qilish usuli
bo‗lib xizmat qiladi. Bunga misol qilib G.Galileyning «Dunyoning ikki sistemasi to‗g‗risidagi
bahs» asarini ko‗rsatish mumkin. Umuman, dialektika tushunchasining paydo bo‗lishi, u
o‗zining dastlabki davrlardagi tor ma‘noni ifodalashiga qaramasdan, o‗sha davrlardan to bizning
kunlarimizgacha qo‗llanib kelingan sermazmun falsafiy suhbat usulining paydo bo‗lishida
muhim rol o‗ynadi va insoniyat madaniyatining rivojlanishiga katta hissa bo‗lib qo‗shildi.
Asrlar davomida to‗planib borgan dialektik munozara madaniyati murakkab muammolarni
muhokama qilish, ulardagi turli qarama-qarshi nuqtai nazarlarni ochish, aniqlash va tushunish
mahoratining qaror topishi inkor qilib bo‗lmas ahamiyat kasb etdi. Bora-bora dialektika qarama-
qarshi nuqtai nazarlar, ular o‗rtasidagi ziddiyatlarni ochish usuli sifatida qaraladigan bo‗ldi.
Shunday qilib, sekin-asta inson ijodiy tafakkuri o‗z tabiati bilan dialektik ekanligi haqidagi
tasavvur paydo bo‗ldi. Lekin ma‘lum vaqt o‗tishi bilan dialektika faqat kishilarning o‗zaro
munozaralarigagina xos emasligi ma‘lum bo‗la bordi. Oqibatda, dialektika faqat inson fikrlash
jarayonigagina xos bo‗lmasdan, balki u tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalarga ham xos, deb
qarala boshlandi. Ayniqsa, bu qarash borliq shakllari va turlari o‗rtasidagi bog‗lanish va
aloqadorliklarning, ular doim o‗zgarib, rivojlanib, bir holatdan ikkinchi holatga o‗tib
turishlarining aniqlanishi bilan yanada rivojlandi. Natijada, «dialektika» tushunchasi insonni, uni
qurshab turgan dunyoni bilish, uni tushunish va izohlashning umumiy usuli ma‘nosini ifodalay
boshlaydi.
Vaqt o‗tishi bilan «dialektika» tushunchasi hamma narsalar: xoh katta, xoh kichik bo‗lishiga
qaramasdan, o‗zgarib, o‗zining oldingi xususiyatlarini o‗zgartirib, ilgari ega bo‗lmagan yangi
xususiyatlar hosil qilib borishlarini ham ifodalay boshlaydi. Shu asosda asta-sekin dunyoni
dialektik tushunish, borliq va bilishga dialektik qarash qaror topa boshlaydi. Lekin dunyodagi
barcha o‗zgarish, aloqadorlik va rivojlanishlarni falsafiy jihatdan tushunib etish juda qiyinlik
bilan kechdi. Sababi: insoniyat taraqqiyotining juda uzoq davrlarigacha kishilar kosmosni,
o‗simliklar, hayvonot dunyosini, hatto kishilarning o‗zlarini ham o‗zgarmas, doimo bir xilda
turadi, deb bilishgan. Dunyoning o‗zgaruvchanligi, undagi narsa va hodisalarning bir-birlariga
bog‗liqligi to‗g‗risidagi tasavvurlarning paydo bo‗lishi insoniyatning dunyoni bilishi jarayonida
juda katta kashfiyot bo‗lgan.
Dunyoning o‗zgaruvchanligi to‗g‗risidagi dastlabki fikrlar ham qadimgi Xitoy, Hindiston hamda
Yunonistonning falsafiy ta‘limotlarida ilgari suriladi. Qadimgi davr faylasuflari, garchi hali
harakatning turli ko‗rinishlari va xillari to‗g‗risida ilmiy dalillarga ega bo‗lishmasa ham,
borliqning umumiy o‗zgaruvchi xarakteri haqida o‗z davrlari uchun yangi fikrlarni ilgari
surishadi.
