Oila - davlat va jamiyat ardog'ida. Bola tarbiyasida oilaning o'rni haqida mutafakkirlar ta'limoti.
Maktabgacha ta'lim muassasining ota-onalar bilan hamkorlikdagi ishining mazmuni va usullari. Tarbiyachining oilani borib ko'rishi.
Ota-onalar bilan shaxsiy suhbatlar.
Guruhiy maslahatlar va majlislar.
Ota-onalar qo'mitasi va jamoachilik bilan ishlash. MTM ning ota-onalar bilan ishining yillik rejasi.
Umumiy majlislar.
Xulosa
Foydalanilgan adabiyotlar.
Kirish Oila-jamiyatning tayanchi. Farzandlarimiz ongida elu yurtga, Vatanga muhabbat tuyg’ulari oilada, yashab turgan mahallada shakllanadi. Mamlakatning ertangi kuni, tinch va obod bo’lishi eng oldin mana shu kichik jamiyatda o’sib-unayotgan bolalarimizga bog’liq. Qaysi oilada, qaysi mahallada tarbiya yaxshi yo’lga qo’yilar ekan, o’sha oila, o’sha mahalla gullab-yashnaydi.
Farzand tarbiyasini qachondan boshlamoq kerak?, degan savol ko’pchilikni o’ylantiradi. Ko’pchilik olimlar unga turlicha javob berib kelganlar. Xususan, Ibn Sino bola tarbiyasi bilan uning tug’ilishidan avvalroq, ona qornidan boshlaboq shug’ullanish lozim, deb javob bergan.
Oila, odob-axloq va ta’lim-tarbiyaga e’tibor qon-qonimizga singib ketgan burchlarimizdandir. “Bir bolaga yetti qo’shni ota-ona” degan ibratli maqol ham aynan xalqimizga xos. Mana shu maqolning o’zi ham farzand tarbiyasi, oilaparvarlik biz uchun nechog’lik muhim ekanini bildiradi. Mahalla ahli, ayniqsa keksalar ko’chada nobop ish qilayotgan bola oldidan hech qachon beparvo o’tib ketmagan, shu zahotiyoq tanbeh berib to’g’ri yo’lga chaqirgan. Zero, har tomonlama chiroyli, odobli, go’zal xulqli bo’lish, nafsni poklashga buyuruvchi muqaddas dinimiz oilaga katta ahamiyat beradi.
Oiladagi muhit ota-ona o’z ma’suliyatlarini his qilishi bilan barqaror bo’ladi. Bolalarning odobli bo’lib ulg’ayishi uchun ota-ona bilan bir qatorda mahalla-kuy ham katta ibrat maktabidir. “Qush uyasida ko’rganini qiladi”, deb bejiz aytmagan xalqimiz.Farzand tarbiyalayotgan ota-ona har bir harakati, yurish turishi, muomalasi, boshqalar bilan o’zaro munosabatida olijanob fazilatlarni namoyon eta bilishi kerak. Chunki bola tabiatan nihoyatda taqlidchan va kuzatuvchan bo’ladi. Shuning uchun uning atrofdagilari o’z odatlari bilan ba’zan o’zlari sezmagan holda ularga ta’sir qiladilar. Oiladagi qo’pol munosabatlar, ko’p yolg’on gapirish, yoqimsiz xatti-harakat bola tarbiyasiga salbiy ta’sir qiladigan nosog’lom muhitni keltirib chiqaradi.
Farzand tarbiyasida ota-onaning muomalasi muhim o’rin tutadi. Bola ota-ona tomonidan qo’pol, dag’al so’zlar eshitib, kaltak yeb katta bo’lsa, bu uning tabiatiga salbiy ta’sir qiladi. Bu esa o’z navbatida oiladagi nosog’lom muhitda tarbiyalanayotgan boladan “ma’naviy kasal” insonlar shakllanadi. Ular esa jamiyat ma’naviyatiga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi. Oilada ota-onalar “ommaviy madaniyat” ta’siriga berilib ketishi oqibatida farzandlarning tarbiyasiga ham salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.
Istiqlol tufayli xalqimiz chet-el yurtlarini kezib, yangi xalq va urf-odatlarni guvohi bo’lib qaytmoqdalar. Shu jumladan Yevropa davlatlariga sayr qilib kelayotgan fuqarolarimiz bugungi kunda g’arb o’smirlari orasida boshqa mamlakatlar yoshlariga qaraganda uyushgan jinoyatchilik va zo’ravonlikka berilish holati yuqori. Bunga sabab bolalarga keragidan ortiq erkinlik berilgani ekan. Ularni hozirdan aysh-ishratga berilib, turli axloqsiz hatti-harakatlarga ruju qo’yishdan hech kim qaytarmasligini aytib berishmoqda
Inson hayoti davomida biror shaxsni o’ziga o’rnak deb biladi, bundan inson u kabi hayot kechirishni, u erishgan yutuqlar kabi muvaffaqiyatlarga erishishni, yuksak cho’qqilarga chiqishni ko’zlaydi. Bugun jamiyatning yosh a’zolari o’z hayotlari uchun boshqa madaniyat vakillarining fikrlash va hayot tarzini o’rnak qilib olishlari ko’p muammolarni keltirib chiqarmoqda.
XXI asrda turli hayot tarzlari va g’oyalar raqobatga kirishdi. Bunda muvaffaqiyatga erishish uchun har bir davlat o’zligini saqlagan holda diniy va milliy qadriyatlarini boshqalarga anglatishni asos qilgan mafkuraga ega bo’lishi lozim. Aks holda, o’zlikni yo’qotish, bebaho qadriyatlardan voz kechish kishini taraqqiyotdan ajratib, uni tobe, mustaqil fikri yo’q manqurtga aylantirib qo’yadi. Hozirgi kunda g’arazli maqsadlarni amalga oshirish uchun zimdan olib borilayotgan fitnalar ba’zi millatlarning o’zligini yo’qotishga qaratilganini sezish mumkin. Bunda e’tibor xududlarini egallash emas, balki inson ongini egallashga yo’naltirilgan.
