Pedagogik faoliyatni texnologiyalashtirish-davr talabi
Insoniyat XXI asrga qadam qo’yar ekan, ilm-fan va texnika taraqqiyotining yuksak sur’ati moddiy ishlab chiqarish jarayoni nazariy va amaliy jihatdan boyitib borish bilan birga ijtimoiy munosabatlarning yangicha mazmun kasb etishini ta’minladi.Yangicha turmush tarzi, turli xil xizmat ko’rsatish sohalarining paydo bo’lishi kishilarning moddiy va ma’naviy ehtiyojining kundan-kunga ortib borishiga olib keldi. Moddiy ishlab chiqarish, turli sohalarda xom ashyoni qayta ishlash ehtiyoji mahsulot ishlab chiqarish jarayonini tashkil etishga nisbatan texnologik yondashuv tizimini yuzaga keltirdi. Muayyan mahsulotni ishlab chiqarish maqsadida xom ashyoni tanlash va uni qayta ishlab, mahsulotni istemolchiga yetkazib berishni texnologik jarayon sifatida e’tirof etiladi. Ishlab chiqarish jarayoniga nisbatan texnologik yondashuv mazkur sohalarda islohotlarni tashkil etish, ularning muvaffaqiyatini ta’minlash omili sifatida namoyon bo’ladi.
Moddiy ishlab chiqarish sohalariga zamonaviy, ilg’or, yuksak texnologiyalarning tadbiq etilishi ilm-fan hamda texnikaning so’ngi yutuqlariga tayanish, yirik moliyaviy mablag’lar va yuksak darajadagi kasbiy mahoratga ega malakali mutaxassislarning mavjudligi bu yutuqlarni yuzaga keltiradi.
Moddiy ishlab chiqarish sohalarida ilg’or texnologiyalarning qo’llanilishi malakali mutaxassislarni tayyorlash, ularning kasbiy mahoratini doimiy ravishda oshirib borishni taqozo etadi. Bundan ko’rinadiki, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayot bir-biri bilan uzviylik, aloqadorlik hamda yaxlitlik tamoyili asosida rivojlanib boradi. Jamiyat hayotida yetakchi o’rin egallagan g’oya va qarashlar iqtisodiy ishlab chiqarish rivojiga o’z ta’sirini o’tkazsa, o’z navbatida iqtisodiy o’sish aholining moddiy turmushini yaxshilashga olib keladi.
Kishilik jamiyatining ilk bosqichlarida shaxsni tarbiyalash, unga ta’lim berishga yo’naltirilgan faoliyat sodda, juda oddiy talablar asosida tashkil etilgan bo’lsa, bugungi kunga kelib ta’lim jarayonini tashkil etishga nisbatan o’ta qat’iy hamda murakkab talablar qo’yilmoqda. Chunonchi, murakkab texnika bilan ishlay oladigan, ishlab chiqarish jarayonining mohiyatini to’laqonli anglay oladigan, favqulodda ro’y beruvchi vaziyatlarda ham yuzaga kelgan muammolarni ijobiy hal eta oladigan malakali mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo’yilmoqda. Bunday mutaxassislarni tayyorlash esa o’z navbatida ta’lim jarayonini yangi texnologik yondashuv ya’ni yangi pedagogik texnologiyalar asosida o’qitishni taqozo etmoqda.
Shu bois ijtimoiy taraqqiyot bilan uzviy hamkorlikda rivojlanib borayotgan pedagogika faninig vazifalari doirasi ham kengayib bormoqda.
Ma’lumki, XXI asr yangi texnologiyalar va axborotlar asridir. Shuning uchun ham ayni vaqtda respublikamiz ijtimoiy hayotiga shiddatli tezlikda axborotlar oqimi kirib kelmoqda. Bu axborotlarni tezkor sur’atda qabul qilib olish, ularni tahlil etish, qayta ishlash va umumlashtirish hamda o’quvchiga yetkazib berishni yo’lga qo’yish ta’lim tizimi oldida turgan dolzarb muammolardan biri hisoblanadi.Ta’lim-tarbiya jarayoniga pedagogik texnologiyalarni tadbiq etish yuqorida qayd etilgan dolzarb muammoni ijobiy hal qilishga xizmat qiladi.