Kishilar dastlabki vaqtlardan boshlab o‗z tajribalarida narsa, hodisalardagi o‗zgaruvchan
xususiyatlar bilan birga, ularda ma‘lum barqaror, o‗zgarmas xususiyatlarning ham mavjudligini
anglay boshlaganlar. Nihoyat, dunyo o‗zgaruvchanmi, yoki o‗zgarmasmi? degan savollar paydo
bo‗lib, bu savollarga mutafakkirlar turli xil javob berganlar. Amaliyot bergan ko‗pdan-ko‗p
ma‘lumotlarga va o‗z kundalik tajribalariga tayangan ko‗pchilik mutafakkirlar dunyo
o‗zgaruvchan, deyishgan. Lekin bunga qarama-qarshi bo‗lgan, dunyo o‗zgarmas, barqaror,
deyuvchi mutafakkirlar ham o‗zlarining muayyan asoslariga ega bo‗lishgan. Natijada,
dunyoning, undagi narsa va hodisalarning ham o‗zgaruvchan, ham barqaror o‗zgarmas xossalari
haqidagi qarashlar kelib chiqadi. Haqiqatan ham, narsa va hodisalar ma‘lum vaqt ichida har
qancha o‗zgarsa ham, ayni vaqtda ularning ma‘lum tomonlari o‗zgarmay qolaveradi. Xullas,
bunday qarashlar to‗plana borib, narsa va hodisalarning qarama-qarshi tomonlari, ular o‗rtasidagi
ziddiyatlar haqidagi qarashlar tufayli falsafada rivojlanish g‗oyasi kelib chiqadi.
Rivojlanish g‗oyasi inson ongida uzoq asrlar davomida shakllanib boradi. Dastlab kishilar
rivojla-nish to‗g‗risida hech bir tasavvurga ega bo‗lmagan. Lekin keyinchalik ular dunyodagi
narsa va hodisalardayuz beradigan turli xil o‗zgarishlarni anglay borib, dunyoning uzluksiz
harakatda, o‗zgarish va rivojlanishda ekanligini tushuna boshlaganlar. Ular, shu bilan birga,
tabiat va jamiyat voqea-hodisalarida juda ko‗p davriy, takrorlanuvchi hodisalarni ham bila
borganlar. Masalan, yil fasllari, kun bilan tunning o‗rin almashishi va shular kabi. Lekin
dastlabki davrlarda mutafakkirlar rivojlanishni butunlay yangi narsaning, yangi bosqichning
paydo bo‗lishi, deb tushunish darajasiga ko‗tarila olmaganlar. Rivojlanishni butunlay yangi sifat
o‗zgarishi, eskiga nisbatan jiddiy yangining paydo bo‗lishi, deb tushunishda Uyg‗onish davri
Sharq va O‗rta Osiyo mutafakkirlari, keyinchalik esa o‗rta asr xristian, diniy va tarix falsafasi
mutafakkirlari bir qadar oldinga ketadilar. Ularning qarashlarida rivojlanish g‗oyasini insoniyat
jamiyati tarixiga tatbiq etishga urinishlarni uchratamiz.
Rivojlanish g‗oyasini bir butun dunyo rivojlanishi bilan bog‗lab tushunishda muhim qadamni
birinchi bo‗lib fransuz faylasufi Rene Dekart qo‗yadi. U, dunyoni xudo yaratayotib, unga
dastlabki turtkini kiritgan va uni harakatga keltirgan, deydi. XVIII asr fransuz ma‘rifatparvarlari
Volter va Russo inqilobiy qayta qurishni o‗z ichiga olgan tarixiy rivojlanish g‗oyasini ilgari
surishadi. Ularning izdoshi Kondorse esa o‗zining jamiyatning ilgarilama harakati, uzluksiz
taraqqiyot to‗g‗risidagi ta‘limotini yaratadi. Bu muta-fakkirlar o‗z qarashlarida g‗oyaviy omillar
(masalan: ahloq, din, huquq va shu kabilar) jamiyatni harakatga keltiruvchi, rivojlantiruvchi
asosiy kuchlardir, degan g‗oyani ilgari suradilar.
Nihoyat, rivojlanish to‗g‗risidagi har xil qarashlarning sintezi sifatida bir butun taraqqiyot
nazariyasi faqat nemis klassik falsafasidagina paydo bo‗ldi. Bu falsafaning asoschilaridan biri
Immanuil Kant rivojlanish g‗oyasini quyosh sistemasi va barcha yulduzlar dunyosini izohlashga
tatbiq etib, uni hatto insonning ijtimoiy rivojlanishiga, xususan, insonning ahloqiy rivojlanishiga
ham joriy etishga urinadi. Kantning shogirdi Gerder esa rivojlanish g‗oyasini butun xalqlarning
tarixi taraqqiyotiga va insoniyat madaniyati taraqqiyotiga birinchi bo‗lib tatbiq etadi. Bu davrga
kelganda, dialektika tushunchasi endi rivojlanish g‗oyasini ifodalay boshlaydi.
