Bo‘lajak logopedlarni kasbiy-metodik tayyorashda fanlararo integrative yondashuvning ahamiyati Annotatsiya Mazkur maqolada pedagogika oliy o‘quv yurtlarida bo‘lajak logopedlarni kasbiymetodik tayyorlashda fanlararo integrativ yondashuvning ahamiyati mavzuga doir pedagogik-psixologik adabiyotlarni tahlil qilish asosida ochib berilgan.
Tayanch so‘zlar:bo‘lajak logopedlar, kasbiy tayyorgarlik, kompetensiya, metodik kompetentlik, integrativ yondashuv.
Turli nutq kamchiliklariga ega bolalar bilan tashkil etiladigan korreksion logopedik ishlarning samaradorligi bo‘lajak logopedlarni kasbiy tayyorlash modelini yangilash va takomillashtirish yo‘llarini izlashga qaratilgan tadqiqotlarning ortib borishi bilan belgilanadi. Hozirgi kunda ta`limda kompetentli yondashuv yangi ta`lim standartining innovatsion belgisi sifatida maxsus pedagoglar, logopedlar kasbiy tayyorgarligining mazmuni, metodlari, vosita va usullarini shu jumladan, kasbiy – metodik kompetensiyalarini shakllantirish texnologiyalarini qaytadan anglashni talab qiladi. Maxsus pedagoglarning kasbiy faoliyatining o‘ziga xosligi mashxur defektologlar (Л.С. Выготский, Ф.А. Pay, А.Н. Граборов, Г.М. Дульнев, Б.П.
Пузанов, Х.С. Замский, Д.А. Азбукин, В.П. Кащенко, М.С. Певзнер, А.С. Шафранова) tomonidan va hozirgi tadqiqotchilar (Е.В. Колтакова, Н.М. Назарова, Е.Г. Речицкая Н.А. Строгова, И.М. Яковлева, Mo‘minova L.R. Ayupova M.Yu. Nurkeldiyeva D.A. Yakubjanova D.B. Chicherina Ya. E. va boshqalar) tomonidan e`tirof etilgan.
Bo‘lajak logopedlar tizimli, mustahkam logopedik bilimlar va nutq nuqsonlarini bartaraf etish metodikasini bilishi muhim hisoblanadi. Amaliyotda chuqur bilimga ega bo‘lgan o‘qituvchi o‘quvchilarga ularni yetkaza olmasligining guvohi bo‘lamiz. Yoki shunday xatoni kuzatamiz: o‘qituvchi o‘z fanini biladi, metodik jixatdan o‘quvchilarning darsdagi faoliyatini to‘g‘ri tashkil qila oladi, lekin o‘quvchilar o‘qituvchi bergan bilimlarni o‘zlashtira olmaydi, axir, ma’lumki, odamni o‘rgatish mumkin emas, faqat unga o‘rganishga yordam berish mumkin, aynan mana shu o‘rinda psixologik - pedagogik, metodik bilimlar va o‘qituvchining mahorati kerak bo‘ladi.
Metodik bilimlar taʼlimiy bilimlar doirasiga kiradi va u taʼlim sohasiga tegishli boʻlgan ikki turdagi bilimlarni oʻz ichiga oladi: - taʼlim mazmuni haqidagi bilim - va uni oʻqitish haqidagi bilim.
Taʼlim mazmuniga oid bilimlar o‘quvchilar oʻzlashtiradigan standart oʻquv mavzulariga aytiladi va bunga talabalar oʻz faoliyatlarida faol qoʻllovchi bilim, strategiya, texnika va usullar kiradi. Metodik bilimlarni ahamiyatli jihati shundaki, unga ega boʻlgan va oʻz faoliyati davomida faol qoʻllaydigan oʻqituvchi oʻtiladigan mavzuning mazmunini yaxshi biladi va belgilangan taʼlim mazmunini pedagogika, psixologiya, sotsiologiya hamda didaktika tamoyillariga asoslanib o‘rgatadi.
Metodik bilim avvalambor tajriba xarakteriga ega bilim va mohiyatan uni taʼlimda qoʻllashning aniq maqsadi bilan belgilanadi. Shu sababdan ham metodik bilimlar oʻziga xos boʻlib, ular faqat bilimga xos boʻlgan xususiyatlarga ega boʻlib qolmay, balki oʻqitishning turli usullari, uslublari, oʻqituvchi shaxsini taʼsirchan tarkibiy qismlarini va uslubiy bilimlarni anglatadi.
Pedagogika oliygohlarida logoped - o‘qituvchilarni kasbiy tayyorlashda psixologik
– pedagogik, logopedik bilimlarni o‘zlashtirish va ulardan logopedik mashg‘ulotlarda foydalanish usullari o‘rgatib boriladi. Bevosita korreksion logopedik ish jarayonida logoped – o‘qituvchi ushbu barcha bilimlarni yaxlit holda qo‘llashi kerak. Biroq bu bilimlar xar hil vaqtda va ko‘pincha o‘zaro bog‘lanmagan holda o‘zlashtiriladi. Natijada bo‘lajak logopedlar pedagogikadan, psixologiyadan logopediyadan va o‘qitish metodikasidan olgan bilimlarini umumlashtira olmay qoladi. Shuning uchun psixologik – pedagogik, logopedik va metodik bilimlarni yaxlitlashtirish (integratsiyalash) oliy ta’limda ham amalga oshirilishi lozim.