Albatta bola tarbiyasi o’ta murakkab va ma’suliyatlidir. Bu har bir ota-onadan o’z ustida muntazam ishlashni, bolalar tarbiyasiga oid barcha ma’lumotlardan baxobar bo’lib borishni talab etadi. Farzand tarbiyasi bu shunchaki tajriba, oddiy ko’rsatma va bilimlar jamlanmasi emas, balki o’z ichiga diniy-axloqiy bilimlar, tibbiyot, etika, psixologiya, pedagogika kabi sohalariga oid bilimlarni ham qamrab oladigan murakkab jarayondir.
Bugungi kunda oilaviy tarbiyaning qiyinlashuvi shundaki, birinchidan, jamiyat taraqqiy etib borgani sari har tomonlama yetuk insonni shakllantirish talablari ortib boraveradi. Bu esa oilada bolaga estetik, jinsiy tarbiya, axloqiy tarbiya berish sifati va ko’lamini oshirish talabini qo’yadi.
Ta’lim-tarbiya, odob-axloq bolalikdan berilgani ma’qul. Rasululloh (a.s.): “Birontangiz o’z farzandlaringizni tartib-intizomga o’rgatsa, bu har kuni sadaqa bergandan yaxshiroqdir”, deya marhamat qilganlar.
Bolalarni intizomga o’rgatish oila mustahkamligiga asos bo’ladi. Islom shu ma’noda ota-onalarni o’z farzandlariga sog’lom tarbiya berishga rag’batlantiradi. Hadisi sharifda “Farzandlaringizni hurmat qiling va ularni yaxshi xulq bilan xulqlantiring” deb ta’kidlangan.
Farzand tarbiyasi jarayonida bola huquqlarining kamsitilmasligi talab etiladi. Oilaviy tarbiya ijtimoiy tarbiyaga nisbatan bolalarning ruhiy olamiga, hissiyoti va tuyg’ulariga chuqur ta’sir ko’rsatadi. Taniqli pedagog A.S.Makarenko besh yoshgacha bo’lgan tarbiya bolaning shaxsiyati shakllanishida o’ta muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etib o’tgan. Bu haqda u shunday deb yozgan: “…tarbiyaning bosh asosi besh yoshda nihoyasiga yetadi, demak, siz besh yoshgacha nima qilgan bo’lsangiz, bu tarbiyaviy jarayonning 90 foizini tashkil etadi, keyingi tarbiya esa qayta tarbiyalash negizida davom etadi”. Mana shu jarayonda bola tarbiyasiga o’ta e’tiborli bo’lish lozim.
Yoshlarning qalbi va ongida sog’lom hayot tarzi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg’usini shakllantirishda, har jihatdan barkamol etib tarbiyalashda buyuk mutafakkir ajdodlarimiz merosi katta ahamiyat kasb etadi. Zero, hayotning asl mazmun-mohiyatini anglab yetishga o’z umri va salohiyatini bag’ishlagan allomalarimizning asarlarida sog’lom avlod tarbiyasi bilan bog’liq masalalarga alohida o’rin berilgan.
Sharq allomalari o’z asarlarida farzandlarga tarbiya va ta’lim berish, uni ma’rifatu madaniyatga yetaklash muammolariga e’tibor berganlar.
Buyuk mutafakkirlar farzand tarbiyasi, go’zal axloqning inson kamolotiga sabab bo’luvchi yuksak fazilat ekanini ta’kidlaganlar. Jumladan, Imom Buxoriyning “al-Adab al-mufrad hadislar to’plami, Abu Lays Samarqandiyning “Tanbehul g’ofiliyn” asarlarida farzandlarga yuksak insoniy fazilatlarni kamol toptirish tarannum etilgan.
Yurtimiz ulamolari o’z asarlarida farzandining chiroyli odobidan umid qilgan ota-ona, uni muntazam ravishda husni xulq asosi bo’lgan muomala odobining quyidagi qirralari bilan tanishtirib borishi muhim ekanini alohida ta’kidlaganlar:
farzandingiz odamlar bilan muomalada shirinso’z, muloyim, bosiq va kamtar bo’lishiga e’tibor qarating;
odamlar xursandchiligini baham ko’rish, g’am-anduhidan qayg’urish, mol-mulkiga xiyonat qilmaslik, yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytarish husni xulq egalariga xos fazilatlardandir. Shuning uchun farzandingizga ana shu xislatlarni bolalikdan singdirish payida bo’ling;
farzandingizga o’zgalar bilan muomala chog’ida boshqalarni g’iybat qilish, o’zgalarni mensimaslik, obro’si, boyligi yoki mansabiga qarab munosabat ko’rsatish ham odobsizlik ekanini uqtirib boring;
yoshi ulug’ kishilar, ustozlar bilan muomalada ularning ko’ziga tik boqmay, gaplarini jim tinglash, savollarigagina javob qaytarish, buyruqlarini sidqidildan bajarish ham bolalar qalbiga jo qilishga e’tibor bering.
Ota-bobolarmiz azaldan o’g’il qizlarning go’zal xulqli, odobli bo’lishiga katta ahamiyat berganlar. Binobarin, islom dinida ham axloq imon qatoriga qo’yiladi.
Farzand tarbiya qilganda odatda o’g’il bolalar tarbiyasi bilan ko’proq ota, qiz bola tarbiyasi bilan esa ona shug’ullanadi. Albatta bunda farzandning saviyasini inobatga olish muhim. Bolani biror-bir yutuqqa erishishida, natijani ko’rishga shoshmaslik kerak. Masalan ikki yoshgacha faqat shirin so’z bilan, erkalash orqali tarbiya qilinadi. Besh yoshgacha bola atrofni o’rganadi, asosiy ma’lumotni shu yosh oralig’ida egallaydi. Bu davrda biz ko’proq amaliy jihatdan namuna bo’lishga urinishimiz, sog’lom oilaviy muhitni yaratishimiz zarur bo’ladi.
