103.Determimatsiya.DETERMINATSIYA (lotincha determinatia — cheklanish, aniklanish), latent ixtisoslanish — embriologiyada organ va to’qimalarning shakllanishi oldidan rivojlanayotgan embrion qismlari o’rtasida sifat jihatdan farq paydo bo’lishi. Determinatsiya terminini nemis embriologi K. Gayder (1900) taklif qilgan. Hujayra materiali unga xos bo’lmagan joyga ko’chirilganida undan normal holatda ixtisoslashadigan organ paydo bo’lsa, determinlashgan hisoblanadi. Determinatsiya asosida informatsion ribonuklein kislotalar va oqsil molekulalarining sintezlanishiga olib keladigan ayrim genlarning faollashuvi yotadi. Determinatsiya zigotaning bo’linishi davrida bir qancha omillar, xususan bo’linayotgan hujayralarga har xil sifatli tsitoplazmaning o’tishi, ayrim hujayralar guruhining o’zaro ta’siri va boshqalarda yuzaga chiqadi. Umurtqasiz hayvonlarda soplazmatik segresiya ustun bo’lgani uchun tana qismlari Determinatsiyasi zigotaning maydalanishi jarayonidayoq boshlanadi. Umurtqalilarda murtak qismlarining o’zaro ta’siri (induktsiya) asosiy ahamiyatga ega bo’lgani sababli Determinatsiya organogenez davrida namoyon bo’ladi. Bu belgiga asosan hayvonlar shartli ravishda mozaik tuxumli determinlashgan va regulyatsion tuxumli determinlashmagan rivojlanish guruhlariga ajratiladi. Odatda, rivojlanishda induktor ta’sirida dastlab turgun bo’lmagan Determinatsiya, keyinroq turg’un (labil) Determinatsiya yuzaga chiqadi, faqat shundan keyin morfologik jihatdan farq qiladigan ixtisoslashuv bo’ladi, ya’ni to’qima yoki organ shakllana boshlaydi. Bundan keyingi davrlarda ixtisoslashuv yangidan-yangi o’zaro ta’sir etuvchi sistemalar va jarayonlarni o’z ichiga oladi. Bu jarayonlarda hujayra materialidan shakllanishi lozim bo’lgan to’qima va organlarning qismlari farklana borishi bilan birga uning morfologik imkoniyati ham tobora cheklanib boradi. Ko’pchilik ikkilamchi og’izlilarda Determinatsiya dastlab o’zgaruvchan bo’lganidan murtak ayrim qismlarining rivojlanish yo’lini sun’iy o’zgartirishga imkon beradi. Keyinchalik Determinatsiya turg’un holatga o’tadi va har bir hujayra faqat muayyan organni yoki tananing bir qismini hosil qilish xususiyatiga ega bo’lib qoladi. Determinatsiya bo’linayotgan murtak hujayralarining morfolik ixtisoslashuvi orkali to’qima va organlarning rivojlanishiga olib keladi.