Integratsiya inglizcha “integratio” so‘zidan olingan bo‘lib – qismlarning tiklanishi, birlashishi degan ma`noni anglatib, ayrim bo‘laklarning yoki elementlarning bir – biriga qo‘shilishi, bir butunga aylanishi, yaxlitlanishidir[1].
N.I. Kondakov “integratsiya qаnday bo‘lmаsin elementlаrni yаgona bir butunlikka birlаshtirish va qandaydir yаxlitlikni tiklashdir” deya ta`riflaydi[2].
Y.S. Tyunnikov integratsiya tushunchasiga tegishli quyidagi bir qator belgilarni ajratib ko‘rsatadi:
integratsiya turli o‘zaro aloqadagi elementlar asosida ko‘riladi;
integratsiya o‘zaro aloqadagi elementlarning sifat va son o‘zgarishi bilan bog‘liq;
integrativ jarayon mantiqiy mazmun asosiga ega;
integrativ jarayon o‘zining tuzilmasiga ega;
pedagogik yo‘naltirilganlik va uning nisbatan mustaqilligi[3].
B.S.Bezrukovaning fikricha, pedagogik integratsiya – bu ilmiy integratsiyaning bir ko‘rinishi bo‘lib, uning farqli hususiyatlarini hisobga olgan holda pedagogik nazariya va amaliyot doirasida amalga oshiriladi[4].
Shunday qilib integratsiya – bu predmetlararo bog‘lanishda qo‘llaniladigan turli predmetlarni o‘zaro kelishilgan holda o‘qitilishidan, ularning o‘zaro keskin ta`sirlashish darajasiga o‘tish orqali o‘qitish ekanligini yaxshi anglash lozim.
N.F. Borisenko fanlararo bog‘liqlikning quyidagicha shakllarini ajratgan:
turli o‘quv predmetlarida biror ma`lum ob`ektning o‘rganilishiga asoslangan aloqalar;
turli o‘quv predmetlarida muayyan ilmiy metodni qo‘llanilishiga qaratilgan aloqalar;
turli o‘quv predmetlarida biror nazariyaning qo‘llanilishi asosida zohir bo‘luvchi aloqalar[5].
Agar fanlararo integratsiya fanlar bo‘yicha ta`lim berish tizimida o‘quv jarayonining rivojlanish usulida ishlatilganda hamda uning birligini ta`minlanganda, tashkil etganda ishtirok etsa, u holda uning metodologik funksiyasi ta`minlanadi.
N.V. Zelenko o‘z tadqiqotlarida bo‘lajak o‘qituvchilarning professional-metodik tayyorgarligini “uchta tarkibiy komponentning: umummetodik kompetensiya, maxsus metodik kompetensiya, va ularning tadbiq etilishining integrativ yaxlitligi” sifatida o‘rgangan [2].
Bo‘lajak logopedlarni tayyorlashda o‘quv rejalari va ta`lim dasturlarini tuzishda integratsion yondashuvni joriy qilish muhim ahamiyat kasb etadi, ya`ni o‘qituvchilarga talaba ongida korreksion – pedagogik jarayonni yaxlit manzarasini shakllantirishga, yangi qarashlarni ishlab chiqishga, ta`limning yangi maqsadlari, mazmuni, shakllari va metodlarini aniqlashga imkon beradi.
Ma`lumki, korreksion – metodik fanlar mutaxassislikni egallashni 3 - bosqichidan boshlab o‘qitila boshlaydi. Bunda fanlar umumkasbiy va ixtisoslik fanlari blokida mujassam bo‘ladi. Umumiy pedagogika, umumiy psixologiya va maxsus pedagogika va psixologiya kabi ta`lim nazariyasi aks etgan fanlarni bo‘lajak logoped 2- bosqichda o‘zlashtiradi. Ta`limda ketma – ketlik va izchillik tamoyilining buzilmasligi va fanlararo o‘zaro bog‘liqlik zanjirini talaba his qilishi uchun professor – o‘qituvchilar ushbu fanlarni asosiy mazmunini bilishi va talaba ularni o‘qish asosida olgan bilimlarni metodik fanlarni o‘zlashtirish jarayonida faol qo‘llashlarini ta`minlashi zarur.
Hozirda ta`limda kredit – modulli o‘qitish tizimining joriy qilinishi o‘quv rejadagi fanlarning rang – barangliligi, tanlov fanlarining nisbatini ortishi, talaba o‘z o‘quv dasturini o‘zi yaratishini taqozo etmoqda. Bu esa o‘z navbatida integrativ yondashuv asosida fanlar katalogini yaratishni murakkab mexanizmini talab etadi. Shu sababli kafedrada professor - o‘qituvchilar mavjud o‘quv rejalarni tahlil qilishi, o‘zlari o‘qitayotgan fan hususiyatlari, talabani o‘zlashtirishdagi o‘ziga hosliklarni o‘zaro muhokama qilish asosida ta`lim dasturini takomillashtirib borishlari zarur.
Xulosa qilib aytganda, bizningcha, psixologik – pedagogik, logopedik va metodik bilimlarni mazmuniy bosqichda yaxlitlashtirish (integratsiyalash) eng mahsuldor usullardan biri xisoblanadi va bu bo‘lajak logopedlarda korreksion – logopedik jarayonni yaxlit tasavvur qilishga hamda ishlarni shu tassavvur mahsulidan kelib chiqib loyihalashga zamin yaratadi. Bu esa o‘z navbatida o‘qituvchi – logopedning metodik kompetentligi darajasini oshiradi.