1. Kapital bozori
Kapital - bu uzoq muddatli oraliqda ishlatiladigan ishlab chiqarish resursi bo’lib, uning yordamida uzoq vaqt davomida mahsulot ishlab chiqariladi.
Kapitalning ikki xil turi mavjud: asosiy kapital (uzoq muddatda foydalaniladigan uskuna, texnologik liniya, bino, qurilma); aylanma kapital (har bir ishlab chiqarish tsiklida o’z qiymatini tayyor mahsulot qiymatiga o’tkazadigan ishlab chiqarish resurslari, xom ashyo, materiallar, yarim fabrikatlar va hokazolar).
Asosiy kapitaldan uzoq muddatda foydalaniladi va u o’z qayta takror ishlab chiqaradi, ya’ni u ishlatilishi davomida o’z qiymatini ma’lum qismini mahsulot qiymatiga o’tkazadi.
Kapitaldan foydalanish davomida u ham ma’naviy, ham jismoniy eskiradi. Jismoniy eskirish - bu kapitalning vaqt o’tishi bilan ishga yaroqsiz bo’lishi bo’lsa, ma’naviy eskirish uning unumdorligining kamayishi, ya’ni yangi ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalarga qaraganda unumdorligining pastligi, yoki umuman barcha ko’rsatkichlari bo’yicha (mahsulot sifati, foydalanishga qulayligi) yangi uskunadan orqada qolganligidir.
Asosiy kapital egasi kapital qiymatini undan foydalanish vaqti davomida qayta tiklaydi. Masalan, uskuna 1000000 so’m bo’lib, undan foydalanish muddati 10 yil bo’lsa, uning qiymati 10 yil davomida teng qiymatlarda mahsulot qiymatiga o’tkaziladi deb qaraydigan bo’lsak, har yilgi daromaddan 100000 so’mdan amortizatsiyaga ajratish kerak bo’ladi.
Aylanma kapital bir yil davomida o’zining butun qiymatini mahsulot qiymatiga o’tkazib qayta tiklanadi.
Kapitalning qiymati undan foydalanib, kelajakda qancha daromad olishga bog’liqdir. Kelajakda ko’proq daromad olish ishtiyoqi ko’pchilikni bugungi iste’molining bir qismidan voz kechib, uni jamg’arishga undaydi. Jamg’arilgan mablag’ pul ko’rinishidagi kapital sifatida biror-bir tadbirkorga ma’lum muddatga qo’shimcha qiymat orqali qaytarilishi sharti bilan berilishi mumkin. Ushbu olingan qo’shimcha qiymatga kapitalga olingan foiz deyiladi.
Ssuda foizi - kapital egasiga uning kapitalidan ma’lum muddat oralig’ida foydalanganligi uchun to’lanadigan narxdir.
Kapitaldan foydalanishni tahlil qilganda bugun sarflangan mablag’ni kelajakda sarflanadigan mablag’ bilan taqqoslash yoki bugun olinadigan daromad bilan kelajakda olinadigan daromadni taqqoslash muhim ahamiyatga egadir. Bu yerda vaqt omilini e’tiborga olish kerak bo’ladi. Bugungi sarflangan bir so’m bir yildan keyin sarflanadigan bir so’mga teng emas. Bularni bir-biriga tenglashtirish uchun, avval ularni bir vaqtga keltirish zarur bo’ladi. Turli xil yillardagi xarajatlarni yoki daromadlarni bir yilga keltirishda diskont ko’paytiruvchisidan foydalaniladi.
Dostları ilə paylaş: |