Oilada otaning bolalariga loqayd bo’lishi oxiri xunuk oqibatlarga sabab bo’ladi. Loqaydlik yomon illat bo’lib, u bola tarbiyasining buzilishiga katta yo’l ochadi. Ota sustkashlik qilib, burchini ado etmagani va manfaatli ilm hamda yaxshi amalni o’rgatmagani oqibatida o’z farzandidan zarur ijobiy hislatlarni shakllantira ololmagan. Farzand ham otasining yaxshi tarbiyasidan mahrum bo’lib o’sadi. Keyingi davr esa bir oz talabchanlik va intizomni talab etadi. Bu davr o’smirlik payti bo’lib, bola oq-qorani ayni shu davrda ajratadi. Yaxshilikka mukofot, yomonlikka jazo muqarrarligini shu bosqichdan o’rganadi. Bu davrda farzand to’g’ri yo’lga solinsa, tarbiyali do’stlarga hamroh qilinsa, uning odobli bo’lib, yaxshi inson bo’lishi uchun muhim qadam qo’yiladi.
Odatda onalar o’z bolalarining xato va kamchiliklarini otasidan yashirishga harakat qiladilar. Aytsam urishadi, bolamga qattiq tegadi deb, yo’l qo’ygan xatolari, qo’l urgan yomon ishlarini otaga aytmaydilar. Oqibatda bola o’z vaqtida tanbeh olmaganidan keyin bora-bora kattaroq jinoyatlarni ham qo’rqmasdan qilaverishi mumkin.
Mehr-muhabbat berishda ham me’yorni saqlay bilish kerak. bolaning barcha aytganlarini qilish, barcha to’g’ri-noto’g’ri xatti-harakatlarini ma’qullash yoki xatto indamaslik farzandning umuman tarbiyasiz bo’lib o’sishiga olib keladi. Ortiqcha taltaytirib erkalash bolani har jihatdan sustlashtirib qo’yadi, mehr ko’rsatish esa uni yanada faol bo’lishga undaydi. Erka o’sgan bola faqatgtna shaxsiy manfaatlarini ko’zlaydigan, ma’suliyatsiz bo’lib voyaga yetadi. Shuning uchun farzandning barkamol inson bo’lib yetishida onaning xizmati juda zarur va muhimdir. Bolalik chog’ida farzandning qalbi o’ta yumshoq va ta’sirga beriluvchan bo’ladi. Shu bois diniy ta’limotlarda bolalarni mehr bilan erkalash, farzandning bolalik davrini xursand o’tkazishga alohida e’tibor qaratiladi. Ayniqsa, qiz bolaning ko’ngli nozik bo’lishini hisobga olib, ularga alohida mehr ko’rsatishga chaqiriladi. Diniy ta’limotlarda ota-ona o’z farzandlariga ta’lim-tarbiya berishi ham dolzarb vazifalardan deb qaraladi.
Bu haqda Muhammad (alayhissalom): “Farzandlaringizga ta’lim bering, chunki ular sizniki bo’lmagan vaqt uchun tug’ilganlar”, deb har bir ota-onani bolaning o’z zamonasi ilm-fani, ta’limiga befarq qaramaslikka chaqirganlar.
Tarbiyada eng muhim vosita bu mehr va shirinso’zlik bilan tarbiyalashdir. Bu ikki vosita bir bo’lib, bolani shakllantiradi. Shu jumladan, ta’limni ham g’azab va jazolash bilan amalga oshirmagan ma’qul. Zero, zo’rlab berilgan ta’lim bola xotirasidan tezda o’chib ketadi. Oqibatda uning shu sohaga nisbatan qiziqishi so’nishi mumkin. Bundan ko’rinadiki, ta’limning avvali ham yaxshi tarbiyadan boshlanadi.
Islom ta’limotida yosh avlodning jismonan sog’lom va baquvvat bo’lib ulg’ayishiga jiddiy ahamiyat berilgan. Bu haqda Payg’ambarimiz (s.a.v.): “Farzandlaringizga suzish va kamon otishni, qizlarga ip yigirishni o’rgatinglar”, deganlar.
Bugungi kunda farzand tarbiyasida ijtimoiy muammolardan; uyali telefonlardagi tajovuzliklar hamda Ijtimoiy tarmoqlar to’ri tabora avj olmoqda. Ushbu zamonaviy kommunikatsiya vositalari muhim aloqa vositalari bo’lishi bilan birga ba’zi ma’naviyati to’liq shakllanmagan sust yoshlarga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. Ijtimoiy tarmoq ta’siriga tushib qolgan yoshlarga ota-onalar, o’quv muassasalari bilan birgalikda yondoshib aloqa vositalarining asl mohiyatini tushuntirib berishlari lozim.
Tarbiyadan tashqaridan bo’ladigan salbiy ta’sir bu, eng katta xatardir. Chunki farzandga oilada bu boradagi erkinlikka yo’l qo’yilmagach, u o’z qiziqish va rag’batlarini qondiradigan sabablarni tashqaridan izlay boshlaydi. Demak, ota-ona farzandining tashqi hayotiga ham katta e’tibor qaratishi talab etiladi. Ya’ni, ular farzandi maktab yoki kollejdan keyin qaerga borishi, nima bilan shug’ullanishini nazorat qilish lozim.
Farzandga bilim olish uchun sharoit yaratish ham ota-onaning vazifasidir. Payg’ambarimiz (s.a.v.): “Ilm olish har bir musulmon va muslima uchun farzdir”, deb marhamat qilganlarida, o’g’il va qiz farzandlarimizga ilm olish uchun barobar sharoitni ta’minlash kerakligini nazarda tutganlar.
Yosh avlod yetuk va komil shaxs bo’lib voyaga yetishi uchun yana bir muhim omil hayot tarziga aylanishi zarur. U ham bo’lsa “kitobxonlik”. Buning uchun yurtimizda barcha sharoitlar yaratilingan. Ommaviy, ilmiy kutubxonalar, “Aybuk” tarzidagi kitob-kafe do’konlari va boshqalar so’zimizning yaqqol misolidir.
Ota-ona farzandiga vaqtni unumli o’tkazishni o’rgatishida vosita sifatida foydalanishi mumkin bo’lgan usullardan yana biri-zamonaviy axborot texnologiyalaridan oqilona foydalanishdir.
