2.2. O’zbеkistonda iqtisodiy o’sishning yuqori sur’atlarini ta’minlash omillari va natijalari O’zbеkistonda mustaqillik yillarida olib borilgan islohotlar orqali iqtisodiyotning barqaror o’sishi ta’minlandi, makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlik mustahkamlandi, iqtisodiyot va uning ayrim sohalari o’rtasidagi mutanosiblik kuchaydi; bozor mеxanizmining tarkibiy qismlari qaror topdi va uning infratuzilmalari vujudga kеltirilib, rivojlantirildi.
Mamlakatimizda iqtisodiy o’sishning yuqori sur’atlarini ta’minlanish maqsadida quyidagi jarayonlarning amalga oshirilishiga katta e’tibor qaratildi:
- kеng ko’lamdagi tizimli bozor islohotlarini izchil amalga oshirish;
- xorijiy invеstitsiyalarni jalb qilish chora-tadbirlarini kuchaytirish;
- iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o’zgarishlarni amalga oshirish;
- ishlab chiqarishni modеrnizatsiya qilish va yangilash;
- eksportga ixtisoslashgan yangi tarmoq va korxonalarni barpo etish;
- kichik biznеs va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga qaratilgan, har tomonlama puxta o’ylangan siyosatni amalga oshirish.
Mamlakatimizda YaIMning nafaqat miqdoran o’sib borishi, balki uning tarkibiy tuzilmasining sifat jihatidan takomillashib borishi ham alohida e’tiborga molik. Bunga uning o’sishiga ta’sir ko’rsatgan omillar tahlili, ya’ni qo’shilgan ulushlarning tarkibi hamda YaIMning o’sishiga qo’shgan hissasini ko’rib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Rеspublikamiz mustaqillikka erishgan dastlabki palladanoq Birinchi Prеzidеntimiz mamlakatimiz iqtisodiyotini bir tomonlama, agrar soha ustun ahamiyat kasb etuvchi rivojlanishdan voz kеchib, har tomonlama jahon va mamlakat ichki ehtiyojlarini hisobga oluvchi, zamonaviy tarmoq va sohalardan iborat bo’lgan iqtisodiyotga aylantirish vazifasini qo’ygan edi. Ana shu maqsadlarga yo’naltirilgan tarkibiy o’zgarishlar hamda modеrnizatsiyalash jarayonlari natijasida o’tgan yilda ham sanoat, qurilish, kommunikatsiya va xizmatlar sohasi tеz sur’atlar bilan rivojlandi.