3.7. Paxta tozalash zavodlarida chiqariladigan changlari va uning inson organizmiga ta’siri. Chang deb, havoda qattiq jismlarning mayda zarralarini ma’lum bir vaqtda osilib turilishiga aytiladi. Changlar havo ta’siri ostida doimo harakatda bo’ladi. Ishlab chiqarish binolaridagi havoning tarkibida, u yoki bu miqdorda chang bo’ladi, hatto nisbatan toza changsiz degan xonalarda ham ma’lum miqdorda chang bo’ladi. Buni oddiy qurollanmagan ko’z bilan ham o’tib turgan quyosh nurlariga qaraganda kura olish mumkin.
Ishlab chiqarish binolarida changni ko’plab ajralib chiqishi, ishlab chiqarish texnologiyasini xarakteriga bog’liq. Ishlab chiqarish sharoitida chang ajralib chiqishi ko’pincha mexanik jarayonlar bilan bog’liqdir, masalan, burab teshish, parchalash, ishqalash, elash, o’tkirlash, arralash, sepiladigan materiallarni tashish, kuyish va erishdan hosil bo’ladi. Chang bunday paytlarda ishchilar tanasi uchun xavfli bo’lib, ularni o’rab turgan muhitni aniqlovchi bir omil bo’lgani uchun biz ularni sanoat changlari deb ataymiz.
Changlarning fizikaviy va ximiyaviy xususiyatlari, ularni tabiatiga, ya’ni qanday materialdan yoki qanday xom-ashyodan paydo bo’lganiga va paydo bo’lish mexanizmiga (ezish, maydalash, ko’yish va hokazo) bog’liqdir.
Changlar qanday materialdan ajralib chiqishiga qarab organik va anorganik changlarga bo’linadi. Organik changlar; o’simlik changlari-yog’och, paxta, zig’ir, un changlari va shunga o’xshashlari, xayvon mahsulotlaridan chiqadigan changlar-jun, qil, suyak, shox changlari va hokazolar kiradi. Bulardan tashqari organik changlarga ximiyaviy mahsulotlar changlari plastmassa, ximiyaviy tola changlari va boshqa changlar. Anorganik changlarga; 1) metall changlari-mis, cho’yan, temir va boshqalardan chiqqan changlar, shuningdek 2) mineral changlar-jilvir qog’ozdan chiqqan chang, qum changi, kvarts, fosfor, tsement, oxak changidan va boshqalardan chiqqan chanlar kiradi. Ishlab chiqarishda ko’pincha aralash changlar ham uchraydi, masalan, metall buyumlarni charxlash va shlifovka qilishda mineral va metall changlari, tosh ko’mir chiqarishda mineral va ko’mir changi ifloslangan paxtani tozalaganda paxta va tuproq changlari uchraydi. Changlar qaysi materialdan ajralib chiqishga qarab suyuqlikda (suvda, qonda, limfada, oshqozon sokida) eriydigan va erimaydigan changlarga bo’linadi.