Ota-ona bolada estetik tarbiya, go’zal manzaralardan zavq olish hissini shakllantirish uchun uni o’zi bilan birga tabiatdagi manzarali joylarga, muzeylarga olib borishi va shu bilan birga uning qalbida go’zallik latofatini singdirishi muhim.
Xulosa qilib aytish mumkinki, mustahkam ma’naviy immunitetli, o’zining fikrlarini ravon ayta oladigan, yuqori marralarga erishuvchan avlodni tarbiyalash uchun ota-ona, oila muhiti juda katta ahamiyat kasb etadi. Hech kimga sir emas, insonning qalbi va ongini egallash, ayniqsa, yoshlarning ma’naviy dunyosini zaharlashga qaratilgan turli xavf-xatarlar ham kuchayib borayotgan bugungi kunda o’zining kimligini, qanday bebaho meros vorislari ekanini teran anglab, ona yurtga muhabbat va sadoqat hissi bilan yashaydigan, imon-e’tiqodi mustahkam yosh avlodgina muqaddas zaminimizni yot va begona ta’sirlardan, balo-qazolardan saqlashga, Vatanimizni har tomonlama ravnaq toptirishga qodir bo’ladi. Farzandlarimizga shunday tarbiya berayliki, ular o’z ota-bobolariga, o’z tarixi, Vatani, ona tiliga, millati, diniga va an’nalariga sodiq bo’lib kamol topishsin.
Ulg’ayotgan shaxsda ijobiy sifatlar shakllanishida oiladagi sog’lom muhit katta ahamiyat kasb etadi. Oilada sog’lom muhitning saqlanishi ko’p omillarga bog’liq. Masalan, oila boshliqlarning o’zaro yaxshi munosabati, xonadon qariyalariga hurmat, e’tibor oiladagi bolalarning o’zaro munosabatlari to’g’ri tarbiyalangani, ota-onaning bolalar tarbiyasiga barobar jonkuyarligi, oilada o’rnatilgan to’g’ri munosabatda bo’lish kabilar shular jumlasidandir. Bularning qay birida mutanosiblik buzilsa demak, o’sha oiladagi sog’lom muhitga putur yetadi.
Bola tarbiyasida ota-onaning bir-biriga munosabati o’zlarini tuta bilishlari muhimdir. Oilada muomalaning barcha qoidalariga amal qilinishi lozim. Kattalarga hurmat, kichiklarni avaylash, bir-biriga mehribonlik, ayniqsa, ayollarni izzat qilish odatga, qoidaga aylanib borishi kerak. Bolalarga onani hurmat qilishni, unga mehribon bo’lishni o’rgatish otaning muhim vazifasi.
Odatda o’g’il bola otasiga, qizlar esa onasiga o’xshashga, ulardagi yaxshi xislatlarni o’ziga singdirishga harakat qiladi. Ota ham, bolani tarbiyalashga o’z hissalarini qo’shadilar. Ona g’amxo’r, mehribln ko’ngilchan uy bekasi bo’lsa, ota kuch-qudrat, jasurlik, qattiqqo’lik va adolat ramzi. Ota ko’proq bolaning aqliy va jismoniy rivojlanishi uchun qayg’ursa, ona yurish-turish, muomala, xis-tuyg’u nafosat uchun tashvishlanadi.
Bularning hammasi nisbiy bo’lib, ota ham, ona ham bolaning aqliy, axloqiy, jismoniy kamolati uchun baravar javobgar, chunki ularning biridan bir maqsadi shaxsni tarbiyalashga qaratilgandir. Anna shu jarayonning muvaffaqiyatli bajarishi ko’p o’rinda ota-onaning obro’siga bog’liq.
Manfaatlar umumiy bo’lgan ahil oilada yaxshi odat an’analar vujudga keladi, sog’lom muhit mehr-oqibat, qadr-qimmat uchun zamin yaratadi. Bolaning yaxshi tarbiya topishlari uchun shart-sharoit tug’iladi.
Oilada er-xotin o’rtasidagi o’zaro xurmat, ishonch va vafo sadoqat bolalar quvnoq, hushchaqchaq o’sishlariga, normal tarbiyalanishlariga, xonadonda sog’lom muhit yaratilishiga bevosita ta’sir ko’rsatadi
Oila a’zolari o’zaro hurmatni joyiga qo’yishlari, bir-birlari uchun jon kuydirishlari, yaxshi munosabata bo’lishlari kerak. Oilada hamisha samimiyat va ko’tarinki ruh xukmron bo’lsa oila a’zolarining kayfiyatiga ijobiy ta’sir etadi. qaysi oilada noaxillik, qo’pollik, do’q-po’pisa, asabiylik xukmron ekan, unda xalovat ham bo’lmaydi.
Oiladagi arzimagan janjal ham dastavval bolalarning psixik holatiga ta’sir qiladi. Ularda yomon odatlar xosil bo’lishiga olib keladi. Bolalar ulg’aygach, ular ham qush uyasida ko’rganini qiladi qabilida ish tutishadi.
Ota-ona bir-birini behurmat qilmasligi, obro’larini tushirmasligi, oilaviy nizolarni bola yo’q vaqtida bartaraf etishlari shart.
Oiladagi sog’lom vaziyatni barpo etish uchun er-xotin baravar ma’suliyatli bo’lishlari, agar ulardan biri mehribonroq, xushtavozeroq buo’lsa, u ikkinchisiga namuna ko’rsatishi lozim.
Bola yomon yoki yaxshi xulql, fe’l-atvorli bo’lib tug’ilmaydi. Uning o’sib borishi jarayonida oila muhiti, ota-onaning, kishilarning, atrof-muhitdagi munosabatlarning ta’siri hal qiluvchi rolь o’ynaydi. Ayniqsa ota-onaning o’zaro munosabati, yurish-turishi muhim ahamiyat kasb etadi. Oiladagi totuvlik, hamjihatlik, o’zaro hurmat va yordam, shirinsuxanlik, mehnatsevarlik va to’g’rilik bolaga ijobiy ta’sir qiladi.