Dialektikani rivojlanish haqidagi har taraflama, mazmun jihatdan boy va chuqur ta‘limot sifatida
birinchi marta nemis klassik falsafasining buyuk vakili Gegel ishlab chiqdi. Gegelning ulug‗
xizmati shu bo‗ldiki, u birinchi bo‗lib, butun tabiiy, tarixiy va ma‘naviy dunyoni bir jarayon
shaklida, ya‘ni uzluksiz harakat qilib, o‗zgarib, qaytadan tuzilib, taraqqiy qilib turadigan holda
ko‗rsatdi va bu harakat bilan taraqqiyotning ichki bog‗lanishini ochib berishga urindi. Natijada,
insoniyat tarixi insoniyatning o‗zining taraqqiyot jarayoni sifatida maydonga chiqdi va endilikda
tafakkurning vazifasi bu jarayonning barcha yanglishib yurishlari ichida uning izchil
bosqichlarini kuzatib borish va zohiriy tasodiflar orasida bu jarayonning ichki qonuniyatlarini
isbot etishdan iborat bo‗lib qoldi.
Gegelning taraqqiyot to‗g‗risidagi bu qarashi dialektika haqidagi falsafiy ta‘limotni yanada
boyitadi. Gegel birinchi bo‗lib dialektikaning barcha kategoriyalari va qonunlarini ta‘riflab
bergan edi. Lekin dialektika Gegelda mistiklashtirilgan, bir tomonlama, boshi bilan turgan
dialektika edi. Chunki Gegelning fikricha, dialektika «fikrning har qanday ilmiy
kengaytirilishining harakatlantiruvchi jonidir va u shunday bir prinsipdan iboratdirki, bu prinsip
yolg‗iz o‗zi fanning mazmuniga immanent aloqa va zaruriyat kiritadi».
Keyingi davrlarda fan va amaliyot rivoji natijasida dialektika tabiat, jamiyat va tafakkur
taraqqiyotining, ulardagi aloqadorlik va bog‗lanishlarning eng umumiy qonunlari haqidagi fan;
voqelikdagi narsa va hodisalar, ularning fikriy in‘ikoslari o‗rtasidagi munosabatlarni ifodalovchi
prinsiplar, ularni doimo o‗zgarish va rivojlanishda, ichki ziddiyatlar taqozosi bilan yuz beradigai
«o‗z harakati»da, deb qaraydigan bilish nazariyasi; har tomonlama boy, ziddiyatlarga to‗la
tarixiy taraqqiyot haqidagi ta‘limot sifatida maydonga chiqadi. Bu dialektika bir butun
borliqning eng umumiy aloqadorligi, o‗zgarishi va taraqqiyoti to‗g‗risidagi ta‘limot sifatida ham
moddiy dunyoga, ham uning in‘ikosi bo‗lgan inson bilishiga xos ta‘limotdir. Shunga ko‗ra bu
dialektika o‗z ichiga ob‘ektiv va sub‘ektiv dialektikani oladi. Bunda moddiy dunyoning, undagi
narsa va hodisalarning aloqadorlik va bog‗lanishlari, ularning harakati, o‗zgarish va
rivojlanishlari ob‘ektiv dialektikani tashkil etadi. Moddiy dunyoning inson miyasidagi in‘ikosiga
xos bo‗lgan bilish jarayonining dialektikasi sub‘ektiv dialektika — ob‘ektiv dialektikaning
kishilar miyasidagi in‘ikosidir. Demak, ob‘ektiv dialektika — bu narsalar, buyumlar
dialektikasidir; sub‘ektiv dialektika esa, ob‘ektiv dialektikaning inson ongidagi in‘ikosi — ya‘ni,
tafakkur dialektikasidir.
Ob‘ektiv dialektika sub‘ektiv dialektikani vujudga keltiradi. Bu jihatdan dialektikaga yangicha
yondoshish Gegel dialektikasidan tubdan farq qiladi. Gegel dialektikasiga ko‗ra fikr, tafakkur
dialektikasi narsalar, buyumlar dialektikasini yaratadi, ya‘ni sub‘ektiv dialektika ob‘ektiv
dialektikani tug‗diradi. Boshqa faylasuflarning ta‘limotiga ko‗ra esa, aksincha, narsalar,
buyumlar dialektikasi fikr, tafakkur dialektikasini yaratadi.
