MARKETINGNING MAQSAD VA VAZIFALARI Marketing – bozor talablarini o‘rganishga asoslangan holda mahsulot ishlab chiqarish va sotishni tashkil etish. Marketingning zamonaviy konsepsiyasi bozor uchun zarur bo‘lgan va bozorda sotish mumkin bo‘lgan tovarlarni zarur hajmda ishlab chiqarishni
tashkil etish tamoyiliga asoslanadi.
Marketingning maqsadi– iste’molchilar talabini maksimal darajada qondirish orqali yuqori foyda olish hamda tovar sotishning eng yuqori hajmini ta’minlash.
Bu maqsadga marketingning quyidagi vazifalari orqali erishiladi:
– tovar va xizmatlarga bozor talabi va uni qondirish bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish;
– bozordagi raqobat va raqobatchilarni o‘rganish;
– tovar sotishning samarali usullarini aniqlash;
– talabga muvofiq holda tovar ishlab chiqarishni rejalashtirish;
– tovar narxini to‘g‘ri shakllantirish;
– tovar va xizmatlar to‘g‘risidagi axborot bilan ta’minlash.
MARKETING TADQIQOTI Marketingning o‘z vazifalarini samarali bajarishi marketing tadqiqoti orqali amalga oshiriladi.
Marketing tadqiqoti – bozorni o‘rganish bo‘yicha marketing tadbirlaridan biri bo‘lib, ishlab chiqarish va bozorda sotish ko‘zda tutilayotgan tovarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish, qayta ishlash jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Marketing tadqiqoti natijalari tegishli qaror qabul qilish uchun korxona rahbariga jadval, chizma va grafiklar ko‘rinishida taqdim etiladi. Marketing tadqiqotining zarurligi va ahamiyati shundan iboratki, tadbirkorga biron-bir faoliyat bilan shug‘ullanishning maqsadga muvofiqligi
faqat uni amalga oshirib bo‘lgandan keyingina ma’lum bo‘lishi mumkin. Biroq bu holda uning zarar ko‘rish ehtimoli juda katta bo‘ladi. Bunday holatning oldini olishning ishonchli va yagona yo‘li – marketing tadqiqoti o‘tkazishdir. Marketing tadqiqoti iste’molchilarning talabi, didi, biron-bir tovarni afzal ko‘rishi, uni tanlashning o‘ziga xos xususiyatlari va boshqa shu kabi jihatlarni aniqlashga yordam beradi.