Oilaviy an’analar oilada yuksak axloqiy muhit yaratish imkonini beradi. Oila a’zolaridan birining tug’ilgan kunini nishonlash, to’y marosimlari, yubiley kechalari yoki oila azolaridan birining mukofotlanishi, ma’lum sohadagi ixtirosiga bag’ishlangan oilaviy tantanalar oila an’analari jumlasiga kiradi. Bolalar va kattalarning sovg’alar tayyorlashi, ularning alohida hayajon bilan o’z egalariga topshirish shunday bir tantanali shodiyona vaziyatni vujudga keltiradiki, bu vaziyat ma’naviy madaniyatni tarkib toptiradi, oilani jamoa sifatida jipslashtiradi.
Oilaga berilgan barcha ta’riflarga yana shuni qo’shimcha qilish mumkinki, u murakkab mexanizm hamdir. Oilada sog’lom muhit yaratish va uni uzoq vaqt bir necha o’n yillar mobaynida saqlash uchun oila a’zolarining dunyoqarashi, nuqtai nazari, fikrlari o’zaro yaqin bo’lishi lozim. Oila a’zolari o’rtasidagi kelishmovchiliklar ko’pincha insoniy munosabatlardan, kishilar xulqini, hayotiy munosabatlarini baholashdan kelib chiqadi. Bu oilaviy muhit qarama-qarshi munosabatlardan tarkib topganligining natijasidir. Tarbiya ishida esa bunday kelishmovchiliklar salbiy iz qoldiradi. Bolalarda shubha, ikkilanish paydo bo’ladi, ota yoki onaning o’gitlariga ishonch susayadi yoki butunlay yo’qoladi. Shuning uchun ham oilada sog’lom muhitni shakllantirishda fikrlar yaqinligiga kata e’tibor beriladi.
Inson atalmish zotning tug’ilib kamolga etishi uchun ozmuncha vaqt yetmaganidek, uning shaxs sifatida kamol topishida, shu yurt, qolaversa oilasiga sodiq farzand bo’lib voyaga etishiga ko’pchilikning mehnati “sinadi”.Jumladan, inson ma’lum bir oilada tug’ilib tarbiyalana boshlaydi. Uning kamol topishida keyingi muhim vazifa maktabning zimmasiga tushadi. Shular bilan bir qatorda jamoatchilik ham bu vazifadan chetta qolmaydi. Uzoq va boy tarixga ega bo’lgan xalqimiz o’zining ta’lim-tarbiyaga oid ulkan merosiga ega. Bu meros bugungi avlodni insonparvarlik, mehr-muhabbat, oqibat, mehnatsevarlik, yuksak axloq ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Har bir inson dunyoga kelar ekan, uning insoniyligi, axloq-odobi, xulq-atvori dastlab o’z oilasida shakllanadi.
“Oila haqida gapirar ekanmiz, avvalambor, oila hayotning abadiyligini,avlodlar davomiyligini ta’minlaydigan, muqaddas urf –odatlarimizni saqlaydigan, shu bilan birga kelajak nasllar qanday inson bo’lib yetishishiga bevosita ta’sir ko’rsatadigan tarbiya o’chog’i ekanligini tan olmog’imiz darkor”-deb ta’kidlagan edilar Prezidentimiz I.A.Karimov 1997-yil “Oila faravonligi – millat faravonligi”nomli ma’ruzalarida. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, yosh avlod qalbida vatanparvarlik, o’z oilasiga mehr- muhabbat tuyg’usini shakllantirish har bir ota-onaning, tarbiyachi murabbiylarning, jamoatchilikning Vatan oldidagi burchidir.
Barkamol shaxsni voyaga yetkazish uchun eng avvalo oila, mahalla, maktab, jamiyat va davlat hamkorligini yuqori pogonada ko’rish lozim.Oila jamiyatning asosi, mahalla- milliy qadriyatlar beshigi; “Ahil xonodonda, ma’rifatli mahallada, insonparvar jamiyatda,- deb ta’kidlagan edi I.Karimov, – zukko yigitlar, oqila qizlar, umr bo’yi elim deb, yurtim deb yonib yashaydigan komil farzandlar ulg’ayadi”. 1.Oila muhiti farzand tarbiyasida eng muhim va dastlabki bo’g’in hisoblansada, u shaxsni to’liq tarkib toptira olmaydi. Anashunda maktab va jamoatchikka ehtiyoj seziladi.Bola maktabga kelgunga qadar ham, maktabda o’qish davrida ham, asosan oilada tarbiyalanadi.
Oila davlatning asosiy kurtagi, sifatida bolalarning dunyoqarashi, xulqi,didiga ta’sir ko’rsatadi.Oila a’zolarining ma’naviy birligi yoshlarni har tomonlama kamol toptirishning dastlabki va asosiy omillaridan biri hisoblanadi.Oilada kundan kun kamolga etib borayotgan farzand atalmish ne’mat eng avvalo shu oilaning azaliy qadriyatlariga, urf-odat va an’analariga to’la amal qilmog’i, qolaversa ota-onaning o’zi farzandiga ibrat bo’la olishi lozim. Bolalarni barkamol inson qilib tarbiyalashda maktabni oila bilan mustahkam bog’lamay turib tarbiya sohasidagi butun ishlarni muvaffaqiyatli amalgam oshirib bo’lmaydi.
Estetik,axloqiy va tarbiyaviy sifatlar kundalik hayot ehtiyojiga aylanib,ular oilaviy ijtomoiy tarbiya orqali tarkib toptiriladi va kamol topadi. Oilaviy tarbiyaning mazmunini tashkil etilishiga dastlabki ta’sirni maktab belgilaydi.Maktabgina oilaviy tarbiya samaradorligini oshirish yuzasidan rahbarlik qiladi. Bu vazifani muvaffaqiyatli bajarishda, ijobiy hal etishda ota-onalar o’rtasida olib boriladigan tarbiyaga oid targ’ibotlarning roli benihoyadir.
