Tartibga solish bu hodisa va jarayonlarni yo’lga qo’yish, bir tartibga keltirish jarayonidir. Shuningdek u boshqaruv mexanizmi va ularning elementlarini normal va samarali ishlaydigan holatga keltirishni ham anglatadi. Rejalashtirishga nisbatan bu erda gap shu haqda boradiki, oldindan ishlab chiqilgan reja va dasturlarni o’zgarib turuvchi sharoitlarga moslashtirish, ular rejali iqtisodiyotda bo’lgani kabi har qanday baho evaziga bajarilmasdan, bozor talablariga mos kelishi hamda korxona maqsadlariga erishish, ishlab chiqarishning daromadli va foydali bo’lishiga xizmat qilishi lozim. Har holda zamonaviy biznes va tadbirkorlik aynan shu tamoyillarga asosan faoliyat ko’rsatadi. Rejada belgilab qo’yilgan, kechagi kun ishlab chiqilgan va bugunda o’z ahamiyatini yo’qotgan mahsulot ishlab chiqarish, ish bajarish va xizmat ko’rsatish mumkin emas.
Gap shundaki, korxona faoliyatining oldindan belgilab qo’yilgan ko’rsatkichlarini tartibga solish malakasiz rejalashtirishning sababi va natijasi bo’lib, ishlab chiqarishni tashkil qilish va rejalashtirish jarayonlarida turli xato va kamchiliklar natijasida yuzaga keladi. Shu sababli ayrim korxonalarning, ayniqsa, biznes va tadbirkorlik sohasida hayotiylik davri yuqori bo’lmaydi, ular zarar keltiradigan korxonalarga aylanadilar va hatto bankrotga ham uchraydilar.
Amaliyotning ko’rsatishicha, asoslangan rejalashtirish odatda obyektiv zarurat talab qilgan hollardan tashqari kelgusida tartibga solishni talab qilmaydi. Korxona joriy faoliyatini tartibga solishdan maqsad quyidagilardan iborat:
barqaror ishlashni ta’minlash;
minimal xarajatlar bilan maksimal natijalarga erishish;
chiqarilayotgan mahsulotning sifat ko’rsatkichlarini yaxshilash;
ishlab chiqarish rentabelligini oshirish va xarajatlarni kamaytirish.
Bugungi kunda, iqtisodiyotning nodavlat sektorini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgan bir paytda biznes va tadbirkorlik sohasi ustivor ahamiyat kasb etib, korxonalarning iqtisodiy faoliyatda erkinligi kuchaymoqda, rejalashtirish va tartibga solish jarayonlarini hech kim cheklab qo’ymayapti. Hozirda korxonalarga yuqoridan buyruq va ko’rsatmalar asosida topshiriqlarni belgilab beruvchi vazirlik va mahkamalar tizimi yo’q. Korxonalarning katta qismi ishlab chiqarishning borishi va natijalarini o’zlari rejalashtiradi va tartibga soladi.
Shu bilan bir paytda yuqorida aytib o’tilgan mustaqillik va iqtisodiy hatti-harakatlar erkinligi korxonalar faoliyatining davlat tomonidan tartibga solinishini inkor qilmaydi. Masalan, AQSH, Yaponiya va boshqa ba’zi mamlakatlarda hukumat organlari asosan yirik korporatsiyalar bilan birgalikda ishlaydi. Bunda ular quyidagilarni aniqlaydi:
1) zarur investitsiyalar hajmi va tarkibi;
2) texnika darajasi, shuningdek, eng muhim mahsulot turlarining hajmi va proportsiyasi;
3) oylik ish haqi darajasi va korxona faoliyatining boshqa ayrim turlari.
Belgilangan umummilliy vazifalar iqtisodiy tartibga solish vositalari – soliqlar, kreditlar, subsidiyalar va kvotalar yordamida bajariladi. Shu sababli davlat bozor mexanizmiga aralashmasligi lozim va bozor to’laligicha o’zini-o’zi tartibga soluvchi, iqtisodiyotning bir tekisda proportsional rivojlanishini qo’llab-quvvatlashga qodir tizim deb hisoblovchilar unchalik haq bo’lib chiqmaydilar. Davlat o’ta ehtiyotkorlik bilan bozor mexanizmiga aralashuvi, uning kamchiliklarini to’g’rilashi, raqobatning yakkahokimlikka aylanishining oldini olishi, biznes va tadbirkorlikning huquqiy asoslarini takomillashtirishi, baho diskriminatsiyasi va boshqa salbiy tendentsiyalarga qarshilik ko’rsatishi lozim.
Bozor mexanizmiga davlatning aralashuvi zarurligi jahonda va mamlakatimizda to’plangan tajribalardan ko’rinib turibdi. Prezident I.Karimovning «O’zbekiston – bozor iqtisodiyotiga o’tishning o’z yo’li» kitobida qayd etganidek «Bozor munosabatlariga o’tish davrida davlat ijtimoiy hayot va iqtisodiyotning barcha sohalarini o’zgartirishni ishlab chiqishi va ketma-ketlikda amalga oshirishi lozim. O’zini-o’zi tartibga soluvchi bozor sof ko’rinishda umuman mavjud emas. Davlat har qachon ham o’zining alohida ahamiyatga ega bo’lgan roli tufayli iqtisodiy jarayonlarga ta’sir ko’rsatib kelgan. Shu sababli zamonaviy bozor bu davlat tomonidan tartibga solinuvchi bozordir».
Quyidagilar davlat tomonidan tartibga solishning asosiy yo’nalishlari hisoblanadi:
ma’muriy-huquqiy tartibga solish:
iqtisodiyot va biznes uchun huquqiy asoslarni yaratish;
qonunlarga rioya qilinishini ta’minlash;
jamiyat hayotining eng muhim sohalarini boshqarish;
davlat dasturlari va buyurtmalari;
moliya va soliq siyosati;
ijtimoiy siyosat.
O’zbekiston Respublikasi hukumati davlatning tartibga solish funktsiyasini jahon xo’jalik amaliyotida ma’lum bo’lgan va tekshirib ko’rilgan iqtisodiy tartibga solish vositalari yordamida amalga oshiradi. Masalan, soliq siyosati davlat va mahalliy byudjetlarni shakllantirishning fiskal funktsiyalarini bajarishdan tashqari ishlab chiqarish tuzilmasi, dinamikasi va joylashuviga iqtisodiy ta’sir ko’rsatish mexanizmi vazifasini ham bajaradi. Imtiyozli soliqqa tortish biznes va tadbirkorlikni rag’batlantirishning eng kuchli vositalarida hisoblanadi.
Davlat tomonidan tartibga solish bozor mexanizmini to’ldirib, unga o’zgartishlar kiritadi, biznes va tadbirkorlikning oyoqqa turib olishiga ko’maklashadi. Bunda u maksimal darajada maksimal pog’onada, minimal darajada minimal pog’onada tarqaladi. Tartibga solish, qaysi miqyosda amalga oshirilishidan qat’iy nazar doimiy harakat, talab va taklif, daromad va xarajatlar o’rtasida muvozanatga intilish hisoblanadi.
Bu tenglik doim ham ta’minlanmasada, u ko’ngildagidek darajada bo’lavermaydi. Biroq barcha hollarda ham davlat tomonidan tartibga solish va korxonaning o’zini-o’zi tartibga solishi iqtisodiyot va biznesni boshqarishning muhim elementi bo’lib qolaveradi. «Ekonomiks» darsligi muallifi Samuelsonning fikricha, busiz «bir qo’l bilan qarsak chalganday» qolaveramiz.
Dostları ilə paylaş: |