Parallel proyeksiyalashda proyeksiyalar tekisligi P va proyeksiyalash yo‘nalishi beriladi. P va S sistemasida fazodagi biror A nuqta berilgan bo‘lsin (yuqoriagi rasm). Bu nuqtaning proyeksiyasini yasash uchun A nuqtadan s yo‘nalishga parallel qilib nur o‘tkaziladi. Bu nurning proyeksiyalar tekisligi P bilan kesishgan nuqtasi AP bo‘ladi. AP nuqtani fazodagi A nuqtaning s yo‘nalish bo‘yicha P dagi parallel proyeksiyasi deb yuritiladi. Proyeksiyalar tekisligining ostida joylashgan fazodagi ixtiyoriy biror B nuqtaning s yo‘nalish bo‘yicha parallel proyeksiyasi BP bo‘ladi. Bunda B va A nuqtalarning proyeksiyalovchi nurlari o‘zaro parallel bo‘lib, faqat ularning yo‘nalishlari qarama-qarshidir. AAP,BBP to‘g‘ri chiziqlar proyeksiyalovchi nurlar deb yuritiladi. Proyeksiyalar tekisligi P ga tegishli C nuqtaning proyeksiyasi shu nuqtaning o‘zida bo‘ladi. Fazodagi ixtiyoriy d to‘g‘ri chiziqni proyeksiyalar tekisligi P ga s yo‘nalish bo‘yicha proyeksiyalash uchun shu to‘g‘ri chiziq ustidagi istalgan ikki D va E nuqtalar proyeksiyalari yasalsa kifoyadir. Bunda d to‘g‘ri chiziq nuqtalari orqali o‘tuvchi parallel nurlar to‘plami proyeksiyalovchi tekislikni hosil qiladi.
Markaziy proyeksiyalash usulining xossalari:
Nuqtaning markaziy proyeksiyasi nuqta bo‘ladi.
SA nurda yotuvchi A, A’,A” nuqtalarning markaziy proyeksiyalari AP nuqta bilan ustma- ust tushadi.
Proyeksiyalash markazidan o‘tmaydigan to‘g‘ri chiziq kesmasining proyeksiyasi kesma bo‘ladi.
S markazdan o‘tmaydigan tekislikning markaziy proyeksiyasi tekislik bo‘ladi.
Agar biror tekis shakl proyeksiyalar tekisligiga parallel bo‘lsa, uning proyeksiyasi o‘ziga o‘xshash shakl bo‘ladi.
S proyeksiyalash markazidan o‘tuvchi va proyeksiyalar tekisligi P ga parallel bo‘lgan nurlar ustidagi nuqtalarning markaziy proyeksiyasi P ning xosmas chizig‘i ustida bo‘ladi.
Proyeksiyalanuvchi shaklning proyeksiyalar markazi bilan proyeksiyalar tekisligiga nisbatan joylashuviga qarab uning proyeksiyasi o‘ziga nisbatan katta, teng yoki kichik bo‘lishi mumkin.