Chunki ota-onalar zamonaviy, ruhiy, ta’lim-tarbiyaviy bilimlar bilan qurollantirilmay turib, oilaviy tarbiyani yo’lga qo’yib bo’lmaydi. Oilaviy-tarbiyaviy targ’ibotda eng yaxshi oilalar na’munasida ta’sir ko’rsatish eng maqbul yo’ldir. Maktab mukammal tashkilot sifatida barcha tarbiyaviy ishlarni maqsadga muvofiq tashkil etishi lozim.O’z o’quvchilar jamoasini uyushtira olgan, jamoatchilikni bolalar tarbiyasiga yo’naltira olgan, ularning ota-onalarini yaxshi bilgan maktab ma’muriyatigina tarbiyaviy yutuqlarni qo’lga kirita oladi. O’qituvchi ota-onalarni faol yordamisiz bolalarning barkamolligini ta’minlay olmaydi.Bu o’rinda tarbiyachining o’zini-o’zi tarbiyalashi lozimligini ham sedan chiqarmaslik kerak.
O’ziga nisbatan talabchan muallim ota-onalar bilan hamkorlikda o’quvchilarda mustaqil fikrlash, yangilikni sezish ,tashabbuskorlik hamda ijodkorlik qobiliyatini shakllantirish maqsadida ularga qat’iy talablar qo’yish uchun ma’naviy huquqga ega bo’ladi. Maktabni oila bilan bog’lovchi vosita bu o’qituvchidir.O’quvchilar bilan ishlash, ularni ilmiy dunyoqarashini shakllantirish, ijtimoiy faolliklarini ta’minlash orqali ota-onalarga ta’sir ko’rsatish usullarini ishlab chiqish maqsadga muvoviqdir.
Bu borada maktab va oila aloqasining ta’minlovchi Ota-onalar majlislari, bolalar tarbiyasiga aloqador muammolarni jamoa bo’lib hal etish kabilarning rolini inkor etib bo’lmaydi. Jumladan, “Bolangizni qanday o’qishini bilasizmi?”, “Bolangizni odobi haqida suhbatlashaylik.”, “Mustaqil hayot bo’sag’asida» kabi mavzularda olib boriladigan suhbatlar ota-onalarni o’z bolalari haqida, ularning kelajagi haqida qayg’urishlariga sabab bo’ladi. Maktabda o’qitiladigan darslar, ularning mazmuni va eng asosiysi,shu ma’lumotni o’quvchiga etkazib beruvchi o’qituvchi xulq-atvori, kiyinishi, hattoki har bir xatti-harakati ham bola dunyoqarashi shakllanishiga ta’sit etuvchi omildir.
Bola insoniy xislatlarni, ezgulikni, odamiylikni, yaxshilikni ham yomonlikni ham eng avvalo oiladagi kattalarning, ustozlarining xatti-harakatidan o’rganadi.Ota-onalar bilan bir qatorda tarbiyachi-o’qituvchilar o’z xulq-atvori bilan bolalar hurmatiga sazovor bo’lishlari, ularning hayot yo’lida o’rnak ko’rsatishlari kerak. Shunday muhitda tarbiyalangan bolagina ota-onani, qolaversa o’z ustozlarini hurmat qiladigan, mahalla-kuyda o’zidan kichikni izzatlash, kattalarni hurmatlashni o’z o’rniga qo’yadigan, xulqparvar bo’lib voyaga yetishadi.
Har bir tarbiyachi tarbiya san’atkori bo’lmog’i lozim.Bu bolalarni sevish san’atidir.Tarbiyasi og’ir, qarovsiz qolgan bolalarning ota-onalari bilan ishlash, ularni jamoatchilik kengashlariga olib chiqish, foydali mehnatga jalb qilish, to’garaklarga qatnashtirish, hunarmandchilikka o’rgatishni ta’minlash, har bir tarbiyasi og’ir bolaga jamoatchilik faollarini biriktirish, vaqti-vaqti bilan ularni hisobotlarini tinglash lozim.
Maktabda o’qitiladigan har bir dars, ayniqsa “Milliy g’oya va ma’navayat asoslari” fani mavzularini yoritishda, ma’naviyat soatlarida o’quvchilarga oila ma’naviyatiga oid berayotgan har qanday ma’lumotimiz puxta o’ylangan va chuqur mulohazali bo’lmog’i darkor, zero, bolalar ayni shu yoshda har qanday bilimning dastlabki poydevorini qo’yadilar.
Xalq ta’limi vazirligining 2004-yil 26-fevraldagi 26-sonli hay’at majlisi qarori billan “Oila, mahalla, maktab” Konsepsiyasi qabul qilindi.Bu konsepsiyada belgilab bergan vazifalarni hal qilish uchun: Vazirlikning tashabbusi bilan Respublikamizdagi har bir davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikda “Jamoatchilik maslahat kengashi” tuzilib, joylarda tarbiyasi og’ir, xulqi buzuqlikka moyil hamda daydib yurgan bolalar bilan ishlash, ularning ta’lim-tarbiyasiga va “Oila, mahalla, maktab” Konsepsiyasini amalda joriy etishga e’tibor qaratildi. Kengash o’z oldiga : mahallalarda bolalarning dam olishlari, qiziqarli ish bilan shug’ullanishlarigaimkoniyat yaratish, mahallalarda tarbiyaning ta’sirchanligini oshirish; homiy tashkilotlar yordamida mahallalarda sport sog’lomlashtirish maydonchalarini tashkil etish, mahallalarda qizlar hayosi, turmushga tayyorlash haqida baxs-munozaralar o’tkazish; yoshlarda milliy urf-odatlar, azaliy udumlar, tarixiy an’analarni o’rganish; maktab, jamoatchilik, mahalla ahli hamkorligida tadbir o’tkazishni; Joylardagi hokimitatlar, “Mahalla’’, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda yordam berishni maqsad qilib qo’ygan.
