3-masala. Quyidagi genotipga ega bo’lgan organizmlar qanday tipdagi gametalarni hosil qiladi? Ularning genotip bo’yicha gomozigotali yoki geterozigotali ekanligini aniqlang.
a) BB b) Bb v) bb
4-masala. No’xat o’simligida donning sariq rangi (B) yashil rangi (b) ustidan to’liq dominantlik qiladi. Quyidagi genotipga ega bo’lgan o’simliklarni chatishtirishdan olingan keyingi avlod o’simliklarining genotip va fenotiplarini aniqlang:
a) BB x bb b) Bb x bb v) BB x Bb g) Bb x Bb
5-masala. Drozofila pashshasi qanotining uzun bo’lishini dominant A geni va kalta bo’lishini retsessiv a geni ta’minlaydi. Gomozigotali uzun qanotli pashshalar kalta qanotli pashshalar bilan chatishtirilganda, F1 pashshalarining qanoti qanday bo’ladi? F1 da olingan urg’ochi va erkak pashshalar o’zaro chatishtirilsa, F2 da olinadigan pashshalarning genotipi va fenotipi qanday bo’ladi? F1 pashshalari uzun va kalta qanotli pashshalar bilan qayta chatishtirilsa-chi?
6-masala. Uzun qanotli pashshalar chatishtirilganda keyingi bo’g’inda olingan pashshalarning hammasi uzun qanotli bo’lgan. CHatishtirish uchun olingan pashshalarning genotipini aniq aniqlash mumkinmi? Aniq aniqlash uchun qanday chatishtirish o’tkazish kerak?
7-masala. Tut ipak qurtining tuxumlarida po’stlog’ining kulrang bo’lishi oq rangi ustidan to’liq dominantlik qiladi. Tuxumlari kulrang bo’lgan ipak qurtining urg’ochi kapalaklari oq rangli tuxumlardan chiqqan erkak kapalaklar bilan chatishtirilganda, birinchi avlodda olingan kapalaklar kulrang tuxumlar qo’ygan. Birinchi avlod kapalaklari o’zaro chatishtirilganda esa ikkinchi avlodda olingan kapalaklar qo’ygan tuxumlarning 75% i kulrang va 25% i oq rangda bo’lgan. Birinchi avlodda olingan kapalaklar dastlabki chatishtirish uchun olingan kapalaklar bilan qayta chatishtirilsa, keyingi avlodda o’rganilayotgan belgining irsiylanishi bo’yicha qanday natija olish mumkin?
8-masala. Qizil mevali pomidor o’simliklari sariq mevali o’simliklar bilan chatishtirilganda, keyingi avlodda olingan o’simliklarning 1/2 qismi qizil mevali va 1/2 qismi sariq mevali bo’lgan. CHatishtirish uchun olingan o’simliklarning genotipini aniqlang.
9-masala. Silliq donli no’xat o’simliklari o’zaro chatishtirilib, keyingi avlod o’simliklari o’rganilganda, ularning donini fenotip bo’yicha ikki guruhga, ya’ni silliq donlarga va burishgan donlarga ajratish mumkin bo’lgan. Silliq donlar burishgan donlarga nisbatan 3 barobar ko’p bo’lgan. CHatishtirish uchun olingan silliq donli o’simliklarning genotipi haqida nima deyish mumkin? Belgining irsiylanish qonuniyatini aniqlang.
10-masala. Xo’jalikda shoxsiz sigir va shoxli buqa bo’lgan. Ular chatishtirilganda birinchi yili olingan buzoq shoxli bo’lgan. Ikkinchi yili sigir va buqa chatishtirilganda shoxsiz buzoq tug’ilgan. Sigir va buqa hamda buzoqlarning genotipini aniqlang.
11-masala. No’xatsimon tojli tovuqlar bargsimon (oddiy) tojli xo’rozlar bilan chatishtirilganda F1 da barcha jo’jalar no’xatsimon tojli bo’lgan. Keyingi yili no’xatsimon tojli jo’jalarning makiyonlari bargsimon tojli xo’rozlar bilan chatishtirilganda olingan jo’jalarning 50% i no’xatsimon va 50% i bargsimon tojli bo’lgan. Belgining irsiylanish qonuniyatini aniqlang.
12-masala. Quyonlarda yungning normal uzunlikda bo’lishi dominant, kalta bo’lishi retsessiv belgi hisoblanadi. Yunglari kalta bo’lgan ona quyon bolalaganda uning yettita bolasidan to’rttasi kalta yungli va uchtasi normal yungli bo’lgan. Ota quyonning genotipini aniqlang.
13-masala. CHeklanmagan shoxli g’o’za o’simliklari chatishtirilganda, keyingi avlodda 324 ta o’simlik olingan bo’lib, ulardan 242 tasi cheklanmagan shoxli va 82 tasi cheklangan shoxli bo’lgan. CHatishtirish uchun olingan o’simliklarning genotipini aniqlang. CHatishtirishdan keyin olingan o’simliklarning qancha qismi gomozigotali va qancha qismi geterozigotali bo’lgan? Gomozigotali o’simliklarni ajratib olish uchun qanday chatishtirish o’tkazish kerak?
14-masala. Onasi chapaqay, otasi esa o’ng qo’l bilan ishlashga layoqatli bo’lgan oilada tug’ilgan qiz (o’ng qo’l bilan ishlashga layoqatli) chapaqay yigitga turmushga chiqqan. Bu yangi oilada o’rganilayotgan belgi bo’yicha qanday fenotipga ega bo’lgan bolalarning tug’ilish ehtimoli bor?
15-masala. Odamda polidaktiliya (barmoqlarning oltita bo’lishi) normal belgi (beshta barmoqning bo’lishi) ustidan to’liq dominantlik qiladi. Ota-ona o’rganilayotgan belgi bo’yicha geterozigotali bo’lsa, shu oilada tug’iladigan bolalarning genotipi va fenotipi qanday bo’ladi?
16-masala. Ota-onasidan biri albinos bo’lgan normal qiz, albinos yigitga turmushga chiqqan (yigitning ota-onasi normal). Yangi oilada albinos bola tug’ilgan. Bu oilada keyingi tug’iladigan bolalarning o’rganilayotgan belgi bo’yicha qanday fenotipga ega bo’lish ehtimoli bor?
17-masala. Ota tomondan buvasi albinos, ona tomondan buvisi albinos, lekin ota-onasi normal bo’lgan normal qiz normal yigitga turmushga chiqqan. Yigitning ota-onasi va buvi-buvalari ham normal bo’lgan. Bu oilada albinos bolalarning tug’ilish ehtimoli bormi?
Dostları ilə paylaş: |