Dialektika borliq, ya‘ni tabiat, jamiyat va inson tafakkuridagi aloqadorliklar va rivojlanishlarning
umumiy qonuniyatlari haqida bizga to‗g‗ri yo‗nalish berib, dunyoni o‗zlashtirish va o‗zgartirish
yo‗llarini ko‗rsatib beruvchi nazariyadir, usuldir. Dialektika dunyoning haqiqiy ilmiy
manzarasini yaratib, kishilarda ilmiy dunyoqarashni shakllantirishga yordam beradi. Chunki
ilmiy asoslangan dialektika, birinchidan, dunyodagi har bir narsa yoki hodisaning hamma
tomonlarining bir-birlariga bog‗liq bo‗lishi va bir-birlari bilan juda mustahkam aloqador ekanligi
to‗g‗risida chuqur ma‘lumot bersa, ikkinchidan, u bosib o‗tilgan bosqichlarni
takrorlanayotgandek bo‗lib ko‗rinadigan, lekin ularni boshqacha, yanada yuqoriroq negizda
takrorlaydigan taraqqiyot, to‗g‗ri chiziq bilan emas, balki spiral tarzda boradigan, ma‘lum
holatlarda boshlang‗ich holga go‗yo qaytganday bo‗lib ko‗ringan, ma‘lum tanazzullar va
bo‗hronlar bilan bo‗ladigan ilg‗or taraqqiyot to‗g‗risidagi ta‘limot hisoblanadi. Dialektika
kishilarning, ularni qurshab turgan dunyoni bilishining umumiy usuli sifatida dunyoga dialektik
qarashni vujudga keltirgan. Dunyoga dialektik qarash — bu barcha narsa va hodisalarni, ularning
inson miyasidagi in‘ikoslari — inson bilishini ham o‗zaro aloqadorlikda va bog‗lanishda,
qarama-qarshiliklar birligi va kurashida, miqdor va sifat o‗zgarishlarining bir-biriga o‗tishida,
eskining o‗rnini yangi egallashida, xullas, ularni «o‗z harakati»da, o‗zgarib va rivojlanib
turishida, paydo bo‗lib va yo‗q bo‗lib turishida, va ayni vaqtda hamma narsa o‗zaro bog‗liqlik va
aloqa-dorlikda va o‗zaro munosabatda, deb tushunishdir. Bunday tushunish dialektik qarashni
vujudga keltiradi. Dunyoga dialektik qarash dialektik tafakkurni yuzaga keltiradi.
Dialektik tafakkur sub‘ekt tafakkurining rivojlanish darajasiga ham bog‗liqdir. Tabiat va
jamiyatda pirovard natijada hamma narsa dialektik tarzda yuz beradi. Bu dialektik jarayon
sub‘ekt miyasida in‘ikos etganda, paydo bo‗lgan tasavvur va tafakkur yo metafizik yoki dialektik
yo‗l bilan hosil qilinishi mumkin. Dialektik tafakkur shu jihatdan inson tafakkuri taraqqiyotining
nisbatan yuqori bosqichiga xosdir. Dialektik tafakkur borliqdagi narsa va hodisalar asli qanday
bo‗lsa, ularning sub‘ekt miyasida muayyan fikr shaklida xuddi shunday aks etishidir. Dialektik
tafakkur — bu dialektik fikrlash usuli. Dialektik tafakkur ham tabiatshunoslik va ijtimoiy fikr
taraqqiyoti bilan o‗zgarib, rivojlanib boradi. Uning keyingi davr ijtimoiy taraqqiyot bilan, jahon
xalqlari hamjamiyatlarining vujudga kelishi bilan bog‗liq yuzaga kelgan shakli, bu — yangicha
tafakkurdir. Yangicha tafakkurning asosini jamiyatni dialektik tushunish tashkil qiladi. Dialektik
tafakkur usuli o‗z mohiyati bilan sofistik, eklektik va dogmatik tafakkur usullaridan tubdan farq
qiladi. Tafakkurning sofistik, eklektik, metafizik-dogmatik usullari dialektik tafakkur usulining
muqobillaridir. Ular inson tafakkuri faoliyatining turli qirralari sifatida bir-birlariga ham qarama-
qarshi, ham, ayni vaqtda, bir-birlarini to‗ldiradilar. Ularning har birining inson tafakkuri
jarayonida o‗z o‗rni bor. Biz ularning har biri bilan qisqacha tanishib chiqamiz.
Dostları ilə paylaş: |