Oilada bolani to’g’ri tarbiyalashning asosiy shartlaridan biri-tarbiyadagi birlikdir. Bunday ulkan ma’suliyatni, sharafli ishni oila, maktab, mahalla, keng jamoatchilik bilan hamkorlikda olib borish muhim o’rin egallaydi. Umumta’lim maktablarida o’quvchilarning bo’sh vaqtini mazmunli tashkil qilishda quyidagilarga e’tibor qaratish lozim:
O’quvchilar o’rtasida kitobxonlik darajasini ko’tarish; Kino, teatr, konsert va ko’rgazmalarga borish;
Sayohatlar, sayillar, sport musoboqalari tashkil etish; Tanlovlar, tarbiyaviy tadbirlar, bayramlarda ishtirok etish yaxshi samara beradi.
Milliy xalq hunarmanchiligi to’garaklarini tarmoqlarini kengaytirish, xalq ustalarini to’garak ishiga jalb qilish, ushbu to’garaklarni ko’proq maktablar,mahallalar hamda ijodi ustaxonalar qoshida tashkil etish ishlariga alohida e’tibor berish;
Novvoyxonlik, kashtachilik, naqqoshlik, duradgorlik va boshqa hunarlarga bolalarni qiziqtirish, mahallalarda imkon bo’lsa, hunar o’rgatadigan markazlar tashkil qilish;
O’quvchilarning qiziqishlarini o’rganib, ijodiy imkoniyatlarini rivojlantirishga mo’ljallangan turli to’garaklar, klub yoki seksiyalar tashkil etish;
Yoshlar o’rtasida jismoniy tarbiya, sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish; Ta’lim muassasalaridagi kutubxonalarini badiiy adabiyotlar bilan boyitish;
O’quvchilarning qiziqishlariga qarab, to’garaklar soni, yozgi dam olish oromgohlariga ko’proq o’quvchilarni jalb etishni yo’lga qo’yish;
Barcha o’quv fanlari asosida to’garaklar tashkil etish va unga tarbiyasi og’ir bolalarni jalb qilish orqali ma’lum samaraga erishish;
O’quvchilar iqtidorini yanada takomillashtirish maqsadida turli ommaviy tadbirlar, musobaqalar va ko’rik tanlovlar o’rkazish yo’li bilan boy madaniy merosimizga hurmat, ona Vatanga , uning ramzlariga sadoqat ruhida tarbiyalash muhim rol o’ynaydi. Bunda sinf rahbarlari, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlar bo’yicha director o’rinbosarlar, maktab direktorlari, bolalar etakchilari o’z faoliyatini bu yo’nalishga e’tibor bilan qarashlari lozim bo’ladi. Chunki ular maktab mikrorayonida ijtimoiy-pedagogik, tarbiyaviy ishlarni olib borishda o’tkaziladigan tadbirlarning tashkilotchilaridirlar.
Ota-onalar bilan hamkorlikda amalgam oshiriladigan ishlarni tahlil qilib, ular bilan bog’liq bo’lgan shakl va usul asosida rejali va izchil ishlarni olib boorish maqsadga muvofiqdir.Ana shunda bog’cha xodimlari, maktab jamoasi a’zolari, ota-onalar va mahalla-kuy hamkorligi ishlarining keng tarqalgan shakli va usullari mavjud. Bular:
Ota-onalar, oilalar bilan yakkama-yakka ishlash. Tarbiya jarayonida bu tur katta ahamiyat kasb etib,yaxshi natijani qo’lga kiritish imkonini beradi.Bunda tarbiyachi oila va bolalarning shaxsiy xususiyatlarini o’rganib, tarbiyaviy jarayonda inobatga oladi.Buning natijasida tarbiyachi va ota-ona o’rtasida o’zoro ishonch, hurmat va do’stlik munosabatlari o’rganiladi.
Ota-onalar bilan jamoa tarzida tashkil qilinadigan ishlar, bularga ota-onalarning guruhli va umumiy majlisi, anjumanlar, tadbirlar kiradi.
Tarbiya ishlarida atrof-muhit va mahalla bilan hamkorlikda ish olib boorish. Bunda tarbiyalanuvchi bolaga yetti mahalla ota-ona deganidek, mahallalar bilan hamkorlikda olib boriladigan ishlar yaxshi samara beradi. Bolalar tarbiyasida jamoaning o’rni ham beqiyosdir. Jamoa haqida gap ketganda biz turli jamoalarni ko’rishimiz mumkin. Masalan: maktab jamoasi, odamlar jamoasi, mehnat brigadasi jamoasi, Sayohatchilar,tashkilotchilar jamoasidan iborat. Bola bir vaqtning o’zida har bir jamoaning a’zosi bo’lishi mumkin. U jamoalarning har qaysisida muayyan vazifani bajaradi, ulardan o’ziga xos tarbiya oladi, hayot tajribasi boyib boradi. Hozirgi kunda jamiyatimizda maktab jamoasining asosiy vazifasi “ongli va uyushgan ijtimoiy tuyg’ularga, puxta o’ylangan dunyoqarashga ega bo’lgan, har tomonlama rivojlangan bolalarni tarbiyalashni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan”. Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, tarbiya masalasi bo’yicha ota-onalar, mahallalar va jamoalarning birgalikdagi hamkorlikdagi harakatlari yaxshi samaraga olib keladi. Oiladagi axloq-odob tarbiyasi o’z-o’zidan amalgam oshmaydi albatta, uning uchun o’ziga xos murakkab ijtimoiy –iqtisodiy, psixologik muommolar bor. “Bu muqaddas zaminda yashayotgan har bir inson o’z farzandlari baxtu saodati, fazlu kamolotini ko’rish uchun butun hayoti davomida kurashadi, o’zini ayamaydi. Bola tug’ilgan kundan boshlab oila muhitida yashaydi.Oilaga xos an’analar, qadriyatlar, urf-odatlar bola zuvalasini shakllantiradi. Eng muhimi, farzandlar oilaviy hayot maktabi orqali jamiyat talablarini anglaydi, his qiladi ”. I.A.Karimov Biz oila ma’naviyati fikr yuritar ekanmiz, uni ehtiyoj, manfaat va mafkuraviy jarayonlar bilan bog’liq yana bir jihatini, ya’ni tarbiya jarayonida yoshlar va o’smirlarning ruhiy ehtiyojlarini inobatga olishni ham unutmaslik kerak.Ayni mana shu ehtiyojlarning shakllanishiga mahalla muhiti bevosita ta’sir qilsa,jamoatchilik bu ehtiyojlarni tartibga soladi. Mahalla-kuy, qo’ni-qo’shnilar hamkorligi,hamdardligini ko’rsatuvchi mahallalarimizdagi to’y,katta yig’inlar, a’za marosimlari—xalqimizning jamoatchilik fikri ta’sirida shakllangan qadriyatlari namoyon bo’ladi.Aynan shu qadriyatlar ta’sirida yoshlarimiz o’zi yashab turgan mahalladaga insanlarga nisbatan mehr-muhabbatli, oilasiga sadoqatli bo’lib tarbiyalanadi.
