BIOLOGIYA FANI O‘QUV DASTURI
(7-SINF)
UQTIRISH XATI
Biologiya - tirik organizmlarning kelib chiqishi, turli-tumanligi, tuzilishi, rivojlanishi hamda ularda sodir bo‘ladigan hayotiy jarayonlar, tashqi muhit bilan aloqasi, moslashishi haqidagi fandir.
O‘quvchilar biologiya faniga oid dastlabki tushunchalarni boshlang‘ich sinflardagi “Atrofimizdagi olam”, “Tabiatshunoslik” darslarida tabiat bilan dastlabki tanishuv davrida o‘rganishadi. Masalan: ildiz, poya, barg, gul, meva, urug‘, madaniy va yovvoyi o‘simliklar; qush va hasharotlarning bir-biridan farqi; uy hayvonlarining yovvoyi hayvonlardan farqi; suvning inson va hayvonlar uchun ahamiyati, suvni behudaga isrof qilmaslik zarurligi; o‘simliklarning urug‘idan ko‘payishi; inson bilan tabiatning bog‘liqligi, ovqatlanish gigiyenasi, jonli va jonsiz tabiat; inson tanasining tuzilishi, teri, skelet va muskullarning vazifalari, yurak qon tomirlari; nafas olish organlari, ovqat hazm qilish organlari va nerv sistemasining vazifalari; chekish, ichimliklar va giyohvand moddalarning organizmga ta’siri; O‘zbekistondagi yirik qo‘riqxonalar, gulli o‘simliklar haqida umumiy ma’lumotlar kabi biologiya fani haqidagi dastlabki tasavvurlar hosil qilinadi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida biologiya fanini o‘qitishning maqsadi - o‘quvchilarga tirik organizmlarning tuzilishi, ko‘payishi, kelib chiqishi, xilma-xilligi, o‘zaro munosabatlari, muhofazasi, tabiat va inson hayotidagi ahamiyati haqidagi bilimlarni berish, o‘quvchilarning ilmiy dunyoqarashini kengaytirish, mantiqiy va ijodiy fikrlashini shakllantirishdan iborat.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida biologiya o‘quv fanini o‘qitishning vazifalari:
asosiy biologik tushunchalar, nazariyalar va qonuniyatlar bilan tanishtirish;
tirik organizmlarning yashash muhitiga moslanishlarining vujudga kelishi mexanizmlari haqida ma’lumot berish;
organizmlarning individual va tarixiy rivojlanishining asosiy bosqichlari bilan tanishtirish;
o‘quvchilarni o‘zlarining va o‘zgalarning salomatliklarini saqlashga, sog‘lom turmush tarziga rioya qilishga yo‘naltirish;
biologiya ta’limi mazmunining hozirgi ijtimoiy hayot va fan-texnika yutuqlari bilan bog‘lanishini ta’minlash asosida o‘quvchilarni ongli ravishda kasb tanlashga yo‘naltirish;
tabiat va uning barcha boyliklariga oqilona munosabatda bo‘lish fazilatlarini yosh avlod ongiga singdirish;
biologik bilimlar zaminida mahalliy o‘simlik va hayvon turlari, seleksiya yutuqlari, qadimda yashab ijod etgan buyuk allomalar va hozirgi olimlarning biologiyaga oid ishlari bilan tanishtirish orqali o‘quvchilarni milliy istiqlol va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, biologiyadan olgan bilimlarini hayotda qo‘llay olish kompetensiyalarini shakllantirishdan iborat.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablari biologiya ta’limida o‘rganilgan o‘quv materiallarining akademik litsey va kasb-hunar kollejlari biologiya ta’limida takrorlanmasligi, o‘quvchilarning yosh psixologik xususiyatlari, umumiy o‘rta ta’lim tayyorgarligiga mos kelishi hamda biologik tushunchalarni asta-sekin oddiydan murakkabga shakllantirish e’tiborga olingan.
Biologiya ta’limi o‘quv dasturi asosida fan o‘qituvchisi yillik taqvim-reja ishlab chiqadi va ta’lim muassasasining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadi. Taqvim-reja tuzishda laboratoriya ishlarining o‘tkazilishi, oraliq va yakuniy nazorat ishlarining to‘g‘ri taqsimlanishi, nazariy bilim berish va amaliy mashg‘ulotlarning ketma-ketligiga e’tibor qaratish lozim.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 5-sinfida biologiyaga kirish o‘qitilib, unda biologiya fani haqidagi dastlabki ma’lumotlar beriladi, 6-sinfda biologiya (botanika)da o‘simliklar haqidagi, 7-sinfda biologiya (zoologiya)da hayvonot olami haqidagi, 8-sinfda biologiya (odam va uning salomatligi)da odam organizmi va undagi jarayonlar haqida, 9-sinfda biologiya (sitologiya va genetika asoslari)da esa, umumiy biologik qonuniyatlarning boshlang‘ich tushunchalari o‘qitiladi.
Umumiy o‘rta ta’lim tizimida o‘quvchilarda fanga oid umumiy kompetensiyalar bilan birgalikda tayanch kompetensiyalar shakllantirilishi belgilab berilgan. Bunga ko‘ra, biologiya fanlarini o‘qitish jarayonida o‘quvchilarda quyidagi tayanch kompetensiyalar shakllantirilib boriladi:
Dostları ilə paylaş: |