Ta’lim tizimini texnologiyalashtirish g’oyasi XX asrning 30 yillarida G’arbiy Yevropa mamlakatlarida va AQSH da ta’lim samaradorligini oshirish, shaxsning ijtimoiylashuvini ta’minlash uchun harakatga kelgan davrda yuzaga keldi. Mazkur g’oya ta’lim jarayoniga “pedagogik texnika” (ta’lim texnikasi) tushunchasining kiritilishi bilan asoslanadi.
O’sha davr adabiyotlarida “pedagogik (ta’lim) texnikasi” tushunchasi “o’quv mashg’ulotlarini aniq va samarali tashkil etishga ko’maklashuvchi usul va vositalar yig’indisi” tarzida talqin etilgan. O’quv jarayoniga o’quv va labaratoriya jihozlarining olib kirilishi ulardan samarali, unumli foydalanish material mazmunini ko’rgazmali qurollar yordamida tushuntirish kabi holatlar ta’lim samaradorligini oshirishga yordam beruvchi yetakchi omillardir, deya baholandi.
XX asrning 50 yillariga kelib, ta’lim jarayoniga texnik vositalarni qo’llash “ta’lim texnologiyasi” yo’nalishini belgilovchi vosita, deb e’tirof etildi. Texnik vositalarning imkoniyatalarini yanada takomillashtirish axborot sig’imini kengaytirish va ularni uzatishni sifatli tashkil qilish, ta’lim olishni individuallashtirishga qaratildi. Bu borada olib borilgan ilmiy tadqiqotlarning tayanch nuqtasi sifatida texnik vositalarning imkoniyatlari, ularni takomillashtirish jarayoni qabul qilindi. O’quv jarayonini “texnologiyalashtirish” ning tashkiliy jihatlarini o’rganishga alohida urg’u berildi.
60 yillarga kelib, ta’limni dasturlash asosida ta’lim jarayonini tashkil etish “texnologiya” tushunchasining mohiyatini ochib beruvchi omil sifatida qabul qilina boshlandi. Dasturiy ta’lim o’quvchilarga muayyan bilimlarning alohida qism holida emas, balki izchil, yaxlit tarzda berilishini nazarda tutadi.
Bu ish ilk bora AQSHda faoliyat yurita boshladi. Dasturiy ta’lim o’zida ta’lim maqsadlari, ularni o’zgartirish va baholashning mos ravishdagi mezonlari hamda ta’lim muhitining aniq tavsifini qamrab oladi.
Ta’lim jarayonini texnologiyalashtirish nazariyasining shakllanishi uzoq muddatli vaqtda kechdi. AQSH, Angliya, Yaponiya, Italiya kabi mamlakatlarda ta’lim texnologiyasi va uning muammolarini tadqiq qilishga alohida e’tibor qaratildi. Ta’lim texnologiyasi muammolarini tadqiq etuvchi tashkilotlar tuzildi, maxsus jurnallar nashr etildi. Bu tashkilotlar va nashr etilayotgan jurnallarning vazifasi “ta’lim texnologiyasi” muammolari bo’yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar mazmuni va natijalarini umumlashtirib, tahlil etib borish va shu asosda muayyan tavsiyalar ishlab chiqish, eng samarali tadqiqotlarni ommalashtirishdan iboratdir.
Hozirgi kunda Mustaqil O’zbekistonimizda ham ta’lim muassalari faoliyati jarayoniga yangi pedagogik texnologiyalarni olb kirishga qaratilgan harakat bir qator yetakchi tashkilotlar tomonidan olib borilmoqda (AXELS, IREXS, KOICA va boshqalar). Mazkur markazlar tomonidan tashkil etilgan ilmiy seminar, qisqa va uzoq muddatli kurslarda oily o’quv yurtlari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari hamda umumiy o’rta ta’lim maktablarning pedagogik xodimlari ishtirok etib, pedagogik texnologiya va undan ta’lim jarayonida foydalanish borasidagi nazariy va amaliy bilimlarga ega bo’ldilar. O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi Oliy maktab muammolari instituti, OzPFITI va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti qoshidagi markazda bu sohada bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda [3].