Uzluksiz ta’lim tizimi jarayonida Barkamol shaxsni shakllantirish ta’limvtizimida quyidagacha qo’llashni Tosh DPU doktaranti M.Hamdamova quyidagicha tavsiya etadi: Maktabgacha ta’lim muassasalarida; Bunda tarbiyachilardan bolalarga onalarcha mehr berishlari, ularga muntazam ravishda muhabbat ko’rsatishni asosiy maqsad qilib qo’yishlari shart. Tarbiyachilar kundalik va yillik rejalarida barkomol shaxsni shakllantiruvchi maqsad va vazifalarni alohida ta’kidlab,bajariladigan ishlarni bayon etib borishlari shart.
Odatda tarbiyachilar o’z rejalari asosida o’zbek xalq ertaklaridan keng foydalanib kelishadi.Ertaklaridagi yaxshilik va yomonlik, mehribonlik, rahmdillik toshbag’irlik, ezgulik va yovuzlikning o’zoro farqlari mazmun mohiyatini kichkintiylarga etkazib berishga harakat qiladilar. Shuningdek ertak qahramonlarini chizish, yasash, musiqiy ohanglarni eshitish, raqs va bolalar qo’shiqlarini o’rgatish ham shu bosqichling tarbiyaviy qismi sanaladi.
Umumiy o’rta ta’lim maktablarining bashlang’ich sinflarida: Bu 7-11 yoshli bolalar bo’lib, odatda ular juda qiziquvchan, o’yinqaroq, quvnoq va diqqatsizroqdir. Bu bolalar maktab ostonasiga qadam qo’ygan kundan boshlab savodxonlik darajasida faqatgina ustozining so’zini so’z deb tan oladi. Ularning fikrini ota-onalar ham o’zgartirishlari mushkul. Shu sababli barcha o’qituvchilarimiz quyidagi savodxonlik turlarini bilishlari va bu haqda etarli malakaga ega bo’lishlari lozim: Savodiy savodxonlik; Nutqiy savodxonlik; Ijodiy savodxonlik; Mantiqiy savodxonlik; Ilmiy savodxonlik; Kasbiy savodxonlik; Umumiy o’rta ta’lim maktablarida: bu yoshdagi o’smirlarni yildan yilga atrof muhitga, voqealarga qiziqishi ortib boradi.Ular ko’proq o’zlari qiziqqan ishni kattalardan yashirincha bajarishga harakat qilishadi.Yolg’on so’zlash, qilgan aybini yashirin va kattalar oldida o’zini aqli raso qilib ko’rsatishga urinishadi. Bu yoshdagi bolalarning barkamollik darajasini oshirib boorish uchun barcha o’qituvchi-murabbiylar, ota-onalar, mahalla-kuy, nazorat inspeksiyasihamkorligida tarbiyaviy ishlarni yo’lga qo’yib borilmog’i lozim. Chunki bu yoshdagi bolalarning uyda va ko’chadagi bo’sh vaqtlarini qanday o’tkazayotganligi doimo kattalar nazoratida bo’lmog’i shart.
Bolalarni teatr, muzeylarga olib borish asosan maktabning zimmasida qolgan.Ammo shunga yarasha ota-onalar”Bugun teatrga boribsan, nima ko’rding, nimani tushunding” deb, besh daqiqa vaqt sarflash ota-onalarning vazifasidir. O’rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida:bu ta’lim dargohiga o’qish uchun kelgan talabalar asta-sekin maktabdan, oiladan va ko’cha-kuydan o’rgangan tarbiyasini namoyish eta boshlaydi. Agar o’qituvchi-marabbiylarimiz bu maskanda o’ta kuzatuvchanlik bilan muntazam shug’ullanmasalar, bu yoshdagi o’smirlarning barkamollik darajasini rivojlantirib boorish ancha mushkul kechadi. Chunki ta’limning bu bosqichida o’qituvchi-murabbiylar ilmiy savodxonlikni kuchaytirish, kasbiy savodxonlikka erishish uchun talabalar bilan tinimsiz muloqot qiladilar. Sergak tarbiyachi o’smirlarning yosh xususiyatlaridan kelib chiqib unga to’g’ri ta’sir eta bilishi lozim. Umuman ta’limning qaysi bosqichida bo’lmasin Tarbiyachi-o’qituvchi yuksak pedagogik, psixologik va metodik tayyorgarlik darajaga ega bo’lgan holda, ularning yosh xuxsusiyatlarini inobatga olib ta’lim-tarbiya jarayonini to’g’ri tashkil etishlari lozim. Ertangi kun, porloq kelajakka ishontirish, yomon illatlardan holi bo’lishga o’rganib borish barcha jamoa, oila, mahalla ahlining vazifasidir.
Tobora rivojlanib borayotga jamiyatimizga sog’lom fikrlovchi avlodni tarbiyalab berishimiz uchun ota-onalar va o’qituvchilar hamkorligi muhimdir. Yuqorida ta’kidlaganimizdek har qanday ezgu maqsadimizni yoshlar orqali amalgam oshiramiz.Ularni etuk inson bo’lib voyaga etishlarida esa oila, mahalla-kuy, keng jamoatchilik va davlatning o’zoro hamkorlikdagi faoliyati juda muhimdir.